O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAZORAT ORGANLARI FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRUVChI RESPUBLIKA KENGAShI HUZURIDA TEKShIRILAYOTGAN XO‘JALIK YuRITUVChI SUBYEKTLAR ShIKOYATLARINI QABUL QILISh GURUHINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-iyuldagi 358-sonli “Respublika komissiyalari va kengashlari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Tekshirishlarni tashkil etishni tartibga solish va takomillashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, nazorat organlari tomonidan tekshirishlar o‘tkazishda keng oshkoralikni ta’minlash va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (bundan keyin Kengash deb ataladi) huzurida 3 nafar xodimdan iborat, tekshirilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar shikoyatlarini qabul qilish guruhi (bundan keyin Guruh deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Guruhning shtatlar jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
belgilangan qonun hujjatlarini buzgan holda tekshirilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning shikoyatlarini “ishonch telefoni” orqali qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
tushgan shikoyatlarni ularning ishonchliligini tekshirish uchun Kengashning ishchi organiga va ular bo‘yicha qaror qabul qilish uchun Kengashga yetkazish;
belgilangan qonun hujjatlarini muntazam buzayotgan nazorat organlarini va mansabdor shaxslarni aniqlash maqsadida tushayotgan shikoyatlarni tahlil qilish, umumlashtirish va turkumlash, ular bo‘yicha Kengashga tegishli axborot taqdim etish;
belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkazilayotgan tekshirishlarni Kengash qarorlari asosida to‘xtatish to‘g‘risida ko‘rsatmalar tayyorlash, ijro etish uchun ularni nazorat organlariga jo‘natish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tashkil etilayotgan Guruh xodimlarini ta’minlash va uni texnika bilan jihozlash uchun Vazirlar Mahkamasiga zarur mablag‘lar ajratishni nazarda tutsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Apparati Ishlar Boshqarmasi Guruhni joylashtirish va uning moddiy-texnika ta’minoti masalalarini bir hafta muddatda hal qilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
Kengashning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridagi hududiy komissiyalari huzurida “ishonch telefoni” tashkil etsin, ularning faoliyatini Guruhga va Kengashning ishchi organiga bo‘ysundirsin. Hududiy komissiyalar huzurida bittadan qo‘shimcha shtat uchun davlat soliq xizmati organlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnikaviy ta’minlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan zarur mablag‘lar ajratsin;
Kengashning ishchi organi zimmasiga xo‘jalik yurituvchi subyektlardan nazorat organlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan “ishonch telefoni” orqali tushayotgan shikoyatlarni tekshirish funksiyasini yuklasin. Ushbu maqsadlar uchun uning xodimlari sonini ko‘paytirsin va unga tushayotgan shikoyatlarni tezkorlik bilan tekshirish uchun avtotransport biriktirib qo‘ysin. Qo‘shimcha xodimlar va avtotransport xarajatlarini davlat soliq xizmati organlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnikaviy ta’minlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirsin.
7. “O‘zteleradio” kompaniyasi Kengashdan tushadigan “ishonch telefoni” to‘g‘risidagi, shuningdek nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan buzilishlar haqidagi axborotlarning haq undirmasdan muntazam yoritib borilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 22-aprel,
192-son
Tekshirilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar shikoyatlarini qabul qilish guruhining
ShTATLAR JADVALI
|
Lavozimlar nomi |
Shtatlar soni |
Tarif setkasi bo‘yicha razryad |
| Guruh rahbari | 1 | 17 |
| Bosh mutaxassis | 1 | 16 |
| Yetakchi mutaxassis | 1 | 15 |
|
JAMI: |
3 | |