OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRINING
BuyruGʻI
OILAVIY BOLALAR UYI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 17-iyunda 1370-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining 2007-yil 17-avgustdagi 223-sonli “Oilaviy bolalar uyi toʻgʻrisidagi nizomni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1370-1, 03.09.2007-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-maydagi 237-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan, buyuraman:
1. Oilaviy bolalar uyi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Ushbu buyruq qabul qilinishi munosabati bilan Xalq taʼlimi vazirligining 2004-yil 31-martdagi “Oilaviy mehribonlik uyi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 56-sonli buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning bajarilishini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari R. Ahliddinov zimmasiga yuklatilsin.
Xalq taʼlimi vaziri T. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 17-iyun,
125-son
Oilaviy bolalar uyi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oilaviy bolalar uyi maʼlum bir mahalla (mavze, qishloq, ovul) hududida joylashgan boʻlib, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar uchun moʻljallangan tarbiya maskanidir.
Oilaviy bolalar uylarining asosiy vazifasi oila muhitidan mahrum boʻlgan bolalar va oʻsmirlarni sogʻlomlashtirish, aqliy, psixologik rivojlantirish, ijtimoiy mehnatga moslashtirish, ularni komil inson qilib shakllantirishni taʼminlash, ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini qaror toptirishda oila shart-sharoitlarini yaratishdan iboratdir.
2. Oilaviy bolalar uylari tuman (shahar) hokimliklarining xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan shu boʻlimlar qoshidagi vasiylik va homiylik organlarining tavsiyasiga koʻra tashkil etiladi hamda ularning (XTB larining) doimiy nazoratida boʻladi.
3. Oilaviy bolalar uylari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, hukumat qarorlariga, farmoyishlariga va boshqa meʼyoriy hujjatlarga hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Bitta oilaviy bolalar uyida tarbiyalanuvchilarning soni 5 nafardan kam boʻlmagan va 7 nafardan koʻp boʻlmasligi kerak. Bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining taʼlim olishi va ularning sogʻligʻi tuman (shahar) xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash boʻlimlari nazoratida boʻlishi kerak.
II. TAʼLIM-TARBIYA ISHLARINI YOʻLGA QOʻYISH
5. Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining taʼlim olishi yaqin joylashgan maktabgacha taʼlim muassasalari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida amalga oshiriladi.
6. Yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar taʼlim-tarbiyasi, kasb tanlash ishlari, bolalar kelajagini belgilash bilan bogʻliq boshqa masalalar ular bilim olayotgan taʼlim-tarbiya muassasasi rahbariyati, pedagoglar jamoasi, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi qoshidagi vasiylik va homiylik organi va tarbiyachi ota-onalar tomonidan hamkorlikda hal etiladi.
7. Oilaviy bolalar uylaridagi taʼlim-tarbiya ishlari yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ruhiy-fiziologik rivojlanishning xususiyatlarini hisobga olgan holda demokratik va insonparvarlik, taʼlimga qoʻyilgan zamonaviy talablar asosida, oʻquv dasturlarini, maʼnaviy, jismoniy va mehnat tarbiyasining amaldagi tamoyillariga qatʼiy amal qilgan holda tashkil etiladi.
8. Oilaviy bolalar uyining tarbiyachi ota-onalari Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan qonunlarga asoslangan holda bolalarni salomatligini muhofaza qilish, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularning kelajak hayoti va turmushini tashkil etish va shu maqsadda samarali usullar tanlashda mustaqildirlar.
III. TARBIYALANUVCHILAR
9. Oilaviy bolalar uylariga tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari qoshidagi vasiylik va homiylik organlari yoʻllanmasiga binoan yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar qabul qilinadi:
10. Oilaviy bolalar uyiga 3 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan hamda ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlmagan bolalar joylashtiriladi.
