toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qarori ijrosini taʼminlash, yoshlarning kasbga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, oʻrta boʻgʻin kadrlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, shuningdek, tanlov gʻolibi va ishtirokchilarini ichki va tashqi mehnat bozorida yuqori daromadli ish oʻrniga ega boʻlish imkoniyatini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son qaroriga muvofiq kasblar jozibadorligini oshirish, oʻrta boʻgʻin kadrlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, yoshlarning xorijiy kasbiy tanlovlarda ishtirokini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kasbiy mahorat milliy tanlovini oʻtkazish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi (keyingi oʻrinlarda — tanlov)ga tanlab olingan kasblar boʻyicha topshiriqlarni ishlab chiqish va ekspertlar tarkibini shakllantirish;
tanlovning tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlarini oʻtkazish, gʻoliblarni aniqlash hamda ularni ragʻbatlantirish;
tanlov gʻoliblarini “WorldSkills” xalqaro chempionati musobaqalarida ishtirok etish uchun tayyorlash.
3. Quyidagilar:
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha respublika ishchi guruhi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) ishchi guruhlarining namunaviy tarkiblari 2a va 2b-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) tanlov har yili 10 ta kasb boʻyicha 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan texnikum oʻquvchilari, yoshlar, talabalar hamda band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) oʻrtasida tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida oʻtkaziladi;
b) tanlovning tuman (shahar) bosqichini tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi va tuman (shahar) mahalliy budjeti daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika bosqichlarini tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar esa Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari va daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda respublika bosqichi gʻoliblarini “WorldSkills” xalqaro chempionatiga tayyorgarlik koʻrishi va unga ishtirokchilarni yuborish bilan bogʻliq xarajatlar Agentlikka Davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
v) tanlovning respublika bosqichi gʻoliblariga beriladigan oltin, kumush va bronza medallarini tayyorlash xarajatlari Agentlikka ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
5. Agentlik tanlov uchun har yili 1-dekabrga qadar 10 ta kasb roʻyxatini tasdiqlasin.
6. Tanlovni yuqori saviyada va sifatli tashkil etish hamda oʻtkazish maqsadida quyidagilar manfaatdor vazirlik va idoralarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
ichki mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar roʻyxatini har yili 1-noyabrga qadar Agentlikka taqdim etish;
tanlov gʻoliblari va ishtirokchilarining daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash;
tanlov gʻoliblari va ishtirokchilarini tadbirkorlikka jalb qilish hamda oʻzini oʻzi band qilishning boshqa shakllarini ragʻbatlantirish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
tanlovga hududdagi yirik ish beruvchi korxonalar (tashkilotlar)ni ixtiyoriy ravishda jalb qilish;
tanlov doirasida oʻtkaziladigan musobaqalarni tashkil etish uchun har bir hududda maxsus poligonlarni tashkil etish;
tanlovni oʻtkazish yuzasidan barcha zarur sharoitlarga ega boʻlgan bino va inshootlarni tayyorlash;
markaziy koʻchalarga tanlovga oid maxsus tashqi targʻibot materiallarini joylashtirish;
har yili 1-fevralga qadar tanlov ishtirokchilari bandligini taʼminlash maqsadida ixtiyoriy ravishda jalb etiladigan yirik ish beruvchi korxonalar (tashkilotlar) roʻyxatini tasdiqlash;
v) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi:
tanlovga xorijiy ish beruvchi korxona va tashkilotlarni jalb qilish;
tanlov gʻoliblari va ishtirokchilari xohishiga koʻra ularning tashqi mehnat bozorida bandligini taʼminlashga koʻmaklashish;
g) Yoshlar ishlari agentligi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda:
