Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 8-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3351-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 858-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida oʻqishni tashkil qilish choralari toʻgʻrisida”gi va 2021-yil 10-iyundagi 359-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 1-martdagi 3-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3351, 2022-yil 2-mart) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 10/22/3351/0178-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TAShKULOV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-iyul,
13-mh-son
Kelishildi:
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. ShARIPOV
2024-yil 27-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 8-iyuldagi 13-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida taʼlimning kredit-modul tizimida oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 7-banddagi “fakultet dekani” degan soʻzlar “Oʻquv-metodik boʻlimi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oʻquv mashgʻulotlarida kasalligi yoki hujjat bilan tasdiqlangan boshqa uzrli sabablar tufayli (yoʻl-transport hodisasi, yaqin qarindoshining vafoti, yaqin qarindoshining yoki oʻquvchining nikoh tuzishi, farzand tugʻilishi, fan, madaniyat va sport sohalaridagi xalqaro hamda respublika tanlovlari va musobaqalarida ishtirok etganlik, elektron taʼlim platformasida yuzaga kelgan texnik nosozlik) ishtirok etmagan va shu sababli oraliq yoki yakuniy nazoratni belgilangan muddatda topshirmagan oʻquvchiga uning arizasi hamda ilova qilingan asoslantiruvchi hujjatlarga muvofiq yuridik texnikum direktorining oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (bundan buyon matnda direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari deb yuritiladi) tomonidan oraliq yoki yakuniy nazorat turlarini (bundan buyon matnda nazorat turi deb yuritiladi) topshirishga ruxsat beriladi.
Bunda, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari nomiga oraliq yoki yakuniy nazoratni topshirishga ruxsat berishni soʻrab, uzrli sabablar (holatlar) bartaraf etilgan vaqtdan boshlab 15 ish kuni ichida ariza bilan murojaat qilishi lozim.”.
3. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Oʻquvchilarning bilim saviyasi va oʻzlashtirish darajasini davlat taʼlim standartlariga muvofiqligini taʼminlash uchun yuridik texnikumda nazorat turlari oʻtkaziladi.
Oʻquv dasturlarida belgilangan hollarda faqat yakuniy nazorat turi oʻtkazilishi mumkin.”.
4. 12-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “fakultet dekani” degan soʻzlar “Oʻquv-metodik boʻlimi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 13-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oraliq nazoratni oʻtkazish tartibi (oraliq nazoratni oʻtkazish shakli, oraliq nazorat savollariga qoʻyiladigan talablar, baholash mezonlari) oʻquv fanining xususiyatlari va unga ajratilgan soatlardan kelib chiqqan holda oʻquv yili boshlanishidan kamida ikki hafta avval oʻquv dasturlarida belgilanadi va TDYU Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.”.
6. 16-bandning ikkinchi xatboshisidagi “fakultet dekaniga” degan soʻzlar “Oʻquv-metodik boʻlimiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 17 va 18-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Oʻquv-metodik boʻlimi nazorat turlari boʻyicha savollarni qabul qilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida uning oʻquv dasturida belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish ishlarini amalga oshiradi.
18. Nazorat turlari boʻyicha savollar, qoida tariqasida, mantiqiy savollar va muammoli vaziyatlarni yoki faqat muammoli vaziyatni (kazus, case-study) oʻz ichiga oladi. Shuningdek, yakuniy nazorat test shaklida oʻtkazilishi mumkin. Modullar boʻyicha yakuniy nazorat savollarining mazmuni kafedralar tomonidan belgilanadi.”.
8. 19-band “auditoriyada yozma shaklda” degan soʻzlardan keyin “yoki elektron taʼlim platformasi orqali kompyuterda” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
9. 21-bandda:
birinchi va uchinchi xatboshilardagi “fakultet dekani” degan soʻzlar “Oʻquv-metodik boʻlimi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Fakultet dekani” degan soʻzlar “Oʻquv-metodik boʻlimi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 25-banddagi “va fakultet dekani” degan soʻzlar “, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimining boshligʻi va xodimlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
11. 33-bandning birinchi xatboshisidagi “fakultet dekani” degan soʻzlar “Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimining boshligʻi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
12. 40-bandda:
birinchi xatboshidagi “fakultet dekani” degan soʻzlar “Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “fakultet dekani” degan soʻzlar “Oʻquv-metodik boʻlim boshligʻining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2024-y., 10/24/3351-1/0482-son)