Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XOʻJALIK HISOBIDAGI “UZNET” AXBOROT XIZMATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi “Maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻini tashkil etish va jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi 52-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-apreldagi 150-son qarorini bajarish yuzasidan va idoralararo axborot kompyuter tarmogʻini samarali rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik hisobidagi “UZNET” axborot-kompyuter xizmati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti “UZNET” xizmati faoliyatini muvofiqlashtirishni va nazorat qilishni taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri
Oʻ. SULTONOV
Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1998-yil 14-may,
206-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xoʻjalik hisobidagi “UZNET” axborot-kompyuter xizmati toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xoʻjalik hisobidagi “UZNET” axborot-kompyuter xizmati (bundan keyin Xizmat deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-apreldagi 150-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
2. Xizmat faoliyati respublika vazirliklari va idoralari oʻrtasida axborotlarni tezkorlik bilan ayirboshlashni taʼminlashga, maʼlumotlar bazasini tashkil etishni muvofiqlashtirish, hujjatlar aylanishini elektron asosga bosqichma-bosqich oʻtkazish va respublikaning jahon axborot ayirboshlash tizimiga qoʻshilishiga qaratilgan.
3. Xizmat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga va Oliy Majlis qarorlariga, Prezident farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
II. Xizmatning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Xizmatning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
idoralararo axborot-kompyuter tarmogʻining faoliyat koʻrsatishini va rivojlantirilishini taʼminlash;
idoralararo tarmoq ishtirokchilari oʻrtasida axborot ayirboshlashini taʼminlash;
tarmoq qatnashchilari bilan birgalikda milliy axborot resurslarini shakllantirish;
manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda, uning boshqa kompyuter tarmoqlari bilan uygʻunligini hisobga olgan holda, idoralararo tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli dasturini ishlab chiqishda ishtirok etish;
idoralararo tarmoq ishtirokchilarini xalqaro axborot resurslari – Internetga ruxsat etilgan markazlashtirilgan tartibda ulash;
Internet xalqaro kompyuter tarmogʻiga kirishning barqaror kanallarini kengaytirish va tashkil etish;
axborot-kompyuter tizimlarini rivojlantirish tarmoq va milliy loyihalarida ishtirok etish;
xorijiy axborot-kompyuter agentliklarning axborot toʻplash, uni tahlil qilish, tarqatish va muhofaza qilish sohasida yuridik va jismoniy shaxslarga xizmatlar koʻrsatish boʻyicha tajribasini oʻrganish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida Internetni rivojlantirish boʻyicha seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazishda ishtirok etish;
tarmoq abonentlariga dastur-texnikaviy masalalar va “UZNET” tarmogʻiga ulanish xususiyatlari boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatish;
buyurtmanomalar va shartnomalarga muvofiq texnik imkoniyatlar mavjud boʻlganda tarmoqqa abonentlarni ulash;
tuzilgan shartnomalarga muvofiq abonentlarga koʻrsatiladigan xizmatlar saqlab turilishini taʼminlash.
III. Xizmatning huquqlari va vazifalari
5. Xizmat qoʻyilgan vazifalarni taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, hokimliklar, jamoat birlashmalari va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlardan qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish uchun Xizmatga zarur boʻlgan axborotlarni oldindan kelishgan holda soʻrab olish;
boshqa tarmoqlar va axborot agentliklari, shu jumladan xorijiy tarmoqlar va axborot agentliklari bilan shartnoma shartlarida ulanish, axborotlarni taqdim etish va xarid qilish toʻgʻrisida bitimlar tuzish;
mazkur Nizomning xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha bandlari belgilangan Xizmat maqsadlari va vazifalariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
Xizmat oldida turgan vazifalarni bajarish uchun belgilangan tartibda xoʻjalik hisobidagi hududiy boʻlinmalar tuzish;
shartnoma asosida belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha hukumat muassasalariga va hukumatga qarashli boʻlmagan muassasalarga, jamoat tashkilotlari Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti bilan koʻrsatish, axborot va kompyuter tarmogʻini tashkil etish loyihasi roʻyxatiga kiritilgan vazirliklar va idoralar bundan mustasno;
oʻzbekistonlik va xorijiy axborot agentliklari oʻrtasida axborot ayirboshlashni tashkil etishda vositachilik funksiyalarini amalga oshirish;
idoralararo kompyuter tarmoqlarini tashkil etish maqsadida maʼlumotlarni uzatishning talab qilinadigan tizimlari va kanallaridan foydalanish;
qoʻyilgan vazifalarni bir qismini hal etish uchun mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
respublikada va chet ellarda “nou-xau”, boshqa ilmiy va texnikaviy yutuqlarni belgilangan tartibda sotib olish va amalga oshirish;
kreditlar olish, oʻz nomidan shartnomalar va kontraktlar tuzish, mulkiy huquqlarni sotib olish, sudda, xoʻjalik va xolislik sudida daʼvogar va javobgar boʻlish.
