Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Farmoyishi
Mazkur farmoyish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-sonli “Oʻzbekkino” Milliy agentligi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining ““Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1996-yil 12-iyuldagi 247-son qarorini bajarish maqsadida:
1. “Aholiga kinovideoxizmati koʻrsatish qoidalari” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Aholiga kinovideoxizmati koʻrsatish qoidalari”ga amal qilinishini taʼminlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 20-fevral,
79-f-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-fevraldagi 79-f-son farmoyishiga
ILOVA
ILOVA
Aholiga kinovideoxizmati koʻrsatish
Qoidalari
1. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1996-yil 12-iyuldagi 247-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Mazkur qoidalar aholiga kinovideoxizmati koʻrsatuvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar — Kinovideotomosha muassasalari va ushbu xizmat isteʼmolchilari — kinotomoshabinlar oʻrtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiradi.
3. Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi mulkchilik shaklidan va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, belgilangan tartibda kinovideofaoliyati bilan shugʻullanuvchi yoki kinovideo xizmatini amalga oshiruvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
4. Yuridik va jismoniy shaxslar Vazirlar Mahkamasining 215-son qarorida belgilangan kinovideofaoliyati turlari bilan “Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasi tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya)lar asosida shugʻullanishlari mumkin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi faqat Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qaroriga muvofiq respublika hududiga keltirilgan, roʻyxatdan oʻtkazilgan va belgilangan nusxadagi ijara berish ruxsatnomasiga ega boʻlgan kinovideofilmlar koʻpaytirilishi, tarjima qilinishi, sotilishi, namoyish etilishi, ijaraga berilishi mumkin.
6. Badiiy, ilmiy-ommabop, oʻquv, multiplikatsion kinovideofilmlarni roʻyxatdan oʻtkazish, ularga davlat ijara ruxsatnomasi berish va Davlat roʻyxat daftarini olib borishni “Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasi amalga oshiradi.
7. Kinovideofilmlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelish, roʻyxatdan oʻtkazish va ularga davlat ijara ruxsatnomasini berish “Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
II. KINOVIDEOTOMOShA MUASSASALARINING MAJBURIYATLARI VA ISh TARTIBLARI
8. Kinovideotomosha muassasalari oʻz nomi, ish tartibi, yuridik manzili yozilgan koʻrsatkichga ega boʻlishi shart.
9. Kinovideotomosha muassasalari tomoshabinlarga mazkur qoidalar bilan tanishish imkoniyatini yaratishlari lozim.
10. Kinovideotomosha muassasalari:
— kinovideofilmlarning sifatli namoyish etilishini, texnik jihatdan yuqori darajada jihozlanilishini, tomoshabinlar uchun barcha qulayliklarni, xizmat koʻrsatish xavfsizligini;
— kinovideotomosha muassasalari va unga yondosh hududlarda yongʻin xavfsizligi, sanitariya holatiga rioya etilishini;
— namoyish etilayotgan va namoyish etilishi rejalashtirilgan filmlar haqidagi maʼlumotni — uning suratga olingan vaqti, studiyasi, mualliflari va bosh rollar ijrochilari hamda filmning qaysi yoshdagi tomoshabinga moʻljallanganligi, chiptalar bahosi, tomosha zali rejasi, namoyishlarning boshlanish vaqti, davomiyligi, tomoshabinlarga qoʻshimcha xizmat koʻrsatish turlari va ularning narxlari, ayrim toifadagi tomoshabinlarga beriladigan imtiyozlar, bolalar uchun namoyish etish rejasi, narxlarni arzonlashtirish tartibi va boshqa maʼlumotlar bilan tanishtirishni;
— tomoshabinlarga nisbatan xushmuomala va eʼtiborli boʻlishni taʼminlashlari kerak.
11. Kinovideotomosha muassasalari tomoshabinlarga film namoyish etilishidan oldin qoʻshimcha xizmatlarni — musiqiy tomoshalar va artistlarning chiqishi, kinojurnallar namoyishini uyushtirishi mumkin.
12. Kinovideotomosha muassasalarida badiiy, xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, multiplikatsion kinovideofilmlar “Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasi tomonidan belgilangan daraja koʻrsatkichiga muvofiq narxlardagi chiptalar tarqatish yoʻli bilan namoyish etiladi.
13. Namoyish etish dasturidagi film nusxasi ishdan chiqqan yoki yoʻqolgan holda boshqa kinovideofilm bilan almashtiriladi.
