toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tizimini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qarori ijrosini taʼminlash hamda kasbiy taʼlim tashkilotlarida kasbiy sertifikatga ega ishlab chiqarish taʼlimi ustalari ulushini koʻpaytirish orqali pedagog kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Taʼlim va ilm-fan vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining texnikumlarning ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini attestatsiyadan oʻtkazish orqali ularga malaka toifalarini berish tartibini bekor qilish hamda uning oʻrniga kasbiy sertifikatlash tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilansinki, davlat kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga ularning kasbiy bilimi va koʻnikmalarini hamda egallab turgan lavozimiga qoʻyilgan malaka talablariga muvofiqligini baholash orqali kasbiy sertifikat berish tartibi joriy etiladi.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kasbiy taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini kasbiy sertifikatlashni tashkil etish tartibi;
ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini amaliy sinovdan oʻtkazish va baholash tartibi;
ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikatlarni rasmiylashtirish tartibi.
3. Taʼlim va ilm-fan vazirligi:
bir oy muddatda sertifikatlash oʻtkaziladigan tashkilotlarni belgilasin va sertifikatlash jarayonini sifatli tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratsin;
ikki oy muddatda ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini kasbiy sertifikatlashdan oʻtkazish boʻyicha topshiriqlarning (nazariy va amaliy qismini bajarishning texnik shartlari, baholash mezonlari, ajratilgan vaqt meʼyorlari) ishlab chiqilishini taʼminlasin;
ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati kasbiy taʼlim tizimi xodimlari oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qaror ijrosi boʻyicha talab etiladigan xarajatlar 2026-yilda Taʼlim va ilm-fan vazirligiga birinchi darajali budjet mablagʻlari taqsimlovchisi sifatida ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga 1-ilovaning 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Attestatsiyaga taʼlim tashkilotlarining barcha pedagog kadrlari (kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalari bundan mustasno) jalb etiladi.”
6. Taʼlim va ilm-fan vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim va ilm-fan vaziri zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-oktabr,
552-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-oktabrdagi 552-son qaroriga
ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom kasbiy taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini baholash (keyingi oʻrinlarda — sertifikatlash) hamda ularga kasbiy sertifikat berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ishlab chiqarish taʼlimi ustasi (keyingi oʻrinlarda — taʼlim ustasi) — kasbiy taʼlim tashkilotlarida amaliy mashgʻulotlarni oʻtish uchun belgilangan tartibda mehnat shartnomasi asosida faoliyat olib borayotgan jismoniy shaxs;
kasbiy sertifikat — taʼlim ustasini egallab turgan lavozimiga qoʻyilgan malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi, besh yil muddatga beriladigan davlat namunasidagi hujjat;
majburiy sertifikatlash — taʼlim ustasini har besh yilda kamida bir marta, uning egallab turgan lavozimiga qoʻyilgan malaka talablariga muvofiqligini baholash;
navbatdan tashqari sertifikatlash — taʼlim ustasining oʻz xohishiga koʻra, ixtiyoriy ravishda, egallab turgan lavozimiga qoʻyilgan malaka talablariga muvofiqligini baholash;
raqamli platforma — taʼlim ustasini sertifikatlash jarayonini tashkil etishda hujjatlarni qabul qilish va baholash natijalari asosida kasbiy sertifikatni shakllantirish uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) elektron axborot tizimi.