11. Oilaviy bolalar uylariga yuboriladigan har bir bolaning quyidagi hujjatlari vasiylik va homiylik organlari tomonidan oilaviy bolalar uyiga taqdim etiladi:
hokimlikning yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar muassasalariga joylashtirish haqidagi qarori (qarorda balogʻatga yetmagan bola, uning oilasi ijtimoiy kelib chiqishi, faoliyati haqida asoslangan, toʻliq maʼlumotlar boʻlishi shart);
tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, guvohnoma boʻlmagan taqdirda bolaning yoshini tasdiqlovchi tibbiy ekspertiza xulosasi;
bolaning sogʻligʻi haqidagi hujjat (tibbiy tekshirishlar, jumladan, psixonevrolog, narkolog, teri-tanosil kasalliklari boʻyicha vrach koʻriklari, tashxis natijalari ilova qilinadi);
maʼlumoti haqida hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
bolalarning ota-onasi haqida maʼlumot (ota-onasining vafoti haqidagi guvohnoma nusxasi, sudning hukmi yoki qarori, ota-onasining surunkali kasalligi yoki qidiruvda ekanligi haqida, ota-onasining yoʻqligi yoki ularning oʻz farzandlarini tarbiyalay olmasligi haqidagi boshqa hujjatlar);
bolaning turmush sharoiti va tarbiyasi haqidagi vasiylik va homiylik organlari komissiyasining tekshiruv dalolatnomasi;
bolaning aka-ukalari, opa-singillari va boshqa yaqin qarindoshlari mavjudligi va ularning yashash joylari haqida maʼlumotnoma;
bolaning ota-onasidan qolgan mol-mulki (agar bor boʻlsa, roʻyxati, bu mulkning qayerda joylashganligi, uni saqlash uchun qanday choralar koʻrilganligi va ularni saqlash uchun javobgar shaxslar haqida maʼlumot);
bolalarga turar joy biriktirilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
pensiya oluvchi bolalarning pensiya daftarchasi, bola foydasiga alimentlar undirish haqidagi sud qarori va omonat daftarchasi.
12. Oilaviy bolalar uylaridan chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilarga quyidagi hujjatlar beriladi:
tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, 16 yoshga toʻlganda esa pasport;
oilaviy bolalar uylarida boʻlganligi haqidagi maʼlumot;
sogʻligʻi haqida maʼlumotnoma (tibbiy hujjatlar);
maʼlumoti haqidagi hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari haqidagi maʼlumotnoma;
bolaning mol-mulki, pul mablagʻlariga, turar joyga (oʻzi yoki ota-onasiga qarashli boʻlgan) egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, pensiya va omonat daftarchalari, alimentlar undirib olish toʻgʻrisidagi ijro varaqasi va shaxsiy hujjatlar yigʻma jildidan boshqa hujjatlar;
bolaning moddiy va pul nafaqasi olganligini tasdiqlovchi hujjat.
Yuqoridagi hujjatlar oilaviy bolalar uyi ota-onalarining talablariga muvofiq tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlaridan beriladi.
13. Tarbiyalanuvchilarni farzandlikka berilayotganda yoki oʻz ota-onalari, yaqin qarindoshlari yoniga qaytib borayotganida oilaviy bolalar uyidan chiqarish vasiylik va homiylik organlari orqali amalga oshiriladi. Oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashishi faqat vasiylik va homiylik organlari ruxsati bilan amalga oshiriladi.
14. Oilaviy bolalar uyiga bolalarni joylashtirish ushbu bolalar uyi va tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining vasiylik va homiylik organlari oʻrtasida tuzilgan kelishuv asosida amalga oshiriladi.
15. Oilaviy bolalar uyiga 5 nafardan kam boʻlmagan va 7 nafardan koʻp boʻlmagan sonda bolalar berilishi mumkin. Tarbiyachi ota-onalarning oʻz farzandlari ham oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari bilan birga tarbiyalanadi. 10 yoshga toʻlgan bolalarni oilaviy bolalar uyiga joylashtirish uchun bolaning roziligi olinadi.
16. Oilaviy bolalar uyiga joylashtirish vaqtida uni etnik jihatdan kelib chiqishi, millati, tili va sogʻligʻiga eʼtibor berilishi lozim. Bir tilda gaplashadigan bolalarni bitta oilaviy bolalar uyiga joylashtirish maqsadga muvofiqdir. Bir oilada tarbiya koʻrgan aka-uka, opa-singillarni bir-biridan ajratish tavsiya etilmaydi.
17. Oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanuvchilarning yashashi, tarbiyasi va bilim olishi toʻliq davlat taʼminoti asosida amalga oshiriladi. Oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga beriladigan imtiyozlardan toʻliq foydalanadilar va ishga joylashishlariga qadar davlat tomonidan taʼminlanadilar.
18. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-sonli “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarda moʻljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandi oilaviy bolalar uylarining tarbiyalanuvchilariga ham taalluqlidir.
19. Oilaviy bolalar uylarining tarbiyalanuvchilarini oʻqishga va ishga joylashishiga mahalliy hokimliklar koʻmaklashadilar.
