Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-iyuldagi 508-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-son Farmonini bajarish yuzasidan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat test markaziga abituriyentlarning oliy oʻquv yurtlariga sifatli qabul qilinishini taʼminlash, mutaxassislarni, shuningdek taʼlimning barcha turlari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini tayyorlash sifatini, respublika taʼlim muassasalarida test va reyting ballarining xolisonaligini nazorat qilish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olish, kadrlar tayyorlash sifati va oʻquv jarayoni samaradorligi xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
abituriyentlar, oʻquvchilar, talabalar bilimlarining Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlariga va davlat talablariga muvofiqligini tahlil qilish;
test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini taʼminlash;
uzluksiz taʼlim tizimida band boʻlgan pedagoglar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va rahbar xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish;
idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, taʼlim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish, taʼlim muassasalari reytingini aniqlash;
Vazirlar Mahkamasining Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi funksiyalarini bajarish;
xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni eʼtirof etish va nostrifikatsiyalash (tengligini aniqlash) tartibi amalga oshirilishini tashkil etish va taʼminlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi xodimlarining cheklangan umumiy soni 104 nafar etib, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 89 nafar etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktoriga, zarurat boʻlganda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat test markazi tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 14-maydagi 258-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 5-son, 28-modda) 3 va 5-bandlari, 6-bandining birinchi xatboshi va 7-bandi hamda ushbu qarorga 3-ilovaning 3-bandi toʻqqizinchi xatboshi, shuningdek 4 va 5-ilovalar;
Vazirlar Mahkamasining “Davlat test markazi tarkibida Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va taʼlim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1998-yil 11-martdagi 109-son qarori 1-bandining ikkinchi—yettinchi xatboshi, 3 va 6-bandlari hamda mazkur qarorga 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 24-iyun,
293-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Markaz oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Markaz oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
4. Markaz faoliyatini moliyalashtirish, shuningdek xodimlar mehnatiga haq toʻlash Markazga ajratiladigan mablagʻlar doirasida davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
5. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Markazning vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublika taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olish, kadrlar tayyorlash sifati va oʻquv jarayoni samaradorligi xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
abituriyentlar, oʻquvchilar, talabalar bilimlarining Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlariga va davlat talablariga muvofiqligini tahlil qilish;
qobiliyatli yoshlarni izlash va tanlash tizimini takomillashtirish;
murakkablik darajasi taʼlim dasturlariga muvofiq boʻlgan test materiallarini ishlab chiqish hamda ular asosida taʼlim muassasalariga kirayotgan abituriyentlarni test sinovlaridan oʻtkazish;
test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini taʼminlash;
taʼlim va oʻqitish sifatini, test baholari va reyting ballarining xolisonaligini tekshirishni tashkil etish va nazorat qilishni taʼminlash;
uzluksiz taʼlim tizimida band boʻlgan pedagoglar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va rahbar xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish;
idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, taʼlim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish, taʼlim muassasalari reytingini aniqlash;
pedagog kadrlar va taʼlim muassasalari attestatsiyasini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha taʼlim tizimi rahbar organlari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
Vazirlar Mahkamasining Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi funksiyalarini bajarish;
Vazirlar Mahkamasining Nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi sifatida nodavlat taʼlim muassasalariga litsenziyalarni rasmiylashtirish;
pedagoglar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va rahbar kadrlarni, shuningdek taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish uchun talablar va mezonlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;
xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni eʼtirof etish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini aniqlash) tartibi amalga oshirilishini tashkil etish va taʼminlash;
davlat taʼlim standartlari va davlat talablarini, shuningdek ular asosida taʼlimning barcha turlari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini ularni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun ekspertizadan oʻtkazish;
kadrlar tayyorlash sifati monitoringi tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
respublika hududida xorijiy taʼlim muassasalarining taʼlim faoliyatini yuritish huquqiga litsenziyalar (ruxsatnomalar) berishda ekspertiza oʻtkazish;
Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
7. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi va qoidalari toʻgʻrisidagi nizomlarga takliflarni ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda test sinovlari natijalarini baholash mezonlarini ishlab chiqadi;
murakkablik darajasi taʼlim dasturlariga muvofiq boʻlgan test materiallarini ishlab chiqadi va ular asosida taʼlim muassasalariga kirayotgan abituriyentlarni test sinovlaridan oʻtkazadi;
oʻquvchilar va talabalar bilimlarining joriy va yakuniy baholarini tahlil qilish asosida test va reyting ballarining xolisonaligini, respublikaning barcha taʼlim muassasalarida taʼlim, oʻqitish, oʻquv rejalari va dasturlari sifatini baholaydi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
test sinovlaridan oʻtuvchi shaxslar uchun oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqadi va nashr qiladi;
test materiallarini tayyorlash va test sinovlarini tashkil etishda qatnashadigan shaxslarni oʻqitishni va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi;
