O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvining
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN BANK KARTALARINI ChIQARISh VA ULARNI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MUOMALADA BO‘LIShI TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 30-aprelda 1344-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2021-yil 10-martdagi 28/20-sonli ““Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularni O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1344-7, 03.04.2021-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. “Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularni O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risida nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga olingan kundan 10 kun o‘tgandan so‘ng kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2004-yil 21-fevral,
4/20-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2004-yil 21-fevraldagi 4/20-son qarori
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularning O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakat hududida bank kartalarini emissiya qilish, ular orqali operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha hisob-kitoblar va xizmat ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
a) bank kartasi — o‘z egasiga bank hisobvarag‘i orqali bir necha marta operatsiyalarni amalga oshirish, jumladan naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish va hisobvarag‘idan naqd pul hamda bank kreditini olish imkonini beruvchi mahalliy va xalqaro to‘lov kartasidir. Bank kartasi egasining bankdagi hisobvarag‘i bo‘yicha amalga oshirish mumkin bo‘lgan operatsiyalarning turlari bank karta egasi va emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan o‘rnatiladi;
b) bank kartalari orqali naqd pulsiz chakana to‘lovlar tizimi (bundan buyon — chakana to‘lov tizimi) — bank kartalari orqali operatsiyalar ishtirokchilari va bank kartalarini chiqarishda, ularga xizmat ko‘rsatishda hamda ular orqali operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlar majmuidir;
v) chakana to‘lov tizimi ishtirokchisi — ma’lum bir to‘lov tizimiga tegishli bo‘lgan bank kartalaridan foydalanish bo‘yicha shartnomaviy munosabatlarga kiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
g) banklararo chakana to‘lov tizimi — bank kartalarini chiqaruvchi banklar, tovar (ish, xizmat) sotuvchilariga xizmat ko‘rsatuvchi banklar, hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank va protsessing tashkilotini yagona tizimga birlashtiruvchi naqd pulsiz to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshirish uchun mo‘ljallangan, huquqiy me’yorlar, me’yoriy hujjatlar, dasturiy-texnik yechimlar, shuningdek, tegishli tashkiliy-texnik infratuzilma majmuiga asoslangan va asosiy unsuri bank kartasi hisoblangan hududiy tarqoq to‘lov tizimi;
d) to‘lov tashkiloti — bank kartasini ma’lum bir to‘lov tizimiga tegishliligini aniqlovchi tovar va (yoki) xizmat ko‘rsatish belgilariga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lgan va bank kartalari orqali to‘lov tashkiloti a’zolari o‘rtasida hisob-kitoblarni o‘tkazishni ta’minlovchi hamda bank kartasi muomalasi qoidalarini boshqa a’zolar bilan birgalikda va (yoki) mustaqil o‘rnatuvchi yuridik shaxs;
e) to‘lov tashkiloti a’zosi — tegishli to‘lov tashkiloti bilan shartnomaga asosan bank kartasi emissiyasi va (yoki) ekvayringini amalga oshiruvchi bank;
j) bank kartalari emissiyasi — bank kartalarini muomalaga chiqarish va foydalanishga taqdim etish bo‘yicha faoliyat;
z) emitent — bank kartasi emissiyasini amalga oshiruvchi, o‘zi emissiya qilgan bank kartalariga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lgan va ularning egalari va ekvayyerlari tomonidan bank kartalaridan foydalanilgan holda hisob-kitoblarni amalga oshirish huquqlari bo‘yicha o‘z nomidan majburiyatlarni zimmasiga olgan bank. Bank kartasining emitenti faqat bank bo‘lishi mumkin;
i) ekvayring — bank kartalari orqali tovar (ish, xizmat) sotuvchilari bilan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek, bank kartasi egasiga bevosita kassa yoki bankomat orqali naqd pul berish;
k) ekvayer — ekvayringni amalga oshiruvchi bank;
