Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ayrim turdagi nafaqalarni tayinlash va toʻlashni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish davrida, yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan hamda bolani parvarishlash taʼtilidagi xodimlarga nafaqalarni tayinlash va toʻlashni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining:
a) 281-moddasida ish beruvchi qonunchilikda belgilangan tartibda oʻrtacha ish haqi yoki uning bir qismi miqdorida vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa toʻlashi;
b) 404 — 406-moddalarida homiladorlik va tugʻish nafaqasini, bolasi ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili davri uchun hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga bola ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili davri uchun nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalarni hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
vaqtinchalik mehnat layoqatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallik vaqtida (shikastlanishda), sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanganda, kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda, xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini berish tartibi;
homiladorlik va tugʻish davrida, yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan hamda bolani parvarishlash taʼtilidagi xodimlarga nafaqalarni hisoblash, tayinlash va toʻlash tartibi;
Oldingi tahrirga qarang.
a1) Yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqaning bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 11-ilovasiga muvofiq:
tugʻish vaqtida yoki tugʻishdan keyingi davrda ona vafot etganda, tugʻilgan bolani (bolalarni) farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga minimal isteʼmol xarajatlarining 4 baravari miqdorida nafaqa toʻlanishi;
nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida Sogʻliqni saqlash vazirligining Yagona tibbiy axborot tizimidan olingan maʼlumotlar asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv shakl”da tayinlanishi va toʻlanishi;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-sonli qaroriga asosan “a1” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/796/1180-son)
b) Budjet tashkilotlari hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda ishlaydigan onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha oylik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
bola parvarishi boʻyicha nafaqa parvarish qilinayotgan bolalar sonidan va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qatʼi nazar, har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 60 foizi miqdorida toʻlanishi;
ishlaydigan onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar parvarishlash taʼtili davrida nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/796/1180-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-may,
314-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalarni hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqalarni hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani (keyingi oʻrinlarda — nafaqa) tayinlash hamda toʻlash tartibini belgilaydi. Bunda:
a) homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash va toʻlashga doir normalar “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonun tatbiq etilmaydigan tashkilotlarning xodimlariga ushbu turdagi nafaqani tayinlanishi va toʻlanishi bilan bogʻliq munosabatlarni;
b) vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash va toʻlashga doir normalar:
“Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonun tatbiq etilmaydigan tashkilotlarning xodimlariga ushbu turdagi nafaqani tayinlanishi va toʻlanishi bilan bogʻliq munosabatlarni;
davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davrining ish beruvchi tomonidan toʻlanadigan qismi boʻyicha vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash va toʻlash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/796/1180-son. 1-band “b” kichik bandining kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-iyul)
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi — vaqtinchalik mehnat layoqatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallik vaqtida (shikastlanishda), sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanganda, kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda, karantinda, sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda, mehnat layoqatini tiklash yoki yasama aʼzo (protez) qoʻydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda xodim mehnat majburiyatlarini bajara olmaganligi uchun ish beruvchilar tomonidan toʻlanadigan kafolatli qoʻshimcha toʻlov;
mehnatga layoqatsizlik varaqasi — xodimni ishdan ozod qilish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yoki homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlash uchun asos boʻladigan hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bilan kechadigan kasallanishning hisobi yuritiladigan hujjat;
homiladorlik va tugʻish nafaqasi — ayolga tugʻruqqacha yetmish kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda, yetmish kalendar kun) davomida taʼtil davrida mehnat majburiyatlarini bajara olmaganligi uchun ish beruvchilar tomonidan toʻlanadigan kafolatli qoʻshimcha toʻlov;
yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqa — xodimga yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki vasiylik belgilangan kundan (farzandlikka olish boʻyicha sud hal qiluv qarori kuchga kirgan va bolaga vasiy tayinlash boʻyicha tuman, shahar hokimining qarori qabul qilingan kundan) boshlab va bola tugʻilgan kundan eʼtiboran ellik olti kalendar kun (bir vaqtning oʻzida ikki yoki undan ortiq bola farzandlikka olingan taqdirda esa, yetmish kalendar kun) oʻtguniga qadar taʼtil davrida mehnat majburiyatlarini bajara olmaganligi uchun ish beruvchilar tomonidan toʻlanadigan kafolatli qoʻshimcha toʻlov;
umumiy ish staji — nafaqa miqdorini belgilash uchun aniqlanadigan xodimning tashkilotlarda mehnat faoliyati amalga oshirilgan umumiy davr.
3. Budjet tashkilotlari tomonidan nafaqa budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Ish beruvchilar tomonidan nafaqa oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda va yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlovchi yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan beriladigan nafaqani qoplab berish tartibi 11-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
Ish beruvchilarning ushbu nafaqani toʻlash boʻyicha majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan respublika budjeti mablagʻlari hisobidan beriladigan nafaqa miqdorida kamaytiriladi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/796/1180-son)
4. Xodimga nafaqa, agar uni olish huquqi ish beruvchi bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan davrda (sinov davri hamda ishdan boʻshatilgan kunni ham qoʻshib) paydo boʻlsa, beriladi.
5. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, shuningdek, homiladorlik va tugʻish taʼtili, yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtil kunlari xodimning ishdan noqonuniy boʻshatilgani toʻgʻrisida nizo koʻrib chiqilayotgan davrga toʻgʻri kelgan hollarda, u ishga tiklangan yoki sud tomonidan mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganligi boʻyicha qaror qabul qilingan taqdirdagina (barcha mehnatga layoqatsiz davr uchun), nafaqa olish huquqiga ega boʻladi.
6. Nafaqa toʻlash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan muddatlarda belgilanadi, lekin mehnatga layoqatsizlik varaqasi taqdim etilgandan kundan boshlab oʻn olti kalendar kundan koʻp boʻlmasligi lozim (qonunchilikda belgilangan ish haqi bir oyda bir marta toʻlanadigan xodimlar toifasi bundan mustasno).
2-bob. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi
7. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda beriladi:
vaqtinchalik mehnat layoqatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallik vaqtida (shikastlanishda);
sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanganda;
kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda;
karantinda;
sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda;
mehnat layoqatini tiklash yoki yasama aʼzo (protez) qoʻydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.
8. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash uchun faqat qonunchilikda belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos boʻladi.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoʻqolgan hollarda, nafaqa, uning oʻrniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi.
9. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi mehnat layoqati yoʻqolgan birinchi kundan boshlab u tiklangunga qadar yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan nogironlik belgilangunga qadar, hatto bu davrda xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham beriladi.
10. Oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tashkilotlarini, magistratura, klinik ordinatura, tayanch doktorantura va doktoranturani tamomlagan hamda belgilangan tartibda ishga yuborilgan shaxslarga nafaqa mehnat shartnomasiga koʻra ular ishga chiqishi lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
11. Ish haqi, sutkalik va koʻchish boʻyicha xarajatlarni olish huquqiga ega boʻlgan xodimga ish joyiga borayotgan davrda boshlangan mehnatga layoqatsizlik kunlari uchun nafaqa toʻlanadi.
