OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 20-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3957]
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 161-moddasiga asosan va budjet hisobini davlat sektorida buxgalteriya hisobining xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 12-dekabrdagi 150-son “Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3142, 2019-yil 4-mart) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2019-y., 10/19/3142/2704-son);
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 51-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 2021-yil 28-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartirishlarning 476-bandi.
3. Mazkur buyruq 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-sentabr,
397-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 15-sentabrdagi 397-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara”
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) budjet tashkilotlari, davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) tomonidan ijara operatsiyalarini tan olish, baholash, buxgalteriya hisobida aks ettirish, moliyaviy hisobotda taqdim etish va ochib berish tartibi hamda prinsiplarini belgilaydi.
I boʻlim. Ijarani aniqlash va ijara shartlarini belgilash
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bazaviy aktiv — ijara obyekti hisoblangan hamda ushbu aktivdan foydalanish huquqi ijaraga beruvchi tomonidan ijaraga oluvchiga taqdim etilgan aktiv;
bazaviy aktivlar sinfi — tashkilotlar faoliyatida oʻxshash xususiyat va foydalanishga ega boʻlgan bazaviy aktivlar guruhi;
dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar — ijarani tuzish bilan bevosita bogʻliq hamda ijara tuzilmaganida yuzaga kelmaydigan qoʻshimcha xarajatlar (masalan, ijara shartnomasini notarial tasdiqlash xarajatlari, davlat roʻyxatidan oʻtkazish yigʻimlari);
foydalanish huquqi aktivi — ijara muddati davomida ijaraga oluvchining bazaviy aktivdan foydalanish huquqini ifodalovchi aktiv;
haqqoniy qiymat — mazkur Standartda ijaraga beruvchining buxgalteriya hisobiga doir talablarni qoʻllash maqsadida yetarli darajada xabardor, shartnoma tuzishga tayyor va oʻzaro mustaqil taraflar oʻrtasidagi shartnomada aktiv ayirboshlanishi yoki majburiyat boʻyicha hisob-kitob amalga oshirilishi mumkin boʻlgan summa;
ijara — toʻlov evaziga muayyan vaqt davomida aktivdan (bazaviy aktivdan) foydalanish huquqini beruvchi shartnoma yoki shartnomaning bir qismi;
ijaraning boshlanish sanasi — ijaraga beruvchi tomonidan aktiv (bazaviy aktiv) ijaraga oluvchi foydalanishi uchun taqdim etilgan sana;
ijaraning boshlangʻich sanasi — ijara shartnomasi tuzilgan sana yoki ijaraning asosiy shartlari boʻyicha taraflar majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgan sana, ushbu sanalardan qaysi biri birinchi kelgan boʻlsa, oʻsha sana;
iqtisodiy xizmat muddati — aktivdan bir yoki bir nechta foydalanuvchi tomonidan iqtisodiy jihatdan foydalanishi kutilgan davr yoki ushbu aktivdan olinishi kutiladigan mahsulot yoxud shunga oʻxshash ishlab chiqarish birliklari soni;
ijaraga doir yalpi investitsiya — moliyaviy ijara boʻyicha ijaraga beruvchi tomonidan olinishi kutiladigan ijara toʻlovlari hamda ijaraga beruvchiga tegishli kafolatlanmagan qoldiq qiymat yigʻindisi;
ijarada nazarda tutilgan foiz stavkasi — ijara toʻlovlari va kafolatlanmagan qoldiq qiymatning keltirilgan qiymatini bazaviy aktivning haqqoniy qiymati va ijaraga beruvchining har qanday dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlari yigʻindisiga teng boʻlishini taʼminlaydigan foiz stavkasi;
ijarani oʻzgartirish — ijaraning dastlabki shartlari va qoidalarida nazarda tutilmagan holda ijara qamrovining yoki ijara uchun toʻlanadigan toʻlovning oʻzgarishi (masalan, bir yoki bir nechta bazaviy aktivdan foydalanish huquqini qoʻshish yoki bekor qilish yoxud shartnomaviy ijara muddatini uzaytirish yoki qisqartirish);
ijara toʻlovlari — ijara muddati davomida bazaviy aktivdan foydalanish huquqi uchun ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchiga toʻlanadigan, qatʼiy va indeks yoki ijara shartnomasida koʻzda tutilgan foiz stavkasi bilan bogʻliq oʻzgaruvchan toʻlovlarni, xarid qilish opsionini amalga oshirish qiymatini (agar uni amalga oshirishga yetarli darajada ishonch mavjud boʻlsa) hamda ijara shartnomasini bekor qilish natijasida yetkazilgan zarar uchun toʻlanadigan summalarni (agar ijara muddati bunday opsion amalga oshirilishini nazarda tutsa) oʻz ichiga oluvchi toʻlovlar yigʻindisi;
ijara muddati — ijaraga oluvchi bazaviy aktivdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan, bekor qilinishi mumkin boʻlmagan davr, shuningdek, ijaraga oluvchi tomonidan ijarani uzaytirish opsioni amalga oshirilishiga yetarli darajada ishonch mavjud boʻlgan holda ushbu opsion bilan qamrab olingan davrlar hamda ijarani bekor qilish opsioni amalga oshirilmasligiga yetarli darajada ishonch mavjud boʻlgan holda ushbu opsion bilan qamrab olingan davrlar yigʻindisi;
ijara ragʻbatlantirishlari — ijara bilan bogʻliq ravishda ijaraga beruvchi tomonidan ijaraga oluvchiga amalga oshiriladigan toʻlovlar, shuningdek, ijaraga oluvchining xarajatlarini qoplash yoki mazkur xarajatlarni ijaraga beruvchi tomonidan oʻz zimmasiga olish (ijaraga beruvchi tomonidan ijaraga oluvchiga berilgan imtiyoz yoki iqtisodiy manfaat);
ijaraga oluvchi — ijara toʻlovi evaziga muayyan vaqt davomida bazaviy aktivdan foydalanish huquqini oladigan tashkilotlar;
ijaraga oluvchining qoʻshimcha qarz olish stavkasi — ijaraga oluvchi oʻxshash iqtisodiy muhitda, foydalanish huquqi aktiviga oʻxshash qiymatdagi aktivni olish uchun zarur boʻlgan mablagʻni oʻxshash muddatga va oʻxshash taʼminot asosida qarzga olgan taqdirda, uni toʻlashiga toʻgʻri keladigan foiz stavkasi;
ijaraga beruvchi — ijara toʻlovi evaziga muayyan vaqt davomida bazaviy aktivdan foydalanish huquqini taqdim etadigan tashkilotlar;
ijaraga doir sof investitsiya — ijarada nazarda tutilgan foiz stavkasi boʻyicha diskontlangan ijaraga doir yalpi investitsiya;
ishlab topilmagan moliyaviy daromad — ijaraga doir yalpi investitsiya bilan ijaraga doir sof investitsiya oʻrtasidagi farq;
kafolatlanmagan qoldiq qiymat — bazaviy aktiv qoldiq qiymatining ijaraga beruvchi tomonidan olinishi kafolatlanmagan yoki faqat ijaraga beruvchi bilan bogʻliq taraf tomonidan kafolatlangan qismi;
moliyaviy ijara — bazaviy aktivga egalik qilish bilan bogʻliq deyarli barcha tavakkalchiliklar va manfaatlar ijaraga oluvchiga oʻtadigan ijara;
operatsion ijara — bazaviy aktivga egalik qilish bilan bogʻliq deyarli barcha tavakkalchiliklar va manfaatlar ijaraga oluvchiga oʻtmaydigan ijara;
opsion — shartnoma shartlariga muvofiq taraflardan biriga muayyan harakatni amalga oshirish yoki amalga oshirmaslikni tanlash huquqini beruvchi shartnomaviy huquq;
qatʼiy toʻlovlar — ijara muddati davomida bazaviy aktivdan foydalanish huquqi uchun ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchiga toʻlanadigan toʻlovlar, oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari bundan mustasno;
qisqa muddatli ijara — ijaraning boshlanish sanasida ijara muddati oʻn ikki oydan oshmaydigan ijara. Xarid qilish opsionini oʻz ichiga olgan ijara qisqa muddatli ijara hisoblanmaydi;
qoldiq qiymat kafolati — ijara muddati tugaganda bazaviy aktivning qiymati yoki uning bir qismi belgilangan miqdordan kam boʻlmasligini taʼminlash maqsadida, ijaraga beruvchi bilan bogʻliq boʻlmagan taraf tomonidan ijaraga beruvchiga beriladigan kafolat;
subijara — ijaraga oluvchi (oraliq ijaraga beruvchi) tomonidan bazaviy aktivni uchinchi shaxsga qayta ijaraga berish boʻlib, bunda bosh ijaraga beruvchi bilan ijaraga oluvchi oʻrtasidagi ijara shartnomasi (bosh ijara) oʻz kuchida qoladi;
oʻzgartirish kuchga kirgan sana — har ikki taraf ijara shartnomasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida kelishuvga erishgan sana;
oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari — ijara muddati davomida bazaviy aktivdan foydalanish huquqi uchun ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchiga toʻlanadigan ijara toʻlovlarining, ijara boshlangan sanadan keyin yuzaga kelgan holatlar yoki shart-sharoitlar oʻzgarishi natijasida miqdori oʻzgaradigan qismi, vaqt oʻtishi bilan bogʻliq oʻzgarishlar bundan mustasno.