IV. BOLALARNI OILAVIY BOLALAR UYIGA QABUL QILISH VA HUJJATLARNI RASMIYLASHTIRISH
20. Tarbiyachi ota-ona boʻlishni istagan fuqarolar tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi qoshidagi vasiylik va homiylik organlariga oʻzlariga tegishli quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
tarbiyachi boʻlish istagini bildirgan ota yoki onaning arizasi;
barcha oila aʼzolarining fikr va mulohazalari;
mahalla kengashidan turar joyi, yashash sharoiti, oilaviy muhiti haqida maʼlumot;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport);
oilaviy bolalar uyi tarbiyachi ota-onalarining nikoh qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
oilaviy bolalar uyi tarbiyachi ota-onalarning maʼlumoti haqidagi hujjat nusxasi;
oilaviy bolalar uyi tarbiyachi ota-onalarning mehnat daftarchasidan nusxa;
ish joyidan tavsifnoma;
oila aʼzolarining sogʻligʻi haqida tibbiy maʼlumot;
yashash maydoni haqida maʼlumot.
21. Vasiylik va homiylik organlari bir oy ichida yuqoridagi hujjatlar asosida masalani koʻrib chiqadi va hal etish uchun tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi qoshidagi tibbiyot, huquq-tartibot, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻlimlari xodimlaridan tashkil etilgan komissiyaga taqdim etadi.
22. Vasiylik va homiylik organlari tarbiyachi ota-onalarni uzluksiz malakasini oshirish masalalari bilan shugʻullanadi va bolalar bilan olib borilayotgan oilaviy taʼlim-tarbiya ishlarini 6 oyda bir marotaba tekshirib boradi.
V. OILAVIY BOLALAR UYI TARBIYACHI OTA-ONALARINING HUQUQ VA BURCHLARI
23. Oilaviy bolalar uyining tarbiyachi ota-onalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida va “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyada har bir bola uchun koʻzda tutilgan barcha huquqlarni, hech qanday kamsitishlarsiz, oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolaning irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlari, milliy, etnik yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, sogʻligʻi va tugʻilishi yoki biron-bir boshqa holatlardan qatʼi nazar, hurmat qiladilar hamda shu huquqlarni tarbiyalanuvchilarga taʼminlab beradilar.
24. Tarbiyachi ota-onalar (er-xotin) bolaning tarbiyasi uchun masʼul hisoblanadi.
25. Tarbiyachi ota-ona Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlib, 25 yoshga toʻlgan, Oʻzbekiston hududida yashaydigan, sogʻlom va maʼnaviy komil inson boʻlishi shart. Tarbiyachi ota-ona va tarbiyalanuvchi bolalar orasida yosh tafovuti 15 yoshdan kam boʻlishi mumkin emas.
26. Tarbiyachi ota-ona boʻlishi mumkin boʻlmagan shaxslar:
sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum etilganlar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar;
sogʻligʻining holatiga koʻra bolani tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar.
27. Tarbiyachi ota-ona, amaldagi qonunlar doirasida “Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya” qoidalarini buzmagan holda bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini mustaqil tarbiyalash uslubidan foydalanish huquqiga ega.
28. Tarbiyachi ota-ona oʻz vazifasini bajarayotgan vaqtida bola tarbiyasiga jismonan va ruhan sogʻligʻiga zarar koʻrsatmagan holda eʼtibor berishi kerak. Tarbiya jarayonida bolaga qoʻpol muomalada boʻlish yoki uning shaxsini kamsitish holatlari boʻlishi qatʼiyan man etiladi.
29. Tarbiyachi ota-ona bola uchun oʻquv yurtini tanlashi, oʻqishi uchun hamma sharoitlarni yaratishda koʻmaklashadi.
30. Tarbiyachi ota-ona bolani har tomonlama taʼlim olishiga va sogʻligʻi uchun masʼul.
31. Tarbiyachi ota-ona oʻz majburiyati va burchlarini buzgan holda amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
32. Oilaviy bolalar uyiga berilayotgan moddiy yordam faqat unda tarbiyalanayotgan bolalar ehtiyoji uchun sarf qilinishi kerak.
33. Tarbiyachi ota-ona 1 yilda 1 marotaba tuman (shahar) vasiylik va homiylik organiga bolalarning sogʻligʻi, olib borilayotgan tarbiyaviy ishlari va kelib chiqqan muammolar hamda hududiy moliya boʻlimlariga moliyaviy xarajatlar haqida umumiy hisobot berishi shart, shuningdek oʻzi yashaydigan mahalla kengashiga ham axborot berib boradi.
34. Tarbiyachi ota-ona uzoq muddat kasal boʻlib qolgan yoki vafot etgan taqdirda vasiylik va homiylik organi oilaviy bolalar uyiga barcha tegishli hujjatlarni oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirib, boshqa shaxslarni (oʻsha oila aʼzosidan) rahbar etib tayinlash huquqiga ega.
