Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 26-dekabrda 2151-6-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 26-iyundagi 147-mh-sonli “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3250, 26.06.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi OʻRQ-497-son “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yil 29-oktabrdagi 232-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2151, 2010-yil 29-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 44-45-son, 390-modda) bilan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-dekabr,
567-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 26-dekabrdagi 567-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Malaka komissiyalari:
notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan;
sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan;
notarius yordamchisi lavozimida kamida uch yil ishlagan;
adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan;
malaka imtihonini topshirgan, lekin notarius lavozimida uch yil mobaynida ishlamagan shaxslardan (talabgorlardan) malaka imtihonini qabul qiladilar.”.
2. 9-bandning ikkinchi xatboshisidagi “oʻn besh” degan soʻzlar “yetti” degan soʻz bilan almashtirilsin.
3. 12-bandning oʻn ikkinchi xatboshisidan “, notariuslar tomonidan gʻayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etilganligi holatini muhokama qilish” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
4. IV bobning nomidagi “Talabgorni” degan soʻz “Stajirovkani oʻtagan talabgorni” degan soʻzlar bilan almashtirsin.
5. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Stajirovkani oʻtagan talabgor malaka imtihonini topshirgunga qadar Notarius stajorining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2149, 2010-yil 20-oktabr) muvofiq stajirovka natijalari boʻyicha malaka komissiyasiga hisobot beradi.”.
6. 19-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Malaka komissiyasi stajirovkani oʻtagan talabgorning hisobotini eshitish davomida Notarius stajorining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2149, 2010-yil 20-oktabr) talablari buzilganlik holatini aniqlasa, bu toʻgʻrisida komissiya majlisining bayonnomasida qayd etib oʻtadi. Malaka komissiyasi raisi ushbu holat yuzasidan tegishli choralar koʻrish, shu jumladan aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq tegishli javobgarlikka tortish toʻgʻrisida adliya boshqarmasi rahbariga taklif kiritadi.”.
7. 21-bandda:
birinchi xatboshidan “stajirovka oʻtagan joydagi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
beshinchi va toʻqqizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
oltinchi — oʻninchi xatboshilar beshinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom 1-bandining uchinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslardan (talabgorlardan) mazkur bandning yettinchi xatboshisida nazarda tutilgan hujjatlar talab etilmaydi.”.
8. 25-bandning ikkinchi xatboshisidagi “bir yil” degan soʻzlar “olti oy” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
9. 27-bandning ikkinchi xatboshisidagi “oʻn” degan soʻz “besh” degan soʻz bilan almashtirilsin.
10. 32-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“32. Malaka imtihoni adliya boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatdagi savollardan tuzilgan imtihon biletlari asosida oʻtkaziladi.”.
11. 33-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“uyali telefon va boshqa aloqa hamda telekommunikatsiya vositalari, kitob va shpargalkalardan foydalanish;”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Talabgorning mazkur qoidaga amal qilmasligi uni malaka imtihoni topshirishdan chetlashtirish uchun asos boʻladi. Ushbu holat komissiya majlisining bayonnomasida aks ettiriladi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 10/18/2151-6/2379-son)