toggle_night_mode
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni 7 va 12-moddalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga muvofiq temir yoʻl transportida tashishlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlaridan teng foydalanish shart-sharoitlarini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini taqdim etish prinsiplari va tartibi;
infratuzilma operatori tomonidan tashuvchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar;
poyezdlar harakati meʼyoriy grafigini shakllantirish tartibi;
infratuzilmaga kirishni taʼminlash boʻyicha buyurtmanomalarni kafolatlash;
infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish tartibi va shartnomasi;
infratuzilma operatori tashuvchisining huquq va majburiyatlari.
2. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab, oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-noyabr,
723-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-noyabrdagi 723-son qaroriga
ILOVA
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar mulk huquqi yoki boshqa qonuniy asoslarda harakatdagi tarkibga (lokomotivlardan tashqari) ega boʻlgan umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl transporti tashuvchilarining (keyingi oʻrinlarda — tashuvchilar) ichki va xalqaro yoʻnalishlarda yuk hamda yoʻlovchi tashishni amalga oshirish uchun umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga (keyingi oʻrinlarda — infratuzilma) kirish huquqini taʼminlashning umumiy prinsiplari va tartibini, shuningdek, kirish huquqini taqdim etish va infratuzilma xizmatlaridan foydalanish sohasida tashuvchilar tomonidan infratuzilma operatori bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
grafik yoʻnalishi — joʻnab ketish, yetib kelish, oraliqda toʻxtash manzili, joʻnab ketish va yetib kelish vaqti, texnologik toʻxtash joylari, oʻrtacha yurish vaqtlari, shuningdek, poyezdning boshqa texnik va texnologik koʻrsatkichlari koʻrsatilgan holda poyezd harakati yoʻnalishining poyezdlar harakati grafigidagi chiziqli tasviri;
yordamchi poyezdlar — yoʻlovchilarni poyezdga chiqarish punktlariga, texnik stansiyalarga va toʻxtash joylariga olib borayotgan yakka lokomotivlar yoki lokomotivlar guruhi (birikmalar), yoʻlovchi vagonlaridan, dizel va elektr seksiyalaridan tashkil topgan poyezdlar, shuningdek, infratuzilma operatorining oʻz ehtiyojlari uchun harakatlanadigan, poyezdlar harakati grafigida koʻzda tutilmagan poyezdlar;
infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi — tashuvchilar tomonidan yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish uchun infratuzilma xizmatlaridan foydalanish imkoniyati;
infratuzilma xizmatlari — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashishni tashkil etish va amalga oshirish uchun umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasidan va lokomotivlaridan foydalangan holda koʻrsatiladigan umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti xizmatlari hamda temir yoʻl transportida tashish jarayoni bilan bogʻliq boshqa infratuzilma xizmatlari;
infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha uzoq muddatli shartnoma — infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish uchun infratuzilma operatori bilan tashuvchi oʻrtasida kamida besh yil muddatga tuzilgan shartnoma;
infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun buyurtmanoma (keyingi oʻrinlarda — buyurtmanoma) — poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi amal qiladigan davrda yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish, shuningdek, tashish jarayoni bilan bogʻliq xizmatlarni koʻrsatish uchun tashuvchi tomonidan infratuzilma operatoriga taqdim etiladigan hujjat;
infratuzilma uchastkasi — infratuzilma operatori tomonidan belgilangan lokomotiv aylanish uchastkasi doirasidagi temir yoʻl transporti infratuzilmasining bir qismi;
infratuzilmaning oʻtkazuvchanlik qobiliyati — turli toifadagi poyezdlarning oʻtkazilishini hisobga olgan holda ushbu infratuzilmaning texnik va texnologik imkoniyatlari, harakatdagi tarkib va poyezdlar harakatini tashkil etish usullariga qarab, hisob-kitob davri (sutka) uchun infratuzilma uchastkasi boʻylab oʻtkazilishi mumkin boʻlgan poyezdlar (poyezdlar juftligi) harakatining oʻlchamlari;
maxsus poyezdlar — yoʻlovchilarni va (yoki) oʻta muhim harbiy yoki strategik yuklarni tashish uchun moʻljallangan, qonunchilik hujjatlariga muvofiq maxsus talablarga asosan ajratiladigan poyezdlar;
motorvagonli harakatdagi tarkib — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish uchun moʻljallangan motorvagonli yoʻlovchi tashish poyezdlari (elektropoyezdlar, dizelli poyezdlar, dizelli elektropoyezdlar va avtomotrisalar (relsli avtobuslar)) tuziladigan, seksiyalarga birlashtirilgan motorli va motorsiz vagonlar;
navbatdan tashqari poyezdlar — poyezdlar harakatiga toʻsqinlik qilayotgan holatlarni bartaraf etish, rejalashtirilmagan ishlarni bajarish va transport vositalarining joylashgan joyini tegishli ravishda oʻzgartirish uchun moʻljallangan, harakat grafigida koʻrsatilmagan poyezdlar (tiklash va oʻt oʻchirish poyezdlari, qor tozalash poyezdlari, vagonlarsiz lokomotivlar, maxsus oʻziyurar harakatdagi tarkib);
poyezdlar harakati grafigi — infratuzilma uchastkalarida barcha toifadagi poyezdlar harakati tashkil etilishini belgilaydigan, poyezdlar harakatini shartli sutkalarda masshtab setkasida grafik tarzda aks ettiradigan va poyezdlar harakati meʼyoriy (rejalashtirilgan yil uchun), variantli (vaqtning alohida davrlari uchun) va poyezdlar harakatining bajarilgan grafiklariga boʻlinadigan, infratuzilma operatoriga tegishli boʻlgan normativ-texnik hujjat;
poyezd toifasi — tashish turi, qatnov masofasi, tarkibdagi vagonlar, aylanish muntazamligi va harakat tezligiga qarab poyezdlarning shartli ravishda guruhlarga boʻlinishi. Tashish turiga koʻra poyezdlar yoʻlovchi poyezdi, yuk poyezdi va maxsus maqsadlar uchun moʻljallangan (maxsus, harbiy, yordamchi, navbatdan tashqari) poyezdlarga boʻlinadi;
poyezdlar harakati jadvali — poyezdlar harakati grafigi asosida muayyan kalendar sanalarda poyezdlar harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjat;
tashish jarayonining dispetcherlik boshqaruvi — real vaqt rejimida tezkor sharoitlarda poyezdlar harakati va manyovr ishlarini nazorat qilish, boshqarish jarayoni;