yoshlar, talabalar va band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar)ning tanlovning tuman (shahar) bosqichidagi ishtirokini taʼminlash;
tanlov toʻgʻrisida targʻibot va tashviqot tadbirlarini oʻtkazish;
d) Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi:
xotin-qizlar oʻrtasida tanlovga oid targʻibot ishlarini olib borish;
xotin-qizlarni tanlovga jalb qilish choralarini koʻrish.
7. Agentlik Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Kiberxavfsizlik” DUK hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda tanlovning elektron platformasini ishlab chiqsin va uni ishga tushirsin.
Bunda ushbu platformani ishlab chiqish va uni ishga tushirish xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 8-aprel,
152-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi 152-son qaroriga
1-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum oʻquvchilari, yoshlar, talabalar hamda band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) tashkil etish, oʻtkazish, gʻoliblarni aniqlash hamda ularni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Tanlovning maqsadi yoshlarning kasbga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, oʻrta boʻgʻin kadrlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, shuningdek, tanlov gʻolibi va ishtirokchilari uchun ichki hamda tashqi mehnat bozorida yuqori daromadli ish oʻrniga ega boʻlish imkoniyatini yaratishdan iborat.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
amaliyot ustozi — tanlov ishtirokchilarini tanlovda ishtirok etishga tayyorlash uchun biriktirilgan ustoz;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 526-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2026-y., 09/26/526/0994-son)
bosh ekspert — ekspertlar guruhini boshqaradigan, amaliy topshiriqlarni ishlab chiqishga, tanlov topshiriqlarini bajarish uchun sarf etiladigan xomashyolar va tanlovda foydalaniladigan jihozlar roʻyxatlarini shakllantirishga rahbarlik qiladigan “Worldskills” standartlari boʻyicha baholash sertifikatiga ega mutaxassis;
ishchi guruh — tanlovni tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish hamda tanlov ishtirokchilarini baholash va ekspertlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻyicha tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika darajasida tashkil etilgan tuzilma;
tanlov ishtirokchilari — tanlov oʻtkaziladigan yilda 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan texnikum oʻquvchilari, yoshlar, talabalar va band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar);
tanlov gʻolibi — tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida 1 — 5-oʻrinlarni egallagan hamda respublika bosqichida oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan tanlov ishtirokchilari;
ekspert — tanlov ishtirokchilarini “Worldskills” standarti boʻyicha baholash metodikasi koʻnikmasiga ega boʻlgan mutaxassis;
elektron platforma — tanlovni tashkil etish va ishtirokchilarni roʻyxatga olish uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning elektron axborot tizimi.
4. Tanlov adolatlilik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkaziladi.
Bunda elektron platformadan foydalanish tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
5. Tanlovning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning kasbiy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;
kasbiy mahorati va koʻnikmasi yuqori boʻlgan yoshlarni saralash hamda aniqlash;
yoshlarda xalqaro standartlarga mos kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish;
kasbiy taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash boʻyicha xalqaro tajribani joriy etish.
6. Nogironligi boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ruxsat etilgan kasblar boʻyicha tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
7. Tanlov gʻolibining keyingi yillarda ushbu kasb boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Har yili 1-dekabrga qadar tanlov oʻtkaziladigan kasblar roʻyxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