3. Kasbiy taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan barcha taʼlim ustalari asosiy ish joyi boʻyicha sertifikatlashga jalb etiladi.
Oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan va asosiy ish joyi boʻyicha pedagogik faoliyat bilan shugʻullanmaydigan taʼlim ustasi oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan kasbiy taʼlim tashkilotidan sertifikatlashga jalb etiladi.
4. Taʼlim ustasini sertifikatlashni tashkil etish Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi.
5. Nodavlat kasbiy taʼlim tashkilotlarining taʼlim ustalari oʻz xohishiga koʻra ushbu Nizom talablariga muvofiq navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtishi mumkin.
6. Taʼlim ustasi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida sertifikatlashdan oʻtkaziladi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2025-yil 18-iyundagi 369-son qaroriga muvofiq belgilangan tartibda tashkil etilgan malakani baholash markazlari tomonidan kasbiy imtihondan oʻtkazish orqali taʼlim ustasiga berilgan malaka sertifikati kasbiy sertifikatga tenglashtiriladi hamda taʼlim ustasi majburiy sertifikatlashdan ozod etiladi.
8. Oʻquvchilari kasbiy tanlovlarning xalqaro yoki respublika bosqichida 1 — 3-oʻrinlarni egallagan taʼlim ustalariga toʻgʻridan-toʻgʻri kasbiy sertifikat beriladi. Kasbiy tanlovlar roʻyxati Agentlik tomonidan belgilanadi.
2-bob. Sertifikatlashni tashkil etish va kasbiy sertifikat olish uchun hujjat topshirish
9. Kasbiy taʼlim tashkilotida faoliyat yuritayotgan taʼlim ustasi har besh yilda kamida bir marta majburiy sertifikatlashdan oʻtkaziladi.
Taʼlim ustasiga oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtishiga ruxsat etiladi.
Taʼlim ustasi oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtib, kasbiy sertifikatga ega boʻlganda, u navbatdagi majburiy sertifikatlashga besh yildan soʻng jalb etiladi.
Ilgari sertifikatlashdan oʻtmagan va ishga yangi qabul qilingan taʼlim ustasi kasbiy faoliyatiga bir yil toʻlgandan soʻng navbatdagi majburiy sertifikatlashdan oʻtkaziladi.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar kasbiy taʼlim boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) boshliqlari hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari direktorlari taʼlim ustalarining majburiy sertifikatlashga oʻz muddatida jalb etilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
11. Taʼlim ustalarining kasbiy sertifikati boshqa kasbiy taʼlim tashkilotiga ishga oʻtganda ham amal qiladi.
12. Quyidagilar navbatdagi majburiy sertifikatlashga jalb etilmaydi:
homilador, shuningdek, homiladorlik va tugʻuruq hamda bolani parvarish qilish taʼtillarida boʻlgan ayollar, ular taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
uzoq muddat (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanayotgan taʼlim ustalari, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
respublikadagi va xorijiy davlatlarga oʻqishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga, stajirovkaga yuborilgan taʼlim ustalari, ular oʻqishda boʻlgan davrda. Ushbu taʼlim ustalari kasbiy taʼlim tashkilotiga (ish faoliyatiga) qaytgandan soʻng navbatdagi tashkil etiladigan majburiy sertifikatlashga jalb etiladi.
13. Kasbiy taʼlim tashkilotining direktori kasbiy sertifikatning amal qilish muddati tugashidan olti oy oldin taʼlim ustasini sertifikatlashdan oʻtishi lozimligi toʻgʻrisidagi xabarni va taʼlim ustasini sertifikatlashdan oʻtkazish tartibini taʼlim ustasining raqamli platformadagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.
14. Taʼlim ustasi oʻtkazadigan amaliy mashgʻuloti (oʻquv amaliyoti) boʻyicha sertifikatlashdan oʻtadi.
