Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 15-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 13-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2022-yil 13-sentabrda maʼqullangan
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy himoya siyosati doirasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar doirasida pensiya tizimini takomillashtirishga, pensiyalar miqdorini muntazam oshirib borishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, fuqarolarning ovoragarchiligini bartaraf etish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish, shuningdek qonunchilik bazasini takomillashtirish maqsadida fuqaroning 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davr uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida, hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanishi, pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga koʻra roʻyxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha tayinlanishi va toʻlanishi, uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiyalarning tekshirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi hamda ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqtidagi qoʻshib hisoblanadigan ish staji davri ikki barobarga, yaʼni uch yildan olti yilga oshirilganligi pensiya tizimi islohotidagi muhim qadamlar boʻldi.
Shu bilan birga, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish hamda fuqarolarning pensiya miqdorlari mamlakatning iqtisodiy koʻrsatkichlariga muvofiq izchil oshirib borilishini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ushbu Qonunda yoshga doir, nogironlik hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan oʻrtacha oylik ish haqining eng koʻp miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobarigacha oshirish nazarda tutilmoqda.
Qonunda taklif etilayotgan yangi normalar pensionerlarning moddiy farovonligini yanada oshirishga va ijtimoiy adolat prinsiplarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi 938-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 5, 112-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012-yil, № 1, 4-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 12, 341-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda, № 11, 792-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 5, 464-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 27-moddaning ikkinchi qismidagi “oʻn” degan soʻz “oʻn ikki” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 31-moddaning oltinchi qismidagi “oʻn” degan soʻz “oʻn ikki” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 66-moddaning uchinchi qismidagi “Aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi jamgʻarma” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining 1 va 2-bandlari 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-sentabr,
OʻRQ-791-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2022-y., 03/22/791/0832-son)