shartnoma — ushbu Standart maqsadlari uchun ikki yoki undan ortiq taraflarning huquqlari va majburiyatlarini vujudga keltirish, oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi;
Boshqa budjet hisobi standartlarida qoʻllanilgan atamalar ushbu Standartda ham xuddi shu maʼnoda qoʻllaniladi.
2. Mazkur Standartning maqsadi ijaraga oluvchilar va ijaraga beruvchilar tomonidan ijara operatsiyalarini ishonchli aks ettiruvchi tegishli axborot taqdim etilishini taʼminlashdan iborat. Ushbu axborot moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga ijaralarni tashkilotlarning moliyaviy holati, moliyaviy natijalari va pul oqimlariga taʼsirini baholash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
3. Tashkilotlar ushbu Standartni qoʻllashda shartnomalarning shartlari va qoidalarini, shuningdek, barcha tegishli omillar va holatlarni inobatga olishi shart. Tashkilotlar ushbu Standartni oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlgan hamda oʻxshash sharoitlardagi shartnomalarga nisbatan izchil qoʻllashi shart.
4. Ijaraga oluvchi uchun ijara toʻlovlari tarkibiga qoldiq qiymat boʻyicha kafolatlarga muvofiq ijaraga oluvchi tomonidan toʻlanishi kutilayotgan summalar ham kiritiladi. Ijara toʻlovlari shartnomaning ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlariga tegishli toʻlovlarni oʻz ichiga olmaydi, bundan ijaraga oluvchi ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlarni ijara tarkibiy qismi bilan birlashtirishni va ularni yagona ijara tarkibiy qismi sifatida hisobga olishni tanlagan hollar mustasno.
5. Ijaraga beruvchi uchun ijara toʻlovlari tarkibiga, shuningdek, ijaraga oluvchi, ijaraga oluvchi bilan bogʻliq taraf yoki ijaraga beruvchi bilan bogʻliq boʻlmagan hamda kafolat boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish uchun yetarli moliyaviy imkoniyatga ega boʻlgan uchinchi shaxs tomonidan ijaraga beruvchiga taqdim etilgan har qanday qoldiq qiymat boʻyicha kafolatlar ham kiritiladi. Ijara toʻlovlari shartnomaning ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlariga ajratilgan toʻlovlarni oʻz ichiga olmaydi.
2-bob. Ijara shartnomalarini qoʻllash va aniqlashning qoidalari
1-§. Qoʻllash doirasi
6. Tashkilotlar ushbu Standart talablarini barcha ijara munosabatlariga, shu jumladan subijara doirasida foydalanish huquqi aktivlarini ijaraga berishga nisbatan qoʻllashi shart, quyidagi hollar bundan mustasno:
foydali qazilmalar, neft, tabiiy gaz va shunga oʻxshash qayta tiklanmaydigan resurslarni qidirish yoki ulardan foydalanish bilan bogʻliq ijaralar;
ijaraga oluvchi tomonidan saqlanadigan va Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (5-sonli BHS) “Qishloq xoʻjaligi” (roʻyxat raqami 3106, 2018-yil 25-dekabr) doirasiga kiruvchi biologik aktivlar ijarasi;
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (15-sonli BHS) “Xizmat koʻrsatish boʻyicha konsessiya kelishuvlari” (roʻyxat raqami 3532, 2024-yil 22-iyul) doirasiga kiruvchi davlat-xususiy sheriklik (xizmat konsessiyasi) kelishuvlari;
ijaraga oluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” (roʻyxat raqami 3169, 2019-yil 24-iyun) doirasida litsenziya shartnomalari asosida saqlanadigan huquqlar, jumladan kinofilmlar, videoyozuvlar, sahna asarlari, qoʻlyozmalar, patentlar va mualliflik huquqlariga oid huquqlar.
7. Ijaraga oluvchi mazkur Standartning 6-bandi beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollardan tashqari, nomoddiy aktivlar ijarasiga nisbatan ushbu Standartni qoʻllashni tanlashi mumkin.
2-§. Tan olish boʻyicha istisnolar
8. Ijaraga oluvchi mazkur Standartning 25 — 50-bandlarida nazarda tutilgan talablarni quyidagi hollarga nisbatan qoʻllamaslikni tanlashi mumkin:
qisqa muddatli ijaralar;
qiymati past boʻlgan bazaviy aktivga doir ijaralar.
9. Agar ijaraga oluvchi mazkur Standartning 25 — 50-bandlarida nazarda tutilgan talablarni qisqa muddatli ijaralarga yoki qiymati past boʻlgan bazaviy aktivga doir ijaralarga nisbatan qoʻllamaslikni tanlasa, u bunday ijaralar boʻyicha ijara toʻlovlarini ijara muddati davomida teng ulushlarda yoki boshqa tizimli asosda xarajat sifatida tan olishi shart.
Agar boshqa tizimli asos ijaraga oluvchi oladigan manfaatning olinish tartibini yanada aniqroq aks ettirsa, ijaraga oluvchi ushbu asosni qoʻllashi shart.
10. Agar ijaraga oluvchi mazkur Standartning 9-bandiga muvofiq qisqa muddatli ijara shartnomalarini hisobga olsa, quyidagi holatlarda ushbu Standart maqsadlarida ijara shartnomasini yangi ijara shartnomasi deb hisoblashi shart:
ijara shartnomasiga oʻzgartirish kiritilganda;
ijara shartnomasi muddatida har qanday oʻzgarishi yuz berganda (masalan, ijaraga oluvchi avval ijara muddatini belgilashda hisobga olinmagan opsionni amalga oshirganda).
11. Qisqa muddatli ijara shartnomalariga nisbatan mazkur Standartda nazarda tutilgan imtiyozni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bazaviy aktivlar sinfi boʻyicha qabul qilinishi shart. Qiymati past boʻlgan bazaviy aktivga doir ijaralar boʻyicha bunday qaror har bir ijara boʻyicha alohida qabul qilinishi mumkin.
3-§. Ijarani aniqlash
12. Shartnoma tuzilganda tashkilotlar shartnoma ijara shartnomasi hisoblanadimi yoki ijarani oʻz ichiga oladimi, shunga baho berishi shart. Agar shartnoma toʻlov evaziga muayyan vaqt davomida aniq belgilangan aktivdan foydalanishni nazorat qilish huquqini bersa, bunday shartnoma ijara hisoblanadi yoki ijarani oʻz ichiga oladi.
13. Ijara muddati aniq belgilangan aktivdan foydalanish hajmi orqali ham belgilanishi mumkin (masalan, uskuna yordamida ishlab chiqariladigan mahsulot birliklari soni orqali).
14. Tashkilotlar shartnoma ijara hisoblanishi yoki ijarani oʻz ichiga olishini faqat shartnomaning shartlari va qoidalari oʻzgargan taqdirda qayta baholashi shart.
3-bob. Shartnoma tarkibiy qismlarini ajratish
1-§. Ijaraga oluvchi
15. Agar shartnoma ijara shartnomasi boʻlsa yoki ijarani oʻz ichiga olsa, tashkilotlar mazkur Standartning 18-bandida nazarda tutilgan amaliy yengillikni qoʻllamasa, shartnomadagi har bir ijara tarkibiy qismini shartnomaning ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlaridan alohida hisobga olishi shart.
