Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 29-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 2-oktabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 2-oktabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilik Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining maqomi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy sud deb yuritiladi) doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi boʻlib, u qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi.
4-modda. Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari
Konstitutsiyaviy sud:
1) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
2) Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
3) Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
4) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini koʻrib chiqadi;
7) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
Konstitutsiyaviy sud fuqarolar va yuridik shaxslarning sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan, sudda koʻrib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi shikoyatlarini ham koʻrib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ham koʻradi.
Konstitutsiyaviy sud oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda boshqa sudlarning yoki oʻzga organlarning vakolatiga kiradigan barcha hollarda haqiqiy holatlarni aniqlash va tekshirishdan oʻzini tiyadi.
5-modda. Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi
Konstitutsiyaviy sud oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi huquqi uning tomonidan qonunlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) kiritish orqali amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sud oʻzi kiritgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish chogʻida ishtirok etish uchun oʻz vakilini tayinlaydi.
6-modda. Konstitutsiyaviy sudni saylash
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan mutaxassislar orasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilini qoʻshgan holda saylanadi.
Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sud rais va uning oʻrinbosarini qoʻshgan holda Konstitutsiyaviy sudning toʻqqiz nafar sudyasidan iborat boʻladi.
7-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddati
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanadi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi, qoida tariqasida, yetmish yoshni tashkil etadi.
8-modda. Konstitutsiyaviy sud hujjatlari va talablarining majburiyligi
Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir hamda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart.
Konstitutsiyaviy sudning normativ-huquqiy hujjatlarni, hujjatlarni va ularning koʻchirma nusxalarini taqdim etish, oʻzi koʻrib chiqayotgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar hamda maslahatlar berish, biror harakatni amalga oshirish haqidagi yoki amalga oshirishdan tiyilish toʻgʻrisidagi talablari ular yuborilgan barcha organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
9-modda. Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi
Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi ushbu Qonun, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Reglamenti bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Reglamenti Konstitutsiyaviy sudning ichki faoliyati bilan bogʻliq masalalarni tartibga soladi va uning majlisida qabul qilinadi.
10-modda. Konstitutsiyaviy sudning axborot tizimi
Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilishni va murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borishni, sud majlisida videokonferensaloqadan, shu jumladan mobil ilovadan foydalangan holda ishtirok etishni, sud majlislarini toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatishni taʼminlaydigan hamda boshqa vazifalarni amalga oshiradigan axborot tizimi yaratiladi.
2-bob. Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi
11-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimiga nomzodga nisbatan qoʻyiladigan talablar. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining malaka darajalari
Siyosat va huquq sohasi mutaxassisi boʻlgan, yuksak maʼnaviy fazilatlarga va zarur malakaga ega boʻlgan, oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga Oliy yoki Birinchi malaka darajalari beriladi. Oliy malaka darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Birinchi malaka darajasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan beriladi.
12-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining qasamyodi
Birinchi marta Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Konstitutsiyaviy sudning sudyasi vazifalarini halol va vijdonan bajarishga, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga, bunda faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga boʻysunishga tantanali qasamyod qilaman”.
Qasamyod Konstitutsiyaviy sudning sudyasi tomonidan Senatning mazkur sudya saylangan majlisida qilinadi.
13-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyat
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi senator, davlat hokimiyati vakillik organining deputati boʻlishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi siyosiy partiyaning aʼzosi boʻlishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa biron-bir faoliyat turi bilan shugʻullanishi mumkin emas.
14-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasini almashtirib boʻlmasligi
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi oʻz vakolatlari muddati davomida almashtirilmaydi. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ushbu Qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki toʻxtatib turilishi mumkin emas.
15-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining daxlsizligi
Konstitutsiyaviy sud sudyasi daxlsizdir. Konstitutsiyaviy sud sudyasining daxlsizlik kafolatlari ushbu Qonun va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi Konstitutsiyaviy sudning roziligisiz jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, shuningdek qamoqqa olinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga oʻta ogʻir jinoyat yoxud odamning oʻlimiga sabab boʻlgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik aybi qoʻyilgan hollardagina qoʻllanilishi mumkin. Mazkur qoida Konstitutsiyaviy sudning Konstitutsiyaviy sud sudyasi sifatida ishlagan davrida shunday jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sobiq sudyasiga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud sudyasini majburiy keltirish, ushlab turish, xuddi shuningdek uning shaxsiy ashyolarini, bagajini, transportini, uy-joyini, xizmat xonasini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini toʻxtatib turish
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Konstitutsiyaviy sudning qarori bilan toʻxtatib turilishi mumkin:
agar sudyaga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa yoxud u boshqa jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortilgan boʻlsa;
u sudya lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyat bilan shugʻullanganida;
u sudning qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilganida.
Konstitutsiyaviy sud sudyasi vakolatlarining toʻxtatib turilishi unga ish haqi toʻlashning toʻxtatib turilishiga olib kelmaydi va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum etmaydi, bundan ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan qamoqqa olish tanlangan hollar mustasno.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ularni toʻxtatib turish asoslari bekor boʻlguniga qadar toʻxtatib turiladi.
Sudyaning vakolatlarini tiklash Konstitutsiyaviy sud qarori bilan rasmiylashtiriladi.
17-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Senatning qarori bilan muddatidan ilgari tugatiladi:
u sudyalik qasamyodini buzganida;
u yozma ariza berganida;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganida;
sudya ogohlantirilganidan yoki uning vakolatlari toʻxtatilganidan keyin ham sudyalik lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyatni davom ettirganida;
sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra u uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifalarini bajarishga qobiliyatsiz boʻlganida;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganida;
u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganida;
u vafot etganida yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganida.
18-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari tugaganidan keyin uni ishga joylashtirish boʻyicha kafolatlar
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari tugaganidan keyin unga Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga saylanishiga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa, avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Vakolatlari muddati tugagan sudyaning boshqa ish taqdim etish toʻgʻrisidagi masala hal boʻlayotgan davrda, biroq uch oydan ortiq boʻlmagan muddatda oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
3-bob. Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari
19-modda. Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosarini saylash hamda ularni egallab turgan lavozimidan ozod qilish
Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaviy sud sudyalari orasidan besh yil muddatga saylanadi. Agar ularning Konstitutsiyaviy sudning sudyasi sifatidagi vakolatlari muddati tugashiga besh yildan kam qolgan boʻlsa, ular qolgan muddatga saylanadi.
Ayni bir shaxs Konstitutsiyaviy sud raisi yoki uning oʻrinbosari etib ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari yozma ariza bergan taqdirda, Konstitutsiyaviy sud tomonidan egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi.
20-modda. Konstitutsiyaviy sud raisining vakolatlari
Konstitutsiyaviy sud raisi:
Konstitutsiyaviy sudga rahbarlik qiladi va uning faoliyatini tashkil etadi;
Konstitutsiyaviy sud tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilingan masalalarning tayyorlanishiga rahbarlik qiladi;
Konstitutsiyaviy sudning majlislarini (bundan buyon matnda sud majlisi deb yuritiladi) chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Konstitutsiyaviy sud sudyalari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishini taʼminlaydi;
sud majlislarining qarorlarini va bayonnomalarini, shuningdek Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga oid boshqa hujjatlarni imzolaydi;
Konstitutsiyaviy sud devonining ishini tashkil etadi, uning xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
Konstitutsiyaviy sudni saqlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun budjet mablagʻlarini taqsimlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud raisi Qonunchilik palatasi va Senat, ularning organlari majlislarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida ishtirok etishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Konstitutsiyaviy sudning raisi yoʻqligida uning vakolatlarini rais oʻrinbosari amalga oshiradi.
4-bob. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplari
21-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligi, mustaqillik, kollegiallik, oshkoralik, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplaridir.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligi
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligi prinsipi, qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy prinsipning hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boshqa normalarining roʻyobga chiqarilishi asosida amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sud faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi.
23-modda. Konstitutsiyaviy sud va uning sudyalari mustaqilligi
Konstitutsiyaviy sud va uning sudyalari oʻz faoliyatida mustaqildir hamda faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga boʻysunadi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qaror qabul qilar ekan, oʻzining huquqiy nuqtai nazarini amaliy maqsadga muvofiqlik mulohazalaridan, siyosiy moyilliklar va boshqa tashqi taʼsirlardan xoli boʻlgan holda ifodalaydi.
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
24-modda. Kollegiallik
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish kollegial tarzda amalga oshiriladi.
25-modda. Oshkoralik
Sud majlislari ochiq oʻtkaziladi.
Davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni saqlash zarur boʻlgan taqdirda sudning yopiq majlisi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
26-modda. Taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
Taraflar koʻrib chiqilayotgan ish yuzasidan dalillar taqdim etish, iltimosnomalar bayon etish, tushuntirishlar berish, oʻz nuqtai nazarini himoya qilish boʻyicha teng huquqlar va imkoniyatlardan tortishuv asosida foydalanadi.
