LexUZ sharhi
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 24-maydagi 12-sonli “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sudning hal qiluv qarori nizolashayotgan taraflarning shaxsiy huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanayotgan manfaatlarini himoya qilishning muhim hujjati hisoblanadi. Bu esa sudlarga hal qiluv qarorini qabul qilish masalasiga alohida mas’uliyat va e’tibor bilan yondashish lozimligi majburiyatini yuklaydi. Har bir ish bo‘yicha hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi lozim.
Aksariyat fuqarolik ishlari bo‘yicha hal qiluv qarorlari sudlar tomonidan protsessual va moddiy qonun me’yorlari talablariga aniq rioya qilingan holda chiqarilmoqda.
Shu bilan birga sudlar tomonidan qabul qilingan ba’zi hal qiluv qarorlari ularning qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi lozimligi bilan bog‘liq talablarga javob bermaydi. Ayrim hal qiluv qarorlarida ish holatlari to‘liq ifoda etilmagan, dalillar tahlil qilinmagan, ularga baho berish va aniqlangan holatlarni huquqiy mushohada qilish bilan bog‘liq muhim vazifalar amalga oshirilmagan, nizo bo‘yicha sudning xulosalari har doim ham ishning haqiqiy holatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Moddiy huquq me’yorlarini noo‘rin tatbiq qilish bilan bog‘liq holatlar hamon davom etmoqda. Qator sud qarorlarida ish bo‘yicha sud tomonidan aniqlangan holatlar ko‘rsatilmaydi va ishning holatidan kelib chiqadigan sudning xulosalari mavjud emas, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida da’voni rad etilganlik, ayniqsa, uni qisman rad etilganlik asoslari har doim ham keltirilmaydi, hal qiluv qarorlarining xulosa qismi tushunarsiz bayon etilganligi sababli ularni ijro etishda qiyinchiliklar kelib chiqmoqda.
Bayon etilgan jiddiy kamchiliklarni bartaraf etish va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining bir xilda qo‘llanishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori har bir ish bo‘yicha ular tomonidan qabul qilinadigan hal qiluv qarorlari to‘liq ravishda FPKning 203—207-moddalari talablariga javob berishi, qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi lozimligiga qaratilsin.
Hal qiluv qarorlarini qabul qilishda sudyalar ishlarni qonun asosida ishning holatiga muvofiq, sudyalarga chetdan ta’sir ko‘rsatmaydigan sharoitda hal qilishlari lozimligi to‘g‘risidagi FPKning 7-moddasidagi talablarga qat’iy rioya etishga majburdirlar.
2. Hal qiluv qarori protsessual huquq me’yorlariga qat’iy rioya qilingan va shu huquqiy munosabatlarga tatbiq qilinishi lozim bo‘lgan moddiy huquq me’yorlariga to‘liq rioya qilingan holda chiqarilgandagina qonuniy bo‘lib hisoblanishini sudlar nazarda tutmoqlari lozim.
Hal qiluv qarori zarur hollarda o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va an’analarda vujudga kelgan qonun me’yorlari yoxud fuqarolik qonunchiligining umumiy asoslari va ma’nosidan kelib chiqqan holda asoslanishi mumkin (FKning 5, 6-moddalari, FPKning 12-moddasi).
Fuqarolarning huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan me’yorlarning o‘xshashlik bo‘yicha qo‘llanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3. Sud ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun qonunda ko‘rsatilgan barcha choralarni ko‘rishga majbur, hal qiluv qarorida ishning holatlari haqida bayon etilgan sudning xulosalari, taraflarning haqiqiy o‘zaro munosabatlariga to‘g‘ri kelmog‘i lozim. Hal qiluv qarorida ish uchun huquqiy ahamiyatga ega bo‘lgan hamma holatlar bayon etilgan, tegishli dalillar keltirilgan va ish bo‘yicha aniqlangan holatlar hamda taraflarning huquq va burchlari bo‘yicha to‘g‘ri xulosaga kelingan taqdirdagina, u asosli bo‘lib hisoblanadi. Ishning haqiqiy holatlari to‘g‘risidagi sudning xulosasi hal qiluv qarorida FPKning 56-moddasida ko‘zda tutilgan isbotlash vositalariga ko‘ra asoslantiriladi. Hal qiluv qarori FPKning 58, 59-moddalarida belgilangan dalillarning daxldorligi va isbotlash vositalariga yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoidalar e’tiborga olingan holda asoslantiriladi.
