LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 14-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
LexUZ sharhi
Mazkur qarorning apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni ko‘rish amaliyotiga taalluqli tushuntiruvlari qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 21-maydagi 5-sonli “Fuqarolik ishlarini apellatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
LexUZ sharhi
LexUZ sharhi
Mazkur qarorning apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ishlarni ko‘rish amaliyotiga taalluqli tushuntirishlari qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 33-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 14-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sud tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida sudlarning ixtisoslashuvi, sud tizimining demokratik asoslarini isloh qilish, sud ishlarining adolatli va o‘z vaqtida ko‘rilishini ta’minlash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga fuqarolik sudlovini yuritishda apellatsiya institutining kiritilishi hamda kassatsiya instansiyasi vakolatlarining kengaytirilishi yuqori bosqich sudlari tomonidan sud qarorlari, shikoyat va protest vajlarini har tomonlama sinchiklab tekshirish, qo‘shimcha dalil, hujjat va holatlarga baho berish imkoniyatlarini yaratib, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirdi.
Ayrim hollarda yuqori instansiya sudlari fuqarolik ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rishda birinchi bosqich sudlari tomonidan moddiy huquq normalari buzilgan holda qabul qilgan qarorlarini to‘ldirish, o‘zgartirish, bekor qilib yangi qaror qabul qilish vakolatlaridan to‘la foydalanmayaptilar.
Sud qarorlarini har tomonlama sifatli va adolatli bo‘lishini ta’minlash, ishlarni apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalarida ko‘rishda moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri tatbiq qilish, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy huquq va erkinliklarini yanada samarali himoya qilish va amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asoslanib, qaror qiladi:
1. Fuqarolik ishlarini apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasida ko‘rishda sudlar ish holatlari hamda berilgan shikoyat va keltirilgan protest vajlarini har tomonlama, sinchiklab tekshirishlari, birinchi bosqich sudlari tomonidan to‘plangan dalillar va hujjatlar bilan chegaralanmasdan qonunda belgilangan vakolatlar doirasida ishni qonuniy va adolatli hal qilinishiga qaratilgan barcha harakatlarni bajarishlari shart.
2. Ishni apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat instansiyasida ko‘rayotgan sudlar nizo yuzasidan birinchi instansiya sudlari tomonidan hal qiluv qarori chiqarilayotganda, ishning haqiqiy holatlari to‘la aniqlanganligini, taraflarning barcha vajlari xolisona va to‘la tekshirilganligini, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan dalillarga tegishli huquqiy baho berilganligini, hal qiluv qarorlaridagi xulosalar ishning haqiqiy holatlariga muvofiqligini, moddiy va protsessual qonun normalariga qay darajada amal qilinganligini, hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qarorida bayon etilgan dasturiy tushuntirishlarga rioya qilinganligini har tomonlama to‘la tekshirib, baho berishlari lozim.
3. Sudning hal qiluv qaror va ajrimlariga nisbatan berilgan shikoyat va keltirilgan protestlarni tegishli sud instansiyalarida ko‘rilishi protsessual huquq normalarida ko‘rsatilgan bo‘lib, sud qarorlari chiqqan kundan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 320, 346-moddalariga muvofiq berilgan shikoyat va keltirilgan protestlar apellatsiya instansiyasi sudlarida, qonuniy kuchga kirgan va apellatsiya tartibida ko‘rilmagan sudning hal qiluv qaror va ajrimlari ustidan ular chiqarilgan kundan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 3481, 34816-moddalariga muvofiq bir yillik muddat ichida berilgan shikoyat va keltirilgan protestlar kassatsiya instansiyasi sudlarida, barcha sudlarning hal qiluv qaror, ajrim va qarorlariga nisbatan ular qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 350-moddasiga muvofiq uch yillik muddat ichida berilgan shikoyat va keltirilgan protestlar nazorat instansiyasi sudlarida ko‘riladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 20-moddasida ko‘rsatilganidek har bir sud majlisi to‘g‘risida, shuningdek sud majlisidan tashqari har qanday alohida hollarda ham protsessual harakat to‘g‘risida bayonnoma tuziladi. Sudlarga tushuntirilsinki, ishni birinchi bosqich sudi majlisi jarayonida bo‘lgani kabi apellatsiya, kassatsiya na nazorat instansiyasi sudlarida ko‘rishda ham O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 21-22-moddalarida belgilangan tartibda sud majlisi bayonnomasi yuritilishi zarur.