tashishlarni rejalashtirish — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlarida (uchastkalarida va temir yoʻl stansiyalarida) belgilangan davr mobaynida (yil, oy, sutka) xizmatlarni koʻrsatish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalar asosida tashish rejasini ishlab chiqish;
tashishlarni tezkor rejalashtirish — maʼlum vaqt oraligʻida texnik meʼyorlar, poyezdlar harakati grafigi va poyezdlarni shakllantirish rejasi bajarilishida, harakatdagi tarkib hamda temir yoʻl uchastkalari va stansiyalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatidan samarali foydalanishda qoʻl keladigan rejalashtirish turi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasining operatori (keyingi oʻrinlarda — infratuzilma operatori) — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi vakolatli tashkilotga tegishli boʻlgan, umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarning va umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi boshqa obyektlarining foydalanilishini, joriy saqlanishini va modernizatsiyasini, qurilishini amalga oshiradigan, shuningdek, infratuzilmadan foydalanish xizmatlarini, shu jumladan, harakatdagi tarkibni oʻtkazish va olib oʻtish uchun umumiy foydalanishdagi temir yoʻllardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan xizmatlarni koʻrsatadigan yuridik shaxs;
yuk poyezdlarini shakllantirish rejasi — tashuvchilarning poyezdlarni shakllantirish rejasi loyihalari asosida infratuzilma operatori tomonidan tasdiqlanadigan, umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi uchastkalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati hamda temir yoʻl stansiyalarining qayta ishlash qobiliyatini hisobga olgan holda temir yoʻl stansiyalarida shakllantiriladigan poyezdlarning toifalari hamda vazifalarini belgilaydigan normativ-texnik hujjat;
qoʻshimcha buyurtmanoma — poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi amal qilayotgan davrda qoʻshimcha tashishlarni amalga oshirish uchun tashuvchining infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun bergan buyurtmanomasi;
qoʻshimcha tashishlar — poyezdlar harakati meʼyoriy grafigida koʻzda tutilmagan, grafikning qoʻshimcha yoʻnalishlari ajratilishini talab etadigan, band boʻlmagan yoki belgilangan tartibda boʻshatilgan infratuzilmaning oʻtkazuvchanlik qobiliyati hisobidan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan tashishlar.
3. Tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi infratuzilma operatori tomonidan belgilanadigan infratuzilma uchastkalarida shartnomalar asosida, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kuchga kirgan xalqaro shartnomalarga muvofiq taqdim etiladi.
Infratuzilmadan shartnoma tuzmasdan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Infratuzilma xizmatlari uchun tashuvchi tomonidan toʻlov qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan kollegial organ tasdiqlagan tariflar asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berish prinsiplari
4. Infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi tashuvchilarga quyidagi prinsiplar asosida beriladi:
infratuzilma uchastkalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati doirasida texnik va texnologik imkoniyatlarni hisobga olgan holda tashuvchilarning teng huquqliligi;
tashuvchilarga nisbatan infratuzilma xizmatlari sohasida yagona narx (tarif) siyosatini yuritish;
infratuzilma xizmatlari roʻyxati, infratuzilmaning texnik va texnologik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, ushbu xizmatlarni koʻrsatish tartibi hamda infratuzilma xizmatlari tariflari haqidagi maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati;
tashish faoliyatini rejalashtirish, tashkil etish va infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish jarayonida maʼlum boʻlib qolgan tijorat yoki davlat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni himoya qilish;
tashuvchilar tomonidan infratuzilma uchastkalarida foydalaniladigan harakatdagi tarkibga nisbatan qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining bajarilishi;
infratuzilmaning oʻtkazuvchanlik qobiliyatidan samarali foydalanish va tashish jarayonining uzluksizligini, texnologik jarayonlarning yaxlitligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida infratuzilmani taʼmirlash, saqlash va unga xizmat koʻrsatish ishlarini oqilona rejalashtirish;
poyezdlar harakati meʼyoriy grafigiga muvofiq infratuzilmaning oʻtkazuvchanlik qobiliyati cheklangan sharoitlarda tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini taqdim etishda navbatma-navbat berish.
3-bob. Infratuzilma operatori tomonidan tashuvchiga koʻrsatiladigan xizmatlar
5. Infratuzilma operatori shartnomaga muvofiq tashuvchiga quyidagi xizmatlarni koʻrsatadi:
a) infratuzilma lokomotivlari va lokomotiv brigadalarini taqdim etish, shuningdek, poyezdlar xarakatini (oʻtishini) taʼminlash, shu jumladan, quyidagi ishlarni (operatsiyani) amalga oshirish:
tashuvchining harakatdagi tarkibini umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga qabul qilish va topshirish;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti lokomotivlaridan va temir yoʻl stansiyalarining texnik vositalaridan foydalangan holda, infratuzilma operatoriga tegishli boʻlgan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda tashuvchining harakatdagi tarkibidan poyezdni shakllantirish;
b) poyezdlar harakatini boshqarish, shu jumladan, quyidagi ishlarni (operatsiyani) bajarish:
xorijiy davlatlarning temir yoʻllari va boshqa transport turlari tashkilotlari bilan tashishlar boʻyicha texnik va texnologik imkoniyatlarni kelishish;
infratuzilma operatoriga tegishli boʻlgan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda koʻzda tutilgan muayyan tashishlarni amalga oshirish uchun tashuvchining harakatdagi tarkibi shartnomada nazarda tutilgan shartlarga muvofiq harakatlanishini tashkil etish;
tashishni dispetcher tomonidan boshqarish;
tashuvchining harakatdagi tarkibi texnik holatini nazorat qilish (texnik koʻrik);
tashuvchida harakatdagi tarkibni mustaqil ravishda taʼmirlash imkoniyati boʻlmasa, qatnov davomida tashuvchining harakatdagi tarkibiga xizmat koʻrsatish (ajratmasdan taʼmirlash);
tashuvchining murojaatiga asosan uning harakatdagi tarkibi harakati yoki joylashgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etish;
tashish jarayonida infratuzilma uchastkalarida harakatdagi tarkibni elektr energiyasi bilan taʼminlash;