l) protsessing — to‘lov tashkiloti a’zolari o‘rtasida axborotni yig‘ish, qayta ishlash va tarqatish, shuningdek, to‘lov tashkiloti a’zolari tomonidan amalga oshiriladigan emissiya va (yoki) ekvayringga texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash;
m) protsessing tashkiloti (protsessor) — protsessingni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
n) tovarlar (ish, xizmat) sotuvchisi — ekvayer bilan tuzilgan shartnomaga asosan bank kartalari orqali tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchi xo‘jalik (yuridik va (yoki) yuridik maqomga ega bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs) subyekti;
o) bank kartasi egasi — emitent yoki bank kartalarini tarqatuvchi bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomaga asosan bank kartasidan foydalanuvchi mijoz yoki mijoz tomonidan vakil etib tayinlangan shaxs;
p) mijoz — emitent yoki bank kartalarini tarqatuvchi bank bilan bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomani tuzgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
r) karta hisobvarag‘i — bank kartasi orqali pul mablag‘larini tasarruf etish mumkin bo‘lgan bank hisobvarag‘i;
s) to‘lov operatsiyasi — bank kartasi orqali tovarlar (ish, xizmat) to‘lovi;
t) kassa avansi — ekvayer tomonidan bank kartasi egasiga bevosita kassa yoki bankomat orqali beriladigan naqd pullar;
u) terminal — bank kartasi egasiga to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi va bajarilgan operatsiyalar bo‘yicha “slip”larni shakllantiruvchi qurilma;
f) bankomat — bank kartasi egasiga o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tartibida kassa avanslarini olish imkoniyatini beruvchi va bajarilgan operatsiyalar bo‘yicha “slip”larni shakllantiruvchi qurilma;
x) avtorizatsiya — to‘lov tashkiloti tomonidan ko‘zda tutilgan qoidalarga asosan telefon, elektron yoki aloqaning boshqa turlari bo‘yicha bank kartasi bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun bank kartasi emitentining ruxsatini olish jarayoni;
ts) slip — bank kartasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalarni tasdiqlovchi, operatsiyaning miqdori, turi, amalga oshirilgan sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va ushbu “slip”ni shakllantirgan bank kartasi, hamda terminal yoki bankomatni to‘g‘ri aniqlay bilish imkoniyatini beruvchi axborotni o‘zida mujassamlashtirgan terminal yoki bankomat kvitansiyasi;
ch) ShIR-kod — bank kartasi egasining shaxsiy identifikatsiya raqami bo‘lib, u karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini boshqarish huquqini, hamda mablag‘larni boshqarishga bank kartasining egasi tomonidan ruxsat berilganligini tasdiqlaydi.
sh) virtual karta — internet tarmog‘i orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan elektron shakldagi karta. Virtual karta asosiy kartaga yoki hisobvaraqqa bog‘langan bo‘lib, to‘lovlarni amalga oshirishda zarur bo‘lgan bank kartasi rekvizitlari (karta egasi ismi sharifi, karta raqami, muddati va boshqalar) bo‘lishi lozim.
e) CVV (CVC) kod — bank kartasining maxfiy raqami bo‘lib, internet orqali to‘lovlarni amalga oshirishda ishlatiladi;
yu) antifrod tizim — bank kartalari yordamida to‘lovlarni amalga oshirishda firibgarlik operatsiyalarini oldini olishga qaratilgan jarayonlar yig‘indisi.
2. Bank kartasi egasining ruxsatisiz boshqa shaxs bank kartasidan foydalanishi mumkin emas.
Bank kartasi karta emitenti bo‘lgan bankning mulki hisoblanadi.
Bank kartasi qalbakilashtirishdan va undan noqonuniy foydalanishning boshqa turlaridan himoya qilinishi zarur.
Bank kartasining amal qilish muddati bank karta egasi va emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnoma yoki bank kartalari orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘lov tizimi va banklararo to‘lov tizimi tomonidan o‘rnatiladigan qoidalarga asosan belgilanadi.
II. Bank kartalardan foydalanishning huquqiy tartibga solinishi
3. O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartasini muomalaga chiqarish, xizmat ko‘rsatish va undan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga solish mazkur Nizom va O‘zbekiston Respublikasining boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlari, shuningdek to‘lov tashkilotlari tomonidan o‘rnatilgan qoidalar, hamda banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga asosan amalga oshiriladi.