27-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlari yuritiladigan til
Konstitutsiyaviy sud ishlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yuritiladi.
Davlat tilini bilmaydigan sud majlisi ishtirokchisi oʻz ona tilida soʻzga chiqishi va tushuntirishlar berishi hamda tarjimon xizmatidan foydalanishi mumkin.
5-bob. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish shakllari. Konstitutsiyaviy sudning vakolatli tarkibi
28-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish shakllari
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish yozma va (yoki) elektron shaklda amalga oshiriladi.
Yozma va (yoki) elektron shaklda oʻtkaziladigan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishda qabul qilingan hujjatlar teng yuridik kuchga ega.
29-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini elektron shaklda yuritishning xususiyatlari
Konstitutsiyaviy sud ishlarini elektron shaklda amalga oshirishda taraflar va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari zarur maʼlumotlarni elektron shaklda taqdim etishga hamda olishga haqli.
Taraflar va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari sud majlisida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishda raqamli texnologiyalardan foydalanish kiberxavfsizlik talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
30-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning tashkiliy shakli
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan oʻz vakolatiga kiritilgan ishlarni sud majlislarida koʻradi hamda hal etadi.
Sud majlislari Konstitutsiyaviy sudning raisi tomonidan, u yoʻqligida Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari tomonidan, Konstitutsiyaviy sudning raisi va uning oʻrinbosari yoʻqligida yoki ular oʻz vazifalarini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda esa Konstitutsiyaviy sudning eng katta yoshli sudyasi tomonidan chaqiriladi.
31-modda. Konstitutsiyaviy sudning vakolatli tarkibi
Konstitutsiyaviy sud ishlarni sud majlisida koʻrishga Konstitutsiyaviy sudning kamida besh nafar sudyasi ishtirok etgan taqdirda vakolatli boʻladi.
32-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasini ishni koʻrishda ishtirok etishdan chetlashtirish
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi ishni koʻrishda ishtirok etishdan quyidagi hollarda chetlashtiriladi, agar:
koʻrib chiqish predmeti boʻlgan hujjatni tayyorlashda ilgari xizmat mavqeyi sababli ishtirok etgan boʻlsa;
ishda ishtirok etayotgan tarafning yoki boshqa shaxsning qarindoshi boʻlsa;
ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Konstitutsiyaviy sudning sudyasi ishni eshitish boshlanguniga qadar oʻzini oʻzi rad etishi toʻgʻrisida arz qilishi shart.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasini chetlashtirish masalasini koʻrish natijalari boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning majlisida ajrim chiqariladi.
6-bob. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari
33-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari
Taraflar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilaridir.
Sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani), Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, adliya vaziri, Hisob palatasi raisi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil ishtirok etishi mumkin. Ular koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
34-modda. Taraflar va ularning vakillari
Quyidagilar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishda taraflardir:
Konstitutsiyaviy sudga murojaat etgan davlat organi yoki mansabdor shaxs, fuqarolar va yuridik shaxslar;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi aniqlanishi yoki sharh berilishi lozim boʻlgan tegishli hujjatni qabul qilgan davlat organi yoki mansabdor shaxs;
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatida belgilangan masalalarni hal qilish oʻz vakolatiga kiritilgan davlat organi.
Taraflar Konstitutsiyaviy sudda shaxsan va (yoki) vakillari orqali ishtirok etishga haqli. Taraf bir yoki bir nechta vakilga ega boʻlishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan davlat organlari va yuridik shaxslarning rahbarlari Konstitutsiyaviy sudda lavozimi boʻyicha taraflarning vakili boʻlishi mumkin. Lavozimi boʻyicha taraflarning vakillari taraflarning manfaatlarini ishonchnomasiz ifoda etadi.
Ish boʻyicha tarafning vakili sifatida advokat ham ishtirok etishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga koʻra, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻradi.
35-modda. Taraflarning huquq va majburiyatlari
Taraflar sud majlisida ishtirok etishga, barcha ish materiallari bilan tanishishga, ulardan koʻchirmalar yozib olishga, koʻchirma nusxalar olishga, ish yuzasidan oʻz nuqtai nazarini bayon etishga, yozma fikr-mulohazalar taqdim etishga, ekspertiza tayinlash, Konstitutsiyaviy sudga guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislar va tarjimonlarni chaqirish haqida iltimoslar qilishga, ekspertlar va mutaxassislarning nomzodlarini taklif etishga, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga savollar berishga haqli.
Taraflar ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.
Taraflar Konstitutsiyaviy sud chaqiruviga binoan sud majlisida ishtirok etishi, tushuntirishlar berishi va sud majlisida raislik qiluvchining, Konstitutsiyaviy sud boshqa sudyalarining va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga javob berishi, sud majlisida raislik qiluvchining sud majlisi zalida tartibga rioya etish toʻgʻrisidagi farmoyishlariga boʻysunishi shart.
36-modda. Guvoh, uning huquq va majburiyatlari
Ishga taalluqli biror-bir holatdan xabardor har qanday shaxs guvoh boʻlishi mumkin.
Guvoh oʻz ona tilida koʻrsatuvlar berishga, tarjimon xizmatidan foydalanishga, oʻz iltimosiga binoan ishga qoʻshib qoʻyilishi mumkin boʻlgan yozma qaydlardan, hujjatlardan va boshqa materiallardan oʻz koʻrsatuvlarini berishda foydalanishga, oʻzining Konstitutsiyaviy sudga kelish bilan bogʻliq xarajatlarining oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Guvoh Konstitutsiyaviy sudning chaqiruviga binoan kelishi, koʻrilayotgan ish boʻyicha oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlar toʻgʻrisida haqqoniy koʻrsatuvlar berishi, oʻzida mavjud boʻlgan tegishli materiallarni sudning talabiga koʻra taqdim etishi, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga javob berishi shart.
Sud majlisida koʻrsatuvlar berishdan oldin guvoh bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida tilxat olib ogohlantiriladi.
37-modda. Ekspert, uning huquq va majburiyatlari
Ishning natijasidan manfaatdor boʻlmagan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan hal etilishi lozim boʻlgan masalalar borasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan va ekspert xulosasini berish uchun jalb etiladigan shaxs ekspert hisoblanadi.
Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli boʻlgan ish materiallari bilan tanishishga va ulardagi zarur maʼlumotlardan koʻchirmalar yozib olishga yoki koʻchirma nusxalar olishga, ekspert xulosasini berish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar oʻziga taqdim etilishi toʻgʻrisida iltimosnomalar kiritishga, sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga ekspert xulosasini berish uchun zarur boʻlgan savollarni berishga, oʻzi qilgan xarajatlarning oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Ekspert Konstitutsiyaviy sud tomonidan qoʻyilgan savollar boʻyicha xolis va asoslantirilgan xulosa berishi, Konstitutsiyaviy sud chaqiruviga binoan kelishi, oʻzi tayyorlagan xulosaning mazmunini tushuntirishi, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga haqqoniy javob berishi, ekspertizani oʻtkazish munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi shart.
Sud majlisida soʻzga chiqishdan oldin ekspert bila turib yolgʻon xulosa berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida tilxat olib ogohlantiriladi.
38-modda. Mutaxassis, uning huquq va majburiyatlari
Ishning natijasidan manfaatdor boʻlmagan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan hal etilishi lozim boʻlgan masalalar borasida maxsus bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan hamda dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashda maslahatlar (tushuntirishlar) berish yoʻli bilan koʻmaklashish hamda Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilmiy-texnika vositalarining qoʻllanilishida yordam koʻrsatish uchun jalb etiladigan shaxs mutaxassis hisoblanadi.
Mutaxassis Konstitutsiyaviy sudga oʻzining nima maqsadda chaqirilganligini bilishga, agar tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishni rad qilishga, oʻzi koʻrib chiqayotgan masalalarga taalluqli ish materiallari bilan tanishishga, oʻz fikrini bayon etishi uchun zarur boʻlgan savollarni konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan berishga, boshqa zarur axborotni olishga, ish boʻyicha ish yuritishda ishtirok etishi munosabati bilan oʻzi qilgan xarajatlarning oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Mutaxassis Konstitutsiyaviy sud chaqiruviga binoan kelishi, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining, shuningdek konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining savollariga haqqoniy javob berishi shart.
39-modda. Tarjimon, uning huquq va majburiyatlari
Ishning natijasidan manfaatdor boʻlmagan, tarjima qilish uchun zarur boʻlgan tillarni biladigan va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi konstitutsiyaviy sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada bilmaydigan hollarda sud majlisida ishtirok etuvchi va tarjima qilish uchun, xuddi shuningdek yozma hujjatlarni tarjima qilish uchun jalb etiladigan shaxs tarjimon hisoblanadi.
