Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAZORAT ORGANLARI FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRUVChI RESPUBLIKA KENGAShI HUZURIDA TEKShIRILAYOTGAN XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLAR ShIKOYATLARINI QABUL QILISh GURUHINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-iyuldagi 358-sonli “Respublika komissiyalari va kengashlari tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tekshirishlarni tashkil etishni tartibga solish va takomillashtirish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, nazorat organlari tomonidan tekshirishlar oʻtkazishda keng oshkoralikni taʼminlash va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (bundan keyin Kengash deb ataladi) huzurida 3 nafar xodimdan iborat, tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar shikoyatlarini qabul qilish guruhi (bundan keyin Guruh deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Guruhning shtatlar jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
belgilangan qonun hujjatlarini buzgan holda tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning shikoyatlarini “ishonch telefoni” orqali qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish;
tushgan shikoyatlarni ularning ishonchliligini tekshirish uchun Kengashning ishchi organiga va ular boʻyicha qaror qabul qilish uchun Kengashga yetkazish;
belgilangan qonun hujjatlarini muntazam buzayotgan nazorat organlarini va mansabdor shaxslarni aniqlash maqsadida tushayotgan shikoyatlarni tahlil qilish, umumlashtirish va turkumlash, ular boʻyicha Kengashga tegishli axborot taqdim etish;
belgilangan tartibni buzgan holda oʻtkazilayotgan tekshirishlarni Kengash qarorlari asosida toʻxtatish toʻgʻrisida koʻrsatmalar tayyorlash, ijro etish uchun ularni nazorat organlariga joʻnatish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tashkil etilayotgan Guruh xodimlarini taʼminlash va uni texnika bilan jihozlash uchun Vazirlar Mahkamasiga zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Apparati Ishlar Boshqarmasi Guruhni joylashtirish va uning moddiy-texnika taʼminoti masalalarini bir hafta muddatda hal qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
Kengashning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridagi hududiy komissiyalari huzurida “ishonch telefoni” tashkil etsin, ularning faoliyatini Guruhga va Kengashning ishchi organiga boʻysundirsin. Hududiy komissiyalar huzurida bittadan qoʻshimcha shtat uchun davlat soliq xizmati organlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnikaviy taʼminlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlar ajratsin;
Kengashning ishchi organi zimmasiga xoʻjalik yurituvchi subyektlardan nazorat organlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan “ishonch telefoni” orqali tushayotgan shikoyatlarni tekshirish funksiyasini yuklasin. Ushbu maqsadlar uchun uning xodimlari sonini koʻpaytirsin va unga tushayotgan shikoyatlarni tezkorlik bilan tekshirish uchun avtotransport biriktirib qoʻysin. Qoʻshimcha xodimlar va avtotransport xarajatlarini davlat soliq xizmati organlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnikaviy taʼminlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirsin.
7. “Oʻzteleradio” kompaniyasi Kengashdan tushadigan “ishonch telefoni” toʻgʻrisidagi, shuningdek nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan buzilishlar haqidagi axborotlarning haq undirmasdan muntazam yoritib borilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 22-aprel,
192-son
Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar shikoyatlarini qabul qilish guruhining
ShTATLAR JADVALI
|
Lavozimlar nomi |
Shtatlar soni |
Tarif setkasi boʻyicha razryad |
| Guruh rahbari | 1 | 17 |
| Bosh mutaxassis | 1 | 16 |
| Yetakchi mutaxassis | 1 | 15 |
|
JAMI: |
3 | |