1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.28.00.00 Investitsiyalar va xorijdan mablagʻ jalb qilish (shuningdek, 07.05.04.00, 09.12.03.00, 10.01.05.00larga qarang) / 07.28.06.00 Investitsiya dasturlari va loyihalar / 07.28.06.02 Investitsiya loyihalari;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.07.00 Maxsus iqtisodiy zonalar]
[TSZ:
1.Moliya / Investitsiyalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tashkil etilgan “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida (keyingi oʻrinlarda — “Surxon-Agro” zonasi) zamonaviy issiqxona va agrologistika loyihalarini jadal amalga oshirish, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yer ajratish, qurilish va moliyalashtirish mexanizmlarini soddalashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. “Surxon-Agro” zonasini infratuzilma bilan taʼminlash va loyihalar uchun yer uchastkalarini soddalashtirilgan tartibda ajratish
1. “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:
(a) “Surxon-Agro” zonasida investitsiya loyihalarini joylashtirish, amalga oshirish va ishga tushirish jarayonlarini muvofiqlashtirish;
(b) “Surxon-Agro” zonasi hududida tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma obyektlari qurilishi hamda ularni moliyalashtirish masalalari tezkor hal etilishini taʼminlash;
(v) soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni qoʻllash boʻyicha idoralararo hamkorlikni taʼminlash;
(g) loyihalar ijrosini va investitsiya majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish.
2. “Surxon-Agro” zonasi hududida zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish va agrologistika markazini qurish uchun yer uchastkalarini realizatsiya qilishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
(a) yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-108-son qarorida belgilangan tartibda elektron onlayn auksion savdolari orqali ajratiladi. Bunda auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlangʻich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining 10 foizi miqdorida belgilanadi;
(b) quyidagi ishtirokchilar uchun elektron onlayn auksion savdolari Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan tartibda boshlangʻich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining 1 foizi hamda yer uchastkasini auksionga chiqarish xarajatlari va ijara huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun toʻlov miqdoriga teng summada belgilangan holda tanlov asosidagi auksion shaklida oʻtkaziladi:
(i) qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida boʻlgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi mahalliy va xorijiy tadbirkorlik subyektlari;
(ii) Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xoʻjaliklari egalari (amaldagi issiqxonasi joylashgan yer maydoni hajmida). Bunda issiqxona xoʻjaligi egasi issiqxona bevosita oʻziga tegishli boʻlganligini tasdiqlovchi hujjatlar yigʻmajildini va issiqxona joylashgan yer uchastkasida issiqxona obyektlari mavjud emasligini tasdiqlovchi Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hokimliklari va Qishloq xoʻjaligi vazirligining qoʻshma xulosasini taqdim etadi;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-apreldagi PF-68-son Farmoniga asosan chet el fuqarolari, yuridik shaxslar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga yer ajratish boʻyicha belgilangan cheklovlar “Surxon-Agro” zonasi hududida tatbiq etilmaydi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) “Surxon-Agro” zonasi hududidagi yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali ajratilgan subyekt va “Surxon-Agro” zonasi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) oʻrtasida investitsiya bitimi tuziladi;
(b) investitsiya bitimida agrologistika markazi yoki issiqxona qurish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, ishga tushirish, mahsulot yetishtirish va ish oʻrinlari yaratish boʻyicha aniq majburiyatlar belgilanadi;
(v) investitsiya majburiyatlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, yer uchastkasiga boʻlgan huquq Kengash qaroriga muvofiq Direksiya tomonidan kiritilgan daʼvo arizasiga asosan sud tartibida bekor qilinadi.
II. “Surxon-Agro” zonasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash instrumentlari va imtiyozlar
4. Direksiya tomonidan mazkur Farmonga 2-ilovadagi roʻyxatga muvofiq “Surxon-Agro” zonasi hududidagi yer uchastkalarida 2026-2027-yillarda zamonaviy issiqxona majmualari hamda agrologistika markazini qurish boʻyicha investitsiya loyihalari (keyingi oʻrinlarda — Loyihalar) amalga oshirilsin. Bunda:
(a) “Uzagrostar xolding” kompaniyasi muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashgan kompaniyalar) hamda tijorat banklari Direksiyaga Loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadi;
(b) zamonaviy issiqxona majmualari va agrologistika markazi 7 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan yoki lizing shartlari asosida tadbirkorlik subyektlariga sotiladi.