tashish jarayonida temir yoʻl stansiyalarida saralash va manyovr ishlarini amalga oshirish;
v) tashuvchiga tegishli boʻlgan yoki u tomonidan tashish uchun jalb qilingan, tashish jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan boʻsh vagonlarni saqlash imkoniyatini berish;
g) infratuzilma operatori tomonidan tashuvchi nomidan umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllardan foydalanish shartnomasini, shuningdek, umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarda vagonlarni berish va qaytarib olish shartnomasini tuzish.
6. Infratuzilma operatori va tashuvchi ushbu Qoidalarning 5-bandida koʻrsatilmagan xizmatlarni koʻrsatish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish huquqiga ega. Bunday ishlar (xizmatlar) roʻyxatini infratuzilma operatori mustaqil ravishda belgilaydi.
7. Infratuzilma operatori tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar, ularning narxi, shuningdek, poyezdlar harakati grafigiga muvofiq infratuzilmaning mavjud texnik va texnologik imkoniyatlari haqidagi maʼlumot infratuzilma operatori tomonidan tashuvchilarga infratuzilmadan foydalanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi buyurtmanomalarni qabul qilish joylarida muntazam xabarlar tarzida taqdim etiladi. Ushbu maʼlumot qoʻshimcha ravishda elektron yoki pochta aloqasi orqali yoxud tomonlarning kelishuvida nazarda tutilgan boshqa usul bilan ham beriladi.
4-bob. Tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berish tartibi
8. Infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi infratuzilma operatori tomonidan quyidagi shartlar asosida beriladi:
tashuvchi tomonidan temir yoʻl transportining avariyasiz ishlashini, harakat xavfsizligini, mehnatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlariga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq tashish jarayoni xavfsizligini taʼminlash sohasida belgilangan talablarga rioya etilishi;
tashuvchiga tegishli boʻlgan harakatdagi tarkib harakatdagi tarkibning avariyasiz ishlashini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarining va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning belgilangan talablariga muvofiq boʻlishi.
9. Infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi quyidagilar asosida beriladi:
poyezdlar harakatini tashkil etish uchun infratuzilmaning texnik va texnologik imkoniyatlari;
infratuzilmaning oʻtkazuvchanlik qobiliyati va tashuvchilarning infratuzilma uchastkalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi takliflari mavjudligi;
poyezdlarni shakllantirish rejasi va poyezdlar harakati grafigi;
infratuzilmaning oʻtkazuvchanlik qobiliyati cheklangan sharoitda tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan meʼyoriy grafikka muvofiq navbatma-navbat foydalanish huquqini berish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq temir yoʻl orqali tashishni amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi taqiq va cheklovlarning mavjud emasligi.
10. Tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish navbati (ustuvorligi) infratuzilma operatori tomonidan quyidagi mezonlar:
a) poyezd toifasi;
b) agar poyezd toifalari bir xil boʻlsa:
tashuvchi tomonidan tashish qobiliyatidan foydalanish intensivligi;
shartnomaning mavjudligi yoki muddati uzaytirilgani;
v) ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida koʻrsatilgan mezonlar bir xil boʻlsa, buyurtmanoma berilgan sana boʻyicha taqdim etiladi.
11. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigiga muvofiq grafikning muayyan yoʻnalishlari boʻyicha tashishlarni amalga oshirish uchun infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi tashuvchilarga poyezdlar harakati jadvali amal qilishi davomida faqat bir muddatga beriladi, uzoq muddatli shartnomalar bundan mustasno.
12. Tashuvchiga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
tashuvchi tomonidan infratuzilma operatoriga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berish boʻyicha buyurtmanomani ushbu Qoidalarga ilovada koʻrsatilgan shaklga asosan taqdim etish;
infratuzilma operatori tomonidan tashuvchining buyurtmanomasini koʻrib chiqish va infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berish (berishni rad etish) toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
poyezdlar harakati grafigini va poyezdlar harakati jadvalini tasdiqlash;
tashishlarni amalga oshirish uchun infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish.
Tashuvchi bir vaqtning oʻzida foydalanish rejalashtirilgan infratuzilma operatori ham boʻlsa, buyurtmanoma berish va shartnoma tuzish talab etilmaydi.
13. Infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi infratuzilma operatori tomonidan tashuvchiga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin, biroq poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi kuchga kirish sanasidan kamida oʻn kalendar kun oldin tuziladi.
Tashuvchining qoʻshimcha buyurtmanomasi boʻyicha infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi tashishlar amalga oshiriladigan kalendar oy boshlanishidan kamida bir oy oldin tuzilishi kerak.
14. Infratuzilma operatori tashuvchida koʻrsatilgan infratuzilma xizmatlari uchun haq toʻlash boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda, shuningdek, temir yoʻl transporti sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilmagan taqdirda, tashuvchiga infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish yuzasidan shartnoma tuzishni rad etishga haqli.
5-bob. Buyurtmanomalarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi
15. Infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini olish uchun tashuvchi infratuzilma operatoriga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda buyurtmanoma taqdim etadi:
rejalashtirilayotgan grafik yoʻnalishlari loyihasi;
tashishlarning rejalashtirilayotgan yillik hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (choraklar va oylar boʻyicha taqsimlangan holda);
tashuvchi tomonidan tashishlarni taʼminlash uchun nazarda tutilgan vagonlar, motorvagonli harakatdagi tarkibning turlari (tiplari), mansubligi, soni va tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
vagonlarga boʻlgan mulk yoki egalik huquqini, shuningdek, ularning qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkazilganini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