16. Ijara shartnomasi ijara tarkibiy qismini va bir yoki bir nechta qoʻshimcha ijara yoki ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlarni oʻz ichiga olgan taqdirda, ijaraga oluvchi shartnoma boʻyicha toʻlanadigan haqni har bir ijara tarkibiy qismiga ijara tarkibiy qismining alohida sotish narxi hamda ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlarining jami alohida sotish narxi oʻrtasidagi nisbatdan kelib chiqib taqsimlashi kerak (masalan, ijara shatnomasi boʻyicha xizmat koʻrsatish texnik xizmat koʻrsatish bilan birga boʻlsa, ijaraga oluvchi umumiy toʻlovni qismlarga ajratishi kerak).
17. Ijara va ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlarning alohida taqdim etish narxlarining nisbati ijaraga beruvchi yoki shunga oʻxshash yetkazib beruvchi tomonidan tashkilotlarga ushbu tarkibiy qism yoki shunga oʻxshash tarkibiy qism alohida taqdim etilganda undiriladigan narx asosida aniqlanishi shart.
Agar kuzatilishi mumkin boʻlgan alohida taqdim etish narxi osonlik bilan aniqlanmasa, ijaraga oluvchi kuzatilishi mumkin boʻlgan axborotdan maksimal darajada foydalangan holda ushbu narxni baholashi shart.
18. Amaliy yengillik sifatida ijaraga oluvchi bazaviy aktivlar sinfi boʻyicha ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlarni ijara tarkibiy qismlaridan ajratmaslikni tanlashi mumkin. Bunda ijaraga oluvchi har bir ijara tarkibiy qismi va u bilan bogʻliq ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlarni yagona ijara tarkibiy qismi sifatida hisobga oladi.
19. Agar mazkur Standartning 18-bandida nazarda tutilgan amaliy yengillik qoʻllanilmasa, ijaraga oluvchi ijaraga oid boʻlmagan tarkibiy qismlarni boshqa tegishli Standartlar talablariga muvofiq hisobga oladi.
2-§. Ijaraga beruvchini va ijara muddatini belgilash
20. Ijaraga beruvchi ijara tarkibiy qismi hamda bir yoki bir nechta qoʻshimcha ijara yoki ijaraga taalluqli boʻlmagan tarkibiy qismlarni oʻz ichiga olgan shartnoma boʻyicha toʻlovni Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad” (roʻyxat raqami 3857, 2026-yil 18-iyun) talablariga muvofiq taqsimlashi shart.
21. Tashkilotlar ijara muddatini ijaraning bekor qilinishi mumkin boʻlmagan davri va unga quyidagilarni qoʻshgan holda belgilaydi:
agar ijaraga oluvchining ijarani uzaytirish opsionidan foydalanishiga yetarlicha ishonch mavjud boʻlsa, mazkur opsion qamrab oladigan davrlar;
agar ijaraga oluvchining ijarani bekor qilish opsionidan foydalanmasligiga yetarlicha ishonch mavjud boʻlsa, mazkur opsion qamrab oladigan davrlar.
22. Ijaraga oluvchining ijarani uzaytirish opsionidan foydalanishiga yoki ijarani bekor qilish opsionidan foydalanmasligiga yetarli darajada ishonch mavjudligini baholashda tashkilotlar bunday qarorning qabul qilinishiga iqtisodiy jihatdan taʼsir koʻrsatuvchi barcha ahamiyatli holatlar va shart-sharoitlarni hisobga olishi shart.
23. Ijaraga oluvchi ijarani uzaytirish opsionidan foydalanishiga yoki ijarani bekor qilish opsionidan foydalanmasligiga yetarli darajada ishonch mavjudligini quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlgan taqdirda qayta baholashi shart:
ijaraga oluvchining nazorati doirasida boʻlgan muhim hodisa yuz bersa yoki holatlar sezilarli darajada oʻzgarsa;
ushbu hodisa yoki holatlarning oʻzgarishi ijaraga oluvchining ijara muddatini belgilashda ilgari hisobga olinmagan ijarani uzaytirish opsionidan foydalanishiga yoxud ilgari hisobga olingan ijarani bekor qilish opsionidan foydalanmasligiga yetarli darajada ishonch mavjudligiga taʼsir etsa.
24. Ijarani bekor qilish mumkin boʻlmagan davr oʻzgargan taqdirda, tashkilot ijara muddatini qayta koʻrib chiqishi shart.
Ijarani bekor qilish mumkin boʻlmagan davr, jumladan, quyidagi hollarda oʻzgargan deb hisoblanadi:
ijaraga oluvchi ijara muddatini belgilashda ilgari hisobga olinmagan opsiondan foydalansa;
ijaraga oluvchi ijara muddatini belgilashda ilgari hisobga olingan opsiondan foydalanmasa;
shartnoma shartlariga muvofiq ijaraga oluvchining ijara muddatini belgilashda ilgari hisobga olinmagan opsiondan foydalanishiga majburlovchi hodisa yuz bersa;
shartnoma shartlariga muvofiq ijaraga oluvchining ijara muddatini belgilashda ilgari hisobga olingan opsiondan foydalanishiga toʻsqinlik qiluvchi hodisa yuz bersa.
II boʻlim. Ijaraga oluvchi
1-bob. Ijara shartnomasini tan olish
25. Boshlanish sanasida ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivini va ijara majburiyatini tan olishi shart.
2-bob. Baholash
1-§. Foydalanish huquqi aktivining dastlabki baholanishi
26. Boshlanish sanasida ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivini tannarx boʻyicha baholashi shart.
27. Foydalanish huquqi aktivining tannarxi quyidagilardan tashkil topadi:
a) mazkur Standartning 29-bandiga muvofiq baholangan ijara majburiyatining dastlabki summasi;
b) aktivdan foydalanish boshlangan sanagacha yoki shu sanada amalga oshirilgan ijara toʻlovlari, olingan ijara ragʻbatlantirishlari chegirilgan holda;
d) ijaraga oluvchi tomonidan qilingan dastlabki bevosita xarajatlar;
e) ijaraga oluvchi tomonidan bazaviy aktivni demontaj qilish va olib tashlash, u joylashgan hududni tiklash yoki bazaviy aktivni ijara shartlari talab qiladigan holatga keltirish uchun qilinishi kutilayotgan xarajatlarning baholangan summasi, bundan bunday xarajatlar tovar-moddiy zaxiralarni ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan hollar mustasno;
Ijaraga oluvchi mazkur xarajatlar boʻyicha majburiyatni aktivdan foydalanish boshlangan sanada yoki bazaviy aktivdan muayyan davr mobaynida foydalanish natijasida oʻz zimmasiga oladi.
28. Ijaraga oluvchi mazkur Standartning 27-bandi “e” kichik bandida nazarda tutilgan xarajatlar boʻyicha majburiyat yuzaga kelganda, ushbu xarajatlarni foydalanish huquqi aktivining tannarxi tarkibida tan olishi shart.
Ijaraga oluvchi muayyan davr mobaynida foydalanish huquqi aktividan zaxiralar ishlab chiqarish uchun foydalanish natijasida yuzaga kelgan xarajatlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ni (roʻyxat raqami 3120, 2019-yil 14-yanvar) qoʻllaydi.
Mazkur Standartga yoki Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ga (roʻyxat raqami 3120, 2019-yil 14-yanvar) muvofiq hisobga olinadigan tovar-moddiy zaxiralar boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (16-sonli BHS) “Baholangan majburiyatlar, shartli majburiyatlar va shartli aktivlar”ga (roʻyxat raqami 3562, 2024-yil 22-oktabr) muvofiq tan olinadi va baholanadi.
2-§. Ijara majburiyatini dastlabki baholash
29. Ijara boshlanish sanasida ijaraga oluvchi ijara majburiyatini ushbu sanada toʻlanmagan ijara toʻlovlarining keltirilgan qiymati boʻyicha baholaydi.
Ijara toʻlovlari, agar ijarada nazarda tutilgan foiz stavkasini ishonchli tarzda aniqlash mumkin boʻlsa, ushbu stavka boʻyicha diskontlanadi. Agar mazkur foiz stavkasini ishonchli tarzda aniqlash mumkin boʻlmasa, ijaraga oluvchi oʻzining qoʻshimcha qarz olish stavkasidan foydalanadi.