9. Tanlov quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
1-bosqich — tuman (shahar) miqyosida;
2-bosqich — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;
3-bosqich — respublika miqyosida.
10. Tanlovda:
1-bosqichda — yoshlar, talabalar va band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) orasidan har bir kasb kesimida mahallalardan 3 nafardan nomzod;
2-bosqichda — texnikum oʻquvchilari hamda tanlovning 1-bosqichida eng yuqori natija koʻrsatgan har bir kasb kesimida 1 — 3-oʻrin egalari;
3-bosqichda — tanlovning 2-bosqichida eng yuqori natija koʻrsatgan har bir kasb kesimida 1 — 5-oʻrin egalari ishtirok etadi.
2-bob. Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari
11. Respublika ishchi guruhi:
tanlovni kasb turlari va bosqichlari kesimida oʻtkazish muddatlarini belgilaydi va tasdiqlaydi;
tanlovning barcha bosqichlari tashkil etilishi va oʻtkazilishini nazorat qiladi;
tanlovning hududiy ishchi guruhlari va ekspertlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
ommalashgan xalqaro kasbiy tanlovlar va musobaqalar tajribasidan keng foydalangan holda, tanlov topshiriqlari va ularni baholash mezonlari ishlab chiqilishini va tayyorlanishini taʼminlaydi;
tanlovning mos bosqichini tashkiliy, moddiy-texnik va uslubiy jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
tanlovning har bir bosqichi va kasblari boʻyicha ekspertlar va apellyatsiya komissiyalari tarkibini va ularning ish tartibini belgilaydi;
tanlov ishtirokchilari va ekspertlari uchun talablarni belgilaydi hamda ularning qoʻyilgan talablar asosida oʻqitilishini taʼminlaydi;
tanlovning mos bosqichida sovrinli oʻrinlarni egallagan gʻoliblarni aniqlaydi hamda ularni taqdirlashni tashkil qiladi;
tanlovni tashkil etish va oʻtkazish jarayonlarining ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini taʼminlaydi.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ishchi guruhlari:
tanlovning tegishli bosqichida ishtirok etish uchun tanlov ishtirokchilari tarkibini belgilaydi;
tanlovning tegishli bosqichida tanlov oʻtkaziladigan joy hamda ekspertlar va apellyatsiya komissiyasi tarkibi boʻyicha Respublika ishchi guruhiga taklif kiritadi;
roʻyxatdan oʻtgan tanlov ishtirokchilarining tanlovda ishtirok etishini taʼminlaydi;
ekspertlarning tanlovning tegishli bosqichida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
tanlovning texnika xavfsizligi, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga amal qilgan holda tashkil etilishini taʼminlaydi;
tanlov toʻgʻrisida targʻibot va tashviqot ishlarini olib boradi;
tanlovning tegishli bosqichi gʻoliblari haqidagi maʼlumotlarni elektron platformaga joylashtirishni taʼminlaydi;
ekspertlar xulosasi asosida tanlovning tegishli bosqichi yakuni boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiradi hamda respublika ishchi guruhiga taqdim etadi.
13. Tuman (shahar) ishchi guruhlari:
tanlovning tegishli bosqichida ishtirok etish uchun tanlov ishtirokchilari tarkibini belgilaydi;
tanlovning tegishli bosqichida tanlov oʻtkaziladigan joy hamda ekspertlar va apellyatsiya komissiyasi tarkibi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ishchi guruhiga taklif kiritadi;
roʻyxatdan oʻtgan tanlov ishtirokchilarining tanlovda ishtirok etishini taʼminlaydi;
ekspertlarni tanlovning tegishli bosqichida ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlaydi;
tanlovning texnika xavfsizligi, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga amal qilgan holda tashkil etilishini taʼminlaydi;
tanlov toʻgʻrisida targʻibot va tashviqot ishlarini olib boradi;
tanlovning tegishli bosqichi gʻoliblari haqidagi maʼlumotlarni elektron platformaga joylashtirishni taʼminlaydi;
ekspertlar xulosasi asosida tanlovning tegishli bosqichi yakuni boʻyicha bayonnoma rasmiylashtiradi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ishchi guruhiga taqdim etadi.
3-bob. Tanlovni tashkil etish
14. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Tanlov Agentlik roʻyxatini tasdiqlagan xalqaro musobaqalarning mezonlari asosida har yili fevral — iyun oylarida Agentlik hamda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan tashkil etiladi.
