O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAVOIY VILOYATINING UChQUDUQ TUMANINI IJTIMOIY - IQTISODIY RIVOJLANTIRIShNI JADALLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mintaqa iqtisodiyotining O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligini rivojlantirishga katta ta’sirini hisobga olib va Navoiy viloyatining Uchquduq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Uchquduq tumani ustuvor rivojlantiriladigan hudud deb hisoblansin.
2. Vazirliklar, idoralar, Navoiy viloyati va Uchquduq tumani hokimliklari 1994—1996-yillarda uy-joylar, ijtimoiy infrastruktura va sanoat obyektlari qurilishini va ularni ishga tushirishni ilovaga* muvofiq amalga oshirsinlar.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
3. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi ko‘rsatib o‘tilgan obyektlar qurilishiga har yili sarmoya mablag‘lari ajratishni nazarda tutsin.
4. “O‘zshartnomasavdo” davlat uyushmasi, “O‘zqishloqxo‘jalik- ta’minottuzatish” va boshqa ta’minot-sotish tashkilotlari ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibga muvofiq moddiy-texnika resurslari ajratishni nazarda tutsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli ilmiy-tadqiqot va respublikaning boshqa tashkilotlarini jalb qilgan holda 1993-yilning oxirigacha tumanda qo‘ychilikning yem-xashak bazasi ahvolini o‘rganib chiqsin va uni yaxshilash hamda fermalarni o‘z ozuqasi bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar bersin.
6. “O‘zqurilishmateriallari” davlat konserni:
viloyat hokimligi bilan birgalikda 1994—1996-yillarda tumanda marmar va granitdan hamda boshqa qurilish materiallaridan qoplama buyumlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etsin.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan birgalikda Jeroy kvars qumlari konida O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligi ehtiyojlarini ta’minlash uchun yiliga 450 ming tonna qumni qazib olish va 340 ming tonna qumni boyitish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etsin;
Navoiy sement zavodida 1995-yilda 120 mln shartli plita tayyorlash quvvatiga ega bo‘lgan shifer ishlab chiqaradigan liniyani foydalanishga topshirsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasi 1994-yilning birinchi yarim yilligida quvvatlarni ilovaga muvofiq ishga tushirgan holda yaylovlarga suv berish va sug‘orishni rivojlantirish sxemasini ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
8. “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi 1994—1996-yillarda ilovada ko‘rsatilgan qurilish materiallari va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirishni hisobga olgan holda tumanda qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasiga 1994—1996-yillar uchun mahalliy xomashyodan buyumlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida 68 mln so‘m kredit ajratsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi:
1994-yilda tumanda energetika xo‘jaligining tuzatish-ishlab chiqarish bazasini tashkil etsin;
1994—1996-yillarda 109 km uzunlikdagi elektr energiyasi uzatish liniyalari qurilishini nazarda tutsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi:
1994-yilda ochiq usulda qazish uchun “Sautboy” volfram konining birinchi navbatini razvedka qilishni tugallasin va 1994—1996-yillarda yer ostidan qazib olish ishlarini bajarish uchun konning ikkinchi navbatini razvedka qilishni amalga oshirsin;
1994-yilda Jeroy kvars qumlari konini razvedka qilishni tugallasin;
1993-1994-yillarda “O‘zqurilishmateriallari” davlat konsernining buyurtmanomasi bo‘yicha Uchquduq tumani qoplama tosh konlarini qidirish va razvedka qilishni amalga oshirsin.
12. “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi 1994-yilda har biri 2 ming kub metr sig‘imli to‘rtta rezervuarni qo‘shimcha o‘rnatish hisobiga mavjud Uchquduq neft bazasini kengaytirsin.
13. “O‘ztransgaz” davlat birlashmasi 1994-yilda Uchquduq shahriga gaz quvuri tarmog‘i keltirilishini ta’minlasin.
14. “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish” 1994-1995-yillarda tumanda yiliga 400 shartli remont hajmidagi qishloq xo‘jalik mashinalarini tuzatish va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlarni barpo etsin.
15. Uchquduq tumani hokimligi O‘rta Osiyo Temir yo‘l boshqarmasi bilan birgalikda Shalxar shaharchasi aholisini suv, gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek uni telefonlashtirish va obodonlashtirish masalalarida vazirliklar va idoralarning ulush qo‘shish salmog‘ini bir oy muddatda belgilasin.
O‘rta Osiyo Temir yo‘l boshqarmasi, “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni, “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi, “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish”, “O‘zkooptayyorlovsavdo” O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi viloyat hokimligi bilan birgalikda 1994-yilda yuqorida qayd etilgan ishlarni ulush qo‘shib qatnashgan holda amalga oshirsinlar.
16. Navoiy viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuman davolash muassasalarini tibbiy texnika, asbob-uskunalar, sanitar avtomobil transporti va dori-darmonlar bilan ta’minlasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuman aholisini sog‘lomlashtirish dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining tegishli majmuilariga hamda Navoiy viloyati va Uchquduq tumani hokimliklariga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari I. JO‘RABEKOV
Toshkent sh.,
1993-yil 27-oktabr.,
523-son