4. Ishning sudda ko‘rilishining bevositaliligi FPKning 11-moddasiga ko‘ra uning asosiy prinsiplaridan biri ekanligini hisobga olgan holda hal qiluv qarori ishni ko‘rgan sud tomonidan faqat tekshirilgan dalillarga ko‘ragina asoslantirilishi lozim. Bunda sud hal qiluv qarorida ish uchun ahamiyatga ega u yoki bu holatlar tasdiqlanadigan dalillarning ko‘rsatib o‘tilishi bilan chegaralanmasdan, balki bu dalillarning mazmunini bayon etmog‘i shart.
Agar sud har bir dalillarga alohida va ularning yig‘indisida baho berib, taqdim etilgan u yoki bu hujjatlar, guvohlarning ko‘rsatuvlari, boshqa faktik ma’lumotlar taraflar o‘zlarining talab va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarining tasdiqlanmaganligini aniqlasa, u hal qiluv qarorida bu xususdagi o‘zining xulosasini ishonarli tarzda asoslamog‘i lozim.
Javobgar da’voni tan olgan holatlarda sud majlisida aniqlangan ishning haqiqiy holatlarini hisobga olgan holda hal qiluv qarorida bunga baho berilishi kerak. Agar sud javobgarning da’voni tan olishi qonunga zid ekanligini yoki boshqalarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzayotganligini aniqlasa, uni qabul qilishga haqli emas.
5. Agar dalillarni to‘plash ishni ko‘rayotgan sud tomonidan amalga oshirilmagan bo‘lsa (O‘zbekiston Respublikasi FPKning 65, 67, 69, 74, 79-moddalari), ular o‘qib eshittirilgan va sud majlisida ko‘rib chiqilgandagina va ularda mavjud bo‘lgan faktik ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda boshqa dalillar yig‘indisi bilan birgalikda tekshirilgan taqdirdagina, sud hal qiluv qarorini shu dalillar bilan asoslashga haqli. Ushbu hujjatlar bilan ishda ishtirok etayotgan shaxslar, ularning vakillari, zarur hollarda esa, ekspertlar va guvohlar tanishtirilishi lozim. Ishda ishtirok etayotgan shaxslar ushbu hujjatlarda bayon etilgan ma’lumotlar yuzasidan tushunchalar berishga haqlidirlar. Fuqarolik protsessual kodeksi me’yorlariga ko‘ra sud tomonidan tekshirilmagan ma’lumotlarni hal qiluv qarorida ko‘rsatish mumkin emas (FPKning 186, 187-moddalari).
6. FPKning 67-moddasiga ko‘ra hech qanday dalil sud uchun oldindan aniqlangan kuchga ega emasligi sababli ekspertning xulosasi alohida isbotlash vositasi hisoblanmay, barcha boshqa dalillar bilan birgalikda baholanmog‘i kerak. Sudning ekspert xulosasiga qo‘shilmaganligi hal qiluv qarorida yoki ajrimda asoslanmog‘i lozim (FPKning 88-moddasi).
Ekspertning xulosasini baholashda sud ekspertiza o‘tkazilish vaqtida protsessual huquq me’yorlariga rioya qilingan-qilinmaganligini, taraflarning va ishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning huquqlari buzilgan-buzilmaganligini, ekspertning vakolatliligini, tekshirish usulining ilmiyligini tekshirishi lozim bo‘ladi.
7. Jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sud tomonidan hukm etilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilgan yoki etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilgan yoki etilmaganligi masalalari yuzasidangina majburiy ekanligi sababli (FPKning 60-moddasi) sud jinoyat ishidan kelib chiquvchi zararni undirish haqidagi da’voni ko‘rishda javobgarning aybdorligi masalasini muhokama qilishga kirishishga haqli emas, balki faqat zararning miqdori haqidagi nizoni hal qilishi mumkin.
Etkazilgan zararning miqdorini undirish haqidagi xulosaning tasdig‘i sifatida hal qiluv qarorida hukmning mavjudligidan tashqari, taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki fuqarolik ishini ko‘rish chog‘ida sud tomonidan to‘plangan dalillar ko‘rsatilishi kerak.