5. Davlat banklari qarzdorliklarni soʻndirish evaziga bank balansiga olingan foydalanishga yaroqli va iqtisodiy samaradorligi asoslangan issiqxonalarni ikki oy muddatda “Surxon-Agro” zonasiga koʻchirish va tashabbuskorlarga kredit, boʻlib-boʻlib toʻlash, lizing shartnomalari yoki boshqa bitimlar orqali sotish choralarini koʻrsin.
6. “Surxon-Agro” zonasi ishtirokchilari, ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qatʼi nazar, 5 yil muddatga quyidagilarni toʻlashdan ozod etilsin (bundan investitsiyalar hajmi imtiyozlarni 10 yil muddatga qoʻllash imkoniyatini beradigan holatlar mustasno):
(a) yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
(b) yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
(v) foyda soligʻi. Bunda ushbu imtiyoz boʻyicha amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqi tarzida qoʻllash tartibi tatbiq etilmaydi;
(g) Kengash qarori asosida Direksiyaning Bojxona qoʻmitasiga murojaatiga koʻra zamonaviy issiqxona majmualarini tashkil qilish uchun talab etiladigan va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, xomashyo va materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun bojxona boji. Bunda import qilinadigan tovarlar roʻyxatini kompleks ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning 6-bandidan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Quyidagilar:
(a) Kengash Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda “Surxon-Agro” zonasining investitsiya imkoniyatlari, shu jumladan, yer uchastkalari, infratuzilma, imtiyozlar va yaratilayotgan qulayliklar toʻgʻrisida ingliz tilida taqdimot materiallarini tayyorlasin hamda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi tegishli elchixonalari va diplomatik vakolatxonalariga (keyingi oʻrinlarda — elchixona va vakolatxonalar) yetkazsin;
(b) elchixona va vakolatxonalar ikki hafta muddatda Kengash soʻroviga muvofiq issiqxona xoʻjaligi, agrologistika, saralash, qadoqlash, qayta ishlash va qishloq xoʻjaligi texnologiyalari sohalarida faoliyat yuritayotgan salohiyatli xorijiy investorlar roʻyxatini shakllantirsin va ularga taqdimot materiallarini yetkazsin;
(v) tegishli elchixona va vakolatxonalar bir oy muddatda muzokaralar oʻtkazish orqali salohiyatli xorijiy investorlarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etsin, Direksiya bilan birgalikda ularni “Surxon-Agro” zonasi imkoniyatlari bilan joyida tanishtirishga koʻmaklashsin va loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish boʻyicha amaliy choralar koʻrsin;
(g) Direksiya hamda elchixona va vakolatxonalar xorijiy investorlar bilan investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash, moliyalashtirish manbalarini aniqlash va investitsiya bitimlarini tuzish jarayonlariga hamrohlik qilsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda har oy jalb qilingan salohiyatli xorijiy investorlar, oʻtkazilgan muzokaralar, tashkil etilgan tashriflar, ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari, imzolangan kelishuvlar va investitsiya bitimlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
III. Moliyaviy resurslar
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining 2026-yil II chorak yakuni boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi hisobidan:
(a) infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini moliyalashtirish uchun 3-ilovaga muvofiq mablagʻlarni. Bunda obyektlarni qurish uchun mazkur Farmonga 3-ilovadagi mablagʻdan ortiq mablagʻ talab qilingan taqdirda, ortgan qismi Surxondaryo viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) Direksiyaga mazkur Farmonga 2-ilovaga muvofiq issiqxona majmualarini tashkil qilish uchun 180 milliard soʻm, agrologistika markazi uchun — 20 milliard soʻm ajratsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi 2027-yil 1-martga qadar Loyihalarni 2027-yilda moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining 100 million AQSH dollari miqdoridagi resurslarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
IV. Farmon ijrosini tashkil qilish, taʼminlash va nazorat
12. Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha respublika maxsus komissiyasiga “Surxon-Agro” zonasi hududiga koʻchadigan issiqxonalar uchun issiqxona konstruksiya va uskunalarini demontaj qilish, tashish va qayta oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish uchun ajratiladigan kompensatsiya miqdorini oʻzgartirish vakolati berilsin.
13. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda “Surxon invest kompaniyasi” AJ ikki oy muddatda “Surxon-Agro” zonasi va uning ishtirokchilarining ishchi xodimlari uchun ushbu zonaga tutash hudud boʻlgan, qishloq xoʻjaligi xaritasining 777k konturida joylashgan 7,2 gektar yer uchastkasida quriladigan koʻp kvartirali uylarning batafsil rejalashtirish va qurilish loyihasi ishlab chiqilib tasdiqlanishini hamda belgilangan tartibda “Surxon invest kompaniyasi” AJ mablagʻlari va tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda bosqichma-bosqich qurilish ishlari yakunlanishini taʼminlasin.
14. Kadastr agentligi ushbu Farmonga muvofiq berilgan yer uchastkalarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi va yerga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
15. Kengash (U. Qosimov) Direksiya va ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan “Surxon-Agro” zonasi hududida zamonaviy issiqxona majmualarini qurish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlari, shu jumladan, ularning qiymati asossiz ravishda oshib ketishining oldini olish yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
17. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov hamda Surxondaryo viloyati hokimi U.B. Qosimov belgilansin.
19. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-oktabr,
PF-224-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-oktabrdagi PF-224-son Farmoniga 1-ILOVA
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengash
TARKIBI
U.B. Qosimov
—
Surxondaryo viloyati hokimi, Kengash raisi
I.Yu. Abdurahmonov
—
qishloq xoʻjaligi vaziri, Kengash raisi oʻrinbosari
I.K. Ergashev
—
investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari
T.N. Alimatov
—
qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari
F.X. Muxiddinov
—
“Uzagrostar xolding” MCHJ direktori
Sh.A. Radjabov
—
Surxondaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari, Kengash kotibi
Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-oktabrdagi PF-224-son Farmoniga 2-ILOVA
“Surxon-Agro” zonasi hududidagi yer uchastkalarida 2026-2027-yillarda Direksiya tomonidan zamonaviy issiqxona majmualari hamda agrologistika markazini qurish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashuvchi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar va tijorat banklari
ROʻYXATI
T/r
Ixtisoslashgan kompaniya nomi
Tijorat banki nomi
Yer maydoni (gektar) va tashkil qilish muddati
2026-yil 1-dekabrgacha
2027-yil 1-maygacha
I. Zamonaviy issiqxonalar qurish
1.
“Yangiyoʻl — Agro Star” MCHJ
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB
10
40
2.
“Angor — Agro Star” MCHJ
AT “Xalq banki”
10
40
3.
“Denov — Agro Star” MCHJ
“Turon bank” ATB
10
40
4.
“Quva — Agro Star” MCHJ
“Mikrokreditbank” ATB
10
40
5.
“Oltiariq — Agro Star” MCHJ
“Asakabank” AJ
10
40
6.
“Toshkent — Agro Star” MCHJ
“Aloqa bank” ATB
10
40
7.
“Mirzachoʻl — Agro Star” MCHJ
“Milliybank” AJ
10
40
8.
“Uzun — Agro Star” MCHJ
“Agrobank” ATB
10
40
II. Agrologistika markazi qurish (2027-yil 1-iyungacha)
9.
“Asaka — Agro Star” MCHJ
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB
20
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-oktabrdagi PF-224-son Farmoniga 3-ILOVA
2026-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan va taqsimlanmagan kapital qoʻyilmalar hamda respublika budjetidan ajratilgan qoʻshimcha mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan yangidan boshlanuvchi loyihalarning
MANZILLI ROʻYXATI
mln. soʻm
T/r
Buyurtmachi nomi
Loyiha nomi
Amalga oshirish muddati
Oʻlchov birligi
Loyiha quvvati
Obyektning umumiy qiymati
Jami
220 000
1.
“Hududgaztaʼminot” AJ
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi uchun tashqi tabiiy gaz tarmogʻini qurish va gaz taqsimlash punktini oʻrnatish (loyiha-qidiruv ishlari)
2026-yil
km
20
10 900
2.
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasini tashqi elektr energiyasi bilan taʼminlash
2026-yil
obyekt
1
104 000
3.
Hududiy elektr tarmoqlari
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasini tashqi elektr energiyasi bilan taʼminlash
2026-yil
km
30
11 800
4.
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida ichimlik suv taʼminoti inshootlarini qurish
2026-yil
km
7,1
4 000
5.
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida oqova suv taʼminoti inshootlarini qurish
2026-yil
km
4,2
4 100
6.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga olib boruvchi avtomobil yoʻllarini qurish
2026-yil
km
11
18 000
7.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasining ichki yoʻllarini qurish
2026-yil
km
39
47 000
8.