temir yoʻl transportining avariyasiz ishlashini, transport vositalarining va tashish jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan boshqa texnik vositalarning harakati va ulardan foydalanish xavfsizligini, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq tashuvchining harakatdagi tarkibini koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomasining nusxasi;
tashish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya nusxasi;
qarzdorlik mavjud emasligi (mavjudligi) toʻgʻrisida maʼlumot koʻrsatilgan taqdirda, ushbu qarzdorlikning shakllanish muddatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
sugʻurta tashkiloti bilan harakatdagi tarkibni sugʻurtalash boʻyicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan shartnomalar;
buyurtmanomaning rejalashtirilayotgan xizmatlar hajmi qiymatining 0,1 foiziga teng miqdordagi pul taʼminoti yoki bank kafolati;
yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor vakolatli shaxsiga muayyan shartnomani imzolash huquqini beruvchi ishonchnoma.
16. Tashuvchi tomonidan infratuzilma operatoriga qogʻoz shaklida taqdim etiladigan buyurtmanoma quyidagi talablarga mos boʻlishi kerak:
buyurtmanoma va unga ilova qilingan hujjatlar tikiladi, raqamlanadi va tashuvchining muhri hamda imzosi (yoki uning vakolatli shaxsining imzosi) bilan tasdiqlanadi;
ilova qilingan hujjatlar asl yoki nusxa koʻrinishida boʻlishi kerak, nusxalar taqdim etilgan boʻlsa, buyurtmanomani imzolayotgan rahbar yoki uning vakolatli shaxsi ularning haqqoniyligi va toʻliqligini yozma ravishda tasdiqlashi kerak;
buyurtmanomada hamda unga ilova qilingan hujjatlarda, maʼlumotlarda hech qanday tuzatish yoki qoʻshimchalar boʻlmasligi lozim.
17. Buyurtmanoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar tashuvchi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
18. Infratuzilma operatori tashishlarni tashkil etish uchun buyurtmanomalarni quyidagicha qabul qiladi:
xalqaro qatnovlarda — tashish rejalashtirilgan yildan oldingi yilning 10-yanvaridan 25-fevraligacha boʻlgan davrda;
ichki qatnovlarda — tashish rejalashtirilgan yildan oldingi yilning 10-iyunidan 25-iyuligacha boʻlgan davrda.
19. Buyurtmanoma infratuzilma operatori tomonidan roʻyxatga olinadi va tashuvchiga buyurtmanomaning qabul qilingan sanasi, roʻyxatga olish tartib raqami va qabul qilingan hujjatlar roʻyxati koʻrsatilgan maʼlumotnoma beriladi.
20. Infratuzilma operatori kelib tushgan buyurtmanoma ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi.
Buyurtmanoma ushbu Qoidalarga nomuvofiq boʻlsa yoki tashuvchi tomonidan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilgan boʻlsa, infratuzilma operatori buyurtmanoma kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida rad etish sabablari koʻrsatilgan holda buyurtmanomani koʻrib chiqishni rad etish haqida tashuvchini yozma yoki elektron ravishda xabardor qiladi.
21. Infratuzilma operatori tomonidan buyurtmanomalarni koʻrib chiqish va poyezdlar harakati meʼyoriy grafigining loyihasini shakllantirish muddati tashish rejalashtirilgan yildan oldingi yilning 25-sentabrida tugaydi.
22. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigini shakllantirish uchun taqdim etilgan buyurtmanomadagi maʼlumotlar buyurtmanomalarni koʻrib chiqish davrida oʻzgarsa (lekin buyurtmanomalarni koʻrib chiqish muddati tugashidan kamida bir oy oldin), tashuvchi bu haqida infratuzilma operatorini yozma ravishda xabardor qiladi.
23. Buyurtmanomalarni koʻrib chiqish davrida (lekin buyurtmanomalarni koʻrib chiqish muddati tugashidan kamida bir oy oldin) infratuzilma operatori buyurtmanoma berish talablariga rioya etilishini hisobga olgan holda, soʻrovnoma kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida tashuvchi tomonidan taqdim etilishi kerak boʻlgan poyezdlar harakati meʼyoriy grafigini shakllantirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha axborotlarni (maʼlumotlarni) tashuvchilardan soʻrab olish huquqiga ega.
24. Tashuvchilar buyurtmanomani koʻrib chiqishning dastlabki natijasidan norozi boʻlgan taqdirda, infratuzilma operatori manfaatdor tashuvchilar oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni (ziddiyatlarni) muzokaralar oʻtkazish orqali hal etishga qaratilgan kelishish tartib-taomillarini tashkil etadi, bu jarayonda infratuzilma operatori tashuvchiga grafikning boshqa yoʻnalishlarini taklif qilishga haqli.
25. Infratuzilma operatori ushbu bobda nazarda tutilgan barcha tartib-taomillar oʻtkazilgandan keyin infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berish (rad etish) toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va tashuvchini buyurtmanomani koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida (unga kiritilgan tuzatishlarni (mavjud boʻlsa) hisobga olgan holda) xabardor qiladi.
26. Tashuvchining belgilangan muddatdan keyin kelib tushgan buyurtmanomalari poyezdlar harakati meʼyoriy grafigini tuzishda infratuzilma operatori tomonidan inobatga olinmaydi va qoʻshimcha buyurtmanomalar sifatida koʻrib chiqiladi.
Tashuvchining qoʻshimcha buyurtmanomasi ushbu Qoidalarning 15 — 19-bandlarida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtiriladi va roʻyxatdan oʻtkaziladi.
27. Tashuvchining qoʻshimcha buyurtmanomasi tashishlar amalga oshiriladigan kalendar oy boshlanishidan kamida ikki oy oldin beriladi va u kelib tushgan kundan boshlab bir oy davomida ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiqligi koʻrib chiqiladi.
28. Tashuvchining qoʻshimcha buyurtmanomasi asosida infratuzilma operatori grafikning qoʻshimcha yoʻnalishlarini ajratish va tashishlarni amalga oshirish uchun infratuzilma xizmatlarini koʻrsatishga shartnoma yoki tuzilgan shartnomaga qoʻshimcha kelishuv tuzish imkoniyati toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.
Talabnomada taqdim etiladigan maʼlumotlarning toʻliqligi va ishonchliligi uchun tashuvchi javobgar boʻladi.
6-bob. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigini shakllantirish tartibi
29. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi loyihasi tashuvchilarning koʻrib chiqish uchun qabul qilingan buyurtmanomalarini va infratuzilma uchastkalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatidan maksimal darajada foydalanishni hisobga olgan holda infratuzilma operatori tomonidan tuziladi.
30. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi va poyezdlar harakati jadvali infratuzilma operatori tomonidan ushbu Qoidalar hamda infratuzilma operatorining lokal hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq yillik davr uchun shakllantiriladi, ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
31. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi infratuzilma operatori tomonidan quyidagilarni inobatga olgan holda tuziladi:
poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash;
infratuzilma uchastkalarining oʻtkazuvchanlik va yuk koʻtarish qobiliyati hamda temir yoʻl stansiyalarining qayta ishlash qobiliyatidan samarali foydalanish;
infratuzilma uchastkalarini saqlash va taʼmirlash boʻyicha ishlarni amalga oshirish imkoniyatini berish.
32. Poyezdlar harakati grafigida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash va infratuzilma obyektlarini soz holatda saqlash uchun vaqt zaxirasi nazarda tutiladi.
33. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigini ishlab chiqish jarayonida tashuvchilarga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini berishda navbatma-navbat prinsipi hisobga olinadi.
34. Infratuzilma operatori poyezdlar harakati grafigini ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar va meʼyorlar asosida (tashuvchilarning buyurtmanomalarini inobatga olgan holda) poyezdlar harakati meʼyoriy grafigini tayyorlaydi.
35. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi quyidagi boshlangʻich maʼlumotlar asosida shakllantiriladi:
infratuzilma operatori va tashuvchilar tomonidan poyezdlar harakati amaldagi grafigining bajarilishini tahlil qilish natijalari;
infratuzilma operatorining infratuzilma obyektlaridan texnik foydalanish xususiyatlari, infratuzilma uchastkalarining texnik xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tashuvchilarning buyurtmanomalarida, shuningdek, poyezdlar harakati grafigini ishlab chiqishga doir topshiriqlar va meʼyorlarda mavjud boʻlgan maʼlumotlar.
36. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi yakunlanayotgan dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida soat 00:00 da kuchga kiradi va keyingi yil dekabr oyining ikkinchi shanbasida soat 24:00 da oʻz kuchini yoʻqotadi.
Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi tasdiqlangandan soʻng tashuvchi va infratuzilma operatori oʻrtasida ushbu Qoidalarga muvofiq belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
37. Poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi asosida poyezdlar harakati jadvali tuziladi.
38. Infratuzilma operatori poyezdlar harakatining normativ grafigiga va poyezdlar harakati jadvaliga ularning amal qilish davrida quyidagi hollarda tuzatishlar kiritishga haqli:
tashuvchi infratuzilma uchastkasining oʻtkazish qobiliyatining ajratilgan ulushidan (grafik yoʻnalishidan) poyezdlar harakati belgilangan jadvali va shartnomaga nisbatan kam hajmda foydalanganda;
tashuvchining qoʻshimcha buyurtmanomasi boʻyicha infratuzilma operatori tomonidan qoʻshimcha poyezdlar harakati yoki poyezd uzunligini uzaytirish tashkil etilganda;
infratuzilmaning texnik va texnologik imkoniyatlari mavjud boʻlmagan yoki oʻzgarganda;
infratuzilma operatori tomonidan yangi temir yoʻllarni va sunʼiy inshootlarni taʼmirlash yoki qurish sababli poyezdlar harakati cheklanganda;
tortuvchi harakatdagi tarkib turi oʻzgargan taqdirda;
tashuvchi tomonidan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda harakatdagi tarkibdan texnik foydalanishga qoʻyiladigan talablar poyezdlarning harakat grafigi va jadvaliga oʻzgartirishlar kiritgan holda qatnovdan olinishiga olib keladigan tarzda buzilganda;
temir yoʻl transportida harakat va tashish xavfsizligi talablari buzilishi bilan bogʻliq hodisalar yuz berganda, taqsimlangan grafik yoʻnalishlari bekor qilinib, infratuzilmani tiklash uchun zarur boʻlgan muddatga;
infratuzilmada tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, shuningdek, favqulodda holat joriy etilganda va tashishga toʻsqinlik qiladigan, oqibatlarni va poyezdlar harakatiga toʻsiqlarni bartaraf etish, infratuzilmani tiklash boʻyicha koʻzda tutilmagan ishlarni bajarish uchun uzoq vaqt talab qiladigan boshqa holatlarda.
7-bob. Infratuzilmaga kirishni taʼminlash boʻyicha buyurtmanomalarni kafolatlash
39. Infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun buyurtmanoma majburiyatlarini taʼminlash maqsadida tashuvchi ushbu Qoidalarning 15-bandi oʻninchi xatboshisiga muvofiq buyurtmanoma uchun pul taʼminoti yoki bank kafolatini kiritadi.
40. Infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun buyurtmanomaning pul taʼminoti quyidagi hollarda infratuzilma operatori tomonidan toʻliq hajmda qaytariladi:
buyurtmanoma ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga javob bermagani sababli rad etilganda;
buyurtmanomani kiritish muddatlari buzilgani sababli buyurtmanoma qabul qilinmaganda;
infratuzilma operatori tomonidan ushbu Qoidalar talablariga muvofiq shartnoma tuzish rad etilganda;
shartnoma kuchga kirganda va tashuvchi tomonidan umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlarini koʻrsatishga doir shartnoma bajarilishi boʻyicha taʼminoti kiritilganda.
41. Ushbu Qoidalarning 40-bandida nazarda tutilgan hollarda infratuzilma operatori uch ish kuni ichida umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun buyurtmanomaning pul taʼminotini qaytaradi.
42. Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun buyurtmanoma boʻyicha pul taʼminoti quyidagi hollarda infratuzilma operatori tomonidan qaytarilmaydi (ushbu Qoidalarning 40-bandida koʻzda tutilgan holatlar bundan mustasno):
tashuvchi tomonidan ushbu Qoidalarning 15-bandida nazarda tutilgan hujjatlardagi maʼlumotlar notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgani sababli infratuzilma operatori shartnoma tuzishdan bosh tortganda;
tashuvchining buyurtmanomasini meʼyoriy va (yoki) aniqlashtirilgan poyezdlar harakati grafigiga kiritish sharti bilan tashuvchi shartnoma tuzishdan bosh tortganda.
8-bob. Infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish tartibi
43. Tashishlarda infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish tashishlarni tashkil etish va amalga oshirishning quyidagi jarayonlari doirasida infratuzilma operatori va tashuvchining oʻzaro hamkorligini nazarda tutadi:
tashishlarni rejalashtirish va meʼyorlashtirish;
