LexUZ sharhi
Mazkur qaror Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-iyuldagi 325-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining kadrlar potensialini mustahkamlash va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
LexUZ sharhi
Mazkur qarorning Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi va uning hududiy organlariga oid qismi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-iyuldagi 362-sonli “Korxonalarning bankrotligi to‘g‘risidagi qonunchilikni amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda javobgarlikni kuchaytirish va ishlarni tashkil etish darajasini oshirish, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi (Davlat mulki qo‘mitasi) markaziy apparatining tuzilmasi, uning xodimlarining belgilangan cheklangan sonini saqlab qolgan holda 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘.T.Sultonovga, Bosh vazirning o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi raisi V.A.Chjenga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari T.A.Alimov va V.A.Golishev (kelishuvga ko‘ra), O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ishtirokida Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy organlarining tuzilmasi va shtatlar jadvalini bir oy muddatda markaziy apparat va hududiy boshqarmalarning tasdiqlangan tuzilmalariga muvofiqlashtirish topshirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va respublikaning fond bozorida xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1997-yil 31-martdagi PF-1740-son, “Fond bozorini yanada rivojlantirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 4-martdagi PF-1939-son Farmonlarida belgilangan qoidalar, Vazirlar Mahkamasining “Davlat korxonalari negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarida aksiyalarni joylashtirishning belgilangan tartibiga rioya qilishni tekshirish natijalari to‘g‘risida” 1998-yil 5-martdagi 96-son qarori amalga oshirilishiga alohida e’tiborni qaratsin.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi faoliyati natijasida 1998-yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining majlisida ko‘rib chiqilsin.
4. Belgilansinki, tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturiga muvofiq mulkiy paylarni joriy etish asosida qishloq xo‘jaligi korxonalarini qishloq xo‘jaligi shirkatlariga aylantirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi va uning hududiy organlarining ustuvor vazifalari hisoblanadi.
5. Belgilab qo‘yilsinki, Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi raisi va Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktori lavozimlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari hisoblanadilar. Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi raisi ayni paytda korxonalar bankrotligi va sanatsiyasi masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining kotibi hisoblanadi.
Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi raisi M.T. Umarov, Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktori M.S.Yunusmatovning ular uchun belgilangan amaldagi lavozim maoshlari saqlab qolinsin.
6. 1998-yilda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish Dasturi 3—5-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Dasturda belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish yuzasidan ishlarning yuqori darajada tashkil etilishini ta’minlasinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasiga Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bo‘yicha tasdiqlangan topshiriqlar parametrlariga tuzatishlar kiritish huquqi berilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda 1998-yilda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqsinlar va O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan kelishgan holda tasdiqlasinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-fevraldagi 72-son qarori 1-bandi va 3-bandining birinchi xatboshi, Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-son qarori 2-bandining birinchi xatboshi, Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 28-dekabrdagi 465-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.