OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IQTISODIY ALOQALAR, INVESTITSIYaLAR VA SAVDO VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
QARORI
ELEKTRON ShAKLDAGI KONTRAKTLAR VA ELEKTRON TIJORATDA QOʻLLANILADIGAN HUJJATLARNING BOShQA NAMUNAVIY ShAKLLARINI TAYYoRLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 21-noyabrda 1740-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 12-iyuldagi 367-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1740-1, 12.07.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi, “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlarini amalga oshirish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 30-yanvardagi 21-sonli “Elektron tijoratni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 1-bandiga muvofiq hamda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron savdoni rivojlantirish maqsadida qaror qilamiz:
1. Elektron shakldagi kontraktlar va elektron tijoratda qoʻllaniladigan hujjatlarning boshqa namunaviy shakllarini tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E. GʻANIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-oktabr,
EG-01/10-5248-son
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi S. NOSIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-oktabr,
01-02/6-28-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-oktabr,
2007-55-son
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasining
2007-yil 5-oktabrdagi EG-01/10-5248, 01-02/6-28, 2007-55-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 5-oktabrdagi EG-01/10-5248, 01-02/6-28, 2007-55-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Elektron shakldagi kontraktlar va elektron tijoratda qoʻllaniladigan hujjatlarning boshqa namunaviy shakllarini tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 30-yanvardagi 21-sonli “Elektron tijoratni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda elektron shakldagi kontraktlar va elektron tijoratda qoʻllaniladigan hujjatlarning boshqa namunaviy shakllarini tayyorlash talablarini belgilaydi.
I. Elektron shakldagi kontraktlar va elektron tijoratni amalga oshirishda hujjatlarning boshqa namunaviy shakllariga qoʻyiladigan umumiy talablar
1. Elektron tijoratda kontraktlar tomonlarning kontrakt shartlarini kelishishi va elektron hujjatni elektron tijorat tomonlari oʻrtasida ularni almashish (nomuayyan shaxslar doirasiga yozish yoki joʻnatish) yoʻli bilan shakllantirish orqali rasmiylashtiriladi.
Elektron hujjatlarni shakllantirishda tomonlarning kelishuvi boʻyicha umumiy qabul qilingan va normativ huquqiy hujjatlarda belgilangan tijorat faoliyatida qoʻllaniladigan (xat, ogohlantirish, maʼlumot, roʻyxatli yozuv, oferta, aksept, shartnoma, bitim, bayonnoma va boshqa hujjat turlari), matnli yoki boshqa hujjatli maʼlumot (yozuv, xabar, fayl, sayt, maʼlumotlar bazasi, maʼlumotlar bazasida yozuv) aylanishi va elektron namoyishning har qanday mumkin boʻlgan shakllari (formatlar)dan foydalanilishi mumkin.
Elektron hujjatlarni shakllantirishda uning elektron namoyishida foydalaniladigan shakllar (formatlar) aniq uzatish va hujjat olish, uni qayta ishlash, hujjatning toʻliqligini va maqsadini tekshirish imkoniyati, saqlash va axborot tizimida qidirish, shuningdek joʻnatuvchining identifikatsiyasini, tuzish va olish vaqti, namoyish etish va hujjatli axborotni bir xilda tushunishni taʼminlashi kerak.
2. Elektron tijoratda kontraktlar va elektron tijoratni rasmiylashtirish va amalga oshirish bilan bogʻliq elektron hujjatlarning boshqa namunaviy shakllari mazmuni va shakli boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik subyektlari tomonidan tuziladigan eksport kontraktlari (shartnoma va bitimlar)ni roʻyxatga olish va import kontraktlari (shartnoma va bitimlar)ni ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (2006-yil 3-iyul, roʻyxat raqami 1588) va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
3. Elektron tijoratni amalga oshirishda qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat yoki tomonlarning kelishuvi hujjatni oʻz imzosi bilan tasdiqlashni talab qilsa, elektron hujjat agar elektron tijorat tomonlari Elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda ERI deb yuritiladi) oʻrnatish protsedurasi bajarganidan soʻng imzolangan deb hisoblanadi.