35. Tarbiyachi ota-ona dam olish va sogʻlomlashtirish muassasalariga mahalliy hokimlik va uning boʻlinmalari, kasaba uyushmalari tomonidan ajratiladigan oilaviy yoʻllanma olish huquqiga ega.
VI. MOLIYAVIY-XOʻJALIK FAOLIYATI
36. Oilaviy bolalar uylarining binosi texnika xavfsizligi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
37. Oilaviy bolalar uylarini mablagʻ bilan taʼminlash mahalliy budjetlar va homiylar tomonidan ajratilgan xayriya yoki homiylik mablagʻlari va qonunchilik bilan taʼqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
38. Oilaviy bolalar uyining xarajatlari u joylashgan hududdagi tuman yoki shahar moliya boʻlimlari tomonidan mahalliy budjetlar hisobiga moliyalashtiriladi.
Moliyaviy mablagʻlar bir yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida ushbu muassasa joylashgan hududdagi tuman yoki shahar xalq taʼlimi boʻlimlari orqali oilaviy bolalar uyining ota-onalaridan birining nomiga ochilgan bank hisob raqamiga pul oʻtkazish yoʻli bilan ajratiladi.
Oilaviy bolalar uyining xarajatlarini qoplash tarbiyachi ota-onalarning xohishiga koʻra naqd pul yoki pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Oilaviy bolalar uyi uchun yil davomida ajratilgan va sarf qilinmagan mablagʻlar, qisqartirilmasdan keyingi yil hisobiga oʻtkaziladi.
39. Oilaviy bolalar uylari tarbiyachi ota-onalarining ish haqlari amaldagi qonunchilikka muvofiq “Mehribonlik uylari” tarbiyachilari ish haqlariga qoʻllaniladigan meʼyorlar (ish haqiga qoʻshimchalar bilan birgalikda) asosida hisob-kitob qilinib, toʻlanadi.
40. Oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilarini kiyim-bosh, poyabzal, yumshoq jihozlar, shaxsiy gigiyena jihozlari, oʻyinlar bilan taʼminlanish xarajatlari “Mehribonlik uylari” ga qoʻllanadigan meʼyorlar asosida hisob-kitob qilinadi.
41. Oilaviy bolalar uylari tashkil qilingan xonadonlarning kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, issiq suv, sovuq suv, oqova va uy-joydan foydalanish uchun toʻlovlar) va elektroenergiya xarajatlari asosan budjet xarajatlari orqali qoplanadi. Ushbu xarajatlar uchun homiylar hisobidan maqsadli mablagʻlar ajratilishi mumkin.
42. Oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari “Toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalarni va ota-ona qarovisiz qolgan bolalarni pul nafaqalari hamda kiyim-bosh, poyabzal va anjomlar sotib olish uchun nafaqalar, shuningdek transportda yurish kartochkalari bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (2002-yil 11-noyabr, roʻyxat raqami 1187-son) belgilangan tartib boʻyicha, budjet mablagʻlari hisobiga transportda imtiyozli yurish huquqini beruvchi kartochkalar hamda taʼlim muassasalarini bitirib chiqayotganda va ishga joylashayotganda kiyim-bosh, poyabzal va anjomlar sotib olish uchun nafaqalar bilan taʼminlanadilar.
43. Budjetdan ajratilgan mablagʻlarning hisob-kitobi oilaviy bolalar uylari uchun eng soddalashtirilgan koʻrinishda, yaʼni mablagʻlarning hisob raqamiga kelib tushishi va xarajat qilinishini aks ettirish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ushbu hisobot har oyda tegishli shahar yoki tuman xalq taʼlimi boʻlimiga topshiriladi.
Shahar yoki tuman xalq taʼlimi boʻlimlari markaziy hisobxonalari oilaviy mehribonlik uylarida hisob-kitob ishlarini yuritilishida va bank muassasalari bilan muomalalarida har tomonlama amaliy yordam koʻrsatishlari shart.
VII. OILAVIY BOLALAR UYI FAOLIYATINING TUGATILISHI
44. Oilaviy bolalar uyining faoliyati amaldagi qonunchilikda belgilangan asoslar va tartibda tugatilishi mumkin. Jumladan,
sudning qaroriga binoan;
tarbiyachi ota-ona arizasiga asosan (ota-onalardan birontasi olamdan oʻtgan boʻlsa);
tarbiyachi ota-ona tomonidan bolalarga zulm oʻtkazilayotgan holatda;
bolalar oʻz oilalariga qaytgan taqdirda;
tarbiyachi ota-onalar sogʻligʻi bilan bogʻliq holatda.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 24-son, 283-modda; 2007-y., 35-36-son, 364-modda)