Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Issiqxona xoʻjaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash, issiqxona xoʻjaliklari tomonidan mahsulot yetishtirish hajmini oshirish, issiqxonalarning muqobil energiya manbalaridan foydalanishga oʻtishini ragʻbatlantirish, shuningdek, mahalliy eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning eksport salohiyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga muvofiq koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish belgilangan issiqxona xoʻjaliklariga 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumida tabiiy gaz quyidagi talablarga qatʼiy rioya etgan holda yetkazib beriladi:
issiqxona xoʻjaligining tabiiy gaz hisoblagichlari Tabiiy gaz nazorati va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi oʻrinlarda — GNHOAT) ulangan hamda tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha maʼlumotlari GNHOATga onlayn ravishda uzatiladigan boʻlishi;
issiqxona xoʻjaligining tabiiy gazdan yuzaga kelgan debitor qarzdorligini soʻndirishi hamda tabiiy gaz uchun belgilangan toʻlovni oldindan toʻlashi;
aholining gaz taʼminoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, issiqxona xoʻjaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilgʻi zaxirasining mavjudligi.
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi “Hududgaztaʼminot” AJ va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda bir oy muddatda issiqxona xoʻjaliklarining GNHOATga ulanganligini monitoring qilsin hamda monitoring natijalariga koʻra GNHOATga ulanmagan issiqxona xoʻjaliklarini “Insofsiz isteʼmolchilar roʻyxati”ga kiritgan holda, ularga tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha shartnomalarning bekor qilinishini taʼminlasin.
2. Belgilansinki, 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumidan boshlab har yili “Hududgaztaʼminot” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda issiqxona xoʻjaliklari oʻrtasida uch tomonlama kelishuvlar tuzish amaliyoti joriy etiladi. Bunda ushbu kelishuvlarda:
“Hududgaztaʼminot” AJ Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda issiqxona xoʻjaliklariga yoqilgʻi mahsulotlarini (koʻmir va tabiiy gaz) uzluksiz yetkazib berish kafolati;
issiqxona xoʻjaligining tabiiy gaz hisoblagichlari GNHOATga ulangan va gaz isteʼmoli boʻyicha maʼlumotlari GNHOATga onlayn ravishda uzatilgan taqdirda, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar yuridik shaxslar uchun Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-sentabrdagi 475-son qarorida belgilangan tariflarda tabiiy gazni yetkazib berishning yoʻlga qoʻyilishi;
issiqxona xoʻjaliklarining tabiiy gaz hisoblagichlari GNHOATga ulanganligini monitoring qilish natijalariga koʻra GNHOATga ulanmagan issiqxona xoʻjaligini “Insofsiz isteʼmolchilar roʻyxatiga” kiritgan holda, unga tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha shartnomaning bekor qilinishi;
issiqxona xoʻjaligining tabiiy gazdan yuzaga kelgan debitor qarzdorligini soʻndirilishi va tabiiy gaz uchun belgilangan toʻlovni oldindan toʻlanishi;
aholining gaz taʼminoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, issiqxona xoʻjaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilgʻi zaxirasining mavjudligi;
har bir issiqxona xoʻjaligining 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumidagi ehtiyojidan kelib chiqqan holda, unga yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmlari aniq koʻrsatilishi;
issiqxona xoʻjaligining yetkazib berilgan yoqilgi uchun toʻliq hisob-kitob qilishi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda ichki va tashqi bozorga chiqarish boʻyicha majburiyati;
yangi tashkil etiladigan issiqxona xoʻjaliklariga tabiiy gaz yoki issiqlik energiya markazlariga ulanish va texnik shartlar berish taqiqlanishi nazarda tutiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “Hududgaztaʼminot” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumi uchun issiqxona xoʻjaliklari bilan uch tomonlama kelishuvlar tuzish ishlarini yakunlasin.
3. Tabiiy gazdan koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkaziladigan issiqxona xoʻjaliklarini davlat tomonidan ragʻbatlantirishning quyidagi mexanizmlari joriy etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
a) 2023-yil 1-noyabrdan boshlab issiqxona xoʻjaliklariga koʻmir qozonini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan qoplab beriladi.
(3-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/255/0376-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeta mablagʻlari hisobidan Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga 25 mlrd soʻm ajratilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkaziladigan issiqxona xoʻjaliklariga koʻmir qozonini xarid qilish xarajatlarining 20 foizini qoplab berish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) tijorat banklari tomonidan issiqxona xoʻjaliklariga quyidagi maqsadlar uchun kreditlar ajratiladi:
koʻmir saqlash omborlarini qurish xarajatlari uchun 3 yil muddatga 1 yillik imtiyozli davr bilan;
yoqilgʻi sotib olishga aylanma mablagʻ uchun 1 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan.
Mazkur bandning “b” kichik bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilayotgan ragʻbatlantirish chorasi tabiiy gazda faoliyat yuritayotgan issiqxona xoʻjaliklariga ham tatbiq etiladi.