Tarjimon tarjima qilinayotgan soʻzlar va jumlalarning maʼnosini aniqlashtirish maqsadida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan savollar berishga, agar tarjima qilish uchun tegishli bilimga ega boʻlmasa, sud muhokamasida ishtirok etishni rad qilishga, ish boʻyicha ish yuritishda ishtirok etishi munosabati bilan oʻzi qilgan xarajatlarning oʻrni qoplanishi uchun haq olishga haqli.
Tarjimon Konstitutsiyaviy sudning chaqiruviga binoan kelishi, oʻziga topshirilgan tarjimani aniq, toʻliq va toʻgʻri bajarishi shart.
Tarjimani bajarishni boshlashdan avval tarjimon bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida tilxat olib ogohlantiriladi.
40-modda. Ekspertni, mutaxassisni va tarjimonni rad qilish asoslari
Ushbu Qonun 32-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar ekspertni, mutaxassisni va tarjimonni rad qilish uchun ham tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan rad qilishning asoslari mavjud boʻlgan taqdirda, ekspert, mutaxassis va tarjimon oʻzini oʻzi rad qilish haqida arz qilishi shart. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari ham shu asoslarga koʻra ularni rad qilish haqida arz qilishi mumkin.
Rad qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrish natijalari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud tomonidan ajrim chiqariladi.
7-bob. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishning umumiy qoidalari
41-modda. Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish asoslari
Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish huquqiga ega boʻlgan davlat organlarining va mansabdor shaxslarning murojaati, shuningdek fuqarolarning va yuridik shaxslarning shikoyatlari (bundan buyon matnda murojaat deb yuritiladi) Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish uchun asos boʻladi.
42-modda. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi
Quyidagilar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi;
Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
Senat aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil;
Konstitutsiyaviy sudning kamida uch nafar sudyasi, ushbu Qonun 101-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda.
Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sudda koʻrib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga haqli.
43-modda. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish shakli va murojaatga qoʻyiladigan talablar
Konstitutsiyaviy sudga murojaat yozma yoki elektron shaklda yuboriladi. Elektron shaklda yuborilgan murojaat elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Murojaatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi tekshirilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, u eʼlon qilingan manba, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining va qonunining sharh berilishi lozim boʻlgan qoidalari;
murojaatni Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqishning huquqiy asoslari;
qoʻyilgan masala yuzasidan murojaat qiluvchining nuqtai nazari va murojaatni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalariga havola qilingan holdagi huquqiy asoslantirish;
murojaat qiluvchining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri, pochta manzili yoki yashash joyi, vakili va uning vakolatlari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlar, bundan vakillik lavozim boʻyicha amalga oshiriladigan hollar mustasno;
ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarida ish sudda koʻrib chiqilganligi va sudda himoya qilishning barcha shakllaridan foydalanilganligi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Murojaatda murojaat qiluvchi ishni hal etish uchun zarur deb hisoblagan boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
44-modda. Murojaatga ilova qilinadigan hujjatlar
Murojaatga quyidagilar ilova qilinadi:
tekshirilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning yoki sharhlanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yoxud qonuni normasining matni;
taraf vakilining vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat, bundan vakillik lavozim boʻyicha amalga oshiriladigan hollar mustasno, shuningdek shaxsning Konstitutsiyaviy sudda vakil sifatida ishtirok etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari.
Konstitutsiyaviy sudga kollegial organ tomonidan murojaat qilingan taqdirda, mazkur organning tegishli qarori taqdim etiladi.
Murojaatga sud majlisiga chaqirilishi taklif qilinayotgan guvohlar, ekspertlar va mutaxassislarning roʻyxati, sud hujjatlarining nusxalari, shuningdek boshqa hujjatlar hamda materiallar ilova qilinishi mumkin.
8-bob. Protsessual muddatlar
45-modda. Ishni koʻrib chiqish muddatlari
Koʻrib chiqilayotgan ish yuzasidan Konstitutsiyaviy sud qarori murojaat koʻrib chiqishga qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmasdan qabul qilinadi.
46-modda. Protsessual muddatlarni hisoblash
Protsessual muddatlar oylar va kunlar bilan hisoblanadi. Protsessual muddatlarning oʻtishi kalendar sananing boshlanishi deb belgilangan kunning ertasidan boshlanadi.
47-modda. Protsessual muddatlarning tugashi
Oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddat oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi. Agar oylar bilan hisoblanadigan protsessual muddatning tugashi tegishli sanasi boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi.
Kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddat belgilangan muddatning oxirgi kunida tugaydi.
Protsessual muddatning oxirgi kuni ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelgan hollarda, undan keyingi birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.
9-bob. Konstitutsiyaviy sudda murojaatlar bilan ishlash, murojaatni dastlabki tarzda oʻrganish. Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilish toʻgʻrisidagi masalani hal etish tartibi va muddatlari
48-modda. Konstitutsiyaviy sudda murojaatlarni roʻyxatga olish
Kelib tushgan murojaat Konstitutsiyaviy sudning devonida (bundan buyon matnda Devon deb yuritiladi) roʻyxatga olinadi.
Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlmagan fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan Konstitutsiyaviy sudga taalluqli masala yuzasidan yoʻllangan murojaat tegishliligiga qarab, ushbu Qonun 42-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan subyektlardan biriga yuborilishi mumkin.
Fuqaroning yoki yuridik shaxsning murojaatidagi masala Konstitutsiyaviy sudga kiritilmagan hollarda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyekt tomonidan bu haqda muallif hamda Konstitutsiyaviy sud xabardor qilinadi.
Konstitutsiyaviy sudda murojaatlar bilan ishlash tartibi Konstitutsiyaviy sudning Reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.
49-modda. Murojaatni Konstitutsiyaviy sud sudyalari tomonidan dastlabki tarzda oʻrganish
Konstitutsiyaviy sudning raisi murojaatni uning ushbu Qonun talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan dastlabki tarzda oʻrganish uchun Konstitutsiyaviy sudning bir yoki bir nechta sudyasiga topshiradi.
Murojaatni dastlabki tarzda oʻrganish konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning majburiy bosqichi hisoblanadi va oʻrganish murojaat sudyaga (sudyalarga) topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatda oʻtkaziladi.
Dastlabki tarzda oʻrganish natijasi boʻyicha murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish haqida yoki koʻrib chiqish uchun qabul qilish toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining (sudyalarining) murojaatni dastlabki tarzda oʻrganish natijasi boʻyicha xulosasi yuzasidan Konstitutsiyaviy sud majlisida maʼruza qilinadi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish haqida yoki qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
50-modda. Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish
Konstitutsiyaviy sud quyidagi hollarda murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etadi, agar:
murojaat Konstitutsiyaviy sudga taalluqli boʻlmasa;
murojaat predmeti yuzasidan Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari qonuniy kuchga kirgan qaror chiqarilgan boʻlsa;
murojaat ushbu Qonun 42-moddasining birinchi qismida koʻrsatilmagan davlat organidan yoki shaxslardan kelib tushgan boʻlsa, bundan ushbu Qonun 48-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan murojaatlar mustasno;
fuqarolar yoki yuridik shaxslarning murojaati ushbu Qonun 102-moddasining birinchi qismida belgilangan muddatni oʻtkazib yuborib berilgan boʻlsa;
murojaat qiluvchi tomonidan ayni bir predmet yuzasidan ilgari berilgan murojaat chaqirib olingan va ish yuritish tugatilgan boʻlsa;
Konstitutsiyaviy sudda ilgari murojaat predmeti yuzasidan ish yuritish tugatilgan boʻlsa;
murojaatda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi tekshirilishi soʻralgan normativ-huquqiy hujjat bekor qilingan yoki oʻz kuchini yoʻqotgan boʻlsa, bundan mazkur normativ-huquqiy hujjatning tegishli munosabatlarga nisbatan qoʻllanilganligi natijasida huquqiy oqibatlar kelib chiqqan va (yoki) davom etayotgan hollar mustasno.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim murojaat kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oylik muddat ichida chiqariladi, chiqarilgan ajrimning koʻchirma nusxasi murojaat qiluvchiga besh kun ichida yuboriladi.
51-modda. Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilish
Konstitutsiyaviy sud ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda berilgan murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qiladi.
Murojaatni koʻrib chiqish uchun qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrim murojaat kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oylik muddat ichida Konstitutsiyaviy sud tomonidan chiqariladi.
Ajrimda ish boʻyicha maʼruzachi sudya koʻrsatiladi.
Chiqarilgan ajrim haqida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari ajrim qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida xabardor qilinadi.
52-modda. Ishlarni birlashtirish
Konstitutsiyaviy sud ayni bir murojaat predmeti boʻyicha bir necha ishni birgalikda koʻrib chiqish uchun bitta ish yuritishga birlashtirishga haqli.
