Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 78-moddasi birinchi qismining 3-bandiga, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 13 va 14-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining matni 2022-yil 25-iyundan 1-avgustga qadar oʻtkazilgan umumxalq muhokamasida va undan keyingi jarayonlarda kelib tushgan takliflar, fikr-mulohazalar inobatga olingan holda maromiga yetkazilganligi, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitalarining — Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining xulosalari olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining nomi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida” deb oʻzgartirilsin hamda uning matni ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* Ilova matni berilmaydi.
3. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumi tayinlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi referendumi 2023-yil 30-aprel — yakshanba kuni oʻtkazilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish byulleteniga quyidagi matndagi masala kiritilsin:
“Siz “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilasizmi?”.
6. “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq ushbu Qaror hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining referendumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tegishli qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan uch kun ichida matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin.
7. “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 40-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi referendumida qabul qilingan qonun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan referendum yakunlari rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha choralar koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash uchun ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga yuborilsin.
10. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yuborilsin.
11. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-mart,
3017-IV-son