8. Sudning har qanday hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismidan iborat bo‘ladi.
Hal qiluv qarorini yozishda sudlar FPKning 206-moddasi bilan belgilangan birin-ketinlikka rioya qilmoqlari zarur.
Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarorining chiqarilgan vaqti va joyi, hal qiluv qarori chiqargan sudning nomi, sudyaning familiyasi (sud tarkibi), sud majlisining kotibi, taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, shuningdek, nizo predmeti ko‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismi da’vo talablarini, javobgarning e’tirozlarining qisqacha mazmuni va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlarini aks ettirmog‘i lozim. Da’vogarning da’voni o‘zgartirganligi (da’voning asosini yoki predmetini o‘zgartirish, da’vo talablarining miqdorini oshirish yoki kamaytirish, da’vodan voz kechish va b.) shu yerda ko‘rsatilmog‘i kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida sudning ish bo‘yicha chiqargan xulosasining faktik va huquqiy asoslari bayon etilishi lozim. Jumladan, hal qiluv qarorining bu qismida ishning sud tomonidan aniqlangan holatlari, ishning holatlari to‘g‘risidagi sud xulosalariga asos bo‘lgan dalillar, sud u yoki bu dalilni rad qilishda asoslangan xulosalar, shuningdek, nizoli munosabatni tartibga soluvchi moddiy huquq me’yorlari (fuqarolik, oila, yer, mehnat, uy-joy to‘g‘risidagi va boshqa qonunlar) keltirilmog‘i, qonunning nomi, moddasi, bandi, boshqa qonun hujjatlarining soni va qabul qilingan sanasi, hamda protsessual huquq me’yorlari ko‘rsatilmog‘i lozim. Zarur holatlarda sud O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tegishli qarorlarini ham qo‘llashi lozim. Hal qiluv qarorining xulosa qismida tegishli me’yorlarning mazmuni bayon etilganda bu talabga rioya qilinmog‘i lozim (masalan, hal qiluv qarorining darhol ijro etilishga qaratilgan hollarda FPKning 220-moddasiga qo‘llanishi). Agar javobgar da’voni tan olsa, asoslantirish qismida faqat da’vo talabining tan olinganligi va uning sud tomonidan qabul qilinganligi ko‘rsatilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida taraflarning familiyasi, ismi, otasining ismi va yuridik shaxsning nomi to‘liq keltirilishi, da’vo talablarining qanoatlantirilganligi (to‘liq yoki qisman) yoki butunlay yoxud qisman rad etish haqidagi sudning xulosasi aniq aks ettirilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, sud xarajatlarining taqsimlanishi, hal qiluv qarori ustidan shikoyat berish muddati va tartibi ko‘rsatilishi shart. Hal qiluv qarorining xulosa qismi qarorni ijro etish chog‘ida tushunmovchiliklar va nizolar vujudga kelmasligi uchun tushunarli va aniq tarzda ifoda etilmog‘i kerak.
9. FPKning 203-moddasiga ko‘ra sudya yoki sud ishni mazmunan ko‘rib bo‘lganidan so‘ng shu sud majlisining o‘zidayoq darhol uzil-kesil qaror shaklida hal qiluv qarori chiqaradi. Ayrim hollarda alohida murakkab ishlar yuzasidan asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlash ko‘pi bilan uch kunga kechiktirilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismi e’lon qilinganidan so‘ng, sud ishda ishtirok etayotgan shaxslar, shuningdek, ularning vakillariga asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishib chiqishlari mumkinligi haqida ma’lum qiladi. Tanishish kuni sud bayonnomasiga yozib qo‘yiladi.
Asoslantirilgan hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismi ishni ko‘rish tugallangan kuni e’lon qilingan hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismiga so‘zma-so‘z to‘g‘ri kelmog‘i lozim. Ishni ko‘rish tugatilgan kuni hal qiluv qarorining e’lon qilingan kunidagi kabi asoslantirilgan hal qiluv qarori chiqarilgan kun deb ko‘rsatiladi. Hal qiluv qarorining e’lon qilingan xulosa qismi hamda asoslantirilgan hal qiluv qarori sudya (sud tarkibi) tomonidan imzolanib, ishga qo‘shiladi. Asoslantirilgan hal qiluv qaroriga nisbatan apellatsiya shikoyati yoki protest keltirish muddati hal qiluv qarori chiqqan kundan boshlab hisoblanadi.