30. Ijara boshlanish sanasida ijara majburiyatini baholash tarkibiga ijara muddati davomida bazaviy aktivdan foydalanish huquqi uchun ijara boshlanish sanasida toʻlanmagan quyidagi toʻlovlar kiritiladi:
a) qatʼiy toʻlovlar, olinishi lozim boʻlgan har qanday ijara ragʻbatlantirishlari chegirilgan holda;
b) indeks yoki stavkaga bogʻliq boʻlgan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari, mazkur Standartning 31-bandiga muvofiq, dastlab boshlanish sanasida amal qilayotgan indeks yoki stavka asosida baholanadigan toʻlovlar;
d) qoldiq qiymat kafolatlari boʻyicha ijaraga oluvchi tomonidan toʻlanishi kutilayotgan summalar;
e) agar ijaraga oluvchi xarid qilish opsionini amalga oshirishiga yetarlicha ishonch mavjud boʻlsa, ushbu opsionning amalga oshirish qiymati;
f) agar ijara muddati ijaraga oluvchi tomonidan ijarani bekor qilish opsioni amalga oshirilishini nazarda tutsa, ijara shartnomasini bekor qilish natijasida yetkazilgan zarar uchun toʻlanadigan summalarni.
31. Mazkur Standartning 30-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan indeks yoki stavkaga bogʻliq boʻlgan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlariga, masalan, isteʼmol narxlari indeksiga, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasiga yoki bozor ijara stavkalaridagi oʻzgarishlarga bogʻliq toʻlovlar kiradi.
3-§. Foydalanish huquqi aktivini keyingi baholash
32. Ijara boshlangan sanadan keyin ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivini tannarx modeli asosida baholaydi, bundan mazkur Standartning 36-bandida nazarda tutilgan boshqa baholash modeli qoʻllaniladigan hollar mustasno.
4-§. Dastlabki tannarx modeli
33. Dastlabki tannarx modelini qoʻllashda ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivini quyidagilarni hisobga olgan holda tannarx boʻyicha baholashi shart:
jamlangan amortizatsiya va jamlangan qadrsizlanish zararlari chegirilgan holda;
mazkur Standartning 37-bandi “d” kichik bandiga muvofiq ijara majburiyati qayta baholanishi natijasida kiritilgan tuzatishlar hisobga olingan holda.
34. Ijaraga oluvchi mazkur Standartning 35-bandi talablarini inobatga olgan holda, foydalanish huquqi aktivi boʻyicha amortizatsiya hisoblashda Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”ning (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) amortizatsiyaga oid talablarni qoʻllashi shart.
35. Agar ijara muddati yakunida bazaviy aktivga boʻlgan mulk huquqi ijaraga oluvchiga oʻtsa yoki foydalanish huquqi aktivining tannarxi ijaraga oluvchi tomonidan aktivni sotib olish huquqidan foydalanilishini nazarda tutsa, ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivini aktivdan foydalanish boshlangan sanadan boshlab bazaviy aktivning foydali xizmat davri tugagunga qadar amortizatsiya qilishi shart.
Boshqa holatlarda ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivini aktivdan foydalanish boshlangan sanadan boshlab foydalanish huquqi aktivining foydali xizmat davri yoki ijara muddati tugaydigan sanalardan qaysi biri oldin kelsa, oʻsha sanagacha amortizatsiya qilishi shart.
5-§. Boshqa baholash modellari
36. Agar foydalanish huquqi aktivlari ijaraga oluvchi tomonidan hisoblashda Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”da (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) nazarda tutilgan qayta baholash modeli qoʻllaniladigan asosiy vositalar sinfiga taalluqli boʻlsa, ijaraga oluvchi mazkur asosiy vositalar sinfiga tegishli barcha foydalanish huquqi aktivlariga nisbatan ushbu qayta baholash modelini qoʻllashni tanlashi mumkin.
6-§. Ijara majburiyatini keyingi baholash
37. Ijara boshlanish sanasidan keyin ijaraga oluvchi ijara majburiyatini quyidagi tarzda baholashi shart:
a) ijara majburiyati boʻyicha hisoblangan foizni aks ettirish maqsadida uning balans qiymatini oshirish;
b) amalga oshirilgan ijara toʻlovlarini aks ettirish maqsadida uning balans qiymatini kamaytirish;
d) mazkur Standartning 40 — 47-bandlarida nazarda tutilgan qayta baholashlar yoki ijara shartlariga kiritilgan oʻzgartirishlarni, shuningdek, qayta koʻrib chiqilgan qatʼiy ijara toʻlovlarini aks ettirish maqsadida uning balans qiymatini qayta baholash.
38. Ijara muddati davomida har bir hisobot davri uchun ijara majburiyati boʻyicha foizlar mazkur majburiyatning qolgan balans qiymatiga doimiy foiz stavkasini qoʻllash orqali hisoblanadi.
Bunda davriy foiz stavkasi mazkur Standartning 29-bandida nazarda tutilgan diskont stavkasi, tegishli hollarda esa mazkur Standartning 42 va 44-bandlarida yoxud 46-bandining “d” kichik bandida nazarda tutilgan qayta koʻrib chiqilgan diskont stavkasi hisoblanadi.
39. Aktivdan foydalanish boshlangan sanadan keyin ijaraga oluvchi, agar tegishli xarajatlar boshqa standartlar talablariga muvofiq boshqa aktivning balans qiymati tarkibiga kiritilmasa, quyidagilarni foyda yoki zarar tarkibida tan olishi shart:
ijara majburiyati boʻyicha foiz xarajatlari;
ijara majburiyatini baholashda hisobga olinmagan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari — mazkur toʻlovlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan hodisa yoki shart-sharoit yuz bergan hisobot davrida.
7-§. Ijara majburiyatini qayta baholash
40. Aktivdan foydalanish boshlangan sanadan keyin ijaraga oluvchi ijara toʻlovlaridagi oʻzgarishlarni hisobga olish uchun ijara majburiyatini qayta baholashda mazkur Standartning 41 — 44-bandlari talablarini qoʻllashi shart.
Ijara majburiyatini qayta baholash natijasida yuzaga kelgan summa foydalanish huquqi aktivining balans qiymatiga tuzatish sifatida tan olinadi.
Biroq, agar foydalanish huquqi aktivining balans qiymati nolgacha kamaytirilgan boʻlsa va ijara majburiyatining baholanishi yanada kamaysa, qayta baholashning qolgan qismi foyda yoki zarar tarkibida tan olinishi shart.
41. Quyidagi holatlardan birida ijaraga oluvchi qayta koʻrib chiqilgan ijara toʻlovlarini qayta koʻrib chiqilgan diskont stavkasi boʻyicha diskontlash orqali ijara majburiyatini qayta baholashi shart:
a) mazkur Standartning 23-24-bandlariga muvofiq ijara muddati oʻzgarganda. Bunda ijaraga oluvchi qayta koʻrib chiqilgan ijara toʻlovlarini yangi ijara muddati asosida belgilashi shart;
b) aktivni sotib olish huquqidan foydalanish ehtimolini baholash oʻzgarganda. Bunday baholash mazkur Standartning 23-24-bandlarida nazarda tutilgan hodisalar va holatlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Ijaraga oluvchi qayta koʻrib chiqilgan ijara toʻlovlarini aktivni sotib olish huquqini amalga oshirish uchun toʻlanadigan summalardagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda belgilashi shart.
42. Mazkur Standartning 41-bandini qoʻllashda ijaraga oluvchi qayta koʻrib chiqilgan diskont stavkasini quyidagicha belgilashi shart:
a) agar mazkur stavkani ishonchli ravishda aniqlash mumkin boʻlsa — ijara muddatining qolgan qismi uchun ijarada nazarda tutilgan foiz stavkasi asosida;
b) agar mazkur stavkani ishonchli ravishda aniqlash mumkin boʻlmasa — qayta baholash sanasidagi ijaraga oluvchining qoʻshimcha qarz olish stavkasi asosida.
43. Quyidagi holatlardan birida ijaraga oluvchi qayta koʻrib chiqilgan ijara toʻlovlarini diskontlash orqali ijara majburiyatini qayta baholashi shart:
a) qoldiq qiymat kafolati boʻyicha toʻlanishi kutilayotgan summalar oʻzgarganda. Bunda qayta koʻrib chiqilgan ijara toʻlovlari mazkur summalardagi oʻzgarishni hisobga olgan holda belgilanadi;
b) ijara toʻlovlarini aniqlashda qoʻllaniladigan indeks yoki stavkaning oʻzgarishi natijasida kelgusidagi ijara toʻlovlari oʻzgarganda, shu jumladan bozor ijara stavkalari qayta koʻrib chiqilishi natijasida. Bunda ijara majburiyati pul oqimlari oʻzgargan, yaʼni ijara toʻlovlariga tegishli tuzatish kuchga kirgan sanada qayta baholanadi. Qayta koʻrib chiqilgan ijara toʻlovlari ijara muddatining qolgan qismi uchun amalda boʻlgan shartnomaviy toʻlovlar asosida aniqlanadi.