Suv xoʻjaligi vazirligi
“Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi R-13 kollektorini rekonstruksiya qilish
2026-yil
km
13
20 200
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-oktabrdagi PF-224-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-51-son Farmonida:
(a) 7-bandning “a” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
“(b) Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻi maqomi, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish shartlari, mehnatga haq toʻlash va ragʻbatlantirish, tibbiy xizmat va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti boshligʻi oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
(v) Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻining ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish shartlari hamda mehnatga haq toʻlash sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqarma boshligʻiga tenglashtiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi “Sanoat usulidagi intensiv mevali bogʻlar barpo etish va eskirgan bogʻlarni yangilashni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-108-son Farmoni 12-bandining “a” kichik bandi “buyurtmasiga asosan” soʻzlaridan keyin “3 yillik imtiyozli davr bilan” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-108-son qarorida:
“(ii) issiqxonalar joylashtirilishi nazarda tutilgan yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarilishidan oldin tuman hokimligi tasarrufiga qaytariladi va “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-apreldagi PF-68-son Farmonining 2-bandiga muvofiq hamda ushbu kichik bandning “iii” va “iv” xatboshilari va “z” kichik bandini inobatga olgan holda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi, ushbu yer uchastkalarida tasdiqlangan master rejada nazarda tutilgan issiqxonalarni kapital inshootlar yoki yengil turdagi qurilmalar (konstruksiyalar) shaklida qurishga (joylashtirishga) va ushbu issiqxona majmualaridan yer uchastkasining ijara huquqi bilan birga garov taʼminoti sifatida foydalanishga ruxsat beriladi”;
quyidagi mazmundagi “iii-iv” xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“(iii) auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlangʻich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining 10 foizi miqdorida belgilanadi;
(iv) birinchi auksion savdosi tegishli yer uchastkasi haqidagi xabarnoma eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun muddatda oʻtkaziladi”;
“(z) quyidagi ishtirokchilar uchun agrologistika markazini qurish va zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish boʻyicha elektron onlayn auksion savdolari Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan tartibda boshlangʻich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining 1 foizi hamda yer uchastkasini auksionga chiqarish xarajatlari va ijara huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun toʻlov miqdoriga teng summada belgilangan holda tanlov asosidagi auksion shaklida oʻtkaziladi:
(i) qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida boʻlgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi mahalliy va xorijiy tadbirkorlik subyektlari;
(ii) Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xoʻjaliklari egalari (amaldagi issiqxonasi joylashgan yer maydoni hajmida). Bunda issiqxona xoʻjaligi egasi issiqxona bevosita oʻziga tegishli boʻlganligini tasdiqlovchi hujjatlar yigʻma jildini va issiqxona joylashgan yer uchastkasida issiqxona obyektlari mavjud emasligini tasdiqlovchi Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hokimliklari hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining qoʻshma xulosasini taqdim etadi”;
(b) 5-banddagi “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari “Surxondaryo viloyati hokimligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) 14-band quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan toʻldirilsin:
“(v) “Surxon-Agro” zonasidagi agrologistika markazi hamda umumiy foydalanishdagi infratuzilma obyektlarini (keyingi oʻrinlarda — obyektlar) qurishni jadallashtirish maqsadida:
(i) xarid qilish tartib-taomillarini “taklif soʻrovi” orqali amalga oshirgan holda bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlarini aniqlashga ruxsat etiladi;
(ii) obyektlar boʻyicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi besh kun muddatda oʻtkaziladi”;
“24. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida;
(b) 2028-yil 1-yanvarga qadar “Surxon-Agro” zonasi faoliyatining ijobiy natijalaridan kelib chiqib, boshqa hududlarda ham yagona tizimda faoliyat yuritadigan issiqxonalar klasterlarini tashkil qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi “Surxondaryo viloyatida issiqxona xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 162-son qarori 3-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilansinki, “Surxon-Agro” zonasiga Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xoʻjaliklarini ixtiyoriy koʻchirishni ragʻbatlantirish hamda qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida boʻlgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun quyidagi tartiblar joriy etiladi:
tanlov asosidagi auksion savdolarida ishtirok etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning roʻyxati “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengash tomonidan taqdim etiladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2026-y., 06/26/224/1026-son)