12. Xodimning mehnatga layoqatsizlik kunlari yillik (asosiy va qoʻshimcha) taʼtil davriga toʻgʻri kelgan hollarda, mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan davr uchun nafaqa toʻlanadi.
13. Sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanishda, agar asosiy va qoʻshimcha taʼtil xodimning sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanishi uchun yetarli boʻlmasa, nafaqa beriladi. Bunday holda sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanishning barcha davri uchun (yoʻllanma, davolanish muddati) sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalariga borish-kelish vaqtini qoʻshib, ammo xodimning yillik taʼtilini chiqarib tashlagan holda nafaqa beriladi.
Baynalminal jangchilarga, Chernobil AES falokati oqibatlarini tugatishda qatnashgan, shuningdek, sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalariga davolanishni davom ettirish uchun davolash muassasalaridan oʻtkir miokard infarkti bilan kasallangan, jarrohlik uslubi bilan yurakni aortakoronar shuntirlash va anevrizmlari, oshqozonning yaralik kasalligi, oʻn ikki barmoq ichak kasalligidan davolangan va oʻt pufagini olib tashlashdan keyin bevosita yuborilgan, shuningdek, sil kasalligi bilan ogʻrigan xodimlarga nafaqa sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida boʻlgan barcha vaqt uchun beriladi.
Oʻn olti yoshgacha nogironligi boʻlgan bolani tarbiyalayotgan ota-onalardan biriga (homiyga yoki vasiyga), nogironligi boʻlgan bolaning sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolangan barcha davri uchun (sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalariga borib-kelish vaqtini hisobga olib) unga yakka tartibda parvarish zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa mavjud boʻlganda nafaqa beriladi.
14. Uch yoshgacha bolani yoki 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolani parvarishlash bilan band boʻlgan ona yoki ota kasal boʻlib, bolani parvarishlashga qurbi yetmay qolgan hollarda, parvarish bilan band boʻlgan ishlayotgan boshqa oila aʼzolari yoki qarindoshlariga (mehnatga layoqatsizlik varaqasiga asosan) nafaqa beriladi.
15. Agarda xodim karantin choralari amalga oshirilayotgan vaqtda sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan atrofidagi shaxslar orqali yuqumli kasallikka chalinish xavfining oldini olish maqsadida ishdan chetlatilgan boʻlsa, nafaqa beriladi.
16. Sil kasalligi yoki kasb kasalligiga chalingan xodim davolanish qoidasini buzmagan holda boshqa ishni bajarish imkoniga ega boʻlib, u tibbiy-maslahat komissiyasi xulosasi (bunday komissiyalar boʻlmagan joylarda esa davolovchi shifokorning, davolash muassasasining bosh shifokori tomonidan tasdiqlangan xulosasi) asosida vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin.
Kasb kasalligi oqibatida boshqa ishga oʻtkazilgan shaxslarga nafaqa, agar u amaldagi qonunchilik hujjatlariga binoan avvalgi ish haqi bilan yangi ish haqi oʻrtasidagi farqni ish beruvchilardan olish huquqiga ega boʻlmasa beriladi.
Basharti, mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan muddatda ish beruvchi xodimga boshqa ish topib bera olmagan boʻlsa, u holda shuning oqibatida bekor oʻtgan ish kunlari uchun nafaqa umumiy asoslarda toʻlanadi.
17. Reabilitatsiya muassasalarida boʻlgan barcha vaqt va unga kelib-ketish vaqti uchun nafaqa toʻlanadi.
18. Mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda band boʻlgan xodimlarga mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa umumiy asoslarda, boshqa sabablar oqibatidagi vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi mavsumiy yoki vaqtinchalik ish toʻgʻrisida tuzilgan mehnat shartnomasida koʻrsatilgan ish kunlari doirasida toʻlanadi.
19. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik quyidagi davrlarga toʻgʻri kelganda nafaqa toʻlanmaydi:
ish haqi saqlanmagan taʼtil;
ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil;
bolani parvarishlash boʻyicha taʼtil;
ish vaqtincha toʻxtatilgan (ish haqi saqlanmagan vaqtda);
xodim ishdan (lavozimdan) chetlashtirilib, ish haqi toʻlash toʻxtatib qoʻyilganligi sababli ishlamagan;
harbiy oʻquv yoki tekshiruv yigʻini;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻquv yurtlarida tahsil olish munosabati bilan berilgan oʻquv taʼtili vaqtida.
Ushbu davrlardan boshlanib davom etayotgan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi xodim ishga chiqishi (lavozimga tiklanishi) lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
20. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda berilmaydi:
ishdan yoki boshqa vazifalardan boʻyin tovlash maqsadida oʻz salomatligiga ataylab ziyon yetkazgan yoxud oʻzini kasallikka solganda;
giyohvandlik yoki mastlik bilan bogʻliq harakatlar oqibatida, shuningdek, spirtli va giyohvandlik moddalarini isteʼmol qilish natijasida kasallikka chalinganda (jarohatlanganda);
jinoyat sodir qilish vaqtida jarohatlanganda;
sud qarori asosida majburiy davolanishga yuborilganda (ruhiy kasallardan tashqari);
hibsda boʻlgan davrda;
sud-tibbiyot ekspertizasidan oʻtish davrida.
21. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik boshlanishidan oldin uzrsiz sabablarga koʻra ishga kelmagan, ular uchun shifokor belgilagan tartibni buzgan yoki uzrsiz sabablarga koʻra belgilangan muddatda shifokor koʻrigiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy boʻlinmalariga kelmagan xodimlar qoidani buzgan kundan boshlab ish beruvchilar tomonidan toʻlanadigan nafaqadan mahrum qilinadilar.
22. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qatʼi nazar, oʻrtacha ish haqining 100 foizi miqdorida quyidagilarga toʻlanadi:
baynalminal jangchilarga;
qaramogʻida 16 yoshga (oʻquvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari boʻlgan xodimlarga;
Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga;
Chernobil AESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va koʻchirilgan, qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari (oʻtkir leykoz), qalqonsimon bez (adenoma, rak) va xavfli oʻsmalar bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan xodimlarga;
mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi natijasida vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz boʻlgan xodimlarga;
pandemiya, texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hollarda, ushbu favqulodda vaziyatlarga sababchi boʻlgan infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan va 14 yoshgacha boʻlgan bolasini parvarish qilayotgan ota-onalarga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar).
23. Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kasalliklar (sil kasalligi, onkologiya kasalliklari, yangidan paydo boʻladigan xatarli oʻsimtalar, jinsiy yoʻl bilan oʻtadigan kasalliklar, OITS, moxov (lepra) kasalligi, ruhiy kasalliklar) boʻyicha hisobda turgan xodimlarga umumiy ish stajining davomiyligiga bogʻliq ravishda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
a) umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 5 yildan 8 yilgacha boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 80 foizi miqdorida;
v) umumiy ish staji 5 yilgacha boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 60 foizi miqdorida.