16. Agentlik har yili 1-fevralga qadar tanlovni eʼlon qiladi.
17. Agentlik tomonidan har yili 1-martga qadar (shu kuni ham) elektron platforma orqali tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlar, talabalar hamda band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining “Raqamli mahalla” platformasi orqali shakllantiriladi.
18. Tanlovning 1-bosqichi tuman (shahar) hokimliklari, ish beruvchilar, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) boʻlimlari va ishchi guruhlar tomonidan har yili 15-aprelga qadar oʻtkaziladi.
19. Tanlovning 2-bosqichi Agentlik, manfaatdor vazirlik, idoralar va ishchi guruhlar tomonidan har yili 30-mayga qadar oʻtkaziladi hamda gʻoliblar ushbu Nizomga muvofiq ragʻbatlantiriladi.
20. Tanlovning 3-bosqichi Agentlik, manfaatdor vazirlik, idoralar va respublika ishchi guruhi tomonidan har yili 25-iyunga qadar oʻtkaziladi.
21. Agentlik tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda har yili 30-iyunga qadar tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari ragʻbatlantiriladi.
Tanlovni tashkil qilish va oʻtkazish muddatlariga respublika ishchi guruhi qaroriga muvofiq oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
22. Tanlovni oʻtkazish vaqti va joyi Agentlik tomonidan belgilanadi va uning rasmiy veb-saytida, ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda eʼlon qilinadi.
23. Agentlik respublika ishchi guruhining ishchi organi hisoblanadi.
24. Tanlovning har bir bosqichi uchun zarur ekspertlar guruhi hamda besh kishidan iborat appelyatsiya komissiyasi tarkibi tegishli ishchi guruhlar tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda ekspertlarning asosiy vazifalari va majburiyatlari hamda ularga qoʻyiladigan talablar respublika ishchi guruhi tomonidan belgilanadi.
25. Ekspertlar tarkibi oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlarining malakali mutaxassislari hamda ish beruvchi korxona (tashkilot)larning vakillaridan iborat boʻladi.
Bunda tanlovning barcha bosqichlarida ekspertlar guruhi hamda appelyatsiya komissiyasi aʼzolarining farzandlari yoki yaqin qarindoshlari ishtirok etayotgan boʻlsa, ushbu shaxslar ishchi guruh qarori asosida ekspertlar guruhi hamda appelyatsiya komissiyasi aʼzolari tarkibidan chiqariladi.
Ekspertlar tarkibiga xorijiy mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
4-bob. Tanlovni oʻtkazish va ishtirokchilarni baholash
26. Tanlov tegishli kasb boʻyicha moddiy-texnik bazasi mavjud boʻlgan texnikumlarda, ish beruvchi korxona (tashkilot)larda va IT-parklarda hamda moslashtirilgan maxsus poligonlarda oʻtkaziladi.
27. Tanlov ishtirokchilari uchun tanlov topshiriqlari tanlov boshlanishidan kamida bir oy oldin respublika ishchi guruhi tomonidan tasdiqlanadi. Zaruratga koʻra, respublika ishchi guruhi tomonidan tanlov topshiriqlariga 30 foizgacha oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Tanlov ishtirokchilariga tanlov topshiriqlarini bajarish uchun topshiriqning murakkablik darajasiga qarab, 4 soatdan 12 soatgacha vaqt beriladi.
28. Tanlov ishtirokchilari tomonidan tanlov topshiriqlarining bajarilishi quyidagi baholash mezonlariga muvofiq baholanadi:
amaliy topshiriqni bajarish — 70 ball;
ishni tashkil qilish va boshqarish (asbob-uskunalar va jihozlarni toʻgʻri tanlash va joylashtirish, ishlatish, tejash, xavfsizlik, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish) — 10 ball;
ekspertlar bilan muloqot va shaxslararo munosabat — 10 ball;
muammoni hal etish, kreativlik va taqsimot — 10 ball.
Jami toʻplanadigan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.
Bunda har bir bosqichda ishtirokchilar tomonidan tanlov topshiriqlarining bajarilishi tegishli ekspertlar tomonidan baholanadi.
29. Tanlovning 1-bosqichiga Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) boʻlimlari muvofiqlashtiradigan “mahalla yettiligi” tomonidan har bir mahalla hududida suhbat asosida tanlov kasblariga mos tanlov ishtirokchilari saralab olinadi.