Kasbiy taʼlim tashkilotida taʼlim yoʻnalishi boʻyicha ikki yoki undan ortiq amaliy mashgʻulot (oʻquv amaliyoti) oʻtkazayotgan taʼlim ustasi oʻquv yuklamasi koʻp boʻlgan bitta amaliy mashgʻulot (oʻquv amaliyoti) boʻyicha, bir nechta amaliy mashgʻulot (oʻquv amaliyoti)dan oʻquv yuklamasi teng miqdorda boʻlgan hollarda taʼlim ustasi tomonidan tanlangan amaliy mashgʻulot (oʻquv amaliyoti) boʻyicha sertifikatlashdan oʻtkaziladi.
Bunda taʼlim ustasiga sertifikatlash natijasi boʻyicha berilgan kasbiy sertifikat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha u oʻtkazayotgan boshqa amaliy mashgʻulot (oʻquv amaliyot)lar uchun ham tegishli boʻladi.
15. Taʼlim ustasidan navbatdagi majburiy sertifikatlashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim undirilmaydi va mazkur jarayon bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjetidan Taʼlim va ilm-fan vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplanadi.
16. Taʼlim ustasidan uni navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) yoki raqamli platforma orqali murojaat qilinganda, yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Taʼlim ustasini navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim toʻlangani yagona billing tizimi orqali tasdiqlanadi.
17. Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda, yigʻim summasining:
18 foizi — Adliya vazirligining davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
50 foizi — Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;
qolgan qismi — Davlat budjetiga oʻtkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda, yigʻim summasining:
10 foizi — Adliya vazirligining davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — yagona billing tizimi orqali davlat xizmati koʻrsatilganda) — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
50 foizi — Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;
qolgan qismi — Davlat budjetiga oʻtkaziladi;
v) Agentlikning raqamli platformasi orqali murojaat etilganda, yigʻim summasining:
0,5 foizi — Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga;
20 foizi — Davlat budjetiga;
qolgan qismi — Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Taʼlim ustalari sertifikatlashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilishidan voz kechganda yoki sertifikatlash natijasiga koʻra salbiy natija qayd etganda, ular tomonidan toʻlangan yigʻim qaytarib berilmaydi.
18. Sertifikatlashdan oʻtish uchun taʼlim ustasi har yili 1-yanvardan 1-fevralga va 1-avgustdan 1-sentabrga qadar bevosita Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki YIDXP yoxud Agentlikning raqamli platformasidan roʻyxatdan oʻtgan holda murojaat qiladi.
Bevosita Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinganda, taʼlim ustasi nomidan Davlat xizmatlari markazi xodimi, YIDXP yoki Agentlikning raqamli platformasi orqali murojaat qilinganda esa taʼlim ustasining oʻzi mustaqil ravishda ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
taʼlim ustasining xorijiy davlatda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatini Oʻzbekiston Respublikasida tan olish haqidagi guvohnomasi (agar mavjud boʻlsa);
qayta tayyorlash kurslaridan oʻtganligi haqidagi diplom nusxasi (agar mavjud boʻlsa);
zaruratga koʻra, maʼlumotlarga aniqlik kiritish maqsadida, taʼlim ustasidan familiyasi yoki ismi oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot talab qilinishi mumkin.
Taʼlim ustasidan ushbu bandda koʻrsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga taʼlim ustasi masʼul hisoblanadi.
19. Hujjatlar toʻliq taqdim etilganda Agentlik tomonidan hujjatlar qabul qilingani toʻgʻrisida raqamli platforma orqali taʼlim ustasining shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboriladi.
20. Notoʻgʻri maʼlumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgani aniqlangan har qanday bosqichda taʼlim ustasining hujjatlarini qabul qilish va sertifikatlashdan oʻtkazish jarayoni toʻxtatiladi, topshirilgan hujjatlar va toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