24. Mazkur Nizomning 22 va 23-bandlarida nazarda tutilgan xodimlardan tashqari qolgan xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
a) umumiy ish staji 8 yil va undan ortiq boʻlgan xodimlarga hamda 21 yoshga yetmagan chin (sagʻir) yetimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 80 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 8 yilgacha boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 60 foizi miqdorida.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli xizmatdan boʻshatilgandan soʻng bir oy ichida kasal boʻlib qolgan sobiq harbiy xizmatchilarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi — respublikada belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida toʻlanadi.
26. Nafaqa miqdori vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangan kungacha mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasi, uning oʻrniga berilgan boshqa hujjat asosida hisoblangan umumiy ish stajiga muvofiq aniqlanadi.
27. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash uchun umumiy ish stajini aniqlash va hisoblashda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan pensiyalarni tayinlash uchun ish stajini hisoblab chiqish tartibi tatbiq etiladi.
3-bob. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar
28. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan (sudning hal qiluv qarori va hokimning vasiy yoki homiy tayinlash boʻyicha qarori boʻyicha) xodimga beriladigan nafaqalarni tayinlash va toʻlash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos boʻladi.
29. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yoʻqolgan hollarda, nafaqa uning oʻrniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi.
30. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa (shu jumladan, homila tushgan hollarda) hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha davr uchun toʻlanadi.
31. Xodim ishdan boʻshatilishining notoʻgʻriligi haqida nizo yuzaga kelgan davrda homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga taʼtil berilganda, nafaqa u ishga qayta tiklangan yoki mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganligi boʻyicha qaror qabul qilingan taqdirda beriladi. Bunda homiladorlik va tugʻish boʻyicha hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar qaror qabul qilingandan soʻng toʻlanmagan barcha mehnatga layoqatsiz davr uchun toʻlanadi.
32. Oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tashkilotlarini, magistratura, tayanch doktorantura, klinik ordinatura, doktoranturani tamomlagan va belgilangan tartibda ishga yuborilgan xodimlarga ishni boshlagunga qadar nafaqalar berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida mehnat shartnomasiga koʻra xodim ishga kelishi lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
33. Ish haqi saqlanmagan holda ishi vaqtinchalik toʻxtatilgan yoki ishdan (lavozimdan) chetlashtirish oqibatida xodim ishlamagan davrda homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga taʼtil berilganda, nafaqa koʻrsatilgan davr tugagandan keyin xodim ishga chiqishi lozim boʻlgan kundan boshlab beriladi.
34. Xodim yillik (asosiy va qoʻshimcha) taʼtilda va bolani parvarishlash uchun taʼtilda boʻlgan vaqtda homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga taʼtil berilganda, nafaqa taʼtilning mehnatga layoqatsizlik varaqasida koʻrsatilgan barcha kunlari uchun beriladi.
35. Homiladorlik va tugʻish boʻyicha hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar xodim:
ishga qabul qilingan kundan 12 oygacha ish stajiga ega boʻlganda — oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizi;
ishga qabul qilingan kundan 12 oy ortiq ish stajiga ega boʻlganda — oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida toʻlanadi.
4-bob. Nafaqalarni hisoblash tartibi
36. Nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.
37. Nafaqalar boʻyicha oʻrtacha ish haqi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 257-moddasi, mazkur Nizom va mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hisoblanadi.
38. Nafaqaning umumiy summasi kunlik oʻrtacha ish haqini ushbu oyda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish taʼtili hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtil tufayli ishga kelmagan ish kunlari soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
39. Agar vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtil davrida ish haqi oʻzgargan boʻlsa, shu davrdan boshlab nafaqa miqdori ham tegishli ravishda qayta hisoblab chiqariladi.
40. Nafaqalar oʻrindoshlik asosidagi (shu jumladan, ichki oʻrindoshlik asosidagi) ish joyi boʻyicha ham alohida toʻlanadi, sogʻliqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi oʻrindoshlik asosidagi ish joyidan nafaqa olish uchun asos hisoblanadi.
41. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish taʼtili hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtil ish vaqtida boshlanib, tashkilot (sex, boʻlim) ishni vaqtincha toʻxtatishi davrida davom etsa, nafaqa oʻsha kasb va malakaga ega boʻlgan xodimlarga mana shu toʻxtatilgan davr uchun toʻlanadigan ish haqi miqdorida beriladi. Bunda nafaqa miqdori umumiy qoidalar boʻyicha hisoblangan va olishi lozim boʻlgan nafaqa miqdoridan oshmasligi lozim.
42. Agar vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtil ishning vaqtincha toʻxtatilgan davrida boshlangan boʻlsa, ish toʻxtatib qoʻyilgan davr uchun (bekor turib qolingan vaqt uchun) nafaqa quyidagi miqdorida beriladi:
ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun (iqtisodiy, texnologik, texnik yoki tashkiliy sabablarga koʻra ishni vaqtincha toʻxtatib turish) xodimning toʻliq miqdorida;
ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bekor turib qolingan vaqt uchun bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda nafaqaning uchdan ikki qismi miqdorida.
43. Agar xodim mehnatga layoqatsizlik varaqasini ish haqiga tuman koeffitsiyenti va ustamalar belgilangan joylarda ishlash davrida olgan boʻlsa, bu joylardan tashqarida boʻlgan vaqt uchun vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (shu jumladan, mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi munosabati bilan) ustamalar hisobga olinmagan holda hisoblab chiqariladi.
Ushbu qoida homiladorlik va tugʻish nafaqasi va yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqani hisoblab chiqarishda qoʻllanilmaydi.
44. Ish haqiga ustama yoki muayyan muddatga yoxud muayyan joyda vaqtinchalik boʻlganligi uchun ish haqiga oshirilgan koeffitsiyent belgilangan xodimga nafaqa bu ustama yoki koeffitsiyent hisobga olingan holda, ustama yoxud oshirilgan koeffitsiyent belgilangan kungacha yoki vaqtinchalik boʻlganligi munosabati bilan ular toʻlangan joydan chiqib ketgan kungacha beriladi.
45. Ish sharoitlariga koʻra yilning turli davrlari boʻyicha turlicha ish haqlari belgilangan taqdirda (daryo floti ekipajlari aʼzolaridan tashqari), nafaqa xodim oʻz ish joyida qolganda oladigan ish haqi miqdoriga qarab belgilanadi. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik maʼlum bir davrda boshlanib, ikkinchi davrda davom etgan taqdirda ikkinchi davrning ish haqi boʻyicha nafaqa ishlovchilar uchun ish haqi oʻzgargan muddatdan boshlab toʻlanadi. Mehnatga ishbay asosida haq toʻlanganda yuqorida qayd etilgan hollarning ikkinchi davri uchun nafaqa xodimning tarif stavkasidan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
46. Daryo floti ekipajlari aʼzolariga nafaqa vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtil boshlangan yildan oldingi kalendar yildagi haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik sodir boʻlgan yilda ishga kirgan shaxslarga, shuningdek, toʻliq kalendar yil ishlamaganlar uchun nafaqani hisoblab chiqarishda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik sodir boʻlgan davrdan oldingi vaqtdagi ish haqi inobatga olinadi.
