Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AHOLISIGA VA BUDJET TAShKILOTLARIGA KOʻMIR SOTIShNI TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-iyundagi 196-sonli “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi tuzilmasini takomillashtirish va 2002—2010-yillarda respublika koʻmir sanoatini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisini va budjet tashkilotlarini qattiq yoqilgʻi bilan taʼminlashni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Koʻmir” aksionerlik birlashmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
respublika xalq xoʻjaligiga va aholisiga koʻmir sotish tizimini takomillashtirish;
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda koʻmir ishlab chiqarish va taqsimlash balansini ishlab chiqish;
ulgurji-chakana yoqilgʻi-savdo bazalari va omborlarini oqilona joylashtirish.
2. “Koʻmir” aksionerlik birlashmasi, “Oʻzbeksavdo” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Koʻmir” aksionerlik birlashmasi tarkibida ishlab turgan yoqilgʻi-savdo bazalari (omborlari) negizida marketing va mahsulot sotish firmasi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Yoqilgʻi-savdo bazalari (omborlari) ni qabul qilish — topshirish uchun 1-ilovaga* muvofiq komissiya tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
3. “Koʻmir” aksionerlik birlashmasi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
respublika xalq xoʻjaligi tarmoqlarini va aholisini qattiq yoqilgʻi bilan taʼminlash boʻyicha 1995—2000-yillarda koʻmir sanoatini rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin;
Boysun koʻmir konida koʻmir qazib chiqarish uchun takliflar kiritsin.
4. “Koʻmir” aksionerlik birlashmasi 1995-yilning 1-sentabrigacha mavjud ulgurji-chakana yoqilgʻi-savdo bazalari (omborlari) ni qayta qurish ishlarini hamda ularning yangilarini barpo etishni amalga oshirsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joriy yilda:
yangi yoqilgʻi-savdo bazarlarini qurish va mavjudlarini qayta qurish uchun yer ajratsinlar, “Koʻmir” aksionerlik birlashmasiga koʻrsatib oʻtilgan bazalarni qurish va kengaytirishda, shuningdek, ularni kadrlar bilan butlashda yordam koʻrsatsinlar;
viloyat (shahar) larning yangi tashkil etilgan koʻmir taʼminoti korxonalarini xizmat xonalari bilan taʼminlasinlar.
6. Birlashma bosh direktorining oʻrinbosari—marketing va koʻmir sotish firmasi direktori lavozimi qoʻshimcha ravishda kiritsin.
* 2a-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
7. Belgilab qoʻyilsinki, ulgurji-chakana yoqilgʻi-savdo bazalari (omborlari) ning rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tavsiyanomalari asosida “Koʻmir” aksionerlik birlashmasining qarori bilan ishga tayinlanadilar va tegishli ravishda ishdan boʻshatiladilar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari Q.J.Haqqulov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 20-oktabr,
516-son
“Koʻmir” aksionerlik birlashmasining marketing va mahsulot sotish firmasi
TUZILMASI
I. Qoraqalpogʻiston respublika koʻmir taʼminoti korxonasi
Andijon viloyat taʼminoti korxonasi
Buxoro viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Jizzax viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Qashqadaryo viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Navoiy viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Namangan viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Samarqand viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Surxondaryo viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Sirdaryo viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Toshkent viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Fargʻona viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Xorazm viloyat koʻmir taʼminoti korxonasi
Toshkent shahar koʻmir taʼminoti korxonasi
II. Shahar, tuman ulgurji-chakana yoqilgʻi-savdo bazalari (omborlari) — 78 ta