6. Xizmat:
idoralararo axborot-kompyuter tarmogʻining barqaror ishlab turishini taʼminlashga;
Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti uning soʻrovlariga muvofiq Xizmatning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisida yarim yillik va yillik hisobotlarni taqdim qilishga;
idoralararo axborot-kompyuter tarmogʻidan foydalanish, Internet butun jahon axborot tarmogʻiga kirish tartibga rioya qilinishi ustidan doimiy va qatʼiy nazorat oʻrnatishga;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda idoralararo tarmoqni muhofaza qilish va unga ijozatsiz kirishning oldini olish ishlarini olib borishga, shuningdek, tarmoqning xavfsizligi uchun doimiy texnologik nazoratni amalga oshirishga majburdir.
IV. Xizmatni boshqarish va uning tuzilmasi
7. Xizmat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xoʻjalik hisobidagi mustaqil tashkilot hisoblanadi.
8. Xizmat yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz nomi oʻzbek va ingliz tillarida yozilgan gerbli muhrga hamda shtampga ega boʻladi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq Xizmat oʻz mol-mulkiga egalik qiladi, mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob va valyuta schyotlariga ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy va mulkiy boʻlmagan huquqlarni sotib oladi, tegishli majburiyatlarni bajaradi.
9. Xizmat xususiylashtirilmaydi va aksiyalashtirilishi mumkin emas.
10. Xizmat budjetdagi tashkilot hisoblanmaydi, joriy xarajatlarni va ish haqini toʻlash xoʻjalik hisobidagi faoliyat hisobidan amalga oshiriladi.
11. Xizmat tarkibiga quyidagilar kiradi:
texnika boʻlimi;
axborot texnologiyalari boʻlimi;
buxgalteriya;
abonent boʻlimi;
Xizmatning xoʻjalik hisobidagi hududiy boʻlinmalari.
12. Xizmatning joriy faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.
13. Xizmat xodimlari amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda direktor tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
14. Direktor Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga va mazkur Nizomga muvofiq:
Xizmatga va uning xoʻjalik hisobidagi hududiy boʻlinmalariga umumiy rahbarlik qiladi;
xodimlarning umumiy soni va ish haqi fondi doirasida Xizmatning shtat jadvalini, xoʻjalik hisobidagi hududiy boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish departamenti bilan kelishgan holda kadrlarni tanlaydi va ularni joy-joyiga qoʻyadi, oʻrinbosarlari, boʻlinmalar rahbarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar, yoʻriqnomalar chiqaradi va ularning bajarilishini tashkil etadi. Xizmatning barcha xodimlari va uning boʻlinmalari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
Xizmatga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, jamoatchilik birlashmalari bilan oʻzaro munosabatlarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda Xizmat nomidan vakillik qiladi;
Xizmat kreditlari va mablagʻlariga egalik qiladi.
15. Xizmat direktori ikki nafar oʻrinbosarga ega boʻladi:
texnik masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosari;
axborot resurslari boʻyicha direktor oʻrinbosari.
V. Xizmatning mol-mulki va moliyaviy mablagʻlari
16. Asosiy fondlar (binolar, inshootlar, asbob-uskunalar va shu kabilar), aylanma mablagʻlar, shuningdek, moliyaviy resurslar va mablagʻ bilan taʼminlashning barcha manbalari hisobiga sotib olingan boshqa moddiy boyliklar Xizmat mol-mulkini tashkil etadi.
Xizmat mol-mulkining qiymati uning mustaqil balansida aks ettiriladi.
Xizmat mol-mulkning, BMT Rivojlanish dasturining “Vazirliklararo tarmoqlarni tashkil etish yoʻli bilan Oʻzbekistonda axborot xizmati koʻrsatishni boshqarishni va kommunikatsiya imkoniyatlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida imzolangan barcha shartnomalar va kontraktlarning, loyihani amalga oshirish muddatlari tugagach va mazkur loyiha bilan belgilangan tartibotlarga muvofiq, huquqiy vorisi hisoblanadi.
17. Xizmat mablagʻlari:
Xizmatning toʻliq xoʻjalik ixtiyorida boʻlgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar, shuningdek, oʻziga qarashli tarkibiy boʻlinmalarga berilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar;
Xizmatning axborot-kompyuter tizimlardan foydalangan holda tarmoq, maqsadli va milliy loyihalarni ishlab chiqishda qatnashishdan olingan daromadlari;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq axborot va kompyuter-kommunikatsiya xizmatlari koʻrsatishdan olingan daromadlar hisobiga shakllanadi.
18. Xizmatning daromadlari idoralararo tarmoqning axborot resurslarini, xizmatning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, shtatdagi xodimlarga va yordamchi xodimlarga ish haqi toʻlashga yoʻnaltiriladi.
19. Xizmat majburiyatlar boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan barcha mol-mulk bilan javob beradi.
20. Davlat Xizmat majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, Xizmat esa davlat majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
VI. Qayta tashkil etish va tugatish
21. Xizmatni qayta tashkil etish yoki tugatish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.