Taʼlim ustasi tomonidan topshirilgan hujjatning qalbaki ekanligini aniqlash Agentlikda mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi. Mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida taʼlim ustasi tomonidan topshirilgan hujjatlarning haqqoniyligini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, tegishli vakolatli tashkilotlarga soʻrovnoma yuboriladi.
Taʼlim ustasi tomonidan topshirilgan hujjatlar qalbaki ekanligi aniqlangan taqdirda, mazkur hujjatlar Agentlik tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq chora koʻrish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.
21. Agentlik tomonidan quyidagi holatlarda hujjatlarni qabul qilish rad etiladi:
taʼlim ustasi tomonidan notoʻgʻri maʼlumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim etilgani maʼlum boʻlib qolganda;
soʻrovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda.
Mazkur bandda koʻrsatilgan asoslardan boshqa holatlar boʻyicha hujjatlarni qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Taʼlim ustasi navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtishning har qanday bosqichida ishtirok etishdan bosh tortishga haqli.
23. Taʼlim ustasini sertifikatlashdan oʻtkazish reja-grafigi Agentlik tomonidan tasdiqlanadi hamda rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
3-bob. Ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini sertifikatlashdan oʻtkazish
24. Taʼlim ustalari hujjatlarni koʻrib chiqish yakunlangandan soʻng, har yili fevral — may va sentabr — noyabr oylarida ikki bosqichda sertifikatlashdan oʻtkaziladi hamda ikki bosqich boʻyicha umumiy 100 balli tizimda baholanadi.
Bunda:
birinchi bosqichda — taʼlim ustasining nazariy bilimlari baholanadi (30 ball);
ikkinchi bosqichda — taʼlim ustasining amaliy koʻnikmalari baholanadi (70 ball).
25. Sertifikatlash taʼlim ustasi oʻtkazadigan amaliy mashgʻuloti (oʻquv amaliyoti) boʻyicha tuzilgan (nazariy va amaliy qismdan iborat) topshiriqlarni bajarish orqali oʻtkaziladi.
Sertifikatlash oʻtkaziladigan tashkilotlar Agentlik tomonidan Kasbiy taʼlimni rivojlantirish instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) va hududiy boshqarmalar takliflariga asosan belgilanadi.
Bunda hududiy boshqarmalar va Institut sertifikatlash oʻtkaziladigan tashkilotlarda barcha zaruriy sharoitlarning yaratilishiga masʼul hisoblanadi.
26. Sertifikatlash jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazish quyidagicha amalga oshiriladi:
Sertifikatlash jarayonlari Agentlik tomonidan tasdiqlangan va doimiy faoliyat yuritadigan sertifikatlashning tashkiliy guruhi (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy guruh) tomonidan tashkil etiladi.
Tashkiliy guruh tarkibi kamida besh nafar aʼzodan, shu jumladan, Tashkiliy guruh rahbari, aʼzolari va kotibidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Tashkiliy guruh taʼlim ustasining hujjatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish hamda sertifikatlash muddatlarini belgilash ishlarini muvofiqlashtiradi.
Sertifikatlash Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan sertifikatlash komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tomonidan oʻtkaziladi.
Komissiya tarkibi Institut tomonidan kamida besh nafar aʼzodan, shu jumladan, Komissiya raisi, rais oʻrinbosari, aʼzolari va kotibidan iborat tarkibda shakllantiriladi hamda Agentlikka taqdim etiladi.
Sertifikatlashda Komissiya raisi ishtirok etmagan taqdirda, raislik vazifasini uning oʻrinbosari bajaradi.
Sertifikatlashdan oʻtkazilayotgan taʼlim ustalarining sonidan kelib chiqib, Komissiya tarkibiga qoʻshimcha mutaxassislarni jalb etishga ruxsat beriladi.