Dam olish kunlari (otgul) uchun nafaqa lavozim maoshidan (tarif stavkasidan) kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Daryo floti ekipajlarining vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik (homiladorlik va tugʻish taʼtili hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtili) kunlari haq toʻlanmaydigan zaxirada (rezervda) boʻlgan davrga toʻgʻri kelgan hollarda nafaqa toʻlanmaydi.
47. Ish soatlarini hisoblab chiqish imkoni boʻlmagan xodimlarga (uy ishchilarga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, ikkilamchi va boshqa xil ashyolarning shtatli tayyorlovchilariga, oziq-ovqat chiqindilarini yigʻuvchilarga, tarqatish va tashish savdosi sotuvchilariga, suratga olish tashkilotlari agentlariga va boshqa shunday toifadagi xodimlarga) nafaqa vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik yoki homiladorlik va tugʻish munosabati bilan beriladigan hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan taʼtilning barcha kalendar kunlariga toʻlanadi.
48. Xodimlar qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ish beruvchilar tomonidan yuborilganda va oʻqish davrida nafaqalar ularning ish haqlari toʻliq yoki qisman saqlangan taqdirda, umumiy asoslarda beriladi.
49. Ishlab chiqarish amaliyoti davrida ish haqi toʻlanadigan ish oʻrinlariga yoki lavozimlarga tayinlangan oliy oʻquv yurtlari talabalariga, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻquvchilariga ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash kunlariga toʻgʻri kelganda nafaqa ishlab chiqarish amaliyoti oʻtayotgan joylaridan umumiy asoslarda, lekin ishlab chiqarish amaliyoti yakunlanishi lozim boʻlgan kunga qadar toʻlanadi.
Ushbu tartib qurilish obyektlarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida talabalar guruhlarida ishlayotgan oʻquvchilarga ham joriy etilib, nafaqa miqdori guruhda olgan ish haqidan hisoblab chiqariladi va ish joyidan beriladi.
50. Oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tashkilotlarini, magistratura, tayanch doktorantura, klinik ordinatura, doktoranturani tugatgan va belgilangan tartibda ishga yuborilgan shaxslarga nafaqaning miqdori umumiy qoidalar boʻyicha hisoblab chiqarish va ularning egallashlari lozim boʻlgan lavozim maoshlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
51. Axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nafaqa umumiy asoslarda beriladi. Bunda avvalgi ish joylarida jazoni oʻtayotgan shaxslarga nafaqa miqdori jazoni oʻtash boshlanishiga qadar boʻlgan umumiy ish stajiga qarab belgilanadi.
Mazkur nafaqalar sud hukmi bilan ularning ish haqlaridan undirishlar ushlab qolingan holda toʻlanadi.
5-bob. Nafaqalarni tayinlash va toʻlash
52. Nafaqalar xodimning asosiy ish joyidan tashkilotning Nafaqa tayinlash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) yoki ish beruvchi tomonidan buyruq bilan vakil qilingan shaxs (keyingi oʻrinlarda — vakil qilingan shaxs) tomonidan tayinlanadi. Komissiya tarkibi, aʼzolari soni va raisi ish beruvchining buyrugʻi yoki boshqaruvining qarori bilan tasdiqlanadi.
53. Komissiya yoki vakil qilingan shaxs nafaqa toʻlashga asos boʻluvchi hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonida oʻziga maʼlum boʻlgan, sir saqlanishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi lozim.
54. Xodimlar vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik muddati tugaganidan soʻng ishga chiqishining birinchi kunidayoq tashkilotning kadrlar boʻlimi yoki ish beruvchi tomonidan tayinlangan kadrlar boʻyicha masʼulga (keyingi oʻrinlarda — kadrlar boʻlimi) mehnatga layoqatsizlik varaqasini taqdim etadilar. Mehnatga layoqatsizlik davom etayotgan hollarda, navbatdagi ish haqi berilishi vaqti kelganda topshirilishi mumkin.
55. Nafaqani olish uchun masofadan turib ishlovchi xodim mehnatga layoqatsizlik varaqasining aslini, agar xodim oʻrindosh boʻlsa, hujjatlarning koʻchirma nusxalarini ish beruvchiga maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali yuboradi.
56. Ish beruvchilarda mehnatga layoqatsizlik varaqasining tegishli bandlari kadrlar boʻlimi tomonidan shu kunning oʻzida zarur maʼlumotlar yozilishini taʼminlaydi va mehnatga layoqatsizlik varaqasini (bemor haqidagi maʼlumotlar yozilib, imzo qoʻyilgan holda) Komissiyaga yoki vakil qilingan shaxsga topshiradi.
57. Mehnatda mayiblanish tufayli vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik boshlanganda nafaqa ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa sodir boʻlganlik haqidagi (N-1-shaklda) dalolatnoma asosida tayinlanadi.
Agar baxtsiz hodisa boshqa sharoitlarda roʻy bersa (uyda, ishga borish yoki ishdan qaytishda, davlat yoki jamoatchilik burchini bajarayotgan paytda), nafaqa roʻy bergan baxtsizlik sabablari ish beruvchi tomonidan oʻrganib chiqilgandan keyingina tayinlanadi.
58. Quyidagi sharoitlarda yuz bergan (jinoyat sodir qilish vaqtida jarohatlanish hollaridan tashqari) jarohatlanish mehnatda mayiblanish deb hisoblanadi:
mehnat burchini bajarayotgan paytda (shu jumladan, xizmat safari vaqtida), shuningdek, maxsus topshiriq boʻlmagan hollarda ham ish beruvchilar manfaatini koʻzlab amalga oshirilgan xatti-harakatlar paytida;
ish beruvchining transportida ishga borayotgan yoki ishdan qaytayotganda;
ish vaqti davomida (shu jumladan belgilangan tanaffus vaqtida) tashkilot hududida yoki biron-bir boshqa ish joyida, ish boshlashdan oldin yoki ishdan keyin ish qurollarini, kiyim-kechaklarini va hokazolarni tartibga keltirish paytlarida;
ichki mehnat tartib-qoidalariga zid boʻlmagan taqdirda, ish vaqti davomida tashkilotga yaqin boʻlgan joyda yoki boshqa ish joyida (belgilangan tanaffuslarda) hozir boʻlganda;
asosiy ish bilan bogʻliq boʻlmasa ham, davlat va jamoatchilik oldidagi burchlarini bajarayotgan chogʻida;
inson hayotini qutqarish, huquq-tartibotni, davlat va jamoat mulkini, shuningdek, fuqarolar mulklarini muhofaza qilish boʻyicha fuqarolik burchini bajarayotgan paytida;
donorlik vazifalarini bajarish natijasida mehnatga layoqatining yoʻqotilishi.
59. Kasb kasalliklari boʻyicha vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi tayinlashda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Kasb kasalliklari roʻyxatida koʻrsatilgan kasalliklar hisobga olinadi.