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 15-maydagi 14-sonli qarori tahririda)
10. Sud FPKning 207-moddasiga ko‘ra ishni da’vogarning da’vo talablari doirasida hal qiladi, biroq sud da’vogarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun zarur deb topsa, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishdagi aniqlangan holatlarga bog‘liq ravishda da’vogarning arz qilgan talablari doirasidan chetga chiqishi mumkin.
11. Hal qiluv qarori da’vogarning barcha da’vo talablari bo‘yicha chiqarilishi lozimligini sudlar nazarda tutmoqlari kerak. Bir ish yuritishda bir necha da’vo talablarini birlashtirilganda yoki sud qarshi da’voni ko‘rish uchun qabul qilganida yoxud nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxsning da’vosini qabul qilishda hal qiluv qarorining xulosa qismida sud har bir da’vo yuzasidan qabul qilgan qarorini aniq ko‘rsatishi lozim. Shu bilan birga sud ishda ishtirok etish uchun jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari haqidagi masalani hal qilishga haqli emas.
Hal qiluv qarorini ijro qilish ma’lum shartlarning kelib chiqishi yoki kelib chiqmasligiga bog‘liq qilib qo‘yadigan bo‘lsa, bunday hal qiluv qarorini chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hal qiluv qarori FPKning 219, 220-moddalarida belgilangan hollarda darhol ijro etiladi, bu haqda hal qiluv qarorida tegishli ko‘rsatma bayon qilinadi.
12. Sudlar FPKning 203-moddasiga binoan faqat birinchi bosqich sudi sifatida mazmunan ko‘rib hal qilingan ishlar bo‘yicha sudning qarori hal qiluv qarori shaklida chiqarilishini, hal qiluv qarorining mazmunini aks ettiruvchi masalalar esa FPKning 206—211-moddalarida belgilanganligini nazarda tutmoqlari lozim.
Shuning uchun ham da’vo talablarining mazmunan qaror qabul qilinmagan qismi bo‘yicha sudning xulosasi hal qiluv qarorining xulosa qismiga kiritilishi mumkin emas (FPKning 92, 93, 97, 99, 100, 102-moddalari).
Bu xulosalar ajrim shaklida ifodalanib (FPKning 237, 238-moddalari), hal qiluv qaroridan alohida holda chiqarilmog‘i lozim.
13. Fuqarolik-protsessual kodeksiga ko‘ra ayrim turkumdagi ishlar bo‘yicha ish ko‘rishning turlicha tartibi belgilangan bo‘lsada (da’vo ishlari, alohida tartibda ko‘riladigan ishlar, davlat organlari va boshqa organlari, shuningdek, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat va arizalar bo‘yicha), ularning hammasi bo‘yicha ishni mazmunan ko‘rib hal qilish hal qiluv qarori shaklidagi qaror chiqarish yo‘li bilan tugallanishi belgilanganligi sababli sudlar hal qiluv qarorini yozishda FPKning 206-moddasida belgilangan birin-ketinlikka rioya qilinishi barcha turkumdagi ishlar uchun taalluqliligini nazarda tutmoqlari lozim.
14. Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, da’vogar ishning ko‘rilishiga e’tiroz bildirmagan bo‘lsa, sud ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishi mumkinligiga sudlarning e’tibori qaratilsin (FPK 224-moddasining 1-qismi).
Sudlar shuni e’tiborda tutishlari lozimki, FPK 224-moddasining 2-qismi mazmuniga ko‘ra, sudya ishni sud majlisiga barcha javobgarlar kelmagan taqdirdagina sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishi mumkin. FPKning 225-moddasiga muvofiq da’vogar ishni javobgar ishtirokisiz sirtdan ko‘rishga rozi bo‘lmasa, sud ishni ko‘rishni keyinga qoldirishi va kelmagan javobgarga ishning yangidan ko‘rilish vaqti va joyi haqida qayta xabar yuborishi lozim. Sirtdan hal qiluv qarori chiqarishda sirtdan chiqariladigan hal qiluv qarorining mazmuni haqidagi FPKning 227-moddasi talablariga rioya qilinishi zarur. FPKning 229, 235-moddalariga binoan sud majlisiga kelmagan javobgar sirtdan hal qiluv qarori chiqargan sudga shu hal qiluv qarori chiqarilgandan keyin o‘n besh kun ichida uni qayta ko‘rish haqida ariza berishga haqlidir. Sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori uni chiqargan sud tomonidan bekor qilingan taqdirda ishni mazmunan ko‘rish tiklanib, u Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan qoidalar asosida ko‘riladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 15-maydagi 14-sonli qarori tahririda)
15. Ish bo‘yicha qo‘shimcha hal qiluv qarori FPKning 214-moddasida belgilangan holatlardagina va faqat ishni ko‘rish chog‘ida aniqlangan haqiqiy holatlar asosida chiqarilishi mumkin. Qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasi hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechikmay qo‘zg‘atilishi mumkin. Qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasini qo‘yish bilan bog‘liq muddat uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan holda u FPKning 130-moddasida belgilangan tartibda sud tomonidan tiklanishi mumkin.