27. Sertifikatlashning topshiriqlari, taʼlim ustasiga topshiriqqa tayyorgarlik koʻrish, uning nazariy qismiga javob berish hamda amaliy qismini bajarish uchun vaqt meʼyorlari Institut tomonidan yetakchi olimlar va malakali mutaxassislar, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarini toʻlov-shartnoma asosida jalb qilgan holda ishlab chiqiladi.
Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlar hamda inklyuziv taʼlim guruhlarida faoliyat yuritayotgan taʼlim ustalari uchun sertifikatlash boʻyicha topshiriqlarni ishlab chiqishda ularning kasbiy faoliyatining oʻziga xos xususiyatlari va inklyuziv taʼlimni amalga oshirish talablari inobatga olinadi.
28. Sertifikatlashdan oʻtish jarayonida taʼlim ustasiga quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari, yoʻriqnoma materiallari, maxsus adabiyotlar hamda shpargalkalardan foydalanish;
uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa ishtirokchilar bilan muloqot qilish;
oʻz oʻrniga boshqa shaxsni kiritishi yoki aksincha, boshqa shaxsning oʻrniga kirishi;
sertifikatlashdan oʻtish joyidan sababsiz tashqariga chiqish.
29. Komissiya:
taʼlim ustasining nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini ushbu Nizomga 3-ilovadagi baholash mezonlariga muvofiq baholaydi;
nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarni baholashda adolatli, shaffof hamda xolis boʻladi;
ushbu Nizomning 28-bandi talablarini buzgan taʼlim ustasini sertifikatlash jarayonidan chetlashtiradi;
sertifikatlash jarayonida (topshiriqlarni bajarishda) taʼlim ustasining vaqt meʼyorlariga amal qilishini taʼminlaydi.
30. Komissiya xulosasi Komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, haqiqiy hisoblanadi.
31. Sertifikatlashda taʼlim ustasiga (nazariy va amaliy qismdan iborat) bitta topshiriq beriladi.
32. Komissiya taʼlim ustasini topshiriqning nazariy va amaliy qismini bajarishidan oldin topshiriq mazmuni, texnik shartlari, baholash mezonlari, ajratilgan vaqt meʼyori hamda texnika xavfsizligi qoidalari bilan tanishtiradi.
33. Sertifikatlash jarayoni Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilinishi mumkin hamda ovozli videoyozuvda qayd qilinadi. Bunda ushbu videoyozuv ikki yil davomida Institutda saqlanadi.
34. Taʼlim ustasi topshiriqni yakunlaganidan soʻng Komissiya tomonidan baholanadi va sertifikatlash natijasi bilan tanishtiriladi.
35. Sertifikatlash jarayoniga jalb etilgan Agentlik va Institutning xodimlari, Komissiya aʼzolari hamda taʼlim ustasidan boshqa shaxslar sertifikatlash jarayoni oʻtayotgan hududga (binoga, xonaga) kiritilmaydi.
36. Nazariy va amaliy qismini baholash natijalari yigʻindisi boʻyicha 70 ball va undan yuqori natijaga erishgan taʼlim ustasi sertifikatlashdan oʻtgan hisoblanadi hamda unga kasbiy sertifikat beriladi.
Bunda taʼlim ustasi birinchi bosqichda (nazariy qism) maksimal ballning kamida 70 foizini (21 ball) va ikkinchi bosqichda (amaliy qism) maksimal ballning kamida 70 foizini (49 ball) toʻplashi shart.
Ushbu shartlardan biri bajarilmagan taqdirda, taʼlim ustasi sertifikatlashdan oʻtmagan hisoblanadi.
37. Taʼlim ustasi navbatdagi majburiy sertifikatlashdan oʻta olmagan taqdirda, u keyingi sertifikatlashga navbatdan tashqari bir marta qayta jalb etiladi.
Bunda taʼlim ustasidan uni sertifikatlashga qayta jalb etilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
38. Navbatdagi majburiy sertifikatlashdan oʻta olmagan taʼlim ustasi navbatdan tashqari sertifikatlashda qatnashmagan yoki undan oʻta olmagan taqdirda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan taʼlim ustasi davlat kasbiy taʼlim tashkilotlarida mazkur lavozimga qayta ishga kirishi uchun tegishli sertifikatga ega boʻlishi lozim.
Bunda unga navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtishiga ruxsat etiladi hamda undan navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