60. Mazkur Nizomga binoan nafaqa olish huquqi Komissiya yoki vakil qilingan shaxs har bir mehnatga layoqatsizlik varaqasi boʻyicha toʻlov amalga oshirilishi lozim boʻlgan kunlar sonini va oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan belgilanadigan nafaqa foizi miqdorini belgilaydi. Nafaqa foizi miqdori nafaqa belgilash bayonnomasida va Komissiya raisi yoki vakil qilingan shaxs imzosi qoʻyilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasida qayd qilinadi.
61. Mehnatda mayiblanish tufayli vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi Komissiya yoki vakil qilingan shaxs tomonidan (jarohatlangan xodimning ahvoli Komissiya majlisiga kelishga imkon bergan taqdirda, uning ishtirokida) tayinlanadi. Nafaqadan mahrum etish, nafaqadan toʻliq yoki qisman rad etish masalasi nafaqa oluvchining ishtirokida koʻrib chiqiladi.
62. Xodim mehnatga layoqatsizlik varaqasi boʻyicha nafaqa olish huquqiga ega boʻlmagan taqdirda, Komissiya yoki vakil qilingan shaxs nafaqa bermaslik toʻgʻrisida qaror chiqaradi va rad etish sabablarini mehnatga layoqatsizlik varaqasiga qayd etadi.
63. Nafaqa tayinlangandan soʻng Komissiya yoki vakil qilingan shaxs tashkilotning hisob-kitob boʻlimiga (buxgalteriya) nafaqa chiqarish va toʻlash uchun belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasini topshiradi.
64. Toʻlanadigan va toʻlanmaydigan mehnatga layoqatsizlik varaqalari, shuningdek, nafaqa olish uchun taqdim etilgan barcha boshqa hujjatlar tashkilot buxgalteriyasida pulli hujjatlarga teng holda, barcha xarajat hujjatlaridan alohida holda saqlanadi.
65. Ish vaqtini, umumiy ish stajini hisobga olib borish, nafaqalar toʻlash uchun hisob-kitoblarni bajarishda axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari qoʻllaniladigan tashkilotlarda mehnatga layoqatsizlik varaqalari tashkilotning kadrlar boʻlimi tomonidan hisoblash markaziga topshiriladi. U yerda nafaqa tayinlash va hisoblab chiqarish toʻgʻrisida ish beruvchi tomonidan belgilangan shaklda ikki nusxada roʻyxat tuziladi.
66. Mehnatga layoqatsizlik varaqalari axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarida hisob-kitoblarni chiqarish uchun masʼul shaxsning imzosi qoʻyilgan ikki nusxadagi toʻlov roʻyxati bilan birga aniq muddatlarda (maoshlar boʻyicha hisob-kitob qilishga 5-6 kun qolganda) Komissiyaga yoki vakil qilingan shaxsga topshiriladi.
67. Komissiya yoki vakil qilingan shaxs hisob-kitobning, mehnatga layoqatsizlik varaqasining davolash muassasasi tomonidan (shuningdek, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari orqali) toʻldirilishining toʻgʻriligini, zarur hollarda boshqa hujjatlarni ham (baxtsiz hodisalar toʻgʻrisidagi dalolatnomalar va boshqalar) tekshiradi va nafaqa tayinlash, belgilangan hollarda esa nafaqadan mahrum qilish boʻyicha qaror chiqaradi. Ikki nusxadagi toʻlov roʻyxatlar Komissiya raisi yoki vakil qilingan shaxs tomonidan imzolanadi.
Toʻlov roʻyxatining bir nusxasi mehnatga layoqatsizlik varaqasi bilan buxgalteriyaga yuboriladi. Ular tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng bosh (katta) buxgalter tomonidan imzolanib, hisoblash markaziga uzil-kesil hisob-kitob qilish va nafaqa summasini ish haqi toʻlash roʻyxatiga kiritish uchun qaytarib yuboriladi. Shundan soʻng toʻlov roʻyxati mehnatga layoqatsizlik varaqalari bilan saqlash uchun buxgalteriyaga topshiriladi.
Toʻlov roʻyxatining ikkinchi nusxasi esa nafaqa tayinlash bayonnomasi sifatida Komissiyada yoki vakil qilingan shaxsda saqlanadi.
Nafaqani hisoblashda mazkur bandda koʻrsatilgan qoidaga muvofiq mehnatga layoqatsizlik varaqasining orqa tomoni toʻldirilmaydi.
68. Axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari yordamida faqat nafaqa miqdori hisoblab chiqiladigan tashkilotlarda nafaqa belgilash va mehnatga layoqatsizlik varaqalarini toʻldirish (“Buxgalteriya tomonidan toʻldiriladi” degan boʻlimdan tashqari) mazkur Nizomning 60, 61, 65, 66 va 67-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
“Buxgalteriya tomonidan toʻldiriladi” degan boʻlimdagi maosh va uning asosida chiqarilgan nafaqa miqdori haqidagi maʼlumot axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarida tayyorlanganda, hisob-kitob ishlari uchun masʼul shaxsning va bosh (katta) buxgalterning imzolari boʻlgan toʻlov roʻyxatida keltiriladi. Toʻlov roʻyxatlariga mehnatga layoqatsizlik varaqalari ilova qilinadi.
Nafaqalar axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarida hisoblab chiqariladigan tashkilotlarda nafaqalarni tayinlash va mehnatga layoqatsizlik varaqalarini rasmiylashtirish xuddi shunday tartibda amalga oshiriladi.
69. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqalar, shu jumladan, sil kasalligi sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanish uchun beriladigan nafaqalar, ish haqi toʻlash uchun belgilangan muddatlarda toʻlanadi.
Boshqa turdagi sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida davolanish uchun beriladigan nafaqalar xodim sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalaridan qaytgandan soʻng toʻlanadi. Bunda nafaqa, agar bir tomonga borish vaqti bir sutkadan ortiq boʻlsa, sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida boʻlgan vaqt koʻrsatilgan “yoʻllanmaning qaytish tomoni”, shuningdek, yoʻl chiptalari Komissiyaga yoki vakil qilingan shaxsga topshirilgandagina beriladi. Yoʻllanma boʻyicha foydalanilmagan hamda sanatoriy va sogʻlomlashtirish muassasalarida, shuningdek, yetib borish yoki qaytish yoʻli belgilangan muddatdan ortiq boʻlgan kunlar uchun nafaqa berilmaydi.
70. Homiladorlik va tugʻish nafaqasi tugʻishdan oldin amalda foydalanilgan kunlarning sonidan, yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqa amalda foydalanilgan kunlarning sonidan qatʼi nazar, taʼtilning toʻliq davri uchun bir yoʻla toʻlanadi.
71. Tashkilot tugatilganda, mazkur Nizomga muvofiq nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tugʻish nafaqasi, yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqa tugatilgan tashkilotning huquqiy vorisi yoki tugatish komissiyasi tomonidan beriladi.