4. To‘lov tizimi va banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari mazkur Nizom, qonunchilikning boshqa hujjatlari hamda ularga asosan tuzilgan shartnomalar va o‘rnatilgan qoidalarga binoan boshqariladi.
O‘zbekiston Respublikasi rezident banklari mahalliy, xorijiy va xalqaro to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlariga a’zo bo‘lish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi rezident banklari — to‘lov tashkilotlarining a’zolari, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida boshqasi o‘rnatilmagan bo‘lsa, bank kartalari emissiyasi, ularga xizmat ko‘rsatish va operatsiyalarni amalga oshirishda tegishli to‘lov tashkiloti tomonidan qabul qilingan standartlardan foydalanadi.
III. To‘lov tizimi ishtirokchilarining majburiyatlari
5. To‘lov tizimi ishtirokchilari quyidagilarga amal qilishlari shart:
O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartasi emissiyasi, xizmat ko‘rsatish, ular orqali hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirishning o‘rnatilgan tartib va qoidasiga rioya qilish;
bank kartalaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish uchun xavfsizlik chora-tadbirlarini ta’minlash;
ular ixtiyorida mavjud bo‘lgan va uzatiladigan bank kartalari, to‘lov tizimi ishtirokchilari, foydalaniladigan texnologiya va dasturiy-texnik vositalar, to‘lov tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan ish tartibi va qoidalari to‘g‘risidagi tijorat va bank siri hisoblangan ma’lumotlarni oshkora qilmaslikni ta’minlash;
bank kartasi egalari hamda ular tomonidan bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risida sirni saqlash.
IV. Bank kartalarining turlari
6. Bank kartalari karta hisobvarag‘i egasi, amal qilish tartibi va ma’lum bir to‘lov tizimiga tegishliligiga qarab har xil turlarga bo‘linadi.
7. Karta hisobvarag‘ining egasiga qarab bank kartalari: shaxsiy va korporativlarga bo‘linadi:
a) shaxsiy bank kartasi o‘z egasiga jismoniy shaxs (egasi)ning karta hisobvarag‘ida (karta hisobvaraqlarida)gi pul mablag‘larini boshqarish imkoniyatini beradi. Shaxsiy bank kartalari boshqa shaxslar (oila a’zolari, do‘stlari va boshqalar) tomonidan foydalanilishi mumkin;
(7-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 25-iyundagi 19/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1344-2, 13.07.2011) tahririda)
b) korporativ bank kartasi o‘z egasiga — ya’ni, yuridik shaxsning vakolatiga ega xodim yoki yakka tartibdagi tadbirkorga, karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini boshqarish imkoniyatini beradi. Korporativ bank kartasi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, oylik ish haqini va boshqa ijtimoiy xarakterdagi to‘lovlar, hamda naqd pul mablag‘larini to‘lash uchun ishlatilishi mumkin emas.
8. Bank kartalari amal qilish tartibiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
a) debet bank kartasi o‘z egasiga, bank kartasining emitenti va egasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan, tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larining qoldig‘i doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga haq to‘lash va (yoki) naqd pul mablag‘larini (korporativ bank kartalari bundan mustasno) olish uchun tasarruf etish imkonini beradi;
b) kredit bank kartasi o‘z egasiga, bank kartasining emitenti va egasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga haq to‘lash va (yoki) naqd pul mablag‘larini (korporativ bank kartochkalar bundan mustasno) olish uchun tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘idan ortiq operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
9. Amaldagi to‘lov tashkiloti doirasida yoki uning tashqarisida bank kartochkasi emissiyasiga qarab, bank kartasi: tizimli, shaxsiy va kobeyjing turlarga bo‘linadi.
Tizimli bank kartasi ikki va undan ortiq emitentlarni birlashtiruvchi, tegishli to‘lov tashkiloti tomonidan o‘rnatiladigan qoidalar doirasida, amaldagi to‘lov tashkiloti bitimiga asosan chiqariladi.