4. Elektron hujjat elektron tijorat tomonlari tarafidan tan olinadi, agar:
Elektron hujjatda ERI asilligi tasdiqlansa;
ERI kaliti sertifikati ERI asilligi tasdiqlanadigan vaqtda yoki elektron hujjatni imzolash vaqtida imzolash vaqtini aniqlovchi dalillar mavjud boʻlganda;
ERI elektron hujjatda ERI kaliti sertifikatida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalaniladi.
5. Qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat kontrakt yoki boshqa hujjat qogʻozda taqdim etilishini yoki saqlanishini talab qilgan holda, ushbu talab elektron hujjatga nisbatan bajarilgan hisoblanadi, agar:
ERI roʻyxatdan oʻtkazish Markazi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari boʻyicha elektron hujjatlarda ERI asilligi tasdiqlangan boʻlsa;
ERI roʻyxatdan oʻtkazish Markazi tomonidan ERI imzolangan qogʻozda elektron hujjatlar nusxalari guvohlantirilgan boʻlsa.
6. ERI hujjatda elektron hujjatning boshqa tomon yoki uchinchi shaxslar oldida toʻliqligi, aniqligi va hujjatli axborotini oʻzgarmasligini taʼminlovchi himoyalash protseduralari bilan funksional birlashishi mumkin.
7. Kontraktga qoʻshimcha talablar quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) kontrakt va tomonlarning kontrakt boʻyicha majburiyatlarini ijro etish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni imzolash usuli;
b) tomonlar oʻrtasida kontrakt boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishda elektron hujjatlarni almashish tartibi;
v) ERIdan foydalanish yoki hujjatni imzolagan vakolatli shaxsni identifikatsiyalash, shuningdek hujjatning aniqligini tekshirish tartibi;
g) elektron hujjatlarga havola va koʻrsatkichlar kontraktga kiritiladigan tomonlar belgilagan axborot tizimida mavjud yoki Internet tarmogʻidagi saytda, boshqa ochiq yoki korporativ tarmoqlarda belgilangan;
d) tomonlar yozishmalari tartibi yoki kontrakt boʻyicha majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq boshqa hujjatli axborotni saqlash;
e) tomonlarning oʻz personal maʼlumotlariga, yozishmalar va kontrakt boʻyicha majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq boshqa hujjatli axborotlarga kirishini taʼminlash tartibi.
8. Kontraktning baʼzi shartlari tomonlarning kelishilgan harakati boʻyicha belgilangan shaklda (formatda)gi tomonlarning birini axborot tizimidagi maʼlumotlar bazasiga kiritiladigan kontraktning ajralmas qismi sifatida alohida elektron hujjat bilan rasmiylashtirilishi mumkinligi kontraktda nazarda tutilishi mumkin.
9. Kontraktda tomonlar kontraktni imzolagandan va rasmiylashtirgandan keyin yuridik kuchga ega boʻlgan va bahslar yuzaga kelganda tomonlar unga havola etishi mumkin boʻlgan nusxa sifatida axborot tizimi maʼlumotlar bazasiga yoki boshqa ishonchli tomonga (Internet tarmogʻi orqali kirishni taʼminlash orqali) saqlash uchun yuborishi nazarda tutilishi mumkin.
Bunda kontrakt shartlariga qoʻshimcha ravishda quyidagilar kiritilishi lozim:
a) tomonlardan birining saqlash shartnomasini tuzish majburiyati va uni tuzish tartibi;
b) saqlash va saqlash uchun berilgan hujjatga tomonlarning kira olishi shartlari;
v) hujjatning joylashgan joyiga havola.