72. Ortiqcha toʻlab yuborilgan nafaqa summasi, agar ortiqcha toʻlash sanashda (arifmetik) adashish yoki nafaqa oluvchining qalbaki maʼlumotnoma taqdim qilishi (hujjatlarga oʻzgartirish kiritish va boshqalar) tufayli sodir boʻlgan boʻlsa, nafaqa oluvchidan ushlab qolinadi.
73. Ushlab qolish keyingi safar toʻlanadigan nafaqa yoki ish haqidan amalga oshiriladi. Har safar xodim olishi kerak boʻlgan summaning 20 foizidan ortiq boʻlmagan summa ushlab qolinadi. Ushlab qolish tashkilotning hisob-kitob boʻlimi orqali Komissiyaning yoki ish beruvchining qarori asosida amalga oshiriladi.
Bu qaror sanash jarayonida yoʻl qoʻyilgan xato tufayli ortiqcha toʻlash sodir boʻlganda, nafaqa tayinlangan kundan boshlab 3 oydan kechiktirmay, oʻz huquqini suiisteʼmol qilish boʻyicha sodir boʻlganda esa, cheklanmagan muddatda qabul qilinishi mumkin.
74. Agar xodim mazkur tashkilotda ishlamayotgan boʻlsa, unga ortiqcha toʻlab yuborilgan nafaqa summasi sud orqali undirilib olinadi. Nafaqa olishda suiisteʼmollikka yoʻl qoʻyilsa (qalbaki hujjat taqdim etish, firibgarlik va boshqalar), hujjatlar qonunda belgilangan choralarni qoʻllash uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
75. Sudlarning qaroriga asosan nafaqalardan aliment, mayib boʻlganlik va salomatlikka yetkazilgan va boshqa zararlarni qoplash boʻyicha chegirilishi mumkin. Nafaqalardan boshqa hech qanday chegirma amalga oshirilmaydi.
76. Xodimning vafoti kunigacha olinmay qolgan nafaqa u bilan birga yashagan oila aʼzolariga, shuningdek, uning qaramogʻida boʻlganlarga beriladi.
Xodimning vafot etgan kuniga qadar olinmagan nafaqa vafot etgan xodim bilan qarindosh va birga istiqomat qilganlik yoki vafot etganning qaramogʻida boʻlganlikni tasdiqlovchi dalil boʻlgan hujjat topshirilganidagina berilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
77. Tashkilotning bosh buxgalteri Komissiya yoki vakil qilingan shaxs bilan bir qatorda nafaqa toʻlash boʻyicha mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi uchun javobgardir.
78. Agar nafaqa tayinlash yoki xodimning umumiy ish stajini aniqlash paytida qonunchilikda koʻzda tutilgan qoidalar buzilishiga yoʻl qoʻyilgan yoki toʻlov uchun taqdim qilingan hujjatlar notoʻgʻri rasmiylashtirilgan boʻlsa, bosh buxgalter toʻlovni amalga oshirmay, ularni yoʻl qoʻyilgan xatolar toʻgʻrisidagi yozma bayonnoma bilan Komissiyaga yoki vakil qilingan shaxs qaytarib berishi shart.
79. Ish beruvchilar tomonidan mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalari buzilishi oqibatida xodimning mehnatda mayib boʻlganligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi aniqlansa, ish beruvchilar ushbu shikastlanish va kasallik sababli berilgan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini toʻlashga sarflangan barcha xarajatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplashi lozim.
80. Komissiya yoki vakil qilingan shaxs tomonidan qabul qilingan qaror ustidan ish beruvchiga shikoyat qilinishi mumkin.
81. Nafaqalarni notoʻgʻri hisoblash, belgilash va toʻlash yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
82. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qaroriga
11-ILOVA
11-ILOVA
Yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqaning bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda (keyingi oʻrinlarda — yuridik shaxslar) va yakka tartibdagi tadbirkorlarda mehnat shartnomasiga asosan oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olganligi yoki unga vasiy qilib belgilanganligi munosabati bilan beriladigan nafaqaning (keyingi oʻrinlarda — nafaqa) bir qismini respublika budjeti mablagʻlari hisobidan tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimining alohida moduli — idoralararo elektron oʻzaro hamkorlik asosida nafaqani “proaktiv” shaklda tayinlash va toʻlashni nazarda tutuvchi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimining tarkibiy qismi (keyingi oʻrinlarda — “Yagona reyestr” AT);
nafaqa oluvchi — Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarda oxirgi olti oy davomida uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan hamda yangi tugʻilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodim (yakka tartibdagi tadbirkor);
toʻlov roʻyxat (vedomost)lari — nafaqa oluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, pasport maʼlumotlari, bank kartasi orqali toʻlanganda tegishli tijorat banki hamda nafaqa oluvchining bank kartasi rekvizitlari va toʻlanishi lozim boʻlgan nafaqa summasiga doir maʼlumotlar aks ettirilgan, nafaqa boʻyicha toʻlovlarni amalga oshiruvchi tijorat bankiga elektron koʻrinishda taqdim etiladigan hujjat.
3. Ushbu Nizom budjet tashkilotlarida, shu jumladan, oʻrindoshlik asosida ishlaydigan xodimlarga tatbiq etilmaydi.
4. Nafaqa tugʻish vaqtida yoki tugʻishdan keyingi davrda ona vafot etgan kundan boshlab, tugʻilgan bolani (bolalarni) farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan shaxsga (xodimga), bola tugʻilgan kunidan eʼtiboran ellik olti kalendar kuni, ikki yoki undan ortiq bola tugʻilganda yetmish kalendar kunigacha boʻlgan muddatda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida tayinlanadi va toʻlanadi.
5. Nafaqa minimal isteʼmol xarajatlarining 4 baravari miqdorida toʻlanadi.
Bunda nafaqaning miqdori u tayinlangan davrda amalda boʻlgan minimal isteʼmol xarajatlarining miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
6. Nafaqani toʻlash va notoʻgʻri tayinlangan nafaqani qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar respublika budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) mazkur maqsadlarda ajratilgan mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
7. Nafaqa oluvchining asosiy ish joyi hisoblangan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning nafaqa toʻlash boʻyicha majburiyatlari Agentlik tomonidan toʻlangan nafaqa miqdorida kamaytiriladi.
8. Nafaqa “Yagona reyestr” AT tomonidan fuqarolarning murojaatlarisiz “proaktiv shakl”da tayinlanadi va toʻlanadi.
2-bob. Nafaqani tayinlash tartibi
9. Belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi nafaqani tayinlash va toʻlash uchun asos boʻladi.
10. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi hududiy ambulator-poliklinika yoki tugʻuruqxona muassasasi, shuningdek, mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishga vakolatli boshqa tibbiy muassasalar tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligining Yagona tibbiy axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — “Yagona tibbiy” AT) elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
11. “Yagona tibbiy” AT tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi avtomatik ravishda “Yagona reyestr” ATga yuboriladi.
