Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING ORDENLARI, MEDALLARINI, PLANKALARDAGI ORDEN LENTALARI, MEDAL LENTALARINI TAQIB YURISH QOIDALARINI HAMDA ORDEN, VA MEDALLAR LENTALARINING TAVSIFINI TASDIQLASH HAQIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallarini, plankalardagi orden lentalari va medal lentalarini taqib yurishni tartibga keltirish maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallarini, plankalardagi orden lentalari, medal lentalarini taqib yurishning ilova qilinayotgan qoidalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallari lentalarining tavsifi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 6-aprel,
PF-1095-son
Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallarini, plankalardagi orden lentalari, medal lentalarini taqib yurish Qoidalari hamda orden va medallar lentalarining
TAVSIFI
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi orden va medallarini, odatda, umumdavlat bayramlari hamda boshqa bayramlar va tantanali majlislar vaqtida taqib yuradilar.
Boshqa hollarda esa nishondorlar Oʻzbekiston Respublikasining yo orden, medallarini, yoxud ularning plankalardagi lentalarini taqib yurishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini, plankalardagi orden lentalari va medallarning lentalarini taqib yurish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallarni taʼsis etish toʻgʻrisidagi qonunlariga, shuningdek quyidagi qoidalarga rioya etiladi:
1. “Oltin Yulduz” medali boshqa alohida oʻrnak koʻrsatganlik uchun olingan nishonlarni taqib yurish chogʻida orden va medallardan yuqorida, avvalgi “Oltin Yulduz” medalidan hamda “Oʻroq va Bolgʻa” oltin medalidan oʻngroqda qadaladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari kolodkalarda taqib yuriladigan boʻlsa, sobiq SSR Ittifoqi ordenlaridan oʻngroqda joylashadi.
Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari kolodkasiz taqib yurilganda sobiq SSR Ittifoqi ordenlaridan chaproqda joylashadi.
Oʻzbekiston Respublikasining medallari sobiq SSR Ittifoqi medallaridan oʻngroqda, ordenlardan keyin taqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining plankalardagi orden lentalari sobiq SSR Ittifoqining orden lentalaridan oʻngroqda taqib yuriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining plankalardagi medal lentalari sobiq SSR Ittifoqi medallarining lentalaridan oʻngroqda, orden lentalaridan keyin taqiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining ikki va undan koʻproq ordenlari kolodkalarda taqib yurilganda ular quyidagi tartibda joylashtiriladi: I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni, “Doʻstlik” ordeni, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni.
Oʻzbekiston Respublikasining (sobiq SSR Ittifoqining) ikki va undan koʻproq medallari taqib yurilganda ular ordenlardan keyin quyidagi tartibda joylashtiriladi “Jasorat” medali, “Shuhrat” medali.
4. “Mustaqillik” ordenini har kuni taqib yurish uchun orden lentasi tayyorlanadi. Shoyi lentaning eni 24 mm va boʻyi 12 mm. Lentaning oʻrtasidan eni 4 mm boʻlgan yoqutrang chiziq oʻtadi. Uning har ikki tomoniga eni 1 mm oq chiziqlar, eni 3 mm sariq chiziqlar, eni 1 mm oq chiziqlar, eni 2 mm zangori chiziqlar, eni 1 mm yoqutrang chiziqlar, eni 2 mm yashil chiziqlar ketma-ket joylashgan.
5. “Sogʻlom avlod uchun” ordenini plankalarda har kuni taqib yurish uchun eni 24 mm boʻlgan, rangi kolodka rangi bilan bir xil va koʻzda tutilgan qabariq tasvirli lenta tayyorlanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallarisiz lentalarni taqib yurish uchun moʻljallangan plankalar biroz boʻrtgan, orden va medalga mos lenta oʻralgan toʻgʻri burchakli metall plastinkalardan iboratdir. Plankaning qalinligi 12 mm.