Shaxsiy bank kartasi amaldagi to‘lov tashkilotlari bitimidan tashqari emitent tomonidan bevosita o‘rnatiladigan qoidalar doirasida chiqariladi.
Kobeyjing bank kartalari kartaning old tomonida logotiplari joylashtirilgan bir necha to‘lov tizimlarida faoliyat yurituvchi bank kartasi hisoblanadi.
V. Bank kartalarining majburiy rekvizitlari
10. Bank kartalarining majburiy rekvizitlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
bank karta egasining ismi va sharifi (to‘liq va qisqartirilgan);
karta (korporativ kartalar uchun) hisobvarag‘i egasi bo‘lgan yuridik shaxsning o‘z firmasi (rasmiy) nomlanishi va (yoki) uning to‘lov tizimidagi shartli raqami;
bank karta egasining imzo namunasi va (yoki) uning shaxsiy raqami;
bank kartasi emitentining to‘liq rasmiy nomi;
bank kartasining amal qilish muddati.
11. Majburiy rekvizitlar bank kartasiga davlat tilida kiritiladi.
12. To‘lov tizimi va (yoki) banklararo to‘lov tizimi doirasida chiqariladigan bank kartalarida, identifikatsiya belgilari va bank kartalarining unsurlari bo‘lgan boshqa majburiy rekvizitlar mazkur tizim qoidalari bo‘yicha o‘rnatilishi mumkin.
VI. Bank kartalari emissiyasi
13. O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalari emissiyasi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan banklar tomonidan amalga oshiriladi.
14. Biron bir to‘lov tizimiga tegishli bo‘lgan bank kartalari emissiyasi, sertifikatlangan dasturiy-texnik vositalardan foydalangan holda, tegishli to‘lov tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan standart va qoidalarga asosan, emitent tomonidan amalga oshiriladi.
15. Shaxsiy bank kartalari emissiyasi bevosita emitent tomonidan o‘rnatilgan standart va qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
16. To‘lov tizimi ishtirokchisi bo‘lmagan tijorat banki, to‘lov tizimi ishtirokchisi bo‘lgan bank tomonidan muomalaga chiqarilgan bank kartalarini, u bilan tuzilgan shartnomaga asosan tarqatish huquqiga ega.
17. Bir karta hisobvarag‘iga bir necha qo‘shimcha bank kartalari va virtual kartalarni bog‘lash mumkin.
VII. Bank kartasini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma
18. Bank kartalarini foydalanish (tarqatish)ga taqdim etish, bank kartalarini tarqatuvchi tijorat banki hamda uning mijozlari o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan yozma shaklda yoxud masofadan xizmat ko‘rsatish tizimlarida joylashtirilgan oferta shartnomasi shaklida amalga oshiriladi. Bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi yozma yoki oferta shartnoma to‘lov tashkiloti qoidalariga mos kelishi zarur.
19. Bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma, agar uning shartlarida mijozning kredit majburiyatlarini paydo bo‘lishi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy shartnoma bo‘lib hisoblanadi.
20. Bank kartochka egasi tomonidan kartadan foydalangan holda amalga oshirishi mumkin bo‘lgan operatsiyalarning turlari, hamda ularni amalga oshirish qoidalari, “bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risida”gi shartnoma bilan belgilangan bo‘lishi zarur.
21. Bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma quyidagilarni majburiy ravishda o‘z ichiga olishi zarur:
shartnoma mazmuni;
bank kartasi emitentining huquq va majburiyatlari;
bank kartochka egasining huquq va majburiyatlari;
hisob-kitoblarni amalga oshirish shartlari;
shartnomaning amal qilish muddati.
22. Bank kartalarini tarqatuvchisining o‘z nomidan, ammo mijoz hisobiga, bank kartochkasi egasining vakolatiga ega mijozlarning topshirig‘iga binoan, hisob-kitob hujjatlarini va boshqa harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlari bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomada ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin. Bank kartalari tarqatuvchisining ko‘rsatib o‘tilgan majburiyatlari to‘lov tizimi qoidalariga muvofiq ham paydo bo‘lishi mumkin.