Ishlarni birlashtirishga sud muhokamasi boshlanguniga qadar yoʻl qoʻyiladi.
Ishlarni birlashtirish toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sud tomonidan ajrim chiqariladi.
Birlashtirilgan ishlarni koʻrish muddati keyinroq koʻrib chiqishga qabul qilingan murojaat boʻyicha belgilanadi.
53-modda. Murojaatni chaqirib olish
Murojaat qiluvchi murojaatni ishni sud majlisida koʻrish boshlanguniga qadar chaqirib olishi mumkin.
Koʻrib chiqish uchun qabul qilingan murojaat chaqirib olingan taqdirda ish yuritish tugatiladi va bu haqda ajrim chiqariladi.
10-bob. Ishni sud majlisida koʻrib chiqish uchun tayyorlash
54-modda. Ishni sud majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash
Konstitutsiyaviy sudning raisi ishni sud majlisida koʻrib chiqishga tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi.
Maʼruzachi sudya (sudyalar) ishni sud majlisida koʻrib chiqishga tayyorlashda:
sud majlisi ishtirokchilarini, ishda ishtirok etishga jalb qilinadigan boshqa shaxslarni va organlarni aniqlaydi;
murojaat mavzusiga oid zarur hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni talab qilib olish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
zarur hollarda, soʻrovlar yuborish, ekspertlarni va mutaxassislarni jalb qilish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Konstitutsiyaviy sudning tegishli qarori loyihasini tayyorlaydi.
55-modda. Ishni koʻrib chiqish uchun tayyorlash muddatlari
Ishni sud majlisida koʻrib chiqish uchun tayyorlash, agar ishning xususiyatlaridan kelib chiqib, ushbu Qonunda boshqacha muddat va tartib belgilanmagan boʻlsa, murojaat qabul qilingan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatdan kechiktirmasdan amalga oshirilishi kerak.
56-modda. Ishni koʻrib chiqish uchun tayinlash
Ishni sud majlisida koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi ajrim sud tomonidan uni koʻrib chiqish uchun tayyorlash tamomlangan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmasdan chiqariladi.
Ajrimning koʻchirma nusxasi, agar ishning xususiyatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, taraflarga, sud majlisining boshqa ishtirokchilariga sud majlisi oʻtkaziladigan kundan kamida besh kun oldin yuboriladi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan ishni sud majlisida koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi xabarnoma uni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi koʻrsatilgan holda, agar ishning xususiyatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, sud majlisi oʻtkaziladigan kundan kamida besh kun oldin boshqa davlat organlariga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga yozma yoki elektron shaklda yuboriladi.
Sud majlisining sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi axborot Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
11-bob. Sud muhokamasi
57-modda. Sud majlisi oʻtkaziladigan joy
Sud majlisi Konstitutsiyaviy sud doimiy joylashgan yerda oʻtkaziladi.
Zarurat boʻlganda sud majlisi boshqa joyda ham oʻtkazilishi mumkin.
58-modda. Sud majlisi
Sud majlisi ushbu Qonunda belgilangan tartibga muvofiq oʻtkaziladi.
Sudning ochiq majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
Sud majlisi ishtirokchilari Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda tik turgan holda tushuntirishlar, koʻrsatuvlar beradi, iltimoslar qiladi va savollar beradi. Ushbu qoidadan chetga chiqishga faqat sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Konstitutsiyaviy sudning tashabbusiga yoki sud majlisi ishtirokchilarining iltimosiga koʻra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Ish ochiq sud majlisida koʻrilganda sud majlisi ishtirokchilari va zalda hozir boʻlganlar sud majlisining borishini qayd etishga, ovozli yozuvni amalga oshirishga haqli. Sud majlisini fototasvirga olishga, videoyozuvini amalga oshirishga, shuningdek uni radio va televideniye yoki Internet jahon axborot tarmogʻi orqali uzatishga sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Mazkur harakatlar sud majlisini oʻtkazishga xalaqit bermasligi kerak va sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan vaqt boʻyicha cheklanishi mumkin.
59-modda. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining sud majlisida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishini taʼminlash uchun mazkur shaxslar yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi boʻyicha sudlarning videokonferensaloqa tizimlaridan, shu jumladan mobil ilovadan foydalanishi mumkin.
Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sud konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining va ular vakillarining vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnomalar elektron shaklda yuborilishini taʼminlaydi.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etayotgan ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga ularning huquqlari, majburiyatlari tushuntirilganligi, shuningdek ekspertlar va tarjimonlar jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganligi audio- va videoyozuv vositasida qayd etiladi hamda bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
60-modda. Sud majlisida raislik qiluvchi va uning vakolatlari
Sud majlisida Konstitutsiyaviy sudning raisi, u yoʻqligida yoki uning topshirigʻiga binoan Konstitutsiyaviy sud raisining oʻrinbosari raislik qiladi, Konstitutsiyaviy sudning raisi va uning oʻrinbosari boʻlmagan yoki ular oʻz vazifalarini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda esa Konstitutsiyaviy sudning eng katta yoshli sudyasi raislik qiladi.
Sud majlisida raislik qiluvchi:
sud majlisiga rahbarlik qiladi;
muhokamaning har tomonlama, toʻliq va xolisona boʻlishini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradi;
sud majlisini ochadi, Konstitutsiyaviy sud tarkibini va qanday ish koʻrib chiqilishi lozimligini eʼlon qiladi, kim sud majlisi kotibi ekanligini, ishni koʻrib chiqishda taraflar, ularning vakillari, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon va sud majlisining boshqa ishtirokchilari sifatida kimlar ishtirok etayotganini maʼlum qiladi;
sud majlisiga kelgan guvohlarni ularning shaxsi aniqlanganidan keyin sud majlisi zalidan chiqarib yuboradi;
sud majlisining hozir boʻlgan ishtirokchilari shaxsini, taraflar vakillarining vakolatlari bor-yoʻqligini aniqlaydi;
sud majlisi ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;
tarjimonni bila turib notoʻgʻri tarjima qilganlik uchun, ekspertni bila turib yolgʻon xulosa berganlik uchun, guvohni bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantiradi;
taraflarga va ularning vakillariga ishning barcha holatlari boʻyicha tushuntirishlar berish, oʻz dalillarini asoslash va savollar berish uchun teng imkoniyatlar yaratadi;
sud majlisida tegishli tartibni taʼminlash choralarini koʻradi.
Sud majlisida raislik qiluvchi tarafning yoki uning vakilining, sud majlisi boshqa ishtirokchilarining soʻzini, agar soʻzga chiquvchi koʻrilayotgan masala predmetidan chetga chiqib ketsa yoxud shaklan yoki mazmunan qoʻpol mulohazalarga yoʻl qoʻysa, sud zalida belgilangan tartibni buzsa, toʻxtatib qoʻyishga haqli.
Sud majlisida raislik qiluvchi Konstitutsiyaviy sud sudyalarining maslahatxonadagi maslahatlashuvida raislik qiladi, ularning oʻz fikrini erkin va moneliksiz bildirishi imkoniyatini taʼminlaydi.
61-modda. Sud majlisida ishtirok etayotgan Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari
Sud majlisida ishtirok etayotgan Konstitutsiyaviy sud sudyasi quyidagilarga haqli:
taraflarga va ularning vakillariga hamda sud majlisining boshqa ishtirokchilariga savollar berishga;
sud majlisida muhokama qilinayotgan masalalarning mohiyati yuzasidan sud majlisi ishtirokchilaridan tushuntirishlar olishga;
koʻrilayotgan ish yuzasidan takliflar kiritishga;
protsessual masalalar boʻyicha oʻz fikrini bildirishga.
62-modda. Sud majlisining kotibi
Sud majlisining kotibi Konstitutsiyaviy sud raisi tomonidan Devon xodimlari orasidan tayinlanadi.
Sud majlisining kotibi:
sud majlisi ishtirokchilarining kelganligini tekshiradi, kelmaganligi sabablarini aniqlaydi va bu haqda axborot beradi;
sud majlisida raislik qiluvchining topshiriqlarini bajaradi;
sud majlisi bayonnomasini yuritadi va uning oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini taʼminlaydi;
sud majlisini oʻtkazish va ishni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni bajaradi.
