Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Yashil” iqtisodiyotga oʻtishni jadallashtirish, elektromobillardan foydalanishni ommalashtirish va ularni quvvatlantirish stansiyalari tarmogʻi yaratilishini ragʻbatlantirish va rivojlantirish maqsadida:
1. Qurilish vazirligi va Energetika vazirligining 2024-yil 1-yanvardan boshlab respublikada qurib bitkaziladigan savdo va biznes markazlari, koʻngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari boʻyidagi infratuzilma obyektlarining loyihalariga majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabini belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qurilish vazirligi mazkur talabga javob bermaydigan obyektlar loyihalarini tasdiqlashni (kelishishni) taqiqlash yuzasidan uch oy muddatda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
2. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2024-yil yakuniga qadar respublikada elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari sonini kamida 2 500 taga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin. Bunda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan 2023-yil davomida elektr uzatish tarmoqlari, transformator punktlari va nimstansiyalarga tutash hududlardan 1 500 ta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini oʻrnatish uchun yer uchastkalari auksionga chiqarilishini;
xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllariga tutash hududlarda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari, transformator punktlari va nimstansiyalari yaqinida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan kamida 500 ta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari barpo etilishini;
Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ularning hududiy boʻlinmalarining yer uchastkalari xatlovdan oʻtkazilib, 2023-2024-yillarda kamida 500 ta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun yer uchastkalari “K-SAVDO” AAT orqali auksion savdolariga chiqarilishini nazarda tutsin.
3. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
tadbirkorlik subyektlariga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasi manbalarida harakatlanuvchi transport vositalarini quvvatlantirish maqsadida elektr energiyasini sotish (realizatsiya qilish) huquqi beriladi;
transport vositalarini quvvatlantirish xizmatining tarifi (narxi), elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qatʼi nazar tadbirkorlik subyektlari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Energetika vazirligi, Transport vazirligi va “Oʻzneftgazinspeksiya” bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar faoliyat koʻrsatayotgan avtomobillarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz quyish shoxobchalarida kamida 1 ta (4 kanalli) 60 kVt va undan yuqori quvvatli elektromobillarni quvvatlantirish stansiyasini oʻrnatish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. 2023-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-269-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/269/1253-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda ular oʻrnatilgan avtomobil toʻxtash joylari joylashgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻidan, shuningdek, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻidan;
asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatish (ushbu faoliyat turi boʻyicha tushumning umumiy realizatsiya qilish hajmidagi ulushi 50 foiz va undan yuqori) boʻlgan tadbirkorlik subyektlari foyda soligʻidan;
transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan;
belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha xorijdan olib kelinadigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinsin.
Bunda, mazkur bandga asosan import qiluvchilar tomonidan “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK ning ijobiy xulosasi olingan va bojxona boji toʻlanmasdan olib kiriladigan tovarlar roʻyxatlari Markazning va Davlat bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi hamda kelgusida import qiluvchilarga roʻyxatda koʻrsatilgan tovarlarni bojxona boji toʻlamasdan import qilish uchun asos hisoblanadi.
Moliya vazirligi uch oy muddatda Soliq kodeksiga ushbu banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AJ va sohada faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda ikki oy muddatda:
elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini elektr quvvatiga ulash hamda ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha umumiy talablar va yagona standartlarni;
elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini oʻrnatish, ekspluatatsiya qilish va davriy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi hamda Moliya vazirligi 2023-yil 1-iyulga qadar “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish maxsus jamgʻarmasini tashkil etish chora-tadbirlarini yakunlasin. Bunda:
xalqaro auditorlik va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Jamgʻarmani shakllantirish manbalarini belgilash, birinchi navbatda xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit va grant mablagʻlari hisobidan shakllantirish;
aholi va tadbirkorlar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni rivojlantirish dasturini va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini belgilash;
elektromobillarni ommalashtirish va ulardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratsin.
8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AJ Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda elektromobildan foydalanish va unga servis xizmat koʻrsatish xarajatlari, shuningdek, uning atrof-muhitga zarari ichki yonuv dvigatellida harakatlanuvchi transport vositalariga nisbatan kamligi toʻgʻrisida maʼlumotlar keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazib borilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir maslahatchisi B.F. Islamov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-dekabr,
PQ-444-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2022-y., 07/22/444/1100-son; 30.12.2025-y., 06/25/269/1253-son)