12. “Yagona reyestr” AT tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kelib tushgandan soʻng, avtomatik ravishda nafaqa oluvchining oxirgi olti oy davomida:
uzluksiz ish stajiga ega ekanligi va yuridik shaxsda bandligi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi oʻrinlarda — “YAMMT” IDAK), yakka tartibdagi tadbirkorlarda bandligi Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasi orqali;
mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari mavjudligi — Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasi orqali;
budjet tashkilotlarida ishlashi yoki ishlamasligi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
13. Nafaqa oluvchining oxirgi olti oy davomidagi uzluksiz ish stajini hisoblashda, yuridik shaxslarda “YAMMT” IDAKdagi va yakka tartibdagi tadbirkorlarda Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasidagi mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan kunga qadar olti oy uzluksiz ish staji inobatga olinadi.
Bunda ushbu davrda oʻttiz bir kundan koʻp boʻlmagan tanaffuslar boʻlganda, mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan kundan oldingi oʻn ikki oy davomidagi ketma-ket davrlar ish stajini hisoblashda qoʻllaniladi. Agar oxirgi olti oy davomidagi uzluksiz ish staji davrida xodimning mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari mavjud boʻlmasa, ushbu davr ish stajini hisoblashda inobatga olinmaydi.
Bolani parvarishlash uchun taʼtilda boʻlgan xodimning ish stajini Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasi orqali tekshirishda uning taʼtilga chiqishidan oldingi davri hisobga olinadi.
14. Nafaqa xodim yillik (asosiy va qoʻshimcha) mehnat taʼtilida, bolani parvarishlash uchun taʼtilda yoki ish haqi saqlanmaydigan taʼtillarda boʻlganda ham toʻlab beriladi.
15. Nafaqa oluvchining oxirgi olti oy davomidagi uzluksiz ish staji davridagi mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari mavjud boʻlsa va “YAMMT” IDAKda ish staji toʻgʻrisidagi maʼlumot boʻlmagan taqdirda, bu haqda “Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatik tarzda nafaqa oluvchining “Yagona tibbiy” ATda qayd etilgan mobil telefon raqamiga SMS-xabar, shuningdek, ish beruvchining Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasidagi va “YAMMT” IDAKdagi shaxsiy kabinetlariga xabarnoma yuboriladi.
Nafaqa oluvchining ish staji nomutanosibligi (notoʻgʻri kiritilganligi yoki kiritilmaganligi) xabarnoma olingan oydan keyingi oyning oxirgi ish kuniga qadar “YAMMT” IDAKda ish beruvchi tomonidan toʻgʻrilanishi lozim.
16. Xabarnoma yuborilgan nafaqa oluvchilarning oxirgi olti oy davomidagi uzluksiz ish staji xabarnoma yuborilgan oydan keyingi oyning oxirgi ish kunida qayta tekshiriladi.
Nomutanosiblik toʻgʻrilanmagan hollarda, nafaqa tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror “Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi.
17. “Yagona reyestr” AT tomonidan nafaqa oluvchining oxirgi olti oy davomidagi uzluksiz ish staji, mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari va uning ishlashi tasdiqlanganda, nafaqani tayinlash toʻgʻrisidagi qaror avtomatik tarzda shakllantiriladi.
18. “Yagona reyestr” AT tomonidan:
nafaqa tayinlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda, nafaqaning toʻlov shakli va muddati boʻyicha;
nafaqa tayinlashni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda, rad etish sabablari boʻyicha nafaqa oluvchining “Yagona tibbiy” ATda qayd etilgan mobil telefon raqamiga SMS-xabar, shuningdek, ish beruvchining Soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasidagi va “YAMMT” IDAKdagi shaxsiy kabinetlariga avtomatik tarzda xabarnoma yuboriladi.
3-bob. Nafaqani toʻlash tartibi
19. Ushbu Nizomga muvofiq tayinlangan nafaqani toʻlab berish Agentlik tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb etilgan tijorat banki tomonidan amalga oshiriladi.
20. “Yagona reyestr” AT tomonidan har oyning 10-sanasiga qadar nafaqa boʻyicha toʻlov roʻyxat (vedomost)lari tijorat bankiga taqdim etiladi hamda Agentlikning maxsus gʻazna hisobvaragʻidan zarur mablagʻlar belgilangan tartibda tijorat bankiga oʻtkazib beriladi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan muddatning oxirgi kuni bayram va dam olish kunlariga toʻgʻri kelganda, toʻlov roʻyxat (vedomost)lari va zarur mablagʻlar keyingi 2 ish kuni mobaynida tijorat bankiga taqdim etilishi va moliyalashtirilishi mumkin.
21. Nafaqani toʻlash uchun tijorat bankida alohida maxsus bank hisobvaraqlari ochiladi.
22. “Yagona reyestr” AT tomonidan toʻlov roʻyxat (vedomost)lari bank kartasi boʻyicha shakllantiriladi. Bunda tegishli banklararo reprotsessing markazlaridan nafaqa oluvchining nomiga ochilgan, aktiv holatda boʻlgan, oxirgi oltmish kun davomida oxirgi tranzaksiya amalga oshirilgan bank plastik kartasi tanlab olinadi.
Nafaqa oluvchining bank kartasi boʻlmaganda, toʻlov naqd pul koʻrinishida amalga oshiriladi.
23. Tijorat banki tomonidan nafaqa toʻlov amalga oshiriladigan oyning 27-sanasiga qadar toʻlab beriladi.
24. Tijorat banki tomonidan nafaqani naqd pul koʻrinishida nafaqa oluvchining murojaatiga asosan, biroq nafaqa tayinlanganligi toʻgʻrisida SMS-xabar yuborilgan kundan boshlab toʻqson kun davomida belgilangan tartibda toʻlanadi.
25. Joriy oy mobaynida nafaqa oluvchilar tomonidan talab qilinmagan mablagʻlarni tijorat bankining maxsus hisobvaraqlardan kelgusida toʻlash uchun Agentlik maxsus gʻazna hisobvaragʻiga qaytariladi.
26. Tijorat banki har oyning oxirgi ish kuniga qadar ushbu oy uchun va yil boshidan amalga oshirilgan toʻlovlar hamda toʻlanmagan mablagʻlar haqidagi maʼlumotlarni “Yagona reyestr” ATga taqdim etadi.
27. Nafaqa oluvchilarga tijorat banki tomonidan nafaqani naqd pul shaklida toʻlab berganlik uchun bank xizmat haqi miqdori tijorat banki va Agentlik oʻrtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq, biroq naqd pul shaklida toʻlab berilgan nafaqa miqdorining 0,5 foizidan oshmagan miqdorda belgilanadi.
28. Nafaqa oluvchining vijdonsizligi yoki hisob-kitoblardagi xatoliklar tufayli notoʻgʻri toʻlangan nafaqa nafaqa oluvchi tomonidan Agentlikka bir oy ichida qaytarilishi lozim. Bunda ixtiyoriy ravishda qaytarilmagan yoki toʻliq qaytarilmagan mablagʻ sud tartibida undiriladi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan asoslardan boshqa sabablar bilan notoʻgʻri toʻlangan nafaqa xatolikka yoʻl qoʻygan tashkilot xodimidan belgilangan tartibda undiriladi.