II. Kontraktdagi tomonlar toʻgʻrisida maʼlumot
10. Oʻz nomidan muayyan shaxslar doirasiga oferta yuborish yoki oferta taklif qilishda sotuvchilar, yetkazib beruvchilar, ijro etuvchilar va elektron tijoratning boshqa tomonlari oʻzi haqida axborot taqdim etishga majburdirlar.
11. Elektron tijoratda ishtirok etuvchi tomon toʻgʻrisidagi axborot quyidagi majburiy maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
a) yuridik yakka tartibdagi tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan toʻliq nomi yoki xususiy tadbirkorning familiyasi, ismi va sharifi;
b) yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning manzili va davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqida maʼlumot, soliq toʻlovchining identifikatsion raqami, elektron manzili, pochta manzili va telefoni hamda agar mavjud boʻlsa, saytining nomi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan holatlarda — litsenziya mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot (litsenziyalovchi organning nomi, uning muddati, litsenziya raqami);
g) taklif qilinadigan yoki buyurtma beriladigan mahsulotlar, ishlar yoki xizmatlar roʻyxati, ularni taqdim etish shartlari;
d) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida va savdo qoidalarida nazarda tutilgan holatlarda — mahsulotlar, ish va xizmatlarning sertifikatlanganligi toʻgʻrisida guvohnomalar;
e) hisob-kitob tartibi;
j) bank rekvizitlari;
z) elektron tijoratni rasmiylashtirish va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar;
i) ERI sertifikatining roʻyxat raqami, guvohnoma bergan markazning reyestridagi imzo kaliti sertifikatining amal qilishining boshlanish va tugash vaqti;
y) ushbu ochiq kalitli elektron raqamli imzo foydalaniladigan elektron raqamli imzo vositalarining nomi;
k) ERI sertifikatini beruvchi guvohnoma bergan ERIni roʻyxatdan oʻtkazish Markazining nomi va joylashgan joyi;
l) elektron hujjat elektron raqamli imzo bilan yuridik ahamiyatga ega boʻladigan munosabatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
12. Sotib oluvchi yoki buyurtmachi toʻgʻrisidagi axborot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan toʻliq nomi yoki xususiy tadbirkorning familiyasi, ismi va sharifi;
b) yuridik shaxs yoki xususiy tadbirkorning manzili va davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqida maʼlumot, soliq toʻlovchining identifikatsion raqami, elektron manzili, pochta manzili va telefoni hamda agar mavjud boʻlsa, saytining nomi;
v) isteʼmolchining shaxsiy maʼlumotlari toʻgʻrisida axborot;
g) elektron tijoratni amalga oshirishda zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar;
d) ERI sertifikatining roʻyxat raqami, guvohnoma bergan markazning reyestridagi imzo kaliti sertifikatining amal qilishining boshlanish va tugash vaqti;
e) ushbu ochiq kalitli elektron raqamli imzo foydalaniladigan elektron raqamli imzo vositalarining nomi;
j) ERI sertifikatini beruvchi guvohnoma bergan ERIni roʻyxatdan oʻtkazish Markazining nomi va joylashgan joyi;
z) elektron hujjat elektron raqamli imzo bilan yuridik ahamiyatga ega boʻladigan munosabatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
13. Elektron tijoratda isteʼmolchining shaxsiy maʼlumotlari toʻgʻrisidagi axborot, faqat ularsiz sotuvchi amalga oshirilayotgan elektron tijorat boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Isteʼmolchining shaxsiy maʼlumotlari toʻgʻrisidagi axborot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) familiyasi, ismi, sharifi;
b) telefon raqami;
v) elektron manzili (e-mail);
g) manzili (yetkazib berish, yashash);
d) bank hisob raqami, bank kartasi yoki boshqa toʻlov vositalarining rekvizitlari;
e) soliq toʻlovchining identifikatsion raqami;
j) elektron tijorat boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
14. Bankdan tashqari tizimda chakana toʻlovlarni amalga oshirishda mazkur Nizomning 11-bandda koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari quyidagi maʼlumotlar talab qilinadi:
a) koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar roʻyxati, ularni taqdim etish shartlari;
b) foydalanuvchilarni roʻyxatga olish tartibi;
v) hisob-kitob tartibi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda toʻlov oʻtkaziladigan tashkilot va/yoki toʻlov tizimi aʼzolarining litsenziyasi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot (litsenziya raqami, amal qilish muddati, litsenziyalovchi organning nomi).