23. Bank kartalarini tarqatuvchisi o‘z nomidan va mijoz hisobiga, to‘lov tizimi ishtirokchisi bilan amalga oshirilgan bitim bo‘yicha, huquqlarni qo‘lga kiritadi va bank kartalarining majburiy tarqatuvchisiga aylanadi.
24. Bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomada, karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini, imzo, kod, parol va boshqa vositalardan foydalangan holda tasarruf etish huquqi, aynan vakolatli shaxs tomonidan berilganligiga ishonch hosil qilish tartibi ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak.
25. Bank kredit kartalarini taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma, mijozning kredit majburiyatlari vujudga kelgan holatda, emitentning ichki kredit siyosati qoidalariga asosan tuziladi.
VIII. Bank kartasi bilan operatsiyalarni amalga oshirishni to‘xtatish va bank kartasini muomaladan chiqarish
26. Bevosita kartochka egasi yoki mijozdan bank kartasining yo‘qolganligi yoki o‘g‘irlanganligi to‘g‘risida ariza olinganda, hamda bank kartalarini tarqatuvchi bankdan shu kabi ariza kelib tushganda, emitent bank kartochkasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishi, hamda bank kartochkasini muomaladan chiqarish choralarini ko‘rishi zarur.
27. To‘lov tashkiloti, to‘lov tizimi qoidalariga muvofiq ayrim emitentlar tomonidan muomalaga chiqarilgan bank kartalari orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga haqlidir.
28. Emitent quyidagi holatlarda bank kartasi orqali operatsiyalar o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish, hamda bank kartasini muomaladan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin:
bank kartasi yoki uning rekvizitlaridan noqonuniy foydalanishni tasdiqlovchi holatlarni mavjudligida;
bank kartasi, undan foydalanish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ishlatilganda;
bank kartalarini taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan boshqa holatlarda.
29. Yuqorida ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelganda, bank kartasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish yoki bank kartasini muomaladan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi to‘lov tashkiloti qoidalariga asosan o‘rnatiladi.
30. Bank kartasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish, hamda bank kartasini muomaladan chiqarish va bu haqda mijozga xabar berish tartibi to‘lov tashkiloti qoidalariga va bank kartalarini foydalanishga taqdim etish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan o‘rnatiladi.
IX. Bank kartasi emitentining huquq va majburiyatlari
31. Bank kartasi emitenti quyidagi huquqlarga ega:
bank kartasini jismoniy va yuridik shaxslarga ularning arizalari va tuzilgan shartnomalarga yoxud masofadan xizmat ko‘rsatish tizimlarida joylashtirilgan oferta shartnomasi va elektron arizalariga asosan berish;
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga (23-may 2017-yil, ro‘yxat raqami 2886) muvofiq mijozni identifikatsiyalagan holda bank kureri tomonidan yetkazib berish;
agarda to‘lov tashkiloti qoidalarida boshqasi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, bank kartasi orqali amalga oshirilgan debet operatsiyalari uchun komission mukofot undirish.
32. Bank kartasining emitenti quyidagilarga amal qilishlari shart:
bank kartasini olish to‘g‘risida emitentga murojaat qilgan shaxsning arizasini ko‘rib chiqish;
kartochkadan foydalanish qoidalari, hamda ular orqali operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha bank karta egasi va emitentining javobgarlik chegarasi to‘g‘risidagi to‘liq axborotni bank karta egasiga taqdim etish;
bank kartasi emitenti va egasi o‘rtasida tuzilgan shartnomada o‘rnatilgan tartibga asosan, bank kartasini berish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha emitent tariflarining o‘zgarganligi, hamda bank kartasini amal qilish muddatidan avval to‘xtatish to‘g‘risida bank kartasi egalarini xabardor qilish;
karta hisobvarag‘i yopilganda, qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirmagan holda, hisob raqamda mavjud bo‘lgan pul mablag‘larini qaytarish;
plastik kartalari orqali operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish va uning to‘g‘riligini ta’minlash.