39. Taʼlim ustasi sertifikatlashda uzrli sabablarga (vaqtincha mehnatga layoqatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajargani, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etgani, vaqtincha xorijiy mamlakatda xizmat safarida boʻlgani, yaqin qarindoshining vafoti, vakolatli davlat organi yoki taʼlim tashkilotlari rahbarlarining maʼlumotnomasida koʻrsatilgan boshqa asoslarga) koʻra ishtirok etmagan boʻlsa, uning sertifikatlash imtihoni boshqa muddatga koʻchiriladi. Taʼlim ustasi uzrli sabablarsiz sertifikatlashda ishtirok etmagan boʻlsa, u sertifikatlashdan oʻtmagan hisoblanadi.
40. Institut sertifikatlash yakunlanganidan soʻng yetti ish kunida Agentlikka sertifikatlash natijalari boʻyicha yakuniy hisobotni taqdim etadi.
41. Sertifikatlash natijalari boʻyicha Institut tomonidan taqdim etilgan yakuniy hisobotga asosan bir hafta muddatda Agentlik buyrugʻi bilan sertifikatlash natijasiga koʻra ijobiy natija qayd etgan va kasbiy sertifikat beriladigan taʼlim ustalarining roʻyxati tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan roʻyxatga asosan taʼlim ustalariga ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qoʻyilgan, elektron shakldagi sertifikat beriladi.
Taʼlim ustalariga raqamli platformadagi shaxsiy kabinetidan elektron shakldagi sertifikatni yuklab olish imkoniyati yaratiladi.
4-bob. Sertifikatlash natijalari yuzasidan murojaat qilish
42. Sertifikatlash natijalaridan norozi boʻlgan taʼlim ustasi natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn kun mobaynida Apellyatsiya komissiyasiga yozma ravishda yoki Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali elektron tarzda ariza (shikoyat) berishi mumkin. Ariza (shikoyat)lar ularni qabul qilish yakunlanganidan soʻng oʻn kun muddatda koʻrib chiqiladi.
43. Apellyatsiya komissiyasi Agentlik buyrugʻiga koʻra yetti kishidan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibi Agentlik direktorining oʻrinbosari (komissiya raisi), sohaga masʼul tarkibiy boʻlinmasi rahbari (komissiya raisi oʻrinbosari), Agentlik xodimlari (bir nafari — komissiya kotibi), kasaba uyushmasi vakili hamda xodimlaridan iborat boʻladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibi va ish tartibi Apellyatsiya komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi buyruqda belgilanadi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Tashkiliy guruh va Komissiya aʼzolari kiritilmaydi. Apellyatsiya komissiyasiga muammoli holatlarga aniqlik kiritish uchun malakali mutaxassislarni jalb etish mumkin.
44. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etganda, uning qarorlari qonuniy kuchga ega boʻladi. Apellyatsiya shikoyati bergan taʼlim ustalari Apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaati koʻrib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn tarzda ishtirok etishi mumkin.
45. Apellyatsiya komissiyasi taʼlim ustasining sertifikatlash jarayonlariga oid murojaatini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
taʼlim ustasiga berilgan topshiriqning nazariy yoki amaliy qismida xato va kamchiliklar, shuningdek, topshiriqni bajarish jarayonida tashkiliy va texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, sertifikatlash natijalarini oʻzgartirishsiz qoldirish;
taʼlim ustasiga berilgan topshiriqning nazariy yoki amaliy qismida xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, sertifikatlash natijalarini oʻzgartirish;
sertifikatlashni oʻtkazish jarayonida tashkiliy va texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, topshiriqning qaytadan topshirilishini tashkil etish.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
46. Komissiya yoki Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
47. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish jarayonlarini tashkil etish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Ishlab chiqarish taʼlimi ustasi