15. Elektron tijorat tashkilotchisi toʻgʻrisida axborot ushbu Nizomning 11-bandida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarga qoʻshimcha ravishda elektron tijoratni amalga oshirish qoidalarini oʻz ichiga olishi kerak.
16. Ushbu Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan, elektron protseduralarni taʼminlash boʻyicha bitim tomonlariga xizmat koʻrsatuvchi davlat va boshqa nodavlat muassasa va tashkilotlari toʻgʻrisidagi axborot oʻz ichiga xizmatlardan foydalanish tartibi va qoidalarini, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda — litsenziya mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni (litsenziya raqami, amal qilish muddati, litsenziyalovchi organning nomi) olishi kerak.
III. Elektron tijorat doirasida amalga oshiriladigan elektron operatsiyalar va tadbirlar
17. Elektron tijorat tomonlari agarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oʻzgacha tartib belgilangan boʻlmasa, oʻzaro kelishgan holda quyidagilarni belgilaydi:
a) har qanday aloqa vositalari orqali elektron hujjatlarni almashish tartibini;
b) kontraktni tuzish boʻyicha harakatlarni amalga oshirish tartibi;
v) elektron imzoni oʻrnatish usuli va foydalanish tartibi;
g) ofertani joylashtirish, joʻnatish va qabul qilish tartibi;
d) akseptni joʻnatish va chaqirib olish tartibi;
e) axborotning aniqligini tekshirish tartibi;
j) tomonlarning axborot tizimini taʼminlash dasturlaridan foydalanish tartibi.
18. Elektron tijoratni rasmiylashtirish boʻyicha tomonlarning elektron protseduralari kontraktni toʻlaligicha yoki uning alohida shartlarini, tuzishning va elektron tijoratni amalga oshirishning (yozishuv) alohida elementlarini kelishish boʻyicha elektron hujjatlar almashinuvini oʻz ichiga olishi mumkin. Shuningdek, qonunda, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda yoki tomonlarning kelishuviga muvofiq, aniq turdagi hujjatlarning mazmunini rasmiylashtirish boʻyicha belgilangan talab va qoidalarga rioya etilishi lozim.
19. Elektron tijoratda elektron hujjatlarni (maʼlumotlarni) almashish boʻyicha tomonlarning elektron protseduralari sotuvchi tomonidan oferta tartibida taqdim etiladigan va agarda aksept shakli va uni yuborish protseduralari belgilangan boʻlsa, oluvchi (buyurtmachi) tomonidan hech qanday oʻzgartirish va qoʻshimcha shartlarsiz qabul qilinadigan kontraktni rasmiylashtirishni oʻz ichiga olishi mumkin. Bunda shartnoma turlari boʻyicha fuqarolik qonunchiligining barcha talablariga rioya etilishi lozim.
IV. Toʻlov tizimi subyektlari
20. Elektron bitim tomonlari elektron tijorat va toʻlov tizimi subyektlari oʻrtasida tuzilgan kelishuv belgilangan ularning majburiyatlari doirasida toʻlov tizimi subyektlari bilan hisob-kitobni amalga oshirishlari mumkin.
21. Toʻlov tizimidan foydalangan holda hisob-kitoblarni va bank operatsiyalarini amalga oshirish hamda umumiy tashkillashtirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid kelmasligi lozim.
V. Yakuniy qoidalar
22. Ushbu Nizom Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktori A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-oktabr
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-oktabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 480-modda)