44. Mazkur Standartning 43-bandini qoʻllashda ijaraga oluvchi oʻzgarmagan diskont stavkasidan foydalanishi shart, bundan oʻzgaruvchan foiz stavkasidagi oʻzgarish natijasida ijara toʻlovlari oʻzgargan holatlar mustasno. Bunday hollarda ijaraga oluvchi foiz stavkasidagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqilgan diskont stavkasini qoʻllaydi.
3-bob. Ijarani oʻzgartirish
45. Ijaraga oluvchi ijara shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishni quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilganda alohida ijara sifatida hisobga oladi:
a) oʻzgartirish bir yoki bir nechta bazaviy aktivdan foydalanish huquqini qoʻshish orqali ijara qamrovini kengaytirsa;
b) ijara toʻlovlari summasi ijara qamrovining kengayishi uchun alohida taqdim etish narxiga, shuningdek, muayyan shartnoma holatlarini aks ettirish uchun ushbu alohida taqdim etish narxiga kiritiladigan har qanday tegishli tuzatishlarga mos kelsa.
46. Alohida ijara sifatida hisobga olinmaydigan ijarani oʻzgartirish boʻyicha ijaraga oluvchi oʻzgartirish kuchga kirgan sanada quyidagilarni amalga oshirishi shart:
a) mazkur Standartning 16 — 19-bandlariga muvofiq oʻzgartirilgan shartnoma boʻyicha toʻlovni taqsimlash;
b) mazkur Standartning 21-22-bandlariga muvofiq oʻzgartirilgan ijara muddatini belgilash;
d) qayta koʻrib chiqilgan ijara toʻlovlarini qayta koʻrib chiqilgan diskont stavkasi boʻyicha diskontlash orqali ijara majburiyatini qayta baholash.
Qayta koʻrib chiqilgan diskont stavkasi:
agar mazkur stavkani osonlik bilan aniqlash mumkin boʻlsa, ijara muddatining qolgan qismi uchun ijarada nazarda tutilgan foiz stavkasi sifatida;
agar mazkur stavkani osonlik bilan aniqlash mumkin boʻlmasa, oʻzgartirish kuchga kirgan sanadagi ijaraga oluvchining qoʻshimcha qarz olish stavkasi sifatida belgilanadi.
47. Alohida ijara sifatida hisobga olinmaydigan ijarani oʻzgartirish boʻyicha ijaraga oluvchi ijara majburiyatini qayta baholashni quyidagi tartibda hisobga olishi shart:
a) ijara qamrovini kamaytiradigan ijarani oʻzgartirishlarda ijaraning qisman yoki toʻliq bekor qilinishini aks ettirish uchun foydalanish huquqi aktivining balans qiymatini kamaytirish. Bunda ijaraga oluvchi ijaraning qisman yoki toʻliq bekor qilinishi bilan bogʻliq har qanday foyda yoki zararni foyda yoki zarar tarkibida tan olishi shart;
b) boshqa barcha ijarani oʻzgartirishlarda foydalanish huquqi aktivining balans qiymatiga tegishli tuzatish kiritish.
4-bob. Hisobotni taqdim etish va axborotni oshkor qilish
1-§. Taqdim etish
48. Ijaraga oluvchi quyidagilarni moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda alohida taqdim etishi yoki moliyaviy hisobotga izohlarda koʻrsatishi lozim:
a) foydalanish huquqi aktivlarini boshqa aktivlardan alohida. Agar ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivlarini moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda alohida taqdim etmasa, tashkilotlar:
1) foydalanish huquqi aktivlarini tegishli bazaviy aktivlar ijaraga oluvchining mulki hisoblangan taqdirda, moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda taqdim etiladigan tegishli modda tarkibida aks ettirishi;
2) moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotning qaysi moddalari ushbu foydalanish huquqi aktivlarini oʻz ichiga olishini moliyaviy hisobotga izohlarda oshkor qilishi shart;
b) ijara majburiyatlarini boshqa majburiyatlardan alohida. Agar ijaraga oluvchi ijara majburiyatlarini moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda alohida taqdim etmasa, u moliyaviy hisobotga izohlarda moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotning qaysi satrlari ushbu majburiyatlarni oʻz ichiga olishini koʻrsatishi shart.
49. Mazkur Standartning 48-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan talab investitsiyaviy mulk taʼrifiga javob beradigan foydalanish huquqi aktivlariga nisbatan qoʻllanilmaydi. Bunday foydalanish huquqi aktivlari moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda investitsiyaviy mulk sifatida taqdim etiladi.
50. Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotda ijaraga oluvchi ijara majburiyati boʻyicha foiz xarajatlarini foydalanish huquqi aktivi boʻyicha hisoblangan amortizatsiyadan alohida taqdim etishi shart.
Ijara majburiyati boʻyicha foiz xarajatlari moliyaviy xarajatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.
51. Ijaraga oluvchi pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotda quyidagilarni tasniflashi shart:
a) ijara majburiyatining asosiy qarz qismini toʻlash bilan bogʻliq pul oqimlarini — moliyalashtirish faoliyati boʻyicha pul oqimlari tarkibida;
b) ijara majburiyatining foiz qismini toʻlash bilan bogʻliq pul oqimlarini foizlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (14-sonli BHS) “Pul oqimlari toʻgʻrisida hisobot” (roʻyxat raqami 3396, 2022-yil 2-noyabr) standarti talablarini qoʻllagan holda;
d) qisqa muddatli ijara, past qiymatli aktivlar ijarasi boʻyicha toʻlovlarni, shuningdek, ijara majburiyatini baholashda hisobga olinmagan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlarini — operatsion faoliyat boʻyicha pul oqimlari tarkibida.
2-§. Axborotni oshkor qilish
52. Axborotni oshkor qilishdan maqsad moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga ijara munosabatlarining ijaraga oluvchining moliyaviy holati, moliyaviy natijalari va pul oqimlariga taʼsirini baholash imkonini beruvchi axborotni taqdim etishdan iborat. Bunda ijaraga oluvchi moliyaviy holat, moliyaviy natijalar va pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotlarda aks ettirilgan maʼlumotlarni toʻldiruvchi tegishli axborotni moliyaviy hisobotga izohlarda oshkor qilishi lozim.
Mazkur maqsadga erishish uchun axborotni oshkor qilishga doir talablar ushbu Standartning 53 — 60-bandlarida belgilanadi.
53. Ijaraga oluvchi oʻzi ijaraga oluvchi hisoblangan ijaralar toʻgʻrisidagi axborotni moliyaviy hisobotda yagona izohda yoki alohida boʻlimda oshkor qilishi shart. Biroq, agar ushbu axborot ijaralar toʻgʻrisidagi yagona izoh yoki alohida boʻlimga oʻzaro havola orqali kiritilgan boʻlsa, ijaraga oluvchi moliyaviy hisobotning boshqa qismlarida ilgari taqdim etilgan axborotni takroran keltirishi shart emas.
54. Ijaraga oluvchi hisobot davri uchun quyidagi axborotni oshkor qilishi shart:
a) bazaviy aktivlar sinfi boʻyicha foydalanish huquqi aktivlari amortizatsiyasi xarajatlari;
b) ijara majburiyatlari boʻyicha foiz xarajatlari;
d) mazkur Standartning 9-bandiga muvofiq hisobga olingan qisqa muddatli ijaralar bilan bogʻliq xarajatlar. Ushbu summa tarkibiga ijara muddati bir oy yoki undan kam boʻlgan ijaralar bilan bogʻliq xarajatlar kiritilmasligi mumkin;
e) mazkur Standartning 9-bandiga muvofiq hisobga olingan bazaviy aktivi past qiymatli boʻlgan ijaralar bilan bogʻliq xarajatlar. Ushbu summa tarkibiga qisqa muddatli boʻlgan va bazaviy aktivi past qiymatli ijaralar bilan bogʻliq xarajatlar kiritilmasligi mumkin;
f) ijara majburiyatini baholash tarkibiga kiritilmagan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari bilan bogʻliq xarajatlar;
g) foydalanish huquqi aktivlarini subijaraga berishdan olingan daromadlar;
h) ijaralar boʻyicha jami pul chiqimlari;
i) foydalanish huquqi aktivlariga qoʻshimchalar;
j) sotish va qayta ijaraga olish operatsiyalari natijasida yuzaga kelgan foyda yoki zararlar;
k) hisobot davri oxirida bazaviy aktivlar sinfi boʻyicha foydalanish huquqi aktivlarining balans qiymati.