63-modda. Sud muhokamasining bevositaligi va sud majlisining uzluksizligi
Konstitutsiyaviy sud ishni koʻrib chiqish chogʻida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarini bevosita sud majlisida eshitadi, zarur hujjatlarni oʻqib eshittiradi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalarida va taraflarda mavjud boʻlgan hujjatlar, agar ularning mazmuni muhokama jarayonida ogʻzaki bayon qilinsa, oʻqib eshittirilmasligi mumkin. Biroq, agar Konstitutsiyaviy sudning sudyalaridan yoki sud majlisi ishtirokchilaridan birortasi ularning toʻliq yoki qisman oʻqib eshittirilishini talab qilsa, sud majlisida raislik qiluvchining qaroriga binoan oʻqib eshittirilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini sharhlash, Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan koʻrishi mumkin. Bu haqda Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarini xabardor qiladi. Agar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilaridan biri ishni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan koʻrishga qarshi eʼtiroz bildirsa, ish umumiy tartibda koʻrib chiqiladi. Konstitutsiyaviy sud ishni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan ushbu bobning qoidalariga muvofiq koʻrib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlarining va (yoki) boshqa hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni ogʻzaki eshituvlar oʻtkazmasdan koʻradi.
Har bir ish boʻyicha sud majlisi uzluksiz oʻtkaziladi, bundan majlis ishtirokchilariga dam olish uchun ajratilgan yoki sud muzokaralariga tayyorlash uchun zarur boʻlgan vaqt mustasno.
Taraflardan birining iltimosnomasiga koʻra boshqa taraf taqdim etgan materiallarni qoʻshimcha oʻrganish uchun, shuningdek majlisning borishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlar yuzaga kelgan taqdirda sud majlisida tanaffus qilinishi mumkin.
64-modda. Sud majlisi zalidagi tartib
Konstitutsiyaviy sud sudyalari sud majlisi zaliga kirayotganda va undan chiqayotganda sud majlisi zalida hozir boʻlganlarning barchasi oʻrnidan turadi.
Sud majlisi ishtirokchilari Konstitutsiyaviy sudga: “Hurmatli Konstitutsiyaviy sud” degan soʻzlar bilan murojaat etadi.
Sud majlisi zalida hozir boʻlganlar Konstitutsiyaviy sudga, majlis zalida hozir boʻlgan boshqa shaxslarga hurmat bilan munosabatda boʻlishi, tartibga rioya etishi va raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunishi shart.
Sud majlisida tartib buzilgan taqdirda, raislik qiluvchi tartibni buzgan shaxsni sud nomidan ogohlantiradi. Tartib takroran buzilgan taqdirda, mazkur shaxs raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilingan qarorni sud majlisi zalida hozir boʻlganlar tik turgan holda eshitadi.
65-modda. Sud majlisini keyinga qoldirish
Konstitutsiyaviy sud quyidagi hollarda sud majlisini keyinga qoldiradi, agar:
Konstitutsiyaviy sudning vakolatli tarkibi mavjud boʻlmasa;
sud majlisiga taraf, uning vakili, shuningdek mutaxassis, ekspert, tarjimon kelmaganda, agar ularning kelmasligi ishni mohiyati boʻyicha hal qilishga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa;
hujjatlar va boshqa yozma materiallar, agar ular ishni hal qilish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlsa, taqdim etilmasa yoki oʻz vaqtida taqdim etilmasa;
ishni koʻrishni keyinga qoldirish toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sudning sudyasi yoxud qoʻshimcha materiallarni talab qilib olish zarurligi munosabati bilan taraf, uning vakili iltimos qilsa;
ishni har tomonlama, toʻliq va xolisona koʻrib chiqishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa, shu jumladan sud majlisida tartib buzilsa.
Sud majlisini keyinga qoldirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Bunda Konstitutsiyaviy sud sud majlisi keyinga qoldirilayotgan sanani belgilaydi.
Koʻrib chiqilishi keyinga qoldirilgan ish boʻyicha sud majlisi boshidan yoki keyinga qoldirilgan joyidan boshlanadi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari eshitilgan guvohni, ekspertni, mutaxassisni takroran chaqirish faqat Konstitutsiyaviy sud tomonidan zarur deb topilgan taqdirda amalga oshiriladi.
66-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilariga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirish
Sud majlisida raislik qiluvchi taraflarga, ularning vakillariga, sud majlisining boshqa ishtirokchilariga ularning ushbu Qonunning 6-bobida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
67-modda. Taraflarning iltimosnomalari va ularni hal etish tartibi
Sud majlisida raislik qiluvchi ishni mohiyati boʻyicha koʻrish boshlanguniga qadar taraflardan ularda ishga taalluqli iltimosnomalar bor-yoʻqligini aniqlaydi.
Yozma yoki elektron iltimosnomalar sud majlisida oʻqib eshittiriladi va ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi, ogʻzaki iltimosnomalar sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi.
Konstitutsiyaviy sud taraflarning fikrlarini inobatga olgan holda iltimosnomani qanoatlantirish yoki uni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
68-modda. Ish yuritishni tugatish
Konstitutsiyaviy sud, agar sud majlisi davomida quyidagilar aniqlansa, ish yuritishni tugatadi:
murojaat Konstitutsiyaviy sudga taalluqli boʻlmasa;
konstitutsiyaviyligi tekshirilayotgan normativ-huquqiy hujjat bekor qilingan yoki oʻz kuchini yoʻqotgan boʻlsa, bundan mazkur normativ-huquqiy hujjatning tegishli munosabatlarga nisbatan qoʻllanilganligi natijasida huquqiy oqibatlar kelib chiqqan va (yoki) davom etayotgan hollar mustasno;
murojaat predmeti boʻyicha Konstitutsiyaviy sud tomonidan ilgari kuchga kirgan qaror chiqarilgan boʻlsa;
koʻrib chiqish uchun qabul qilingan murojaat murojaat qiluvchi tomonidan chaqirib olingan boʻlsa.
Ish yuritishni tugatish haqida Konstitutsiyaviy sud ajrim chiqaradi.
69-modda. Ish yuritishni tugatish oqibatlari
Ish yuritish tugatilgan taqdirda, ayni bir shaxs ayni bir predmet boʻyicha sudga takroran murojaat qilishi mumkin emas.
70-modda. Ish yuritishni toʻxtatib turish va tiklash
Konstitutsiyaviy sudning ishni yuritishiga oʻziga bogʻliq boʻlmagan toʻsqinlik qiluvchi holatlar yuzaga kelganda murojaat yuzasidan ish yuritish toʻxtatib turilishi mumkin. Konstitutsiyaviy sudning ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ajrimida ish yuritishni toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan holatlar koʻrsatilib oʻtiladi.
Ish yuritish toʻxtatib turilganda murojaatni koʻrib chiqish muddati ham toʻxtatib turiladi.
Ish yuritishni toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgach, ish yuritish Konstitutsiyaviy sudning ajrimiga asosan qayta tiklanadi.
Konstitutsiyaviy sud ish yuritishni toʻxtatib turish va uni tiklash toʻgʻrisida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarini xabardor qiladi.
71-modda. Ishni mohiyati boʻyicha koʻrishning boshlanishi
Ishni mohiyati boʻyicha koʻrish maʼruzachi sudyaning maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruzachi sudya murojaatning mohiyatini, Konstitutsiyaviy sud tomonidan ishni koʻrishning huquqiy asoslarini bayon etadi, shuningdek ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlashda koʻrilgan choralar toʻgʻrisida axborot beradi.
Maʼruzachi sudyaga raislik qiluvchi va sudyalar savollar berishga haqli.
72-modda. Taraflarning tushuntirishlari
Maʼruzachi sudyaning maʼruzasidan keyin Konstitutsiyaviy sud taraflarning, ular vakillarining ishning mohiyati boʻyicha tushuntirishlarini eshitadi.
Murojaat qiluvchi, uning vakili oʻz tushuntirishlarida murojaatning mohiyatini va koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan oʻzining nuqtai nazarini bayon etadi.
Boshqa taraf, uning vakili murojaatga oid eʼtirozlarini asoslash uchun oʻz nuqtai nazarini bayon etadi.
Taraflarning, ular vakillarining tushuntirishlari eshitib boʻlinganidan keyin sud majlisida raislik qiluvchi ularga oʻz nuqtai nazarini va keltirgan vajlarini aniqlashtirishga taalluqli savollar berishga haqli, shundan keyin savollar berish imkoniyati maʼruzachi sudyaga va Konstitutsiyaviy sudning boshqa sudyalariga beriladi.
Taraflarga, ularning vakillariga sud majlisining boshqa ishtirokchilari tomonidan savollar berilishi mumkin.
Ekspertlar, mutaxassislar taraflarga, ularning vakillariga ekspert xulosasini berish, mutaxassis fikrini bayon etish uchun zarur boʻlgan masala boʻyicha savollar berishi mumkin.
73-modda. Guvohlarning koʻrsatuvlari
Guvohlarning koʻrsatuvlarini eshitish navbati sud tomonidan belgilanadi.
Sud majlisida raislik qiluvchi guvohga koʻrib chiqilayotgan ishning mohiyati yuzasidan oʻziga maʼlum boʻlgan barcha holatlarni bayon qilishni taklif etadi. Koʻrsatuvlardan keyin guvohga savollar berilishi mumkin.