Sertifikatlashdan oʻtish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud Agentlikning raqamli platformasidan roʻyxatdan oʻtgan holda murojaat qiladi.

Har yili
1-yanvar — 1-fevral,
1-avgust — 1-sentabr


 

2-bosqich

Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (Agentlik)

Ishlab chiqarish taʼlimi ustasini sertifikatlashdan oʻtkazish reja-grafigini tasdiqlaydi va Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Har yili
fevral,

sentabr,


 

3-bosqich

Kasbiy sertifikatlash komissiyasi

Ishlab chiqarish taʼlimi ustasini uning kasbiy bilim va koʻnikmalarini baholash orqali sertifikatlashdan oʻtkaziladi.

Har yili

fevral — may,

sentabr — noyabr


 

4-bosqich

Agentlik huzuridagi Kasbiy taʼlimni rivojlantirish instituti

Agentlikka sertifikatlash natijalari boʻyicha yakuniy hisobotni taqdim etadi.

Sertifikatlash yakunlanganidan soʻng

7 ish kuni


 

5-bosqich

Agentlik

Sertifikatlashdan muvaffaqiyatli oʻtgan ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga elektron shakldagi sertifikatlarni beradi.

Har yili
 iyun va
 dekabr

Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Ishlab chiqarish taʼlimi ustasini kasbiy sertifikatlashdan oʻtkazish boʻyicha
SOʻROVNOMA

_________________
(
sanasi)

_________________
(
raqami)

I. Ishlab chiqarish taʼlimi ustasi haqida maʼlumot:

1. Familiyasi:

2. Ismi:

3. Otasining ismi:

4. Jinsi:

5. Biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi maʼlumotlari (seriyasi va raqami):

6. Kasbiy taʼlim tashkiloti joylashgan tuman (shahar):

7. Kasbiy taʼlim tashkiloti nomi:

8. Kasbiy taʼlim tashkilotining tashkiliy-huquqiy shakli (davlat, nodavlat):

9. Kasbiy sertifikatlash turi (navbatdagi, navbatdan tashqari):

10. Kasbiy sertifikatlashdan oʻtayotgan oʻquv amaliyoti (fani):

11. Kasbiy sertifikatlashdan oʻtadigan tili:

12. Yashash joyi:

13. Telefon raqami:

14. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa):

II. Soʻrovnomaga ilova qilinadigan hujjatlar:
1) ishlab chiqarish taʼlimi ustasining xorijiy davlatda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatini Oʻzbekiston Respublikasida tan olish haqidagi guvohnomasi (agar mavjud boʻlsa);
2) qayta tayyorlash kurslaridan oʻtganligi haqidagi diplom nusxasi (agar mavjud boʻlsa).
Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining nazariy bilimlarini
BAHOLASH MEZONLARI

T/r

Baholash obyekti

Ball

1.

Mavzuning maqsad va vazifalarini toʻgʻri belgiladi, mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi, javobni mantiqiy ketma-ketlikda izchil ifodaladi, ishonchli dalillar yoki texnik hujjatlarga murojaat qildi, kasbiy faoliyat bilan bogʻladi

21 — 30 ball

Mavzuning maqsad va vazifalarini toʻgʻri belgiladi, mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi, javobni mantiqiy ketma-ketlikda izchil ifodaladi, ishonchli dalillar yoki texnik hujjatlarga murojaat qildi

11 — 20 ball

Mavzuning maqsad va vazifalarini qisman belgiladi, mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi, javobni mantiqiy ketma-ketlikda ifodaladi

6 — 10 ball

Mavzuning maqsad va vazifalarini qisman belgiladi, mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi

1 — 5 ball

Mavzuning maqsad va vazifalarini umuman belgilay olmadi, mavzu haqida umuman tasavvurga ega emas

0 ball

Izoh. Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini nazariy bilimlarini baholashda maksimal 30 ball beriladi.
Kasbiy taʼlim tashkilotlari ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining amaliy koʻnikmalarini
BAHOLASH MEZONLARI

T/r

Baholash obyekti

Ball*

1.

Topshiriqni bajarishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilish

10 ball

topshiriqni xavfsizlik texnikasi, elektr va yongʻin xavfsizligi qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda bajardi

6 — 10 ball

topshiriqni inson hayoti yoki sogʻligiga xavf solmaydigan xatoliklarga yoʻl qoʻygan holda bajardi

1 — 5 ball

topshiriqni bajarishda inson hayoti yoki sogʻligʻiga xavf soladigan xatolikka yoʻl qoʻydi*

0 ball

2.

Topshiriqni bajarishda jihozlardan foydalanish

5 ball

jihozlardan foydalanishda xavfsizlik qoidalari va texnik talablariga toʻliq amal qildi

4-5 ball

jihozlardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qildi, lekin texnik talablariga amal qilmadi

1 — 3 ball

jihozlardan foydalanishni bilmadi

0 ball

3.

Topshiriqni bajarishda asbob-uskunalardan foydalanish

5 ball

asbob-uskunalardan foydalanishda xavfsizlik qoidalari va texnik talablariga toʻliq amal qildi

4-5 ball

asbob-uskunalardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qildi, lekin texnik talablariga amal qilmadi

1 — 3 ball

asbob-uskunalardan foydalanishni bilmadi

0 ball

4.

