Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-aprel,
234-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-apreldagi 234-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ichki ishlar organi xodimi (keyingi oʻrinlarda xodim deb ataladi) yoki uning yaqin qarindoshlarining (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻil va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari) mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibini belgilaydi.
2. Xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrni xodimning xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida yetkazilgan taqdirdagina qoplanadi.
2-bob. Zararni qoplash masalasini koʻrib chiqish tartibi
3. Mazkur Nizomni amalga oshirish maqsadida xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni oʻrganish boʻyicha ichki ishlar organlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda doimiy komissiyalar tuziladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Komissiya tarkibiga ichki ishlar organining tegishli xizmatlari xodimlari kiritiladi va komissiya tarkibi ichki ishlar organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
5. Zarar oʻrnini qoplash boʻyicha tegishli hujjatlarni yigʻish va rasmiylashtirish ichki ishlar organlarining kadr xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun ichki ishlar organi rahbariga bildirgi (ariza) bilan murojaat qiladi.
7. Mol-mulkka yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash masalasini hal qilish uchun kadr xizmatlari tomonidan komissiyaga:
a) mol-mulkiga zarar yetkazilgan xodimning zarar oʻrnini qoplash haqidagi bildirgisi yoki yaqin qarindoshlarining arizasi;
b) zarar yetkazilgan holatlar boʻyicha tekshiruv xulosasi;
v) zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
8. Ichki ishlar organi kadr xizmatlari tomonidan bildirgi (ariza) uch kun muddatda komissiyaga taqdim etiladi.
9. Hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab oʻn besh kun muddatda komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
10. Kelib tushgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha zarar qoplanishi yoki rad etilishi toʻgʻrisida komissiyaning qarori qabul qilinadi va ichki ishlar organi rahbari tomonidan tasdiqlangan bayon bilan rasmiylashtiriladi.
11. Komissiya qarori uch kun muddatda manfaatdor shaxslarga yetkaziladi.
12. Komissiya raisi va aʼzolari zararni qoplash toʻgʻrisidagi komissiya qarorining qonuniyligi va uni toʻgʻri qabul qilinganligiga masʼul hisoblanadi.
3-bob. Zararni qoplash tartibi
13. Etkazilgan zararning haqiqiy summasini aniqlash, ichki ishlar organi tomonidan baholash tashkilotini jalb qilgan holda, mol-mulkiga zarar yetkazilgan shaxsning ishtirokida amalga oshiriladi. Etkazilgan zarar summasi zararni qoplash vaqtida amal qilayotgan bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
14. Hisob-kitoblar naqd yoki pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin. Zarar natura shaklida, teng mulkni berish, shikastlanganini taʼmirlash yoki boshqa koʻrinishlarda qoplanishi mumkin.
Mazkur Nizomda nazarda tutilgan toʻlovlar ichki ishlar organlarining moliya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Etkazilgan zarar oʻrnini qoplash boʻyicha tegishli qaror qabul qilingandan soʻng, ichki ishlar organlari tomonidan oʻn kun muddatda manfaatdor shaxslarga yetkazilgan zarar qoplab berilishi lozim.
16. Zararni qoplash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.
4-bob. Zararni aybdor shaxslardan undirish tartibi
17. Zararni qoplagan ichki ishlar organlari aybdor yuridik yoki jismoniy shaxslardan ushbu summalarni qonunchilikda belgilangan tartibda undirish choralarini koʻradilar.
18. Ichki ishlar organlari moliya xizmatlari tomonidan zarar qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatlar (toʻlov topshiriqnomasi, chiqim kassa orderlari, toʻlov vedomostlari, hisob-faktura va boshqalar) nusxalari ikki kun muddatda ichki ishlar organining yuridik xizmatiga, yuridik xizmat tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda daʼvo kiritish uchun oʻn kun muddatda yuboriladi.
19. Aybdor shaxslar mavjud boʻlganda ichki ishlar organining yuridik xizmatlari:
ayblanuvchilarga daʼvo va qarshi daʼvolar kiritish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda zarur hujjatlarni rasmiylashtiradilar;
sudlarda vakillikni taʼminlaydilar;
undirishga qaratilgan, lekin undirilmay qolgan (aybdor shaxs vafot etganda, birinchi guruh nogironlik roʻyxatiga kiritilgan hollarda) mablagʻlarni hisobdan chiqarish uchun sud qarorlari yoki boshqa tegishli hujjatlarni moliya xizmatiga taqdim etadilar.
20. Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash ushbu Nizomning ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Xodim yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha nizo va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 17-son, 297-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)