Guvohga u qaysi tarafning arizasiga binoan chaqirilgan boʻlsa, oʻsha taraf birinchi boʻlib savollar beradi, soʻngra boshqa taraf, shuningdek sud majlisining oʻzga ishtirokchilari savollar beradi. Konstitutsiyaviy sudning tashabbusi bilan chaqirilgan guvohga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan taraf birinchi boʻlib savollar beradi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalari guvohga istalgan paytda savollar berishga haqli.
Agar guvoh oʻzi bilgan maʼlumotlarning manbaini koʻrsatib bera olmasa, u maʼlum qilgan maʼlumotlar dalil hisoblanmaydi.
74-modda. Ish materiallarini tekshirish
Sud majlisida raislik qiluvchining taklifiga binoan maʼruzachi sudya hujjatlarni va ishning boshqa materiallarini oʻqib eshittiradi. Shundan keyin taraflar, ularning vakili ishning eʼlon qilingan materiallari boʻyicha tushuntirishlar berishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud oʻz tashabbusi bilan yoki sud majlisi ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra ishni koʻrish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, boshqa materiallarni qoʻshimcha ravishda soʻrab olishga, shuningdek zarurat boʻlganda sud majlisiga guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni chaqirishga haqli.
Iltimosnomalar mavjud boʻlmagan taqdirda, sud majlisida raislik qiluvchi ish materiallarini tekshirish tamomlangan deb eʼlon qiladi.
75-modda. Ekspertga va mutaxassisga savol berish
Taraflarning tushuntirishlari eshitilganidan va ish materiallari tekshirilganidan keyin maʼruzachi sudya ekspertning xulosasini oʻqib eshittiradi, shundan soʻng ekspertga xulosani tushuntirish va toʻldirish maqsadida savollar berilishi mumkin.
Mutaxassisning sud majlisida bergan fikrini tushuntirish va toʻldirish maqsadida unga savol beriladi.
Taraflar raislik qiluvchining ruxsati bilan ekspertga va mutaxassisga savollar berishga haqli.
Sud majlisida raislik qiluvchi va sudyalar ekspertga hamda mutaxassisga istalgan paytda savollar berishga haqli.
76-modda. Ishni mohiyati boʻyicha koʻrib chiqishni tamomlash
Ish materiallari tekshirilganidan keyin sud majlisida raislik qiluvchi ishni mohiyati boʻyicha muhokama qilish tamomlanganligini va sud muzokaralariga oʻtilganligini eʼlon qiladi.
77-modda. Sud muzokaralari
Sud muzokaralari taraflarning ish boʻyicha oʻz nuqtai nazarini asoslash boʻyicha ogʻzaki chiqishlaridan iborat boʻladi.
Sud muzokaralarida birinchi boʻlib Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan taraf, keyin boshqa taraf soʻzga chiqadi.
78-modda. Ishning mohiyati boʻyicha muhokamasini tiklash
Agar Konstitutsiyaviy sud sud muzokaralarini eshitib, ishni toʻgʻri hal etish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan yangi holatlarni aniqlashni, yangi dalillarni tekshirishni zarur deb topsa, ishni mohiyati boʻyicha muhokama qilish yangidan boshlanadi.
79-modda. Qaror qabul qilish uchun sudning maslahatxonaga kirishi
Sud muzokaralaridan keyin raislik qiluvchi ish boʻyicha qabul qilingan qarorni eʼlon qilish sanasi haqida konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari xabardor qilinishini maʼlum qiladi va Konstitutsiyaviy sud ish boʻyicha qaror qabul qilish uchun maslahatxonaga kiradi.
80-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorini oʻqib eshittirish
Konstitutsiyaviy sud qarori sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan oʻqib eshittiriladi.
Konstitutsiyaviy sud qarori oʻqib eshittirilganidan keyin raislik qiluvchi uning mazmunini tushuntiradi va ish boʻyicha majlisni yopiq deb eʼlon qiladi.
12-bob. Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari
81-modda. Konstitutsiyaviy sud hujjatlarining turlari
Konstitutsiyaviy sud koʻrilayotgan va hal etilayotgan masala boʻyicha qaror, xulosa va ajrim qabul qiladi.
Normativ-huquqiy hujjatning, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh berish toʻgʻrisida koʻrib chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning yakuniy toʻxtamlari qaror deb nomlanadi. Konstitutsiyaviy sud qarorni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sudning vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar yuzasidan koʻrib chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning yakuniy toʻxtami xulosa deb nomlanadi.
Ishning mohiyati boʻyicha hal etilmaydigan masalalarni koʻrish natijalari yuzasidan Konstitutsiyaviy sud ajrim qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sud oʻz faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan ham qarorlar qabul qiladi.
82-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorini qabul qilish tartibi
Konstitutsiyaviy sud, qoida tariqasida, faqat koʻrib chiqilgan muayyan masala yuzasidan qaror qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sudning qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Ovoz berish Konstitutsiyaviy sudning sudyalaridan birma-bir soʻrab chiqish orqali oʻtkaziladi. Raislik qiluvchi hammadan keyin ovoz beradi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi ovoz berishda betaraf qolishga yoki ishtirok etmaslikka haqli emas.
Konstitutsiyaviy sudning qarori, agar sud majlisida hozir boʻlgan Konstitutsiyaviy sud sudyalarining koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlinib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sudning koʻpchilik fikriga qoʻshilmagan sudyasi Konstitutsiyaviy sudning qaroriga imzo qoʻyishi shart va u oʻzining alohida fikrini yozma shaklda bayon etishga haqli, alohida fikr yopiq konvertda ishga qoʻshib qoʻyiladi, lekin eʼlon qilinmaydi. Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish ishtirokchilari Konstitutsiyaviy sud sudyasining alohida fikri bilan tanishtirilmaydi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qaror qabul qilish chogʻidagi muhokama mazmuni toʻgʻrisidagi, Konstitutsiyaviy sud tarkibiga kirgan ayrim sudyalarning nuqtai nazari haqidagi maʼlumotlarni biror-bir shaxsga maʼlum qilishga va sudyalar maslahatlashuvi sirini boshqa usulda oshkor qilishga haqli emas.
83-modda. Konstitutsiyaviy sud qarorining mazmuni. Qarorni imzolash
Konstitutsiyaviy sudning qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat boʻladi.
Qarorning kirish qismida:
qaror qabul qilgan sudning nomi, qarorning nomlanishi, u qabul qilingan sana va joy;
Konstitutsiyaviy sudning tarkibi;
sud majlisining kotibi;
sud majlisining ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
murojaatda koʻrsatilgan talablar;
Konstitutsiyaviy sud mazkur ishni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining va ushbu Qonunning qaysi normalariga muvofiq koʻrib chiqqan boʻlsa, oʻsha normalari koʻrsatiladi.
Qarorning bayon qismida Konstitutsiyaviy sudga kelib tushgan murojaatning, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlarining, arizalari va iltimoslarining qisqacha mazmuni koʻrsatiladi.
Qarorning asoslantiruvchi qismida:
ishning Konstitutsiyaviy sud tomonidan aniqlangan va qarorning asosiga qoʻyilgan haqiqiy holatlari;
sudning ish holatlari toʻgʻrisidagi xulosalariga asos boʻlgan dalillar;
Konstitutsiyaviy sud qaror qabul qilishda tayangan normativ-huquqiy hujjatlar koʻrsatiladi.
Qarorning xulosa qismida koʻrib chiqilgan ish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning yakuniy xulosalari, uning kuchga kirish tartibi, shuningdek uni ijro etish hamda eʼlon qilish tartibi, muddatlari va oʻziga xos xususiyatlari koʻrsatiladi.
Konstitutsiyaviy sudning qarori ovoz berishda ishtirok etgan Konstitutsiyaviy sudning barcha sudyalari tomonidan imzolanadi.
Agar Konstitutsiyaviy sudning qarori elektron shaklda shakllantirilgan boʻlsa, u sudyalar tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
84-modda. Konstitutsiyaviy sud hujjatlarini rasmiy eʼlon qilish va ularning kuchga kirishi
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari va xulosalari ommaviy axborot vositalarida hamda Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Konstitutsiyaviy sud ajrimlari Konstitutsiyaviy sudning ixtiyoriga koʻra eʼlon qilinadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Axborotnomasi”, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi Konstitutsiyaviy sudning qarorlari va xulosalari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir.
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari va xulosalari qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida rasmiy eʼlon qilinishi lozim hamda rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari taraflarga va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilariga yuboriladi. Konstitutsiyaviy sudning qarorlari Konstitutsiyaviy sud raisining topshirigʻiga muvofiq boshqa tashkilotlarga ham yuborilishi mumkin.
Davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan, oshkor etilmaydigan boshqa axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar eʼlon qilinmaydi.