Agar sudning hal qiluv qaroriga apellatsiya va kassatsiya shikoyati berilgan yoki protest keltirilgan va shu bilan bir vaqtda qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasi ham qo‘yilgan bo‘lsa, sud avval qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasini hal qilib, keyin ishni apellatsiya, kassatsiya bosqich sudiga ko‘rish uchun yuboradi.
Sud qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarishi chog‘ida hal qiluv qarorining mazmunini o‘zgartirishga yoki sud majlisida tekshirilmagan yangi masalalarni hal qilishga haqli emas.
16. Chiqarilgan hal qiluv qarori tushunarsiz bo‘lgan taqdirda, ishni hal qilgan sud o‘z tashabbusi bilan yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra hal qiluv qarorini uning mazmunini o‘zgartirmagan holda FPKning 215-moddasida belgilangan qoidalarga ko‘ra tushuntirishi mumkin. Agar hal qiluv qarori ijro qilinmagan va uni majburiy ijro qildirish mumkin bo‘lgan muddat o‘tmagan bo‘lsagina, uni tushuntirishga yo‘l qo‘yiladi. hal qiluv qarorining tushunish qiyin bo‘lgan qismlarini to‘liqroq va tushunarli bayon etishda, sud uning mazmunini o‘zgartirishga va hal qiluv qarorida bayon etilmagan masalalarni hal qilishga haqli emas.
17. FPKning 213-moddasiga binoan sud hal qiluv qarorining yozuvdagi xatolarni va ochiq ko‘rinib turgan arifmetik xatolarni o‘z tashabbusi bilan yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra tuzatishi mumkin. Tuzatish kiritish masalasi ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida hal etiladi. Bu shaxslarning sudga kelmaganliklari tuzatish kiritish masalasini ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
18. FPKning 216-moddasiga binoan ish bo‘yicha hal qiluv qarori chiqargan sud yoki hal qiluv qarorini ijro etish joyidagi sud ishda ishtirok etayotgan shaxslarning arizasiga ko‘ra alohida hollarda, taraflarning mulkiy ahvoli, qarzdorning kasalligi yoki boshqa e’tiborga molik holatlarni hisobga olib, hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirishga yoki uni bo‘lib-bo‘lib ijro etishga yo‘l qo‘yish, shuningdek, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirishga haqli. Bunday mazmundagi arizalar ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslarning sudga kelmaganliklari qo‘yilgan masalani hal etishga to‘sqinlik qilmaydi. Ushbu masalani hal qilishda sud undiruvchining manfaatlarini hisobga olishi lozim.
19. Shuni nazarda tutish kerakki, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra ularga sudning hal qiluv qarori nusxasi berilishi lozim. Sudning bu majburiyati da’vo bo‘yicha ish yuritish, shuningdek, boshqa ish yuritish turlari bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlariga ham taalluqlidir.
Sud majlisiga kelmagan taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sudning hal qiluv qarori, sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori nusxasi hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yuborilishi zarur.
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, Toshkent shahar va viloyat sudlarining e’tibori vaqti-vaqti bilan quyi sudlar tomonidan chiqarilayotgan hal qiluv qarorlarining qonuniyligini o‘rganib, aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf etish uchun choralar belgilashlari lozimligiga qaratilsin.
21. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1984-yil 11-maydagi “O‘zbekiston SSR sudlari tomonidan SSSR Oliy sudi Plenumining 1982-yil 9-iyuldagi “Sudning hal qiluv qarori to‘g‘risida”gi 7-sonli qarorining bajarilishi haqida”gi 2-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.