5. Barcha sudlarning hal qiluv qaror, ajrim va qarorlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 33-moddasi talabiga ko‘ra, ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida shikoyat berish huquqiga ega ekanliklarini (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 34-moddasi) inobatga olgan holda taraflarning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning vakillari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 54-moddasi 2-qismida belgilangan tartibda maxsus izoh berilgan alohida vakolatnomaga ega bo‘lgan taqdirdagina o‘z tashabbuslari bilan tegishli instansiya sudlariga shikoyat berishlari mumkin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 3481 va 34816-moddalari talabidan kelib chiqqan holda qonuniy kuchga kirgan, apellatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarorlari va ajrimlari ustidan sudning hal qiluv qarori chiqqan kundan e’tiboran bir yil ichida tegishli tuman, viloyat va unga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan kassatsiya tartibida protest yoki xususiy protest kiritiladi.
7. Apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari shikoyat yoki protestlar bilan kelgan fuqarolik ishlarini qabul qilib olishda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga shikoyat yoki protest nusxalari yuborilganligi, mazkur ishning apellatsiya, kassatsiya instansiyasida ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida ularga tegishli tartibda ma’lum qilinganligi holatlariga e’tibor berishlari lozim.
Qonunga binoan (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 326, 327, 3487, 3488-moddalari) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning berilgan shikoyat yoki protestlar bilan tanishishi va unga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirishi ularning huquqidir. Garchand, shikoyat yoki protestlarga nisbatan e’tirozlarni bildirish qonunda majburiy qilib belgilanmagan bo‘lsada, e’tirozlarni bildirilishi ishning haqiqiy holatlarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega ekanligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 322, 3483-moddalariga asosan apellatsiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyat va keltirilgan protestlar tegishli instansiya sudi nomiga yozilsa-da, hal qiluv qarori chiqarilgan sudga taqdim qilinadi. Shu o‘rinda, sudlarga tushuntirilsinki, bevosita ishni ko‘rish lozim bo‘lgan apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga bu shikoyatlarning berilishi yoki protestlarning keltirilishi ularni ko‘rmay qoldirish yoki qaytarishga asos bo‘la olmaydi. Bunday tartibda kelib tushgan shikoyat va protestlar hal qiluv qarori yoki ajrim chiqargan sudga tegishli tartibda rasmiylashtirish uchun yuboriladi.
Yuqori instansiya sudlari, prokuratura va boshqa idoralarga bir yillik muddat davomida taraflardan kelib tushgan shikoyatlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 3483, 3484, 3485, 3486, 3487, 3488-moddalari talablariga ko‘ra hal qiluv qarori chiqargan sudga kassatsiya tartibida rasmiylashtirish uchun yuboriladi.
Birinchi bosqich sudi berilgan kassatsiya shikoyati yoki protesti asosida hal qiluv qarorining ijrosini zudlik bilan to‘xtatish haqida ajrim chiqaradi va Fuqarolik protsessual kodeksining 325, 3486-moddalarida belgilangan protsessual harakatlarni amalga oshirib, darhol ishni tegishli instansiya sudiga rasmiylashtirib yuborish choralarini ko‘rishi lozim.
9. Apellatsiya shikoyati berish yoki protest keltirishda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 322, 323-moddalari talablarining buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi, shuningdek, davlat boji to‘lashdan ozod qilinmagan shaxs tomonidan shikoyat berish uchun davlat boji to‘lanmaganligi apellatsiya shikoyati yoki protestlarni harakatsiz qoldirishga asos bo‘lishi ta’kidlansin (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 324-moddasi).
Yuqorida qayd etilgan kamchiliklar bilan berilgan kassatsiya shikoyati yoki protesti O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 3485-moddasiga asosan, nazorat tartibidagi shikoyat esa, shu kodeksning 350-moddasiga asosan harakatsiz qoldiriladi. Bu haqda ajrim chiqarilib, tegishli taraflarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun yuboriladi.
Sudya tomonidan belgilangan muddatda ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmagan holda sudyaning asoslantirilgan ajrimi bilan shikoyat yoki protest ularni bergan taraflarga, qonuniy vakillar va protest keltirgan shaxslarga qaytariladi.
Hal qiluv qarori bilan yakunlangan sud majlisi jarayonida chiqarilgan ajrim yuzasidan shikoyat berilgan yoxud protest keltirilgan taqdirda ular hal qiluv qaroriga shikoyat berish yoki protest keltirish uchun belgilangan muddat tugagandan so‘ng ish bilan apellatsiya instansiya sudiga yuborilishi lozim.
10. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 343, 345, 347, 348, 34814, 15, l6-moddalari talablariga muvofiq, apellatsiya va kassatsiya instansiya sudlarida ishni ko‘rishda ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasi sud majlisiga kelmagan, ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida tegishlicha xabardor qilinmagan yoki xabardor qilingan bo‘lsa ham sudga kelmaganlik sababi uzrli deb topilgan taqdirda, sud ishni ko‘rishni keyinga qoldiradi hamda keyingi sud majlisi haqida taraflarni xabardor qiladi. Keyingi muddatda taraflarning yoki ularning vakillarining sud majlisiga kelmaganligi uzrsiz deb topilgandagina ishni ko‘rish mumkin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 343, 34815-moddalari talabiga muvofiq apellatsiya, kassatsiya instansiya sudlari birinchi bosqich sudlari tomonidan chiqarilgan hal qiluv qarorlarini o‘zgarishsiz qoldirishga, o‘zgartirishga, qisman yoki butunlay bekor qilib, nizo yuzasidan yangi hal qiluv qarori chiqarishga vakolatlidir.
Birinchi bosqich sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 314-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan protsessual qonun normalari buzilganligi aniqlangan holda, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi sud qarorini qisman yoki butunlay bekor qilib, ishni birinchi instansiya sudiga yangidan ko‘rishga yuboradi.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlarini yuqorida ko‘rsatilgan protsessual huquq normalarining buzilganligi asosida qisman yoki butunlay bekor qilib, ishni yangidan mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish haqida ajrim chiqarayotgan apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi sud qarorini bekor qilishga sabab bo‘lgan barcha asoslarni va zarur hollarda ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatishi lozim. Ammo, sud, u yoki bu dalilning ishonchliligi, bir dalilning boshqasidan ustunligi to‘g‘risida fikr yuritishga va mavjud boshqa dalillarga huquqiy baho berishga haqli emas.
12. Apellatsiya va kassatsiya instansiya sudlari birinchi bosqich sudlari tomonidan chiqarilgan hal qiluv qarorlarini faqat protsessual qonun normalari buzilgandagina bekor qilib, yangidan ko‘rish uchun yuborishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoidadan kelib chiqqan holda, ular, birinchi instansiya sudlari tekshirmasdan qoldirib ketgan, ish uchun ahamiyatli dalillar, hujjatlar va holatlarni aniqlab, tekshirishi hamda shular asosida hal qiluv qarorini to‘ldirib o‘zgarishsiz qoldirishi, o‘zgartirishi, qisman yoki butunlay bekor qilib yangi hal qiluv qarori chiqarish bilan qonuniy to‘xtamga kelishi shart.
Ishni apellatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rish jarayonida taraflardan birida nizoga uzviy bog‘liq qarshi da’vo ariza keltirish huquqi mavjudligi aniqlansa va bunday qarshi da’vo talablarini alohida ko‘rish imkoni bo‘lmagan taqdirda, tegishli instansiya sudi qarshi da’vo arizani qabul qiladi, u bilan taraflarni tanishtirib, nizolarni birgalikda mazmunan hal etadi (masalan: asosiy da’vo uy-joyga yashash uchun kiritib qo‘yish to‘g‘risida bo‘lsa, shu ish bo‘yicha javobgarlar tomonidan uy-joyda yashash huquqini yo‘qotgan, deb topish to‘g‘risidagi qarshi da’vo yoki aksincha). Qarshi da’vo ariza O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 314-moddasi 2-qismi 2 va 4-bandlarida belgilangan talablar asosida, ya’ni, ishda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan, lekin ishda qatnashmagan va ishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlariga doir masalani hal qiladigan holatlar mavjud bo‘lsa, tegishli instansiya sudi bu holatlarni ko‘rsatib, ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishi mumkin.
13. Apellatsiya va kassatsiya instansiya sudlari shikoyat va protestlarni ko‘rish jarayonida birinchi instansiya sudi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 97 va 100-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘la turib, ishni mazmunan ko‘rib chiqib hal qiluv qarori chiqarganligini aniqlagan taqdirda, hal qiluv qarorini qisman yoki butunlay bekor qilib, ish yuritishni tugatishi yoxud arizani ko‘rmasdan qoldirishi mumkin.
Taraflar tomonidan apellatsiya, kassatsiya shikoyati yoki protesti berilganidan so‘ng, ishni apellatsiya yoki kassatsiya instansiyalarida ko‘rilgunga qadar taraflardan biri vafot etsa va ular o‘rtasidagi nizo bo‘yicha huquqiy vorislikka o‘tilishiga yo‘l qo‘yilsa, tegishli instansiya sudi uning vorislarini ishga jalb qilib, berilgan shikoyat, keltirilgan protestlarni mazmunan ko‘rishi, nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa, sud O‘zbekiston Respublikasi FPKning 100-moddasi 7-bandi asosida ish yuritishni tugatishi lozim.
14. Barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamda harbiy sudlarning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 349-moddasida ko‘rsatilgan vakolatli shaxslarning protestiga asosan nazorat tartibida ko‘riladi.
Tushuntirilsinki, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan fuqarolik ishlari, u apellatsiya yoki kassatsiya tartibida mazkur sudda ko‘rilgan yoki ko‘rilmaganligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 349-moddasi 4-6-qismlarida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan keltirilgan protestlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘riladi.
15. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 349-moddasida ko‘rsatilgan nazorat tartibida protest keltirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari ustidan kassatsiya muddati o‘tgan yoki o‘tmaganidan qat’i nazar uch yil mobaynida nazorat tartibida protest keltirish huquqiga ega. Bunday protestlar fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlarning Rayosatlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha nazorat sudlov hay’atida ko‘riladi.
Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar, o‘zlari birinchi bosqichda ko‘rib fuqarolik ishlari bo‘yicha chiqargan hal qiluv qarorlari hamda shu qarorlar yuzasidan qabul qilingan apellatsiya yoki kassatsiya ajrimlari ustidan nazorat tartibida keltirilgan protestlarni ko‘rishga haqli emas (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 349-moddasi 2-qismi).
16. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 350-moddasida ko‘rsatilganidek, nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi ariza mazmun jihatidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining 323-moddasiga muvofiq bo‘lishi bilan birga, unga sud hal qiluv qarorining nusxasi, apellatsiya yoki kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlari ajrimi, qarorining nusxasi, apellatsiya yoki nazorat tartibida protest keltirish rad etilganligi haqidagi vakolatli shaxsning javob xati hamda davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilingan holda tegishli yuqori sud yoki prokurorga berilishi mumkin. Bu talablarga rioya qilinmagan taqdirda, nazorat tartibida protest keltirish vakolatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 349-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan ariza harakatsiz qoldirilishi, arizachiga esa, kamchiliklarni bartaraf etish tartibi va muddati tushuntirilishi zarur.
17. Nazorat instansiyasi sudi apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlariga berilgan vakolatlar bilan birga birinchi bosqich sudining hal qiluv qarorlari va ajrimlarini, apellatsiya yoki kassatsiya bosqich sudi ajrimlarini ko‘rib chiqishda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmaganligini yoki sud aniqlangan, deb hisoblagan holatlarning isbotlanmaganligini, sudning hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 312—314-moddalarida sanab o‘tilgan boshqa asoslarning mavjudligini aniqlagan taqdirda, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya, apellatsiya yoki kassatsiya instansiya sudlariga yuborish vakolatiga ham egadir.
18. Sudlar apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalarida ishlarni ko‘rishda berilgan shikoyat va keltirilgan protestda bayon etilgan barcha vajlarga munosabat bildirishlari, nazorat instansiyasiga berilgan shikoyatlarda ko‘rsatilgan vajlarga batafsil asoslantirilgan javob berishlari lozim.
19. Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning Rayosatlari tumanlararo fuqarolik sudlarida ko‘rilgan fuqarolik ishlarini nazorat tartibida ko‘rishlari uchun, mazkur ishni apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rishda qatnashgan sudyalarni hisobga olmagan holda, qolgan Rayosat a’zolarining ko‘pchiligi hozir bo‘lganda vakolatli hisoblanadi.
20. Nizo yuzasidan chiqarilgan sud qarorini bekor qilayotgan yoki o‘zgartirayotgan apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudi ishni mazmunan ko‘rgan sudya o‘z vazifalarini bajarishga beparvolik va e’tiborsizlik bilan qaraganligi natijasida g‘ayriqonuniy va asossiz hal qiluv qaror yoki ajrim chiqarishiga yo‘l qo‘ygan, degan xulosaga kelsa, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 19-moddasiga binoan o‘zining xususiy ajrimi bilan bunga tegishli munosabat bildirishi lozim.
21. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Oliy sudiga, Toshkent shahar va viloyatlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga muntazam ravishda apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiya sudlari amaliyotini umumlashtirish, quyi sudlarga amaliy yordam ko‘rsatish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining mazkur qaroriga barcha sudlar tomonidan amal qilinishini nazorat etish majburiyati yuklatilsin.
22. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan 1976-yil 28-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan SSSR Oliy sudi Plenumining 1973-yil 8-oktabrdagi “Fuqarolik ishlarini sudlarda kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 6-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan 1977-yil 29-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan SSSR Oliy sudining 1974-yil 13-dekabrdagi “Fuqarolik ishlarini sud nazorati tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 5-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.