jahon tajribasini oʻrganish asosida test sinovlari texnologiyasini takomillashtiradi;
test materiallarini ishlab chiqishda hamda ulardan foydalanishda taʼlim muassasalariga va boshqa muassasalarga maslahat yordami koʻrsatadi;
test sinovlari tartibotlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan test materiallari mazmunining maxfiyligini saqlash boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini bajaradi;
tashkilotlar va muassasalarning buyurtmanomalariga binoan test sinovlarini oʻtkazish uchun toʻlov normativlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
taʼlim muassasalaridagi test sinovlari yakunlarini umumlashtiradi va oʻqitish sifatini takomillashtirish ishlarida foydalanish uchun ularni manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuboradi;
test sinovlari oʻtkazish masalalari bilan shugʻullanuvchi xorijiy taʼlimni boshqarish organlari va tashkilotlari bilan bevosita aloqalar oʻrnatadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlari asosida ular bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
attestatsiyadan oʻtkazish va kadrlar tayyorlash sifatining ahvoliga doir masalalar boʻyicha muntazam ravishda ekspert xulosalari, hisobotlar, tahliliy va maʼlumotnoma materiallar tayyorlaydi hamda ularni ishda foydalanish uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga, manfaatdor vazirliklar va idoralarga yuboradi;
pedagoglar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va rahbar kadrlarni, shuningdek taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish jadvallarini tuzadi hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni oʻz vaqtida bartaraf etish ustidan nazoratni tashkil qiladi;
taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyadi;
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi 307-sonli qaroriga asosan oʻn sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 47-son, 489-modda)
taʼlim muassasalarining maqomi va yoʻnalishlarini oʻzgartirish, shuningdek oʻz faoliyatida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha belgilangan tartibda zarur takliflar kiritadi;
idoraviy mansubligidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, taʼlim muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish, tugatish) hamda ularning maqomini qayta koʻrib chiqish boʻyicha materiallar ekspertizasini va tegishli xulosalar tayyorlashni amalga oshiradi.
III. Markazning huquqlari va javobgarligi
8. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun vazirliklar, idoralar, taʼlim muassasalaridan zarur maʼlumotlar va materiallarni olish;
taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan taʼlim toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan holda qabul qilingan buyruqlar, farmoyishlar va boshqa qarorlarning amal qilishini oʻz vakolatlari doirasida toʻxtatib qoʻyish;
taʼlim muassasalarida taʼlim hamda oʻquvchilar va talabalarni oʻqitish sifatini, taʼlimning barcha turlari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarining muvofiqligini belgilangan tartibda tekshirish;
shartnoma asosida ilmiy-metodik va axborot konsalting xizmatlari koʻrsatish;
Markazga yuklangan vazifalarni hal etish uchun olimlar, yetakchi pedagog-mutaxassislar va xorijiy ekspertlarni jalb etish, shuningdek ixtisoslashtirilgan, maqsadli va vaqtinchalik ilmiy-tadqiqot guruhlari va ijodiy guruhlar tashkil etish;
oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar va idoralar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatish;
taʼlim va kadrlar tayyorlash sifati muammolari boʻyicha xalqaro konferensiyalar, kongresslar, simpoziumlar va yigʻlishlar ishida ishtirok etish, shuningdek davlatlararo va hukumatlararo hamkorlik masalalari boʻyicha muzokaralarda qatnashish.
9. Markaz abituriyentlarning yuqorida koʻrsatib oʻtilgan oʻquv yurtlariga sifatli qabul qilinishi taʼminlanishi, mutaxassislarni, taʼlimning barcha turlari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini tayyorlash sifati, respublika taʼlim muassasalarida yakuniy testlar va reyting baholarining xolisonaligi nazorat qilinishi uchun javob beradi.
10. Markaz oʻz vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun bajarish majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.
Markaz, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birga qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
Markaz Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
IV. Markaz faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
12. Markazni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor boshqaradi.
(12-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
Direktorning ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan direktor oʻrinbosari — Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va taʼlim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi boshligʻi boʻladi.
Direktor maqomiga koʻra Vazirning birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz direktorining oʻrinbosarlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan.
(12-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
13. Markaz direktori:
Markaz xodimlari va uning hududiy vakillari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Markaz faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Markazning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Markaz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
14. Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va taʼlim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi shtatlari asosan ilmiy darajaga, ilmiy-pedagogik stajga va kamida 5 yil metodik ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar bilan toʻldiriladi.
15. Markazda 15 kishi — Markazning direktori, direktor oʻrinbosarlari, boʻlim rahbarlari va yuqori malakali xodimlaridan iborat tarkibda Ilmiy-metodik kengash (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) tashkil etiladi. Kengashning shaxsiy tarkibi direktor buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Kengash mazkur Nizomga muvofiq Markazga yuklangan vazifalarni ilmiy va normativ-huquqiy taʼminlashning asosiy masalalarini koʻrib chiqadi.
Kengash qarorlari direktor buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
16. Markaz apparati tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
17. Mazkur Nizomga oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
18. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining tuzilmasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 289-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda; 2011-y., 47-son, 489-modda)