Bunda saralash jarayonlarida tanlov ishtirokchilari tanlov kasblari, shartlari va talablari bilan tanishtiriladi.
30. Har bir mahalladan tanlovning 1-bosqichida ishtirok etish istagidagi yoshlar, talabalar va band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) kasb kesimida 3 nafardan oshib ketsa, ular oʻrtasida saralash imtihoni oʻtkaziladi.
Bunda saralash imtihoni tuman (shahar) ishchi guruhlari tomonidan ushbu Nizom talablari asosida oʻtkaziladi hamda 1 — 3-oʻrin egalari aniqlanadi.
31. Baholash natijalariga koʻra, tanlovning 1-bosqichida har bir kasb boʻyicha gʻolib va sovrindor boʻlgan 3 nafar ishtirokchi (1 — 3-oʻrinlar) tanlovning 2-bosqichida ishtirok etadi.
32. Tanlovning 1-bosqichida har bir kasb boʻyicha tanlov ishtirokchilari soni 3 nafar va undan kam boʻlganda, ular bevosita toʻgʻridan-toʻgʻri tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etadi.
33. Tanlovning 2-bosqichida texnikum oʻquvchilari hamda tanlovning 1-bosqichi gʻoliblari ishtirok etadi.
34. Tanlovning 2-bosqichida texnikumlardan ishtirok etadigan oʻquvchilar Pedagogik kengash qarori asosida kasbiy fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichi yuqori boʻlgan oʻquvchilar orasidan tanlab olinadi hamda texnikum direktorining tavsiyanomasi asosida elektron platformada roʻyxatdan oʻtkaziladi.
35. Baholash natijalariga koʻra, tanlovning 2-bosqichida har bir kasb boʻyicha 5 nafar tanlov ishtirokchisi (1 — 5-oʻrinlar boʻyicha), jami 700 nafar tanlov ishtirokchisi gʻolib sifatida 3-bosqichga saralab olinadi.
36. Tanlovning 2-bosqichi yakunlangandan soʻng uch ish kuni ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ishchi guruhlari respublika ishchi guruhiga tanlovning 2-bosqichi gʻoliblari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi:
2-bosqich yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ishchi guruhlari bayonnomasi nusxasi;
tanlov gʻoliblari roʻyxati;
tanlov gʻoliblarining 3x4 sm oʻlchamdagi fotosuratlari.
Bunda maʼlumotlarning haqqoniyligiga tegishli ishchi guruh rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
37. Baholash natijalariga koʻra, tanlovning 3-bosqichida har bir kasb boʻyicha 2 ta 1-oʻrin, 4 ta 2-oʻrin va 6 ta 3-oʻrin egalari aniqlanadi hamda jami 120 nafar ishtirokchi gʻolib va sovrindor deb topiladi.
38. Tanlov bosqichlari doirasida tanlov ishtirokchilarining yakuniy ballari teng boʻlib qolganda, ekspertlar tomonidan tanlov ishtirokchilari oʻrtasida qoʻshimcha saralash sinovlari oʻtkazish orqali gʻoliblar aniqlanadi.
39. Ekspertlar tanlov gʻoliblarini xolisona baholashda shaxsan javobgar hisoblanadi.
40. Tanlov oʻtkaziladigan bino va inshootlar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi hamda tanlov ishtirokchilariga tanlov jarayonida telefon va turli aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
41. Tanlov jarayonlari videoyozuvlarda qayd etiladi hamda Internet jahon axborot tarmogʻi orqali onlayn rejimda translyatsiya qilinadi.
42. Ota-onalar, ommaviy axborot vositalari, ish beruvchi hamkor korxona (tashkilot) vakillari tanlov jarayonlarini tanlov jarayoniga xalal bermagan holda kuzatishlari mumkin.
5-bob. Tanlov gʻoliblarini ragʻbatlantirish
43. Tanlovning 1-bosqichi gʻoliblari mahalla fuqarolar yigʻini kengashining qaroriga muvofiq ragʻbatlantiriladi.
44. Tanlovning 2-bosqichida gʻolib boʻlgan tanlov ishtirokchilari va ularga biriktirilgan amaliyot ustozlari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin sohibiga — 12, amaliyot ustoziga — 70 baravari;
2-oʻrin sohibiga — 10, amaliyot ustoziga — 60 baravari;
3-oʻrin sohibiga — 8, amaliyot ustoziga — 50 baravari;
4-oʻrin sohibiga — 6, amaliyot ustoziga — 40 baravari;
5-oʻrin sohibiga — 4, amaliyot ustoziga — 30 baravari.
45. Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblari va ularga biriktirilgan amaliyot ustozlari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin (oltin medal) sohibiga — 20, amaliyot ustoziga — 100 baravari;
2-oʻrin (kumush medal) sohibiga — 15, amaliyot ustoziga — 80 baravari;
3-oʻrin (bronza medal) sohibiga — 10, amaliyot ustoziga — 60 baravari.