X. Bank kartasi emitentining javobgarligi
33. Bank karta egasidan kartochkaning yo‘qolganligi yoki o‘g‘irlanganligi to‘g‘risida ariza yoki masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi orqali qabul qilingandan so‘ng, emitent yo‘qotilgan yoki o‘g‘irlangan bank kartasi orqali bajarilgan barcha operatsiyalar bo‘yicha to‘liq javobgar hisoblanadi.
Emitent qalbaki bank kartasi orqali bajarilgan barcha operatsiyalar bo‘yicha to‘liq javobgar hisoblanadi.
34. Emitent bank kartasi egasi oldida quyidagi holatlarda javobgar hisoblanmaydi:
agar bank karta egasi ular o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘zda tutilgan qoida va tartiblarni buzgan bo‘lsa;
bank karta egasi tomonidan noqonuniy harakatlar sodir qilingan holatda;
agar bank kartasi va (yoki) PIN, CVV (CVC) — kodlar yo‘qolishi bank karta egasining kartochkaga bo‘lgan qo‘pol ehtiyotsizligi yoki e’tiborsizligi oqibatida vujudga kelgan bo‘lsa.
35. To‘lov tizimi ishtirokchisi bo‘lmagan banklar tomonidan tarqatilgan bank kartalari orqali bajarilgan operatsiyalar bo‘yicha, to‘lov tizimi a’zolari oldida bank kartalarini muomalaga chiqargan to‘lov tizimi ishtirokchisi javobgar hisoblanadi.
XI. Bank kartalari egalarining huquq va majburiyatlari
36. Bank karta egasi quyidagi huquqlarga ega:
to‘lov tashkiloti qoidalari va emitent bilan tuzilgan shartnomada ko‘zda tutilgan sharoit va tartibga asosan bank kartasi orqali operatsiyalarni amalga oshirish;
bank kartasi emitentidan kartochkadan foydalanish qoidalari, hamda ular orqali operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha bank karta egasi va emitentining javobgarlik chegarasi to‘g‘risidagi to‘liq axborotni olish;
bank kartasi emitentidan amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risida to‘liq axborot olish;
emitentlar tomonidan o‘z majburiyatlarini noto‘g‘ri bajarish natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashni, tuzilgan shartnomalarga asosan bank kartasi emitentidan talab qilish;
o‘z roziligiga ko‘ra, uning karta hisobvarag‘ini tasarruf etish imkoniyatini beruvi qo‘shimcha bank kartalarini chiqarish va rasmiylashtirishni emitentdan so‘rash;
karta hisobvarag‘ini kelgusida yopish sharti bilan bank kartochkalaridan foydalanishni rad etish.
38. Bank karta egasi quyidagilarga amal qilishi shart:
shartnoma shartlarini, bank kartasidan foydalanish qoida va yo‘riqnomalarini bajarish;
to‘lov tashkiloti tomonidan o‘rnatilgan, bank kartasidan foydalanish qoida va tartiblarini bajarish;
bank kartasi yo‘qolganligi va bank kartasidan beruxsat foydalanilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan barcha hodisalar haqida emitentga qisqa muddat ichida xabar berish.
XII. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchilarining huquq va majburiyatlari
40. Tovarlar (ish, xizmat) sotuvchisi quyidagilarga amal qilishi shart:
hisob-kitob qilish xizmati uchun naqd pulda o‘rnatilgan narxdan oshmaydigan narx bo‘yicha bank karta egasiga xizmat ko‘rsatish;
shartnoma munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lov tizimi nomi va (yoki) logotipi ko‘rsatgan holda, bank kartasiga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida, mijozlarni xabardor qilish;
tovarlar (ish, xizmat) sotuvchisi va ekvayer o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘zda tutilgan shartlarga asosan ushbu to‘lov tizimiga tegishli bo‘lgan barcha bank kartalariga xizmat ko‘rsatish;
bajarilayotgan operatsiyalar summasi, ekvayer bilan tuzilgan shartnomada o‘rnatilgan summadan ortiq bo‘lgan barcha holatlarda bank kartasi bo‘yicha avtorizatsiya o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va uning ekvayer bilan tuzgan shartnomalariga asosan, bank kartasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha axborot taqdim etish;
bank karta egalari to‘g‘risida ma’lumotni uchinchi shaxsdan sir saqlash;
bank karta egasiga (uning vakiliga) bitim shartlarida belgilangan muddatda, to‘lovlari bank kartasi orqali amalga oshirilgan, tovarlarni berish, xizmatlarni ko‘rsatish yoki ishlarni bajarish.