tashishlarni oyma-oy va tezkor rejalashtirish;
shartnoma doirasida tashishlarni amalga oshirish;
tashish jarayonini amalga oshirishda maʼlumot (axborot) almashish.
44. Tashishlarni rejalashtirish va meʼyorlashtirish, tashish hajmlariga va poyezdlar harakat grafigiga ushbu Qoidalar va qonunchilikda belgilangan tartibda kuchga kirgan xalqaro shartnomalar bilan belgilangan tartibda tuzatish kiritiladi.
45. Tashishlarni tezkor rejalashtirishda infratuzilma operatori va tashuvchilar poyezdlar harakatining tasdiqlangan sutkalik rejasini (poyezdlar harakati grafigini) va kelishilgan texnik rejani, shu jumladan, qonunchilikda belgilangan tartibda kuchga kirgan xalqaro shartnomalarda belgilangan davlatlararo tutashuv punktlari boʻyicha poyezdlarni, vagonlarni almashtirish rejasini bajaradi.
46. Infratuzilma operatori tashuvchi bilan ekspluatatsiya ishlarini, shu jumladan, poyezdlarni qabul qilish va joʻnatish, infratuzilma uchastkalari boʻylab oʻtkazish texnologiyasini, manyovr ishlarini tashkil etish texnologiyasini, temir yoʻl stansiyasida poyezdlarni tarqatish hamda shakllantirishni va vagonlar oqimini tashkil etishda infratuzilma operatori hamda tashuvchining oʻzaro hamkorligi texnologiyasini belgilaydi.
47. Quyidagilar tashish jarayonini dispetcher tomonidan boshqarish va infratuzilmaning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini taqsimlashning yagona prinsiplari hisoblanadi:
infratuzilmaning xizmat koʻrsatiladigan uchastkalarida poyezdlar harakatini bitta dispetcher tomonidan boshqarish;
poyezdlar harakati grafigida mavjud normalar va meʼyorlarni, ekspluatatsiya ishining texnologik jarayonlari va texnik normalarini bajarish;
poyezdlar harakat xavfsizligini taʼminlash va xodimlarning mehnat muhofazasini kafolatlash;
dispetcher tomonidan harakatlanish ketma-ketligi berilishi.
48. Tashish jarayonining dispetcherlik boshqaruvi poyezdlarning sutkalik harakat rejasi bilan tasdiqlangan poyezdlar harakati grafigiga muvofiq infratuzilma uchastkalarida poyezdlarning xavfsiz oʻtishini taʼminlash maqsadida infratuzilma operatori tomonidan amalga oshiriladi.
49. Poyezdlarni qabul qilish, joʻnatish va oʻtkazib yuborish, harakatdagi tarkibning manyovr harakati jarayonlari infratuzilma operatori tomonidan tartibga solinadi.
Infratuzilma operatorining (umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti tashuvchisining) koʻrsatib oʻtilgan jarayonlarga, shu jumladan, poyezdlar harakati xavfsizligi talablarini, poyezdlar harakati grafigi meʼyorlarini, infratuzilma operatori boʻlinmalari ishining texnologik jarayonlarini taʼminlashga taalluqli boʻlgan farmoyishlari (koʻrsatmalari) tashish jarayonining barcha ishtirokchilari uchun majburiydir.
50. Tashish jarayonini amalga oshirish maqsadida infratuzilma operatori va tashuvchilar axborot almashish uchun infratuzilma operatorining axborot tizimlaridan foydalanadi.
Asosiy maʼlumotlarga nisbatan qoʻshimcha maʼlumotlar infratuzilma operatori tomonidan tashuvchiga alohida shartnomalar asosida taqdim etiladi.
51. Tuzilgan shartnoma mavjud boʻlganda, infratuzilma operatori tashuvchiga infratuzilma xizmatlari koʻrsatilishini quyidagi hollarda rad etadi:
temir yoʻl transporti sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish toʻxtatilganda yoki cheklanganda, shu jumladan, olib kirish va (yoki) olib chiqish cheklanganda;
favqulodda vaziyatlar (infratuzilma obyektlarining nosozligi natijasida harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki poyezdlarni oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar) yuzaga kelishi oqibatida infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish imkoniyati yoʻqligida;
tashishlar navbatdan tashqari poyezdlarda amalga oshirilganda.
52. Infratuzilma operatori milliy xavfsizlikka tahdid yuzaga kelganda yoki favqulodda holat joriy etilganda, infratuzilma operatori va tashuvchilarga bogʻliq boʻlmagan hamda shartnomaga muvofiq majburiyatlarni bajarishga toʻsqinlik qiladigan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda temir yoʻl qatnovining muayyan yoʻnalishlarida tashish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatishni vaqtincha toʻxtatish yoki cheklash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Infratuzilma operatori bunday qarorning amal qilish muddatini belgilashi, shuningdek, vakolatli organlarni, tashuvchilarni va boshqa manfaatdor shaxslarni darhol xabardor qilishi shart.
53. Ushbu Qoidalarning 51 va 52-bandlariga muvofiq infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi cheklangan taqdirda, infratuzilma operatori shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish imkoni mavjud emasligi toʻgʻrisida tashuvchini darhol xabardor qiladi.
54. Infratuzilma operatori poyezdlar harakati grafigidan chetga chiqqan holda harakatlanayotgan poyezdlarni oʻtkazib yuborishni tashkil etish boʻyicha zarur choralarni koʻradi.
9-bob. Infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi
55. Infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi poyezdlar harakati meʼyoriy grafigi va yigʻma jadvali tasdiqlangandan keyin harakatning meʼyoriy grafigi amalga kiritilishidan kamida ikki oy oldin yozma shaklda tuziladi. Shartnomaning amal qilish muddati (uzoq muddatli shartnomalardan tashqari) poyezdlar harakati meʼyoriy grafigining amal qilish davrini tashkil etadi.
56. Qoʻshimcha buyurtmanomalar boʻyicha shartnoma tashishlar amalga oshiriladigan kalendar oy boshlanishidan kamida bir oy oldin poyezdlar harakati meʼyoriy grafigining amal qilish davridan oshmaydigan muddatga tuziladi.
10-bob. Infratuzilma operatori tashuvchisining huquq va majburiyatlari
57. Tashuvchi quyidagi huquqlarga ega:
a) tashishlarni tashkil etish, tashish jarayoni bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun axborotni ushbu Qoidalar talablariga muvofiq olish, bunda tarqatilishi va (yoki) taqdim etilishi cheklangan axborotga nisbatan belgilangan cheklovlarni hisobga olish;
b) infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini olish va ushbu xizmatlardan poyezd harakati davomida ham foydalanish.
58. Tashuvchining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
a) infratuzilma operatorlariga infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish uchun maʼlumotlar va hujjatlarni ushbu Qoidalar talablariga muvofiq taqdim etish;