Notoʻgʻri toʻlangan nafaqa tijorat banki orqali nafaqa oluvchidan xizmat haqi undirilmagan holda qaytariladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
29. Manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlaridan nafaqa oluvchi toʻgʻrisida elektron shaklda avtomatlashtirilgan tarzda olingan maʼlumotlar “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq himoyalanadi.
Tegishli davlat organlari oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida nafaqa oluvchi toʻgʻrisida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
30. “Yagona reyestr” ATda hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning axborot tizimlarida texnik nosozliklar hamda maʼlumotlar almashinuvi jarayonida uzilishlar yuzaga kelganda, ushbu holatlar toʻliq bartaraf etilgunga qadar mehnatga layoqatsizlik varaqasidagi elektron maʼlumotlarni kiritish, nafaqani tayinlash va toʻlash muddatlari uzaytirilishi mumkin.
31. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(11-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/796/1180-son)
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Budjet tashkilotlari hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda ishlaydigan onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha oylik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom budjet tashkilotlari hisoblanmaydigan yuridik va jismoniy shaxslarda ishlaydigan onalarga va bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlariga, shuningdek, vasiysiga (keyingi oʻrinlarda — onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha oylik nafaqani (keyingi oʻrinlarda — bola parvarishi boʻyicha nafaqa) tayinlash hamda toʻlash tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga va onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga bolalar nafaqasini tayinlash hamda toʻlash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
3. Budjet tashkiloti hisoblanmaydigan tashkilotlarda (keyingi oʻrinlarda — tashkilot) ishlaydigan onalarga (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) bola parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlovi mazkur tashkilotning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Tashkilot mablagʻlari hisobidan bola parvarishi boʻyicha nafaqa uchun sarflangan mablagʻlar davr xarajatlariga kiritiladi.
4. Jismoniy shaxs hisoblanuvchi ish beruvchilarning xodimlari boʻlgan onalarga (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) bola parvarishi boʻyicha nafaqa mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
2-bob. Nafaqani tayinlash
5. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa tugʻilgan, farzandlikka, vasiylikka olingan bolani ikki yoshga toʻlgunga qadar parvarish qilish uchun qoida tariqasida bolaning onasi, otasi, buvisi, buvasi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlariga, shuningdek, vasiyiga bolani parvarishlash taʼtili davri uchun ish beruvchining buyrugʻiga asosan tayinlanadi.
6. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa tayinlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) bola parvarishi boʻyicha nafaqa tayinlash uchun ariza;
b) bola tugʻilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi.
Bolaning onasi oʻrniga nafaqa oluvchi shaxslar, qoʻshimcha ravishda bolaning onasi yoʻqligini tasdiqlovchi hujjat — bolaning (bolalarning) onasi vafot etganligi toʻgʻrisida guvohnoma, sud organlari tomonidan onalik huquqidan mahrum qilinganlik toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnoma yoki bola parvarishi boʻyicha nafaqani bolaning (bolalarning) onasi olish imkoni mavjud emasligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etadi.
7. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa onalarga (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) nafaqa olish uchun murojaat qilingan kundan boshlab, ammo homiladorlik va tugʻish taʼtili tugagan kundan soʻng tayinlanadi.
8. Agar ikki va undan ortiq tugʻilgan, farzandlikka yoki vasiylikka olingan bolalar parvarishda boʻlsa, kichik farzand ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa tayinlanadi va toʻlanadi.
Agar ona bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi davrida ikkinchi farzandga homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil olish huquqiga ega boʻlsa, onaning tanlovi asosida nafaqaning faqat bir turi tayinlanadi va toʻlanadi.
9. Ishlaydigan onalar (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar) xohishiga koʻra bolani parvarishlash taʼtili vaqtida toʻliqsiz ish vaqti shartlari asosida yoki ish beruvchi bilan kelishuv boʻyicha uyda ishlashi mumkin. Bunda bola parvarishi boʻyicha nafaqa va ish haqini bir vaqtda oladi.
3-bob. Nafaqani toʻlash
10. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa parvarish qilinayotgan bolalar sonidan va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qatʼi nazar har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 60 foizi miqdorida toʻlanadi.
11. Toʻliq boʻlmagan oy uchun nafaqa onaning (ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) ushbu oydagi taʼtilda boʻlgan kalendar kunlarga mos ulushda toʻlanadi.
12. Ishlaydigan (ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olayotgan, xizmat oʻtayotgan) onalarga (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) bola parvarishi boʻyicha nafaqa ish joyidan (taʼlim olish, xizmat oʻtash joyidan) toʻlanadi.
13. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlovi joriy oy uchun ish haqini toʻlash muddatlarida amalga oshiriladi.
14. Nafaqa oluvchi vafot etgan yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki bola vasiylikdan qaytarib olingan taqdirda, nafaqa bolani haqiqatda parvarish qilayotgan shaxsga tayinlanadi va oxirgi nafaqa toʻlangan oydan keyingi oydan boshlab toʻlanadi.
15. Tayinlangan, ammo oʻz vaqtida talab qilib olinmagan (toʻlanmagan) bola parvarishi boʻyicha nafaqa oʻtgan vaqt uchun nafaqa toʻlanishi kerak boʻlgan davrda koʻzda tutilgan miqdorda toʻlab beriladi.
Nafaqa toʻlovchi tashkilotning aybi bilan oʻz vaqtida toʻlanmagan nafaqa hech qanday muddatlar bilan chegaralanmagan holda, oʻtgan davr uchun bir vaqtning oʻzida toʻlab beriladi.
4-bob. Nafaqani toʻxtatish
16. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa quyidagi holatlarda toʻxtatiladi:
a) parvarishdagi bola ikki yoshga toʻlganda;
b) bola toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan maxsus muassasalar (mehribonlik uyi)ga joylashtirilganda;
v) bola vafot etganda;
g) oila bola bilan birga doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketganda;
d) bolani parvarishlash boshqa qarindosh yoki vasiyga oʻtganda.
17. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi shaxs nafaqa toʻlovini toʻxtatishga sabab boʻluvchi holatlar yuzaga kelganda, nafaqa toʻlovini amalga oshirayotgan tashkilotga xabar berishi shart.
18. Oldindan maʼlum boʻlgan notoʻgʻri yoki qalbaki hujjatlar asosida bola parvarishi boʻyicha nafaqa olish holatlari aniqlanganda, mazkur hujjatlarni taqdim etgan shaxs javobgarlikka tortiladi va ortiqcha toʻlangan mablagʻlar belgilangan tartibda undiriladi.
Bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi shaxs tomonidan nafaqa toʻlovini toʻxtatishga sabab boʻluvchi holatlar yuzaga kelganligi toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabar berilmaganda, nafaqa toʻlovini amalga oshirayotgan tashkilotning qaroriga asosan ortiqcha toʻlangan mablagʻlar nafaqa oluvchidan belgilangan tartibda undiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Nafaqalarni notoʻgʻri hisoblash, belgilash va toʻlash yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
20.Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/796/1180-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2024-y., 09/24/314/0439-son; 19.12.2025-y., 09/25/796/1180-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)