85-modda. Konstitutsiyaviy sud hujjatlarining yuridik kuchi
Konstitutsiyaviy sudning hujjati qatʼiy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudning qaroriga yoki xulosasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topilgan normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi oʻzining amal qilishini tugatadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatni qabul qilgan davlat organi oʻz hujjatini uch oydan kechiktirmasdan yoki Konstitutsiyaviy sudning qarorida belgilangan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topilgan normativ-huquqiy hujjat asosida qarorlar qabul qilgan davlat organlari ularni bir oy ichida qaytadan koʻrib chiqishi kerak.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topilgan qonun qoʻllanilgan sud hujjatlari qonunda belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqiladi.
86-modda. Konstitutsiyaviy sudning qarorini qayta koʻrib chiqish
Konstitutsiyaviy sudning qarori quyidagi hollarda uning tashabbusi bilan qayta koʻrib chiqilishi mumkin:
qaror qabul qilingan paytda Konstitutsiyaviy sudga nomaʼlum boʻlgan yangi ochilgan holatlar munosabati bilan;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qaror qabul qilinishiga asos boʻlgan normasi oʻzgarganda;
Konstitutsiyaviy sud mazkur qarorni konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan deb topgan taqdirda.
Konstitutsiyaviy sudning qarorini bekor qilish va ishni qayta koʻrib chiqish yuzasidan ajrim chiqariladi.
Ishni qayta koʻrib chiqish umumiy tartibda amalga oshiriladi.
87-modda. Konstitutsiyaviy sud ajrimining mazmuni
Konstitutsiyaviy sud ajrimida quyidagilar koʻrsatiladi:
ajrim chiqarilgan sana va joy;
sud tarkibi va sud majlisining kotibi;
sud majlisining ishtirokchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
murojaat predmeti;
sud ajrim chiqarishda tayangan normativ-huquqiy hujjatlar;
koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha xulosa.
Ishning xususiyatiga qarab, ajrimda boshqa maʼlumotlar ham aks ettirilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudning ajrimi uni chiqarishda ishtirok etgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Agar Konstitutsiyaviy sudning ajrimi elektron shaklda shakllantirilgan boʻlsa, u sudyalar tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
88-modda. Ajrimning nusxasini yuborish
Ajrimning nusxasi taraflarga ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, taraflarning elektron pochta manzillari mavjud boʻlgan taqdirda ajrim elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
89-modda. Konstitutsiyaviy sudning ish yuritishga oid hujjatlarini tuzish (tayyorlash)
Sud majlisiga tayyorgarlik koʻrish bosqichida ish yuritishga oid hujjatlar tuziladi.
Konstitutsiyaviy sudning ishi yozma va elektron shaklda tuziladi.
Konstitutsiyaviy sudning ishi elektron shaklda tuzilganda ishda ishtirok etuvchi shaxslar va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari hujjatlarni sudga elektron shaklda taqdim etadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va boshqa ishtirokchilar tomonidan sudga taqdim etilgan yozma hujjatlar elektron shaklda ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Konstitutsiyaviy sudning ishi elektron shaklda shakllantirilganda sud hujjatlari sudyalarning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Bunda sud majlisi bayonnomasi raislik qiluvchi va sud majlisi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Ish yuritish toʻliq yoki qisman elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin, bu haqda ajrim chiqariladi.
Texnik vositalardan va axborot xizmatlaridan foydalanish tartibi Konstitutsiyaviy sudning Reglamentida hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
13-bob. Sud majlisining bayonnomasi
90-modda. Sud majlisi bayonnomasining mazmuni
Sud majlisida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi.
Sud majlisining bayonnomasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
sud majlisining vaqti va joyi;
sudning tarkibi va sud majlisining kotibi;
ishning nomi va raqami;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelgan-kelmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Konstitutsiyaviy sudning harakatlari, ular sud majlisida qay tartibda bajarilgan boʻlsa, shu tartibda, ularning natijalari;
Konstitutsiyaviy sudning maslahatxonaga kirmasdan oʻz joyida qabul qilingan ajrimlari;
taraflarning tushuntirishlari va ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomalari;
ishni koʻrish jarayonida sudga taqdim etilgan dalillar haqidagi maʼlumotlar;
guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning xulosalari va mutaxassislarning fikrlari, ularga berilgan savollar hamda olingan javoblar;
konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish boshqa ishtirokchilarining chiqishlari;
sud muzokaralarining mazmuni;
Konstitutsiyaviy sudning qarorini oʻqib eshittirish haqidagi maʼlumotlar.
Agar sud majlisi vaqtida audio- yoki videoyozuv qoʻllanilgan boʻlsa, audio- yoki videoyozuv bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi va bu haqda sud majlisining bayonnomasiga yozuv kiritiladi.
Sud majlisining bayonnomasi raislik qiluvchi va sud majlisining kotibi tomonidan imzolanadi, agar bayonnoma elektron shaklda shakllantirilgan boʻlsa, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi hamda ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Sud majlisining bayonnomasi sud majlisi tugagan paytdan eʼtiboran uch kun ichida rasmiylashtirilishi kerak.
Konstitutsiyaviy sud tashabbusi bilan sud majlisi toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali uzatilishi mumkin va bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
91-modda. Sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va uning yuzasidan fikr-mulohazalar bildirish
Taraflar sud majlisining bayonnomasi imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida u bilan tanishib chiqishga va u boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirishga haqli, ushbu fikr-mulohazalar ular berilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida, Konstitutsiyaviy sud tomonidan taraflarni chaqirmasdan koʻrib chiqilishi kerak. Konstitutsiyaviy sud fikr-mulohazalarga rozi boʻlgan taqdirda, ularni qabul qiladi, rozi boʻlmagan taqdirda esa ularni rad etadi va bu haqda ajrim chiqaradi. Sud majlisining boshqa ishtirokchilari sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan sud majlisi bayonnomasi bilan tanishib chiqishi mumkin.
14-bob. Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotni qabul qilish
92-modda. Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqish tartibi
Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot (bundan buyon matnda Axborot deb yuritiladi) tayyorlaydi.
Axborot har yilning birinchi choragida sud majlisida koʻrib chiqiladi va qaror bilan tasdiqlanadi.
93-modda. Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etish
Axborot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Konstitutsiyaviy sudning Axborotni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori ushbu Qonunda belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.
94-modda. Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborot boʻyicha ijro
Axborotda berilgan takliflar va tavsiyalar masʼul davlat organlari tomonidan koʻrib chiqilishi majburiydir.
Masʼul davlat organlarining Axborotda berilgan takliflar va tavsiyalarni koʻrib chiqish natijalari Konstitutsiyaviy sud majlisida muhokama qilinadi.
15-bob. Sud chiqimlarining va xarajatlarning oʻrnini qoplash
95-modda. Sud chiqimlari
Sud chiqimlari guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga toʻlanishi lozim boʻlgan summalardan, shuningdek ishni koʻrib chiqish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan iborat boʻladi.
96-modda. Guvohlarning, ekspertlarning, mutaxassislarning va tarjimonlarning xarajatlari oʻrnini qoplash
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrib chiqish munosabati bilan jalb etilgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga va tarjimonlarga qonunchilikka muvofiq xarajatlarining oʻrni qoplanadi.
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrib chiqish munosabati bilan jalb etilgan ekspertlarga, mutaxassislarga va tarjimonlarga qonunchilikka muvofiq haq toʻlanadi.
16-bob. Ayrim toifadagi ishlar boʻyicha ish yuritishning oʻziga xos xususiyatlari
97-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi xususida shubha tugʻdirgan aniq normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini tekshirib, tekshirilgan hujjatga asoslangan yoxud uning qoidalarini takrorlaydigan normativ-huquqiy hujjatlar xususida ham, garchi Konstitutsiyaviy sud koʻrib chiqishi uchun kiritilgan murojaatda ular toʻgʻrisida soʻz yuritilmagan boʻlsa-da, bir vaqtning oʻzida qaror chiqarishga haqli.
Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini toʻliqligicha yoki uning bir qismini tekshirayotganda:
normalar mazmuni boʻyicha;
normativ-huquqiy hujjatning shakli boʻyicha;
davlat organlari va mansabdor shaxslar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bilan belgilangan vakolatlarning chegaralanishi nuqtai nazaridan;
normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi, imzolanishi, shuningdek rasmiy eʼlon qilinishi va amalga kiritilishi tartibi boʻyicha uning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
Normativ-huquqiy hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish toʻgʻrisida.
Qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini tekshirish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud qonunni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topib, unda mazkur qonunning yoki uning bir qismining amaliyotda notoʻgʻri yoxud ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar topilgan taqdirda, ushbu Qonun normasiga rasmiy sharh berishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda, ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy yoki boshqa majburiyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish toʻgʻrisida.
98-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunining, ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 97-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish haqida;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida.