b) tashish jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan transport vositalari va boshqa texnik vositalarning harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi talablari buzilishiga olib keladigan (olib kelishi mumkin boʻlgan) hodisalar va holatlar toʻgʻrisida infratuzilma operatoriga xabar berish, shuningdek, ularni bartaraf etish (oldini olish) choralarini koʻrish;
v) infratuzilma operatorining tashuvchiga maʼlum boʻlgan tijorat sirini tashkil etuvchi milliy xavfsizlikka taalluqli maʼlumotlarning belgilangan tartibda himoya qilinishini taʼminlash;
g) infratuzilma xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish;
d) vagonlarning (poyezdlarning) joylashgan joyi oʻzgartirilishi (koʻchirilishi) va (yoki) tashuvchilar harakatdagi tarkibining temir yoʻl stansiyalarida toʻxtab turishi munosabati bilan infratuzilma operatori tomonidan sarflangan xarajatlarni qoplash;
e) infratuzilma operatorini infratuzilma xizmatlaridan foydalanish rad etilgani toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilish;
j) infratuzilma operatoriga va (yoki) uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash;
z) infratuzilma xizmatlaridan foydalanishda quyidagilarni taʼminlash:
tashish jarayoni va infratuzilma operatorining lokal hujjatlari bilan bogʻliq boʻlgan transport vositalari va boshqa texnik vositalar harakati hamda ulardan foydalanish xavfsizligi talablariga rioya qilish;
yuklarni, shu jumladan, nogabarit yuklarni temir yoʻlda tashish shartlariga rioya etish;
tashishlarni kelishilgan hajmda amalga oshirish va temir yoʻlda tashishning boshqa parametrlari (sharoitlari) yukning yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl transporti infratuzilmasi uchastkalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatiga va (yoki) temir yoʻl stansiyalarining qayta ishlash qobiliyatiga muvofiqligini taʼminlash;
shartnomada belgilangan boshqa majburiyatlarni bajarish.
59. Infratuzilma operatori quyidagi huquqlarga ega:
a) harakat xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish boʻyicha:
infratuzilma uchastkalarida poyezdlar harakati tezligiga cheklovlar oʻrnatish;
poyezd harakatlanishi vaqtida harakatdagi tarkibning harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi texnik va tijorat nosozliklari avtomatik hamda vizual nazorat vositalari bilan aniqlangan taqdirda, temir yoʻl stansiyasida, peregonda poyezd harakatini toʻxtatish;
temir yoʻl transportida harakat va tashish xavfsizligi talablari buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan, poyezdlar harakatiga toʻsqinlik qiladigan hodisalar yuzaga kelganda infratuzilma ishini tiklash uchun tashuvchining resurslaridan (harakatdagi tarkib, xodimlar) foydalanish;
tashuvchiga poyezdlar harakati xavfsizligi talablarini, poyezdlar harakati grafigi meʼyorlarini, poyezdlarni shakllantirish rejasi va tartibini, infratuzilma operatori liniya boʻlinmalari ishining texnologik jarayonlarini taʼminlashga taalluqli farmoyishlar berish;
b) ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiq yuk poyezdlarining meʼyoriy harakat grafigi va harakat jadvaliga tuzatishlar kiritish;
v) tashishlarni amalga oshirish uchun infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish yuzasidan shartnoma tuzish bosqichida tashuvchidan harakatdagi tarkibni koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomalarini talab qilish;
g) tashuvchi tomonidan infratuzilma uchastkasi oʻtkazuvchanlik qobiliyatining ajratilgan ulushidan poyezdlar harakati grafigi va shartnomaga nisbatan kam hajmda foydalanilgan taqdirda, infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish shartnomasiga infratuzilma uchastkalari oʻtkazuvchanlik qobiliyatining ajratilgan ulushiga (grafik yoʻnalishiga) tuzatish kiritish boʻyicha oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish toʻgʻrisida xabarnoma yuborish (uch ish kuni mobaynida);
d) tashuvchi infratuzilmadan shartnoma shartlarini buzgan holda foydalangan taqdirda, tashuvchilarning harakatdagi tarkibi joylashgan joyini oʻzgartirish (koʻchirish) va boʻsh yoʻl imkoniyatlari mavjud boʻlgan temir yoʻl stansiyasida uning toʻxtab turishini taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
e) infratuzilma operatoriga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra (uchinchi shaxslarning, shu jumladan, qoʻshni (chegaradosh) temir yoʻl maʼmuriyatlari va (yoki) tegishli infratuzilmalar egalarining aybi bilan) tashuvchiga infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqini rad etish, bunda bu kabi holatlarni shartnoma shartlarining buzilishi deb tan olmaslik;
j) tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, shuningdek, favqulodda holat joriy etilganda va tashishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa holatlarda tashish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatishni vaqtincha toʻxtatish yoki toʻliq boʻlmagan hajmda xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida bildirishnoma yuborish orqali qaror qabul qilish;
z) temir yoʻl transportida harakat va tashish xavfsizligi talablari buzilishi bilan bogʻliq hodisalar yuzaga kelgan taqdirda, taqsimlangan grafik yoʻnalishlarini bekor qilgan holda infratuzilmani tiklash uchun zarur boʻlgan muddatga infratuzilmaga kirishni cheklash.
60. Infratuzilma operatorining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
a) ushbu Qoidalar talablariga muvofiq maʼlumotlar va hujjatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish;
b) tarqatilishi va (yoki) taqdim etilishi cheklangan axborotga nisbatan belgilangan cheklovlarni inobatga olgan holda, ushbu Qoidalarga muvofiq tashuvchilarga maʼlumotlarni taqdim etish;
v) infratuzilma uchastkalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini ushbu Qoidalarga muvofiq infratuzilma uchastkalarining texnik va texnologik imkoniyatlari doirasida taqsimlash;
g) tashuvchini poyezdlar harakati grafigida xizmatlar koʻrsatishning muddatlari va shartlari oʻzgarishiga sabab boʻladigan oʻzgarishlar haqida shartnomada nazarda tutilgan tartibda xabardor qilish.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
61. Ushbu Qoidalarda belgilangan talablarning bajarilishi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda Transport vazirligi tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
62. Ushbu Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalariga
ILOVA