55. Ijaraga oluvchi mazkur Standartning 54-bandida nazarda tutilgan axborotni, agar boshqa taqdim etish usuli maqsadga muvofiq boʻlmasa, jadval shaklida taqdim etishi shart.
Oshkor qilinadigan summalar tarkibiga hisobot davri mobaynida ijaraga oluvchi tomonidan boshqa aktivning balans qiymati tarkibiga kiritilgan tegishli xarajatlar ham qoʻshilishi shart.
56. Agar hisobot davri oxirida ijaraga oluvchi zimmasiga olgan qisqa muddatli ijaralar boʻyicha majburiyatlar mazkur Standartning 54-bandi “d” kichik bandiga muvofiq, xarajatlari oshkor qilingan qisqa muddatli ijaralardan farq qilsa, ijaraga oluvchi mazkur Standartning 9-bandiga muvofiq hisobga olingan qisqa muddatli ijaralar boʻyicha majburiyatlarning umumiy summasini oshkor qilishi shart.
57. Agar ijaraga oluvchi foydalanish huquqi aktivlarini mazkur Standartning 36-bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”da (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) nazarda tutilgan qayta baholash modeli asosida baholasa, u qayta baholangan asosiy vositalar boʻyicha mazkur standartda belgilangan axborotni oshkor qilish talablarini ushbu foydalanish huquqi aktivlariga nisbatan ham qoʻllashi shart.
58. Ijaraga oluvchi ijara majburiyatlarining muddatlar boʻyicha tahlilini boshqa moliyaviy majburiyatlar boʻyicha muddatlar tahlilidan alohida oshkor qilishi shart.
59. Mazkur Standartning 54 — 58-bandlarida nazarda tutilgan axborotni oshkor qilish talablariga qoʻshimcha ravishda, ijaraga oluvchi mazkur Standartning 52-bandida belgilangan maqsadga erishish uchun zarur boʻlgan oʻz ijara faoliyatiga oid qoʻshimcha sifat va miqdoriy axborotni oshkor qilishi shart.
Bunday axborot moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga quyidagilarni baholash imkonini beruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi mumkin, ammo ular bilan cheklanmaydi:
a) ijaraga oluvchining ijara faoliyati xususiyatini;
b) ijara majburiyatlarini baholashda hisobga olinmagan hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan pul chiqimlarini. Bunday chiqimlar quyidagilar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin:
oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari;
uzaytirish huquqlari va ijarani bekor qilish huquqlari;
qoldiq qiymat kafolatlari;
ijaraga oluvchi tomonidan majburiyat olingan, ammo hali kuchga kirmagan ijaralar;
ijara shartlarida nazarda tutilgan cheklovlar yoki boshqa shartlarni;
sotish va qayta ijaraga olish operatsiyalarini.
60. Mazkur Standartning 9-bandiga muvofiq, qisqa muddatli ijaralar yoki bazaviy aktivi past qiymatli boʻlgan ijaralarni hisobga oluvchi ijaraga oluvchi ushbu holatni oshkor qilishi shart.
III boʻlim. Ijaraga beruvchi
1-bob. Ijaralarni tasniflash
61. Ijaraga beruvchi har bir ijarani operatsion ijara yoki moliyaviy ijara sifatida tasniflashi shart.
62. Agar ijara bazaviy aktivga egalik qilish bilan bogʻliq deyarli barcha xavf va manfaatlarni ijaraga oluvchiga oʻtkazsa, bunday ijara moliyaviy ijara sifatida tasniflanadi. Agar bunday xavf va manfaatlar deyarli toʻliq oʻtkazilmasa, ijara operatsion ijara sifatida tasniflanadi.
63. Ijaraning moliyaviy ijara yoki operatsion ijara sifatida tasniflanishi shartnomaning huquqiy shaklidan koʻra operatsiyaning iqtisodiy mazmuniga bogʻliq boʻladi. Quyidagi holatlar alohida yoki birgalikda ijaraning moliyaviy ijara sifatida tasniflanishiga olib keladi:
a) ijara muddati oxirida bazaviy aktivga boʻlgan mulk huquqi ijaraga oluvchiga oʻtganda;
b) ijaraga oluvchi bazaviy aktivni ushbu huquq amalga oshirilishi mumkin boʻlgan sanadagi haqqoniy qiymatidan sezilarli darajada past boʻlishi kutilayotgan narxda sotib olish huquqiga ega boʻlganda va ijara boshlangʻich sanasida mazkur huquqdan foydalanilishiga yetarlicha ishonch mavjud boʻlganda;
d) mulk huquqi oʻtkazilmagan taqdirda ham, ijara muddati bazaviy aktivning iqtisodiy xizmat muddatining asosiy qismini tashkil etganda;
e) ijara boshlangʻich sanasida ijara toʻlovlarining keltirilgan qiymati bazaviy aktiv haqqoniy qiymatining asosiy qismiga teng boʻlganda;
f) bazaviy aktiv maxsus xususiyatlarga ega boʻlib, undan faqat ijaraga oluvchi foydalanishi mumkin boʻlganda.
64. Quyidagi holatlar ham alohida yoki birgalikda ijaraning moliyaviy ijara sifatida tasniflanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan koʻrsatkichlar hisoblanadi:
a) agar ijaraga oluvchi ijarani bekor qilish huquqiga ega boʻlsa va bekor qilish bilan bogʻliq ijaraga beruvchining zararlari ijaraga oluvchi zimmasiga yuklatilsa;
b) qoldiq qiymatning haqqoniy qiymatidagi oʻzgarishlardan kelib chiqadigan foyda yoki zararlar ijaraga oluvchiga tegishli boʻlsa (masalan, ijara muddati oxirida aktivni sotishdan tushgan mablagʻning asosiy qismiga teng ijara toʻlovi chegirmasi shaklida);
d) ijaraga oluvchi ijarani bozor ijara toʻlovidan sezilarli darajada past ijara toʻlovi asosida qoʻshimcha muddatga davom ettirish huquqiga ega boʻlsa.
65. Mazkur Standartning 63-64-bandlarida nazarda tutilgan misollar va koʻrsatkichlar ijarani tasniflash uchun har doim ham yetarli asos boʻlavermaydi. Agar boshqa holatlar bazaviy aktivga egalik qilish bilan bogʻliq xavf va manfaatlarning deyarli barchasi ijaraga oluvchiga oʻtmasligini koʻrsatsa, bunday ijara operatsion ijara sifatida tasniflanadi.
Masalan, bazaviy aktivga boʻlgan mulk huquqi ijara muddati tugaganda uning shu vaqtdagi haqqoniy qiymatiga teng miqdordagi toʻlov evaziga ijaraga oluvchiga oʻtkazilganda yoki oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari mavjudligi sababli bazaviy aktivga egalik qilish bilan bogʻliq xavf va manfaatlarning deyarli barchasi ijaraga beruvchida saqlanib qolganda shunday holat yuzaga kelishi mumkin.
66. Ijarani tasniflash ijara boshlangʻich sanasida amalga oshiriladi va faqat ijara oʻzgartirilgan taqdirda qayta koʻrib chiqiladi.
Baholashlardagi oʻzgarishlar (masalan, bazaviy aktivning iqtisodiy xizmat muddati yoki qoldiq qiymati boʻyicha baholashlardagi oʻzgarishlar) yoki holatlardagi oʻzgarishlar (masalan, ijaraga oluvchining shartnoma shartlarini bajarmasligi) buxgalteriya hisobi maqsadlarida ijaraning qayta tasniflanishiga olib kelmaydi.
2-bob. Moliyaviy ijaralar
1-§. Tan olish va baholash
67. Ijara boshlanish sanasida ijaraga beruvchi moliyaviy ijara boʻyicha aktivlarni oʻzining moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotida ijaraga sof investitsiya summasiga teng debitorlik qarzi sifatida tan olishi va taqdim etishi shart.
2-§. Dastlabki baholash
68. Ijaraga beruvchi ijaraga sof investitsiyani baholashda ijarada nazarda tutilgan foiz stavkasidan foydalanishi shart.
Subijarada, agar unda nazarda tutilgan foiz stavkasini osonlik bilan aniqlash mumkin boʻlmasa, oraliq ijaraga beruvchi subijaraga sof investitsiyani baholash uchun bosh ijara boʻyicha qoʻllanilgan diskont stavkasidan (subijara bilan bogʻliq dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlarga tegishli tuzatishlarni hisobga olgan holda) foydalanishi mumkin.
69. Dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar ijaraga sof investitsiyaning dastlabki baholanishi tarkibiga kiritiladi va ijara muddati davomida tan olinadigan daromad summasini kamaytiradi.
Ijarada nazarda tutilgan foiz stavkasi shunday tarzda belgilanadiki, dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar ijaraga sof investitsiyaning dastlabki baholanishi tarkibida hisobga olinadi. Shu sababli ularni alohida kiritish talab etilmaydi.
3-§. Ijaraga sof investitsiya tarkibiga kiritiladigan ijara toʻlovlarining dastlabki baholanishi
70. Aktivdan foydalanish boshlangan sanada ijaraga sof investitsiyani baholash tarkibiga ijara muddati davomida bazaviy aktivdan foydalanish huquqi uchun aktivdan foydalanish boshlangan sanada olinmagan quyidagi toʻlovlar kiritiladi:
a) qatʼiy toʻlovlar, toʻlanishi lozim boʻlgan har qanday ijara ragʻbatlantirishlari chegirilgan holda;
b) indeks yoki stavkaga bogʻliq boʻlgan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari, dastlab aktivdan foydalanish boshlangan sanadagi indeks yoki stavka asosida baholanadigan toʻlovlar;
d) ijaraga oluvchi, ijaraga oluvchi bilan bogʻliq taraf yoki kafolat boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli moliyaviy imkoniyatga ega boʻlgan hamda ijaraga beruvchi bilan bogʻliq boʻlmagan uchinchi shaxs tomonidan taqdim etilgan har qanday qoldiq qiymat kafolatlari;
e) agar ijaraga oluvchi tomonidan sotib olish huquqidan foydalanilishiga yetarlicha ishonch mavjud boʻlsa, ushbu huquqni amalga oshirish qiymati;
f) agar ijara muddati ijaraga oluvchi tomonidan ijarani bekor qilish huquqidan foydalanilishini aks ettirsa, ijarani bekor qilish uchun jarima toʻlovlari.
4-§. Keyingi baholash
71. Ijaraga beruvchi moliyaviy daromadni ijara muddati davomida ijaraga sof investitsiyaning qolgan summasiga doimiy foiz stavkasini qoʻllash asosida tan olishi shart.
72. Ijaraga beruvchi moliyaviy daromadni ijara muddati davomida tizimli va oqilona asosda taqsimlashga intilishi shart.
Ijaraga beruvchi muayyan davrga taalluqli ijara toʻlovlarini ijaraga doir yalpi investitsiya kamaytirish hisobiga aks ettirishi hamda ushbu toʻlovlar hisobidan asosiy qarz va ishlab topilmagan moliyaviy daromad summalarini kamaytirishi shart.
73. Ijaraga beruvchi ijaraga yalpi investitsiya summasini hisoblashda inobatga olingan kafolatlanmagan qoldiq qiymatning baholangan summasini muntazam ravishda qayta koʻrib chiqishi shart.
Agar kafolatlanmagan qoldiq qiymatning baholangan summasi kamaygan boʻlsa, ijaraga beruvchi ijara muddati davomida moliyaviy daromadni taqsimlash tartibini qayta koʻrib chiqishi hamda hisoblangan daromad summalaridagi kamayishni darhol tan olishi shart.
3-bob. Ijara shartnomasiga oʻzgartirishlar
74. Ijaraga beruvchi quyidagi ikkala shart ham bajarilganda moliyaviy ijarani oʻzgartirishni alohida ijara sifatida hisobga olishi shart:
a) ijara shartnomasining dastlabki shartlarini oʻzgartirish (bir yoki bir nechta bazaviy aktivlardan foydalanish huquqini qoʻshish orqali ijara qamrovini kengaytirsa);
b) ijara uchun toʻlanadigan toʻlov ijara qamrovining kengayishi boʻyicha alohida taqdim etish narxiga, shuningdek muayyan shartnoma holatlarini aks ettirish uchun ushbu alohida taqdim etish narxiga kiritiladigan har qanday tegishli tuzatishlarga mos kelsa.
75. Agar moliyaviy ijaraga kiritilgan va alohida ijara sifatida hisobga olinmaydigan oʻzgartirish natijasida ijara operatsion ijara sifatida tasniflansa, ijaraga beruvchi:
ijarani oʻzgartirishni oʻzgartirish kuchga kirgan sanadan boshlab mazkur ijarani yangi ijara sifatida hisobga olishi;
bazaviy aktivning balans qiymatini oʻzgartirish kuchga kirishidan bevosita oldingi holatga koʻra aniqlangan ijaraga sof investitsiya summasiga teng miqdorda baholashi shart.
4-bob. Operatsion ijaralar
1-§. Tan olish va baholash
76. Ijaraga beruvchi operatsion ijara boʻyicha ijara toʻlovlarini toʻgʻri chiziqli yoki boshqa tizimli usul asosida daromad sifatida tan olishi shart.
Bunda boshqa tizimli usul bazaviy aktivdan foydalanish natijasida olinadigan manfaatlarning kamayish tartibini aniqroq aks ettirsa, ijaraga beruvchi ushbu usulni qoʻllashi shart.
77. Ijaraga beruvchi ijara daromadini olish bilan bogʻliq xarajatlarni, shu jumladan amortizatsiyani xarajat sifatida tan olishi shart.
78. Ijaraga beruvchi operatsion ijara shartnomasini tuzish bilan bogʻliq dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlarni bazaviy aktivning balans qiymatiga kiritishi hamda ushbu xarajatlarni ijara daromadi tan olinadigan usul bilan bir xil usulda ijara muddati davomida xarajat sifatida tan olishi shart.
79. Operatsion ijara obyekti hisoblangan amortizatsiyalanadigan bazaviy aktivlar boʻyicha amortizatsiya siyosati ijaraga beruvchi tomonidan oʻxshash aktivlarga nisbatan qoʻllaniladigan amortizatsiya siyosatiga muvofiq boʻlishi shart.
Ijaraga beruvchi amortizatsiyani bazaviy aktivning turiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” (roʻyxat raqami 3169, 2019-yil 24-iyun) yoki Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar” (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) talablariga muvofiq hisoblashi shart.
2-§. Ijara shartnomasiga oʻzgartirishlar
80. Ijaraga beruvchi operatsion ijaraga kiritilgan oʻzgartirishni u kuchga kirgan sanadan boshlab yangi ijara sifatida hisobga olishi shart. Bunda dastlabki ijaraga taalluqli har qanday oldindan toʻlangan yoki hisoblangan ijara toʻlovlari yangi ijara boʻyicha ijara toʻlovlarining bir qismi sifatida hisobga olinadi.
3-§. Taqdim etish
81. Ijaraga beruvchi operatsion ijara obyekti hisoblangan bazaviy aktivlarni moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda ularning xususiyatiga muvofiq taqdim etishi shart.
5-bob. Axborotni oshkor qilish
1-§. Umumiy qoidalar
82. Axborotni oshkor qilishdan maqsad moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga ijara munosabatlarining ijaraga beruvchining moliyaviy holati, moliyaviy natijalari va pul oqimlariga taʼsirini baholash imkonini beruvchi axborotni taqdim etishdan iborat. Bunda ijaraga beruvchi moliyaviy holat, moliyaviy natijalar va pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotlarda aks ettirilgan maʼlumotlarni toʻldiruvchi tegishli axborotni moliyaviy hisobotga izohlarda oshkor qilishi shart.
Mazkur maqsadga erishish uchun axborotni oshkor qilishga doir talablar ushbu Standartning 83 — 90-bandlarida belgilanadi.
83. Ijaraga beruvchi hisobot davri uchun quyidagi summalarni oshkor qilishi shart:
a) moliyaviy ijaralar boʻyicha:
sotishdan olingan foyda yoki zarar;
ijaraga sof investitsiya boʻyicha moliyaviy daromad;
ijaraga sof investitsiyani baholash tarkibiga kiritilmagan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari bilan bogʻliq daromad;
b) operatsion ijaralar boʻyicha ijara daromadi. Bunda indeks yoki stavkaga bogʻliq boʻlmagan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari bilan bogʻliq daromad alohida oshkor qilinishi shart.