Ushbu moddada nazarda tutilgan ishlar boʻyicha Konstitutsiyaviy sud tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmasdan qaror qabul qiladi.
99-modda. Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish haqidagi ishlarni yuritish
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi xulosalardan birini beradi:
Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalani Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga chiqarilayotgan masalani Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida.
Ushbu moddada nazarda tutilgan ishlar boʻyicha Konstitutsiyaviy sud tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay qaror qabul qiladi.
100-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa berish haqidagi ishlarni yuritish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 97-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi xulosalardan birini beradi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunini yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq deb topish haqida.
101-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini sharhlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash ularda normalarning amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar topilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Konstitutsiyaviy sudga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash haqidagi murojaatda Konstitutsiyada va qonunda ularning amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilishiga olib kelgan noaniqliklar mavjudligiga doir vajlar hamda dalillar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Ishni koʻrish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud qaror qabul qiladi, uning xulosa qismida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yoki qonuni normasiga rasmiy sharh boʻlishi kerak.
Konstitutsiyaviy sud zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonunlari normalari amaliyotda toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida ularga oʻz tashabbusi bilan rasmiy sharh berishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalarini rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
102-modda. Fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi ustidan shikoyatlar boʻyicha muayyan ishda qoʻllanilgan qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qoʻllanilgan va Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq boʻlmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlari, agar sudda himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sud tomonidan ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha oxirgi sud hujjati qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmasdan beriladi.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklari buzilganligi ustidan shikoyatda koʻrsatilgan qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 97-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
qonunni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
qonunni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topish haqida.
103-modda. Muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan kiritilgan murojaatlar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaati ushbu Qonunning 97-moddasida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan muayyan ish boʻyicha qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat kiritilishi sudda tegishli ish boʻyicha ish yuritishni toʻxtatish uchun asos boʻladi.
Agar Konstitutsiyaviy sud murojaatda koʻrsatilgan muayyan ish boʻyicha sud tomonidan qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatni yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, sud ish yuzasidan bunday normativ-huquqiy hujjatni qoʻllamaydi.
Muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ish yuzasidan qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining murojaati koʻrib chiqish uchun qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilinadi.
104-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlarining va (yoki) boshqa hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori buyruqlarining va (yoki) boshqa hujjatlarining (bundan individual xususiyatga ega boʻlgan hujjatlar mustasno) yoki ular bir qismining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligini aniqlash chegaralari ishning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda ushbu Qonun 97-moddasining uchinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Konstitutsiyaviy sud quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrugʻini va (yoki) boshqa hujjatini (bundan individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat mustasno) yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq emas deb topish toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrugʻini va (yoki) boshqa hujjatini (bundan individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat mustasno) yoki uning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq deb topish haqida.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Konstitutsiyaviy sud qaroriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq emas deb topilgan buyrugʻi va (yoki) boshqa hujjati (bundan individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat mustasno) oʻzining amal qilishini tugatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Konstitutsiyaviy sudning qarori asosida oʻzining buyrugʻini va (yoki) boshqa hujjatini (bundan individual xususiyatga ega boʻlgan hujjat mustasno) bir oydan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqlashtirishi kerak.
17-bob. Yakunlovchi qoidalar
105-modda. Konstitutsiyaviy sudning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorligi
Konstitutsiyaviy sud xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy nazorat organlari tomonidan tashkil etilgan xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlik qilishi, deklaratsiyalar, anglashuv memorandumlari, ahdlashuv bayonnomalari, hamkorlik rejalari tuzishi, shuningdek oʻzaro tajriba hamda axborot almashish sohasida hamkorlik qilishi mumkin.
106-modda. Konstitutsiyaviy sudning devoni
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini taʼminlash uchun devon tashkil etiladi.
Konstitutsiyaviy sud devoni:
Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tashkiliy, ilmiy, axborot-tahliliy, moddiy-texnika jihatidan taʼminlaydi;
Konstitutsiyaviy sud hujjatlarining davlat organlari tomonidan ijro etilish holatini monitoring qilib boradi va umumlashtiradi;
ushbu Qonunda va Konstitutsiyaviy sudning Reglamentida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Devonning tuzilmasi va shtat birligi ajratilgan mablagʻlar doirasida Konstitutsiyaviy sud raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Devon xodimlariga mansab darajalarini belgilash va berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
107-modda. Konstitutsiyaviy sudda sudyalik lavozimiga nomzodlar zaxirasi
Konstitutsiyaviy sudda sudyalar tarkibini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda sudyalik lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.
Sudyalik lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish va yuritish tartibi Konstitutsiyaviy sudning Reglamentida belgilanadi.
108-modda. Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
Konstitutsiyaviy sud huzurida maslahat organi boʻlgan va jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadigan ilmiy-maslahat kengashi tuziladi. Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga oid masalalar boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish ushbu kengashning asosiy vazifasiga kiradi.
109-modda. Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi va unda alohida satrda nazarda tutiladi.
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish tartibi alohida qonun bilan belgilanadi.
110-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining moddiy va ijtimoiy taʼminoti
Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mehnatiga haq toʻlash, ularga har yilgi taʼtilni berish, sudyalarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlari, sudyalarning hayoti va sogʻligʻini davlat tomonidan majburiy tartibda sugʻurta qilish bilan bogʻliq moddiy va ijtimoiy taʼminoti qonunga muvofiq belgilanadi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining ish haqi lavozim maoshidan, malaka darajasi va koʻp yillik xizmati uchun toʻlanadigan ustama haqlardan iborat boʻladi.
111-modda. Konstitutsiyaviy sudda davlat ramzlari
Konstitutsiyaviy sud binosida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtariladi va Davlat gerbining tasviri joylashtiriladi.
Sudning majlislar zalida, shuningdek Konstitutsiyaviy sud raisining xizmat xonasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining rasmiy nashri joylashtiriladi.
112-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining maxsus kiyim-boshi
Konstitutsiyaviy sud sudyalari sudlov ishini maxsus kiyim-boshda olib boradi, ushbu kiyim-boshning tavsifi va namunasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan tasdiqlanadi.
113-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining guvohnomasi
Konstitutsiyaviy sud sudyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.
114-modda. Konstitutsiyaviy sudning muhri
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
115-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
116-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi 417-XII-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustda qabul qilingan 265-II-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 9-10, 176-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 9, 588-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 6, 574-modda, № 10, 983-modda; 2023-yil, № 5, 316-modda, № 11, 923-modda, № 12, 1003-modda) 3-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyilayotgan masalani Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq emas deb topsa, mazkur masala yuzasidan referendum oʻtkazilmaydi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktabrda qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-641-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 10, 594-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 6, 570-modda; 2024-yil, № 9, 956, 958-moddalar, № 10, 1079-modda; 2025-yil, № 1, 7-modda, № 10, 1155-modda, № 12, 1322, 1329-moddalar) 28-moddasi toʻrtinchi qismining ikkinchi xatboshisi “amalga oshirishda yoki” degan soʻzlardan keyin “konstitutsiyaviy” degan soʻz bilan toʻldirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Sudlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-703-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 663-modda; 2024-yil, № 2, 117-modda, № 8, 823-modda, № 9, 964-modda; 2025-yil, № 1, 8-modda, № 6, 727-modda, № 8, 969-modda, № 12, 1329-modda; 2026-yil, № 7, 747-modda, № 8, 926-modda) 3-ilovaga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 2-moddaning matnidagi “Konstitutsiyaviy sud” degan soʻzlar “Konstitutsiyaviy sud devoni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 4-moddaning:
beshinchi xatboshisidagi “Konstitutsiyaviy sud kotibiyati mudiriga” degan soʻzlar “Konstitutsiyaviy sud devoni mudiriga, ekspertlar guruhi rahbariga, boʻlim boshliqlariga, matbuot xizmati rahbariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshisi “Konstitutsiyaviy sudning katta ekspertlariga” degan soʻzlardan keyin “bosh konsultantlariga, bosh mutaxassislariga, birinchi boʻlim mudiriga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
yettinchi xatboshisi “Konstitutsiyaviy sudning ekspertlariga” degan soʻzlardan keyin “katta konsultantlariga, katta mutaxassislariga, devonxona mudiriga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
117-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 27-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-687-sonli Konstitutsiyaviy Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 292-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 12-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-895-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 1, 4-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi OʻRQ-917-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 2, 117-modda) 42-moddasi birinchi qismining 2-bandi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 20-aprelda qabul qilingan “Kam taʼminlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1135-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2026-yil, № 4, 358-modda) 1-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 11-sentabrda qabul qilingan “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1177-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2026-yil, № 9, 1050-modda) 11-moddasining 3-bandi.
118-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
119-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
120-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 29-moddasi, 58-moddasi ikkinchi qismi va 59-moddasi 2028-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 14-oktabr,
OʻRQ-1181-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2026-y., 03/26/1181/1033-son)