XIII. Bank kartalari egalarining huquqlarini himoya qilish
41. Korporativ bank kartasi emitenti bo‘lgan bank, karta hisobvarag‘i egasiga bank kartasidan foydalanmagan holda, karta hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi zarur.
42. Ekvayer, bank karta egasidan bankomatdan foydalangani uchun to‘lov tashkilotining qoidalarida o‘rnatilgandan yuqori bo‘lgan qo‘shimcha to‘lov olishga haqli emas.
43. Bank karta egalari va ularning bank kartochkalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalari to‘g‘risida axborot, hamda bank kartochkalarining o‘zi haqidagi ma’lumot bank siri bo‘lib hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida o‘rnatilgan tartibda taqdim etiladi.
XIV. Bank kartalari orqali hisob-kitoblarni o‘tkazish
44. To‘lov tashkiloti ishtirokchilari o‘rtasidagi hisob-kitoblar to‘lov tashkiloti yoki to‘lov tashkiloti a’zosining topshirig‘i bo‘yicha vakillik hisobvarag‘i orqali o‘tkaziladi.
45. O‘zbekiston Respublikasi hududida ekvayring O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan banklar tomonidan amalga oshiriladi.
XV. Ekvayerning huquq va majburiyatlari
46. Ekvayer quyidagi huquqlarga ega:
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga (23-may 2017-yil, ro‘yxat raqami 2886) muvofiq bank kartasi egasidan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishini talab qilish huquqiga ega,
kassa avansini berish operatsiyasini amalga oshirishda bank karta egasidan komission mukofotlar undirish;
tovar (ish, xizmat) sotuvchilari bilan hisob-kitob operatsiyalarini o‘tkazish uchun shartnomada ko‘zda tutilgan foizlarni bevosita kelib tushadigan summa hisobidan ushlab qolish;
to‘lov tashkiloti tomonidan bank karta egasiga taqdim etilgan vakolatlarga zid bo‘lmagan sharoitda, ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tovar (ish, xizmat) sotuvchilari bilan shartnomalar tuzish.
47. Ekvayer quyidagilarga amal qilishi shart:
kassa avanslarini berish bo‘yicha ekvayer tariflarini o‘zgarganligi to‘g‘risidagi axborotni bank karta egalariga yetkazish;
tovar (ish, xizmat) sotuvchilariga plastik kartochkalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblar bajarilishini va uning to‘g‘riligini ta’minlash.
o‘zi a’zo bo‘lgan to‘lov tashkilotining barcha bank kartalariga xizmat ko‘rsatish;
tovarlar (ish, xizmat) sotuvchisini, ular o‘rtasida tuzilgan shartnomada belgilangan sharoitlar asosida bank kartalari egalariga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan material va uskunalar bilan ta’minlash;
bank kartalari orqali operatsiyalar bo‘yicha tovar (ish, xizmat) sotuvchilari bilan o‘zaro hisob-kitoblarni vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash.
XVI. Ekvayerning tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchisi oldidagi javobgarligi
48. Ekvayer tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchisi oldida bank kartasi orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha quyidagi hollarda javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi:
agar tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchisi, bank kartalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishda tuzilgan shartnomalarda o‘rnatilgan qoida va tartibni buzganda;
agar tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchisi tomonidan o‘tkazilgan to‘lov operatsiyasi to‘g‘risida hujjat yoki axborotlar yo‘qligida;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotuvchisi tomonidan noqonuniy harakatlar amalga oshirilganda.