Topshiriqni bajarishda oʻlchash va nazorat asboblari hamda vositalaridan toʻgʻri foydalanish

5 ball

oʻlchash va nazorat asboblarini toʻgʻri tanladi, ulardan talabga muvofiq oʻlchashlarni amalga oshirdi va saqlash qoidalariga rioya qildi

4-5 ball

oʻlchash va nazorat asboblarini toʻgʻri tanladi, ulardan talabga muvofiq foydalandi, lekin saqlash qoidalariga rioya qilmadi

1 — 3 ball

oʻlchash va nazorat asboblarini toʻgʻri tanlamadi yoki ulardan foydalana olmadi

0 ball

5.

Topshiriqni bajarish texnologiyasiga rioya qilish

5 ball

texnologiyaga rioya qilib, har bir harakatni toʻliq izohlab berdi

4-5 ball

texnologiyaga rioya qildi, lekin harakatlarni izohlay olmadi

1— 3 ball

texnologiyaga rioya qilmadi

0 ball

6.

Topshiriqni bajarishda vaqt meʼyorlariga rioya qilish

10 ball

belgilangan vaqt ichida topshiriqni yakunladi

10 ball

belgilangan vaqt ichida topshiriqni yakunlamadi

0 ball

7.

Bajarilgan topshiriq sifati

30 ball

bajarilgan topshiriq sifati texnik hujjatlar talabiga toʻliq javob beradi va estetik koʻrinishiga eʼtiroz mavjud emas

21 — 30 ball

bajarilgan topshiriq sifat jihatidan texnik hujjatlar talabiga muvofiq bitta xato bilan bajarildi

16 — 20 ball

bajarilgan topshiriq sifat jihatidan texnik hujjatlar talabiga muvofiq ikkita xato bilan bajarildi

11 — 15 ball

bajarilgan topshiriq sifat jihatidan texnik hujjatlar talabiga muvofiq uchta xato bilan bajarildi

6 — 10 ball

bajarilgan topshiriq sifat jihatidan texnik hujjatlar talabiga muvofiq toʻrt va undan ortiq xatolar bilan bajarildi

1 — 5 ball

topshiriq bajarilmadi

0 ball

Izoh.
1. Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini amaliy koʻnikmalarini baholashda maksimal 70 ball beriladi.
2. Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini nazariy bilimlarini hamda amaliy koʻnikmalarini baholash mezonlariga Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
* Ishlab chiqarish taʼlimi ustalari amaliy topshiriqlarni bajarish jarayonida inson hayoti yoki sogʻligʻiga xavf soladigan xatolikka yoʻl qoʻyganda, kasbiy sertifikatlash jarayonidan chetlashtiriladi.
Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
NAMUNA
Ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining kasbiy sertifikatlashdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning
DAVLAT NAMUNASI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI
TAʼLIM
VA ILM-FAN VAZIRLIGI

KASBIY TAʼLIM AGENTLIGI

MINISTRY OF EDUCATION AND SCIENCE OF THE REPUBLIC OF UZBEKISTAN AGENCY FOR VOCATIONAL EDUCATION

_____________________________________________________________________________________________________

ISHLAB CHIQARISH TAʼLIMI USTASINING KASBIY SERTIFIKATLASHDAN OʻTGANLIGI TOʻGʻRISIDA

SERTIFIKAT

Sertifikat raqami:

Ishlab chiqarish taʼlimi ustasining pasport (ID-karta) maʼlumoti:

Familiyasi:

Ishlab chiqarish taʼlimi ustasining fotosurati

Ismi:

Otasining ismi:

Umumiy toʻplagan balli:

Birinchi bosqich balli:

Ikkinchi bosqich balli:

Berilgan sanasi

Amal qilish muddati:

Direktor

(QR-kod)

(F.I.O.)

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2026-y., 09/26/552/1013-son)