14. Dasturda rejalashtirilgan kinovideofilm tomoshabinlar soni kamida olti kishidan iborat boʻlsa namoyish etiladi.
15. Chiptalarni sotish:
— chiptada — kinovideotomosha muassasasi nomi, chipta bahosi, oʻrindiq raqami, namoyish kuni va vaqti koʻrsatilishi kerak;
— kassalar, namoyish etish boshlanishidan kechi bilan 30 daqiqa oldin ish boshlaydi, chiptalarni avvaldan sotish esa bir hafta ilgari boshlanadi;
— tomoshabinlar va kinovideotomosha muassasalari oʻrtasida hisob-kitob soʻmda, naqd va pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
— chipta sotilgan vaqt kinovideoxizmati toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan vaqt hisoblanadi;
— kundalik namoyishlar (oddiy yoki uzaytirilgan dastur)ga chiptalarni sotish kinojurnal namoyish etilgach toʻxtatiladi;
— Ikkinchi jahon urushi nogironlari, qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, Chernobil AES fojiasi oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlar (“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish haqida”gi Qonunga asosan), “Kinematografiya aʼlochisi” nishoniga sazovor boʻlganlar, Oʻzbekiston Respublikasining Qahramonlari navbatsiz chipta sotib olish huquqiga ega boʻladilar.
16. Tomoshabinlar:
— kinozalga chiptalar asosida namoyishdan 30 daqiqa avval kiritila boshlanadi;
— namoyishga kech qolganlar kinojurnal yoki uzaytirilgan kinovideodasturdan keyingi tanaffus paytida zalga kiritiladi;
— chiptada koʻrsatilgan joyga oʻtirishlari lozim.
17. Kinojurnal va asosiy kinovideofilm oʻrtasida tanaffus boʻlishi kerak. Kinovideotomosha muassasasi huzuridagi bufet kinovideofilmga uchinchi qoʻngʻiroq chalinganda yopiladi.
18. 12 yoshgacha boʻlgan bolalar kinovideozalga namoyishi eng kechi bilan soat 21.30 da tamom boʻladigan seanslarga kiritiladi:
— bolalar seansiga 12 yoshgacha boʻlgan bolalar maxsus moʻljallangan chiptalarni sotib oladilar. Kattalar esa bunday chiptalarni belgilangan miqdorda sotib olishlari mumkin;
— katta yoshdagi tomoshabin maktabgacha yoshdagi bir nafar bolani tomosha zaliga bepul olib kirishi mumkin, bunda bolaga alohida joy belgilanmaydi;
— oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar shu yoshdagi tomoshabinga taqiqlangan filmlarga kiritilmaydi.
19. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholiga kinovideoxizmati koʻrsatish qoidalari” talablariga rioya etilishini nazorat qilish, kinovideoxizmati koʻrsatish ishlarini tashkil etish “Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasining kinovideoxizmati hududiy organlari, hokimiyat ijroiya organlari va boshqa tegishli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
III. KINOTOMOShABINLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
20. Tomoshabin:
— kinovideoxizmatining barcha turlaridan erkin foydalanish;
— kinovideotomosha muassasasi va koʻrsatilayotgan kinovideoxizmati turlari haqida toʻla maʼlumotga ega boʻlish;
— namoyish bekor qilinganda, film oʻzgartirilganda yoki kinovideotomosha muassasi aybi bilan film sifatsiz namoyish etilganda, shuningdek, kinovideofilmning koʻrigida yosh boʻyicha cheklanish haqidagi maʼlumot toʻliq berilmaganda, yoxud boshqa sabablar bilan namoyishga kirishdan bosh tortsa chipta bahosi qiymatini qaytib olish;
— kinovideotomosha muassasasidan kinovideo faoliyatiga tegishli litsenziyani va kinofilmga berilgan davlat ijara ruxsatnomasini talab qilish huquqiga ega.
21. Tomoshabin Kinovideotomosha muassasasi ish faoliyatining qoidalariga rioya qilishi, muassasa jihozlari va mebelini asrab-avaylashi, jamoat tartibiga rioya qilishi shart.
22. Jamoat tartibini buzgan yoki muassasa mulkiga zarar yetkazgan tomoshabinni kinovideotomosha maʼmuriyati namoyish zaliga kiritmaslikka yoki zaldan chiqarib yuborishga haqlidir.
23. Muassasa mulkiga zarar yetkazgan tomoshabin qonunlarda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
24. Tomoshabin chiptani seans oxirigacha saqlab qolishi va nazoratchi yoki maʼmuriyat talabi bilan koʻrsatishi lozim.