46. Agentlik tomonidan tanlovning har bir bosqichida gʻolib boʻlgan ishtirokchilarga respublika ishchi guruhi yigʻilishi bayonnomasiga asosan tegishli sertifikatlar beriladi.
47. Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblariga “WorldSkills International” tashkilotining “WorldSkills” xalqaro chempionatida ishtirok etish huquqi beriladi.
Bunda Agentlik tomonidan gʻoliblar boshqa xalqaro tanlovlarda ishtirok etish boʻyicha tavsiya qilinishi mumkin.
48. Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblari Agentlik tomonidan tegishli kasblar boʻyicha “WorldSkills International” tashkilotining yuqori malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda qoʻshimcha oʻqitiladi.
Bunda “WorldSkills” xalqaro chempionatida ishtirokchilar soni cheklangan taqdirda, Agentlik tomonidan qoʻshimcha saralash oʻtkaziladi.
49. Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblari “WorldSkills International” tashkilotining “WorldSkills” xalqaro chempionatida ishtirok etish uchun belgilangan talablar boʻyicha mos tushmagan taqdirda, ularning oʻrniga tanlovda gʻoliblar ketma-ketligi boʻyicha keyingi oʻrinni egallagan gʻoliblar ishtirok etadi.
50. “WorldSkills” xalqaro chempionatida har bir kasb (kompetensiya) boʻyicha gʻoliblar va ularning ustozlariga mos ravishda umumtaʼlim fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning ustozlariga belgilangan imtiyozlar qoʻllanadi.
Bunda imtiyozlarni qoʻllashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son qaroriga muvofiq xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin (oltin medal) uchun — 2 500, oʻqituvchisiga — 450 baravari;
2-oʻrin (kumush medal) uchun — 1 500, oʻqituvchisiga — 250 baravari;
3-oʻrin (bronza medal) uchun — 1 000, oʻqituvchisiga — 150 baravari.
6-bob. Appelyatsiya komissiyasini tashkil etish
51. Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan tanlov ishtirokchilari tanlov natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida tanlovning tegishli bosqichi boʻyicha Apellyatsiya komissiyasiga yozma murojaat (shikoyat) berishlari mumkin.
52. Apellyatsiya komissiyasi murojaat (shikoyat) kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida murojaat (shikoyat)ni koʻrib chiqadi.
Zarur hollarda, murojaat (shikoyat) muallifining, tegishli tanlov kasbi boʻyicha ekspertlar hamda tanlovning boshqa subyektlarining fikrini eshitadi.
53. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishida komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, uning qabul qilgan qarori qonuniy kuchga ega boʻladi.
54. Apellyatsiya komissiyasi tanlov ishtirokchisining tanlov jarayonlariga oid murojaatini (shikoyat) koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
tanlov ishtirokchisining toʻgʻri baholangani, tanlov topshiriqlarida xato va kamchiliklar, shuningdek, sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, ekspertlarning baholash natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
tanlov ishtirokchisining tanlov topshirigʻi ekspertlar tomonidan notoʻgʻri baholangani, tanlov topshiriqlarida xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ekspertlarning baholash natijalarini oʻzgartirish;
tanlovni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, tanlov topshiriqlarining qaytadan topshirilishini tashkil etish.
55. Ekspertlar tomonidan baholangan ishtirokchining bajargan ishida baholash mezonlariga mos kelmaslik holatlari aniqlanganda, Apellyatsiya komissiyasi ekspertlar qarorini bekor qilish yoki ularga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
56. Apellyatsiya komissiyasi ekspertlarga apellyatsiya natijalari boʻyicha izoh berib, tanlov natijalarini oʻzgartirishi mumkin va bunda ishchi guruh bayonnomasi qayta tasdiqlanadi.
57. Apellyatsiya komissiyasining qarori yigʻilish bayonnomasida qayd etiladi. Bayonnoma apellyatsiya komissiyasining raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
58. Apellyatsiya komissiyasining qarori qaror qabul qilingan kunning oʻzida murojaatchiga (shikoyat) yuboriladi.
7-bob. Tanlovni moliyalashtirish