XVII. Bank kartalari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalaniladigan axborotlarni himoya qilish
49. Emitentlar, ekvayyerlar, protsessing tashkilotlari, tovarlar (ish, xizmat) sotuvchilari, bank karta egalari axborotlarni va bunda foydalaniladigan dasturiy-texnik vositalarni himoya qilish bo‘yicha qoidalarga rioya qilishlari shart.
50. Axborotlarni, bank kartalarini va bunda foydalaniladigan dasturiy-texnik vositalarni himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi hamda to‘lov tashkilotining qoida va yo‘riqnomalariga asosan o‘rnatiladi.
XVIII. Protsessing tashkilotining huquq va majburiyatlari
51. Protsessing tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
to‘lov tizimi (va (yoki) banklararo to‘lov tizimi) ishtirokchilari uchun bank kartalari orqali operatsiyalarni amalga oshirish va bunga ruxsat berish;
protsessing tashkiloti bilan emitent o‘rtasida tuzilgan shartnomaning, hamda to‘lov tizimi va (yoki) banklararo to‘lov tizimining boshqa ishtirokchilari o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlarini emitent tomonidan bajarmaslik hollarida, emitentning bank kartalari bo‘yicha operatsiyalari to‘xtatiladi.
52. Protsessing tashkiloti quyidagilarga amal qilishi shart:
to‘lov tizimi va (yoki) banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilari tomonidan chiqarilgan bank kartalari orqali operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlari bilan ta’minlash;
bank kartasiga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash to‘g‘risidagi emitentning yozma qarori olingandan so‘ng, bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish (alohida turdagi operatsiyalarni to‘xtatish);
emitent-bankning bank operatsiyalarini amalga oshirish litsenziyasi chaqirib olingandan so‘ng, uning bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish;
to‘lov tizimi va (yoki) banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilarining operatsiyalari to‘g‘risidagi sirni saqlashni ta’minlash;
bank kartalari yordamida to‘lovlarni amalga oshirishda firibgarlik operatsiyalarining olini olish uchun antifrod tizimi bilan ta’minlash zarur.
XIX. Protsessing tashkilotining javobgarligi
53. Emitent tomonidan bank kartalariga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng, ular orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha hamda emitent tomonidan bank kartalari orqali amalga oshirilishi taqiqlanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan ayrim operatsiyalarni bajarish bo‘yicha to‘liq javobgarlikni protsessing tashkiloti o‘z zimmasiga oladi.
XX. To‘lov tizimi ishtirokchilari bo‘lgan banklar faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish
54. Bank kartalari emissiyasini va (yoki) ekvayringini amalga oshirish to‘g‘risida, bank O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va protsessing markaziga o‘rnatilgan tartibda xabar beradi. Xabarnomada bank kartalari emissiyasi, ko‘lami va ular orqali amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan operatsiyalarning turi to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
55. To‘lov tizimi ishtirokchilari bo‘lgan banklar faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va to‘lov tashkiloti qoidalariga asosan o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
XXI. Bank kartalari emitentlarining reyestri
56. Protsessing tashkiloti bank kartalari emitentlarining reyestrini olib boradi.
57. Bank kartalari emitentlarining reyestridagi axborot ochiq bo‘lib, doimiy ravishda chop etilishi lozim.
XXII. To‘lov tizimi ishtirokchilarining javobgarligi
58. O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalari emissiyasining o‘rnatilgan tartibini, bank kartalari orqali xizmat ko‘rsatish va operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘tkazish qoidalarini buzganliklari uchun qonunda o‘rnatilgan tartibda fuqarolik-huquqiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik to‘lovlar tizimi ishtirokchilari zimmasida bo‘ladi.
XXIII. Bank kartalaridan foydalanishda yuzaga keladigan nizolarni hal qilish
59. Bank kartalari emissiyasi, ular orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘tkazish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq nizolar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda sud orqali hal qilinadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 17-son, 203-modda; 2006-y., 48-50-son, 497-modda; 2011-y., 28-son, 298-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.04.2019-y., 10/19/1344-6/2944-son)