Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq milliy qonunchilik bazasi kompleks tizimlashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Soʻnggi vaqtlarda, norma ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan yaxshilash, eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normalarni bekor qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ularning natijasida bugungi kunda milliy qonunchilik uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan, oʻz dolzarbligini yoʻqotgan hamda amaliyotda qoʻllanilmaydigan hujjatlardan tozalanib bormoqda.
Milliy qonunchilik bazasini ortiqcha normativ-huquqiy hujjatlardan xoli etish, huquqni qoʻllash amaliyotida yuridik taʼsir kuchiga ega boʻlmagan hujjatlarni bekor qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlari quyidagi asoslarga koʻra oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
qarorlarda keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bilan bir xil normalarning mavjudligi;
qarorlarda belgilangan normalarning keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar normalariga zidligi;
qarorlarning qabul qilinishiga asos boʻlgan yuqori turuvchi normativ-huquqiy hujjatlarning bekor qilinganligi;
qarorlarda bir martalik, vaqtinchalik bajarilishi lozim boʻlgan (ijrosi taʼminlangan) topshiriqlarning belgilanganligi.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-noyabr,
638-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-noyabrdagi 638-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar vazirligining axloq tuzatish-mehnat muassasalari va tergov izolyatorlarida izolyatsiya rejimini yaxshilash va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1992-yil 11-fevraldagi 58-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axloq tuzatish-mehnat muassasalarining ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 9-sentabrdagi 458-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi huzurida Avtotransportdagi ekologiya muammolari markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1995-yil 5-apreldagi 123-son qarori.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2022-y., 09/22/638/0988-son)