59. Tanlovning tuman (shahar) bosqichini tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi va tuman (shahar) mahalliy budjeti daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika bosqichlarini tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar esa Agentlikka Davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari va daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda:
mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan yoshlar, talabalar hamda band boʻlmagan aholi (band boʻlmagan shaxslar) oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovning tuman (shahar) bosqichi uchun nomzodlarni saralash, ularni roʻyxatdan oʻtkazish, tayyorlash va ushbu bosqich oʻtkaziladigan joyga kelib-ketishi uchun zarur boʻlgan mablagʻlar mahalla fuqarolar yigʻini kengashining qarori asosida Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasidan ajratiladi;
tanlovning 1-bosqichini tashkil etish, oʻtkazish, gʻoliblarni ragʻbatlantirish, tayyorlash va ularning 2-bosqich oʻtkaziladigan joyga kelib-ketish bilan bogʻliq xarajatlari Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi va tuman (shahar) mahalliy budjeti daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
tanlovning 2-bosqichini tashkil etish, oʻtkazish, gʻoliblarni ragʻbatlantirish va ularni tayyorlash hamda 3-bosqich oʻtkaziladigan joyga kelib-ketishi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari va daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan homiylik xayriyalari hisobidan moliyalashtiriladi;
tanlovning 3-bosqichini tashkil etish, oʻtkazish, gʻoliblarni ragʻbatlantirish Agentlikka Davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar, hamkor vazirlik va idoralar homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
60. Agentlik har yili dekabr oyiga qadar keyingi yil uchun tanlovni tashkil etish, oʻtkazish va gʻoliblarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar smetasini ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tasdiqlash uchun kiritadi.
61. Tanlov topshiriqlarini bajarishda sarflanadigan xomashyo (material)lar markazlashgan holda Agentlik huzuridagi Kasbiy taʼlim moddiy-texnika taʼminoti markazi tomonidan xarid qilinadi.
62. Tanlovda ishtirok etgan ekspertlarga va apellyatsiya komissiyasi aʼzolariga har yili Agentlik uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida quyidagi miqdorlarda bir martalik toʻlovlar amalga oshiriladi:
2-bosqichda — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravari;
3-bosqichda — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravari.
63. “WorldSkills” xalqaro chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va unga ishtirokchilarni yuborish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda davlat organlari va tashkilotlarga oʻz mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ishtirokchilarni yuborishga ruxsat beriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
64. Tanlovning barcha bosqichlarida, tanlov ishtirokchilarining tanlov oʻtkaziladigan joyga kelib-ketishini Agentlik talabnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati patrul avtomobillari yordamida kuzatish hamda ularning harakat xavfsizligini taʼminlash Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklanadi.
65. Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblari Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari asosida texnikumlarga ishlab chiqarish taʼlim ustasi lavozimiga ishga olinishi mumkin.
66. Tanlov oʻtkaziladigan joyning sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga mosligi, tanlov ishtirokchilarining sogʻligʻi bilan bogʻliq masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinadi.
67. Tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlar tanlov bosqichlari oʻtkazilgandan keyin 3 yil muddatda saqlanadi. Muddat tugagandan soʻng tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlar belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
68. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Kasbiy taʼlim agentligi

