Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
SHAHARLARDA YOʻL QURILISHINI TASHKIL ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH BORASIDAGI QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Toshkent shahri, Samarqand viloyati va boshqa bir qancha viloyatlarning hokimliklari shaharlarni rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish, arxitektura va tarixiy-madaniy yodgorliklarni qayta tiklash, transport magistrallari qurish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini joylashtirish boʻyicha ishlarni shahar qurilishi talablarini qoʻpol ravishda buzgan holda, shaharlarning istiqbolli bosh rejalarini aniq-puxta ishlab chiqmasdan, aholi punktlarini zarur loyiha-rejalashtirish hujjatlari bilan taʼminlamasdan amalga oshirayotganligi yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan faktlar deb hisoblansin.
Qayd etilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublikaning shahar qurilishiga oid qonun hujjatlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 26-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida arxitektura va shahar qurilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2595-sonli Farmoniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qatʼiy rioya etishlari ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmayapti.
Shahar qurilishida tegishli tartib oʻrnatish va ularning uzoq istiqbolga moʻljallangan kompleks rekonstruksiya qilinishini taʼminlash, shahar markazlari va arxitektura komplekslari qurilishi bosh rejalarida shaharlarning transport magistrallari va koʻcha-yoʻl tarmoqlarini kompleks rivojlantirish boʻyicha qabul qilinadigan loyihalar sifatini oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi talablariga, shahar qurilishining tasdiqlangan norma va qoidalariga rioya etilishi uchun masʼuliyatni kuchaytirish maqsadida:
1. Shaharlar va aholi punktlarining istiqbolli qurilishida koʻplab magistral yoʻllar va koʻchalarda, hatto chorrahalarda eng avvalo uzoqni oʻylamasdan, vaqtinchalik manfaatlarni koʻzlab beshinam umumiy ovqatlanish nuqtalari va turli xil gazakxonalar shahar qurilishi va arxitektura normalari, kommunikatsiya, transport va sanitariya talablari, istiqbolli qurilish rejalari bilan aslo bogʻlanmagan holda qurib tashlanishi mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan amaliyot deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, transport magistrallari va tizimlarining chizmalari maqbullashtirilgan holda shaharlarning transport infratuzilmasi yangi qurilishi, uni rekonstruksiya qilish va yangilash faqat shaharlar va aholi punktlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalari asosida va Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi PF-5483-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)
3. Quyidagilar transport magistrallari va tizimlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyihachilar etib tayinlansin:
Toshkent va Samarqand shaharlarida, Toshkent viloyatida —“ToshkentboshplanLITI” loyiha instituti;
Oldingi tahrirga qarang.
viloyat markazlari va shahar aholi punktlarida — “OʻzshaharsozlikLITI” DUKloyiha instituti;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 19-maydagi PQ-1339-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 20-son, 151-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
qishloq aholi punktlarida — “Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyiha-qidiruv instituti.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-yanvardagi PQ-1049-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 5-son, 36-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi:
uch oy muddatda “ToshkentboshplanLITI” instituti bilan birgalikda Toshkent shahrining transport infratuzilmasini maqbullashtirish va yangilash boʻyicha loyihalarga tuzatishlar kiritsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin;
bir oy muddatda ilovaga* muvofiq respublika shaharlarida transport infratuzilmasini ishlab chiqish va yangilash jadvali boʻyicha takliflar tayyorlasin hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. Oʻzbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan jadvalga binoan ilovada koʻrsatilgan shaharlarda transport infratuzilmasini maqbullashtirish va yangilash boʻyicha loyihalarga tuzatishlar kiritsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 26-aprel,
PQ-62-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 17-18-son, 129-modda; 2009-y., 5-son, 36-modda; 2010-y., 20-son, 151-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son)