Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ROSSIYA FEDERATSIYASI HUKUMATI TOMONIDAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIGA BERILGAN DAVLAT KREDITIDAN FOYDALANISh VA UNI TOʻLASh TARTIBI HAMDA SOBIQ SSR ITTIFOQI RESPUBLIKALARI BILAN HISOB-KITOBLARNI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Rossiya Federatsiyasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari bilan iqtisodiy aloqalar uzilayotgan sharoitlarda respublika xalq xoʻjaligining barqaror faoliyat koʻrsatishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Rossiya Federatsiyasi Hukumati tomonidan “Rossiya Federatsiyasi rubli”da naqd pulsiz berilgan 125 mlrd soʻm miqdoridagi davlat krediti faqat davlat ehtiyojlari uchun gʻoyat muhim boʻlgan moddiy resurslar sotib olishga, Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligining ustuvor tarmoqlarining bir maromda ishlashini taʼminlashga yoʻnaltiriladi. Davlat krediti va hukumatlararo bitimlarga muvofiq qoʻshilgan foizlar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan “Rossiya Federatsiyasi rubllarida” yoki erkin almashtiriladigan valyutada toʻlanadi.
2. Berilgan kredit mablagʻlari ilovaga* muvofiq mahsulotlarning eng muhim turlarini sotib olishga yoʻnaltirilsin.
* ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki davlat kredit hisob-kitoblarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining vakil banki etib belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
davlat krediti hisobiga hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasining vakil bankida alohida schyot ochsin;
davlat kreditining haqiqatda foydalanilgan summasini Rossiya Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha “Rossiya Federatsiyasining rubllarida” va AQSh dollarida bir yoʻla hisobga olib borish va solishtirib chiqishni taʼminlasin;
foydalanilgan mablagʻlarni hisobga olib borish uchun Moliya vazirligiga mazkur schyotdan muntazam ravishda koʻchirma berib tursin.
5. Vazirliklar va idoralar, Markaziy bank va tijorat banklari davlat kreditini mazkur qarorning ilovasiga qatʼiy muvofiq ravishda rasmiylashtirish va undan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
Davlat krediti vazirliklarga va idoralarga Moliya vazirligi bilan kredit shartnomasi tuzilganda hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonuniy toʻlovlarida berilgan kreditning ekvivalenti ular tomonidan Moliya vazirligining maxsus budjetdan tashqari schyotiga avans tarzida oʻtkazib turilgan taqdirda berilsin.
Berilgan kredit boʻyicha Moliya vazirligi bilan uzil-kesil hisob-kitoblar, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, respublika Markaziy banki tomonidan, hukumatlararo kreditga xizmat koʻrsatish boʻyicha foiz stavkalarini hisobga olgan holda, almashish kursi aniqlangandan keyin amalga oshiriladi.
6. Respublika Markaziy banki va Moliya vazirligi Rossiya Federatsiyasining Markaziy banki va Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat krediti boʻyicha schyotlarning va hisob-kitoblarning, shu jumladan, ular boʻyicha ustamalar va foizlarni toʻlashning texnik tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
7. Vazirliklar, idoralar, birlashmalar va korxonalarning rahbarlari, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”, “Oʻzsanoatqurilishbank” Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki shaxsan javobgarlikni oʻz zimmalariga olgan holda:
Rossiya Federatsiyasi Hukumati tomonidan berilgan davlat krediti hisobiga korxonalarning bir maromda ishlashi uchun zarur boʻlgan eng tanqis moddiy resurslarni keltirish boʻyicha shartnomalar va kontraktlarning qatʼi bajarilishini taʼminlasinlar. Tijorat banklari har oyning 10-kunidan kechikmay Markaziy bankka davlat kreditidan foydalanish toʻgʻrisida axborot berib tursinlar.
8. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, “Oʻzshartnomasavdo” uyushmasi, vazirliklar, idoralar, birlashmalar va korxonalar Moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa banklar bilan birgalikda:
Rossiya Federatsiyasidan mahsulot va tovarlar keltirishni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar, bunda barter asosida tovarlar almashish aʼmollaridan foydalansinlar;
1993-yilning oxirigacha MDH mamlakatlari bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro mahsulotlar yetkazib berishda ijobiy balans taʼminlansin. Uning qanday bajarilayotgani haqida shu yilning 9 oyi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
9. Markaziy bank Moliya vazirligi bilan birgalikda ilgari berilgan va Rossiya Federatsiyasi bilan tuzilgan Bitimga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarzi sifatida qayta rasmiylashtirilgan 237 mlrd soʻm miqdoridagi texnik kreditni toʻlash va unga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida 1-oktabrgacha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Moliya vazirligi respublika valyuta rejasini va toʻlov balansini shakllantirishda 1995-yildan boshlab har yili davlat kreditini toʻlash xarajatlarini koʻzda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasining va sobiq SSR Ittifoqi boshqa respublikalarining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi hisob-kitoblarni tartibga solish maqsadida, ularda oʻzlarining naqd pulsiz rubllarining yoki milliy valyutalarining ishlatilishini hisobga olgan holda Markaziy bankda ilgari SSSR tarkibida boʻlgan respublikalarning Davlat valyuta jamgʻarmalari tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
respublikaning xoʻjalik yurituvchi subyektlari adresiga kelib tushadigan barcha eksport tushumlari Markaziy bank tomonidan koʻrsatilgan jamgʻarmaga oʻtkaziladi, ayni bir vaqtda uning ekvivalenti ularning schyotlarida Markaziy bankning mablagʻ kelib tushgan kundagi rasmiy kursi boʻyicha naqd pulsiz “Oʻzbekiston soʻmlari”da aks ettiriladi;
Davlat zaxira jamgʻarmasidan chet el valyutasini sotish Markaziy bank tomonidan valyuta birjasi orqali amalga oshiriladi;
sotib olingan chet el valyutasidan bir oy mobaynida chet ellik mahsulot yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan kontraktlarni toʻlashda foydalanilishi kerak.
Ushbu muddat tugagach u Markaziy bankka rasmiy kurs boʻyicha majburiy tartibda sotiladi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar — mahsulotni eksport qiluvchilar naqd pulsiz valyutalar sotib olishda imtiyozli huquqlardan foydalanadilar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Resurslar, moddiy-texnika taʼminoti va bitimlar boʻlimi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, “Oʻzshartnomasavdo” uyushmasi bilan birgalikda Markaziy bank tomonidan “Rossiya Federatsiyasi rubllari”da yoki respublikalar valyutasining Davlat zaxira jamgʻarmasidan sobiq SSR Ittifoqi boshqa respublikalarining milliy valyutasida pul toʻlanadigan, strategik jihatdan muhim mahsulotlar roʻyxatini 1993-yil 10-iyulgacha aniqlasin.
13. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining oldindan pul toʻlagan holda respublika tashqarisidan tovar va moddiy boyliklarni hamda respublika tashqarisiga joʻnatilgan mahsulotlar evaziga toʻlovlarni oʻz vaqtida olish uchun masʼuliyati ularni yetkazib berish yoki haqini toʻlashning 60 kunlik muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun jarima sanksiyalari belgilash yoʻli bilan oshirilsin. Jarima sanksiyalarini toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
14. Markaziy bank 1993-yil 10-iyulgacha ushbu qarorni amalga oshirishning texnik tartibini ishlab chiqsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining markaziy apparatida sobiq SSR Ittifoqi respublikalari bilan davlatlararo hisob-kitoblar va qarzlar boʻyicha xizmat koʻrsatish boshqarmasi tuzilsin, undagi xodimlarning cheklangan soni 10 nafarga koʻpaytirilsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot hamda Resurslar, moddiy-texnika taʼminoti va bitimlar boʻlimlariga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 9-iyul,
338-son