4. Belgilansinki, tashqi bozorlarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va sotishga moʻljallangan yirik savdo omborlarini (keyingi oʻrinlarda — yirik savdo omborlari) ijaraga olishni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishning quyidagi yangi tartibi joriy etiladi:
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari bilan birgalikda yirik savdo omborlarini ijaraga olish va treyder kompaniyalarga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin foydalanish uchun berish boʻyicha takliflarni Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) kiritadi;
Agentlik Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga asosan yirik savdo omborlarining ijaraga olinishini taʼminlaydi hamda treyder kompaniyalarga tekin foydalanish huquqi bilan topshiradi;
Agentlik yirik savdo omborlarining roʻyxati, ulardagi boʻsh joylar hamda treyder kompaniyalarning kontaktlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytiga doimiy joylashtirib boradi;
yirik savdo omborlarida eksport qiluvchi korxonalarning tekin saqlanadigan meva-sabzavot mahsulotlari roʻyxati Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
yirik savdo omborlarini ijaraga olish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 10-yanvardagi PF-2-son Farmonining 3-bandiga muvofiq Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Hukumat komissiyasi bir oy muddatda tashqi bozorlarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va sotishga moʻljallangan yirik savdo omborlarini ijaraga olish hamda treyder kompaniyalarga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin foydalanish uchun berish tartibini tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari takliflariga asosan ikki oy muddatda, birinchi navbatda, meva-sabzavot mahsulotlariga talab yuqori boʻlgan Rossiya Federatsiyasining Moskva, Orenburg, Ufa va Novosibirsk shaharlarida yirik savdo omborlarini ijaraga olish va treyder kompaniyalarga topshirish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Belgilansinki, serdaromad yangi ekin turlarini yetishtirish hamda hosildorlik va daromadni oshirish maqsadida issiqxona xoʻjaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/255/0376-son)
Bunda yuqori malakali agronomlar “yashil reyestr”ini yuritish hamda rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
ikki hafta muddatda issiqxona xoʻjaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
issiqxona xoʻjaliklariga malakali xorijiy agronomlarni tanlash, baholash va jalb qilish boʻyicha “Malakali agronom — yuqori daromad garovi” dasturini amalga oshirsin;
2024-yil 1-avgustga qadar Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi bilan birgalikda salohiyatli tashabbuskorni jalb qilgan holda Buxoro viloyatida tajriba tariqasida Italiya texnologiyasi asosida qadoqlashga moʻljallangan va namlikka chidamli qogʻoz qutilarni ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini saralash va qadoqlash boʻyicha logistika markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirsin;
2024-yil yakuniga qadar Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzurida Koreya texnologiyasi asosida “aqlli qishloq xoʻjaligi” sanoat texnologiyalari innovatsion markazini hamda uning Buxoro, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlari oʻquv-tajriba aqlli issiqxonalarini tashkil etsin.
Bunda koreyalik mutaxassislar tomonidan dasturiy taʼminotlar bilan ishlash boʻyicha IT-mutaxassislar va yuqori malakali mahalliy trenerlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin, shuningdek, issiqxona qurishda foydalaniladigan asosiy jihozlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda Koreya Respublikasida mutaxassislarning malakasini oshirish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti issiqxona xoʻjaliklarida serdaromad yangi ekin turlari (gul, brokkoli, koʻkatlar, rezavorlar va boshqalar) navlarini tanlash hamda yetishtirishni tashkil etishga masʼul etib belgilansin.
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-apreldagi 255-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 09/25/255/0376-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkaziladigan issikxona xoʻjaliklariga koʻmirni uzluksiz yetkazib berish maqsadida har bir viloyatda kamida bitta markazlashgan koʻmir saqlash omborlarini tashkil etsin;
2023/2024-yillar kuz-qish mavsumida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida issiqxona xoʻjaliklariga tutash hududlarda issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashtirilishini hamda issiqxona xoʻjaliklarini uzluksiz issiqlik yoki elektr energiyasi bilan taʼminlash tajribasini joriy qilsin;
2024-yil 1-iyunga qadar mazkur bandning uchinchi xatboshisidagi tajriba natijalarini tahlil qilgan holda, uni respublikaning boshqa hududlarida joriy etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Ushbu qarorga ilovaga muvofiq tijorat banklari:
kredit mablagʻlari hisobidan issiqxona xoʻjaligini tashkil qilgan har bir mijozning moliyaviy ahvolini inobatga olgan holda, ularning kreditlarini qaytarish muddatlarini uzaytirish;
ushbu qarorning 3-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan shartlarda issiqxona xoʻjaliklariga koʻmir saqlash omborlarini qurish xarajatlari hamda yoqilgʻi sotib olishga aylanma mablagʻ uchun kreditlar ajratish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda kredit mablagʻlarining qaytmaslik xatarini sugʻurta qilish va hosilni xavf-xatardan sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasining “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish ishlarini yanada jadallashtirish toʻgʻrisida” 2023-yil 15-iyuldagi 294-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J.T. Mirzamaxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-oktabr,
567-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-oktabrdagi 567-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Issiqxona xoʻjaliklarining kreditlarini qaytarish muddatlari uzaytiriladigan tijorat banklari
ROʻYXATI
|
“Aziya Alyans bank” ATB | |
|
2. |
“Hamkor bank” ATB |
|
3. |
“Mikrokreditbank” ATB |
|
4. |
“Aloqabank” ATB |
|
5. |
“Turon bank” ATB |
|
6. |
AT “Xalq banki” |
|
7. |
“Ipak yoʻli bank” ATB |
|
8. |
“Ipoteka bank” ATB |
|
9. |
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB |
|
10. |
“Asaka bank” ATB |
|
11. |
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB |
|
12. |
“Agrobank” ATB |
|
13. |
“Milliy bank” AJ |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2023-y., 09/23/567/0802-son; 23.04.2025-y., 09/25/255/0376-son)