Shakl namunasi

Infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun BUYURTMANOMA

20___ yil “____” _____________

______-son

20___ yil “____” __________dan 20___ yil “____” ____________gacha boʻlgan davrga

Infratuzilma operatori ________________________________________________________

____________________________________________________________________________________

(nomi, yuridik va pochta manzili, bank rekvizitlari)

____________________________________________________________________________________

Tashuvchi ___________________________________________________________________________

__________________________________________________________________________________

(nomi, yuridik manzili, bank rekvizitlari yoki F.I.Sh.)

Toʻlovchi __________________________________________________________________________

____________________________________________________________________________________

(nomi, yuridik manzili, bank rekvizitlari)

Infraratuzilma xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning raqami va sanasi (mavjud boʻlsa) ___________________________________________________

Toʻlovchining kodi _____________________________________________________

Qatnov turi __________________________________________________________

Mazkur infratuzilma xizmatlaridan foydalanish huquqi uchun buyurtmanoma bilan buyurtmanoma beruvchi:

1) qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga javob berishini;

2) qonunchilik talablariga rioya qilish majburiyatini zimmasiga olishini;

3) infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning shartlarini va infratuzilma uchastkalarining texnik xususiyatlari talablarini qabul qilishini;

4) oʻtkazuvchanlik qobiliyatining oʻziga ajratilgan qismidan Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasiga kirish va uning xizmatlaridan foydalanish qoidalari talablariga muvofiq foydalanishini;

5) xavfli yuklar tashuvlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardan kelib chiqadigan talablar bilan tanishganini va xavfli yuklarni tashish uchun oʻtkazuvchanlik qobiliyatidan foydalanishda (oʻtkazuvchanlik qobiliyatidan xavfli yuklarni tashish uchun foydalanmoqchi boʻlganda) ularga rioya qilish majburiyatini zimmasiga olganini;

6) bankrot emasligini;

7) oʻtkazuvchanlik qobiliyatining ulushini ajratish uchun unda huquqiy toʻsiqlar mavjud emasligini;

8) infratuzilma xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha majburiyatlarni taʼminlashi yuzasidan kafolat berishini, xususan:

tashish jarayonini tashkil etishda tashuvchi tomonidan harakat xavfsizligi talablariga rioya etilishi taʼminlanishini;

tashuvchi tomonidan qonunchilik hujjatlarida va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan, temir yoʻl transportining avariyasiz ishlashini, harakat xavfsizligini, mehnatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablarini tartibga soladigan talablarga rioya etilishi taʼminlanishini;

infratuzilma xizmatlaridan foydalanishning ustuvorligini tasdiqlaydi.

Buyurtmanomaga ilova qilingan __ varaqda, ___ nusxada boʻlgan hujjatlarning (maʼlumotlarning) toʻliqligi va ishonchliligini tasdiqlayman:

1. ________________________________________________________.

2. ________________________________________________________.

Tashuvchi ___________________________________________________________________________

(F.I.Sh. vakolatli vakil imzosi)

M.Oʻ.

20 __ yil “____” ________________

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2025-y., 09/25/723/1054-son)