“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi (keyingi oʻrinlarda — tanlov)ni eʼlon qiladi.

Har yili 1-fevralga qadar

2-bosqich

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boshqarmalari,

Kasbiy taʼlim agentligi

Nomzodlarni roʻyxatdan oʻtkazadi.

Har yili 1-martga qadar

3-bosqich

Tuman (shahar) hokimliklari,

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) boʻlimlari,

ish beruvchilar,

tuman (shahar) ishchi guruhlari

Tanlovning tuman (shahar) bosqichini oʻtkazadi, gʻoliblarni aniqlaydi va ragʻbatlantiradi

Har yili 15-aprelga qadar

4-bosqich

Kasbiy taʼlim agentligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar,

hududiy ishchi guruhlar

Tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichini oʻtkazadi, gʻoliblarni aniqlaydi va ragʻbatlantiradi.

Har yili 30-mayga qadar

5-bosqich

Kasbiy taʼlim agentligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

Tanlovning respublika bosqichini oʻtkazadi va gʻoliblarni aniqlaydi.

Har yili 25-iyunga qadar

6-bosqich

Kasbiy taʼlim agentligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini ragʻbatlantiradi.

Har yili 30-iyunga qadar

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi 152-son qaroriga
2-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha respublika ishchi guruhi
TARKIBI

1.

A. Xusanov

—

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi direktori, ishchi guruh rahbari

2.

Kelishuv asosida

—

Davlat xavfsizlik xizmati raisi oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari oʻrinbosari

3.

A. Saʼdullayev

—

Yoshlar ishlari agentligi direktori

4.

R. Turdiboyeva

—

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari

5.

R. Karimjonov

—

raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari

6.

E. Basitxanova

—

sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari

7.

O. Fazilkarimov

—

iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari

8.

S. Rahimboyev

—

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori oʻrinbosari

9.

Lavozimi boʻyicha

—

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori oʻrinbosari

10.

Sh. Ibragimova

—

Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari

11.

M. Nurmatova

—

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

12.

D. Allayev

—

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi oʻrinbosari

13.

M. Safarov

—

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi oʻrinbosari

14.

A. Gʻafforov

—

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari

15.

Lavozimi boʻyicha

—

“WorldSkills Uzbekistan” ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi rahbari

16.

Lavozimi boʻyicha

—

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi boʻlim boshligʻi, ishchi guruh kotibi

Izoh.
1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
2. Tanlov oʻtkaziladigan kasblardan kelib chiqib, respublika ishchi guruhi tarkibiga korxona (tashkilot)lardan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi 152-son qaroriga
2a-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ishchi guruhining
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari

2.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshligʻi

3.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi

4.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi va Toshkent shahri sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi

5.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshligʻi

6.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi

7.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Migratsiya agentligining hududiy filiali boshligʻi

8.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi boshligʻi

9.

Lavozimi boʻyicha

—

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmasi boshligʻi

10.

Lavozimi boʻyicha

—

Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmasi boshligʻi

11.

Lavozimi boʻyicha

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi direktori, viloyatlar va Toshkent shahri kasbiy taʼlim boshqarmasi boshligʻi, Ishchi guruh kotibi

Izoh.
1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
2. Tanlov oʻtkaziladigan kasblardan kelib chiqib, ishchi guruh tarkibiga korxona (tashkilot)lardan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi 152-son qaroriga
2b-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tuman (shahar) ishchi guruhining
NAMUNAVIY TARKIBI

1.

Lavozimi boʻyicha

—

tuman (shahar) hokimi, Ishchi guruh rahbari

2.

Lavozimi boʻyicha

—

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi

3.

Lavozimi boʻyicha

—

Davlat xavfsizlik xizmati tuman (shahar) boʻyicha boʻlimi boshligʻi

4.

Lavozimi boʻyicha

—

tuman (shahar) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi

5.

Lavozimi boʻyicha

—

tuman (shahar) Sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi

6.

Lavozimi boʻyicha

—

tuman (shahar) Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi

7.

Lavozimi boʻyicha

—

Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi

8.

Lavozimi boʻyicha

—

tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi

9.

Lavozimi boʻyicha

—

davlat va xususiy sektordagi ish beruvchi korxona va tashkilotlar

10.

Lavozimi boʻyicha

—

tuman (shahar) Yoshlar ishlari boʻlimi boshligʻi, ishchi guruh kotibi

Izoh.
1. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
2. Tanlov oʻtkaziladigan kasblardan kelib chiqib, ishchi guruh tarkibiga korxona (tashkilot)lardan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2026-y., 09/26/152/0334-son; 02.10.2026-y., 09/26/526/0994-son)