84. Ijaraga beruvchi mazkur Standartning 83-bandida nazarda tutilgan axborotni, agar boshqa taqdim etish usuli maqsadga muvofiq boʻlmasa, jadval shaklida taqdim etishi shart.
85. Ijaraga beruvchi mazkur Standartning 82-bandidagi axborotni oshkor qilish maqsadiga erishish uchun zarur boʻlgan oʻzining ijara faoliyatiga oid qoʻshimcha sifat va miqdoriy axborotni oshkor qilishi shart. Ushbu qoʻshimcha axborot moliyaviy hisobot foydalanuvchilariga quyidagilarni baholashga yordam beradigan axborotni oʻz ichiga oladi, ammo ular bilan cheklanmaydi:
a) ijaraga beruvchining ijara faoliyati xususiyatini;
b) ijaraga beruvchining bazaviy aktivlarda saqlab qolingan huquqlar bilan bogʻliq xavflarni qanday boshqarishini. Xususan, ijaraga beruvchi mazkur xavflarni boshqarish strategiyasini, shu jumladan ularni kamaytirish uchun qoʻllaniladigan usullarni oshkor qilishi shart. Bunday usullarga, masalan, qayta sotib olish kelishuvlari, qoldiq qiymat kafolatlari yoki belgilangan limitlardan ortiq foydalanish uchun nazarda tutilgan oʻzgaruvchan ijara toʻlovlari kiradi.
2-§. Moliyaviy ijaralarda axborotni oshkor qilish
86. Ijaraga beruvchi moliyaviy ijara boʻyicha sof investitsiyaning balans qiymatida yuz bergan muhim oʻzgarishlarning sabablari va miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
87. Ijaraga beruvchi olinishi lozim boʻlgan ijara toʻlovlarining toʻlov muddatlari boʻyicha tahlilini oshkor qilishi shart, bunda diskontlanmagan ijara toʻlovlari kamida dastlabki besh yilning har biri boʻyicha yillar kesimida va qolgan yillar uchun umumiy summa sifatida koʻrsatilishi lozim.
Ijaraga beruvchi diskontlanmagan ijara toʻlovlari summasini ijaraga sof investitsiya bilan solishtirib koʻrsatishi shart. Bunda olinishi lozim boʻlgan ijara toʻlovlariga taalluqli ishlab topilmagan moliyaviy daromad hamda har qanday diskontlangan kafolatlanmagan qoldiq qiymat alohida koʻrsatilishi shart.
3-§. Operatsion ijaralarda axborotni oshkor qilish
88. Operatsion ijara obyekti hisoblangan asosiy vositalar obyektlari boʻyicha ijaraga beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”da (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) nazarda tutilgan axborotni oshkor qilish talablarini qoʻllashi shart.
Mazkur axborotni oshkor qilish talablarini qoʻllashda ijaraga beruvchi asosiy vositalarning har bir sinfini operatsion ijara obyekti hisoblangan aktivlar va operatsion ijara obyekti hisoblanmagan aktivlarga ajratishi shart.
Shunga muvofiq, ijaraga beruvchi operatsion ijara obyekti hisoblangan aktivlar boʻyicha (bazaviy aktivlar sinflari kesimida) Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”da (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) talab qilingan axborotni oʻziga tegishli va oʻzi tomonidan foydalanilayotgan aktivlar haqidagi axborotdan alohida taqdim etishi shart.
89. Ijaraga beruvchi operatsion ijaraga berilgan aktivlar boʻyicha, tegishli holatga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (5-sonli BHS) “Qishloq xoʻjaligi” (roʻyxat raqami 3106, 2018-yil 25-dekabr), Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (9-sonli BHS) “Nomoddiy aktivlar” (roʻyxat raqami 3169, 2019-yil 24-iyun) hamda ushbu aktiv turlariga nisbatan qoʻllaniladigan boshqa budjet hisobi standartlarida nazarda tutilgan axborotni oshkor qilish talablarini qoʻllashi shart.
90. Ijaraga beruvchi ijara toʻlovlarining muddatlar boʻyicha tahlilini oshkor qilishi shart, bunda diskontlanmagan ijara toʻlovlari kamida dastlabki besh yilning har biri boʻyicha yillar kesimida, qolgan yillar uchun esa umumiy summa sifatida taqdim etilishi lozim.
IV boʻlim. Aktivni sotish va qayta ijaraga olish operatsiyalari
1-bob. Sotish va qayta ijaraga olish operatsiyalari
91. Agar bir tashkilot (sotuvchi-ijaraga oluvchi) aktivni boshqa tashkilotga (xaridor-ijaraga beruvchiga) sotib, keyin ushbu aktivni undan qayta ijaraga olsa, sotuvchi-ijaraga oluvchi ham, xaridor-ijaraga beruvchi ham mazkur oldi-sotdi shartnomasi va ijara shartnomasini mazkur Standartning 92 — 96-bandlariga muvofiq hisobga olishi shart.
2-bob. Aktivni sotishda sotuv hisoblanishini baholash
92. Tashkilotlar aktivni oldi-sotdi qilishda uni sotish sifatida hisobga olinishini aniqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad”da (roʻyxat raqami 3857, 2026-yil 18-iyun) nazarda tutilgan majburiyatni bajarilgan deb hisoblash shartlariga oid talablarni qoʻllashi shart.
3-bob. Aktivning oldi-sotdisini sotish sifatida hisoblanishi
93. Agar sotuvchi-ijaraga oluvchi tomonidan aktivning oldi-sotdisini Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad”da (roʻyxat raqami 3857, 2026-yil 18-iyun) talablariga muvofiq aktivning sotilishi sifatida hisobga olish shartlarini qanoatlantirsa:
a) sotuvchi-ijaraga oluvchi qayta ijaraga olish natijasida yuzaga kelgan foydalanish huquqi aktivini oʻzida saqlab qolingan foydalanish huquqiga tegishli boʻlgan avvalgi balans qiymatining ulushi boʻyicha baholaydi. Shuningdek, sotuvchi-ijaraga oluvchi faqat xaridor-ijaraga beruvchiga oʻtkazilgan huquqlarga tegishli foyda yoki zarar qismini tan oladi;
b) xaridor-ijaraga beruvchi aktivni xarid qilishni tegishli budjet hisobi standartlari talablariga muvofiq hisobga oladi hamda ijarani mazkur Standartdagi ijaraga beruvchiga oid talablarga muvofiq hisobga oladi.
94. Agar aktivni sotishdan olinadigan toʻlovning haqqoniy qiymati aktivning haqqoniy qiymatidan farq qilsa yoki ushbu aktivni qayta ijaraga olish boʻyicha ijara toʻlovlari bozor stavkalariga mos kelmasa, sotishdan tushgan mablagʻlarni haqqoniy qiymatda hisobga olish uchun quyidagi tuzatishlar amalga oshiriladi:
a) bozordan past shartlar ijara toʻlovlarini oldindan toʻlash sifatida hisobga olinadi;
b) bozordan yuqori shartlar xaridor-ijaraga beruvchi tomonidan sotuvchi-ijaraga oluvchiga berilgan qoʻshimcha moliyalashtirish sifatida hisobga olinadi.
95. Tashkilotlar mazkur Standartning 94-bandiga muvofiq talab qilinadigan har qanday tuzatishni quyidagi ikki qiymatdan osonroq aniqlanadigan qiymat asosida baholaydi:
a) sotish boʻyicha ijara toʻlovining haqqoniy qiymati bilan aktivning haqqoniy qiymati oʻrtasidagi farq;
b) ijara boʻyicha shartnomaviy toʻlovlarning keltirilgan qiymati bilan bozor stavkalaridagi ijara toʻlovlarining keltirilgan qiymati oʻrtasidagi farq.
96. Agar sotuvchi-ijaraga oluvchi tomonidan aktivning oʻtkazilishi Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad” (roʻyxat raqami 3857, 2026-yil 18-iyun) talablariga muvofiq aktivni sotish sifatida hisobga olinish shartlarini qanoatlantirmasa:
a) sotuvchi-ijaraga oluvchi oʻtkazilgan aktivni tan olishni davom ettiradi va oʻtkazishdan olingan tushumga teng moliyaviy majburiyatni tan oladi hamda uni belgilangan tartibda hisobga oladi;
b) xaridor-ijaraga beruvchi oʻziga oʻtkazilgan aktivni hisobga olmaydi, balki aktivni oʻtkazish uchun toʻlangan summaga teng miqdordagi moliyaviy aktivni tan oladi va uni belgilangan tartibda hisobga oladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2026 y., 10/26/3957/1061-son)