Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 17 apreldagi 214-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 108-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 10-may,
246-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 108-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 11-bandda:
“a” kichik band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati, standartlar va oʻrnatilgan talablarga javob berishi yuzasidan nazorat oʻrnatish”;
“v” kichik band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“investitsiya dasturlari asosida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarida amalga oshirilgan qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida isteʼmolchilarning suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olinishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, suv taʼminoti va oqova suv tashkilotlari bilan isteʼmolchilar oʻrtasida shartnomaviy munosabatlar yoʻlga qoʻyilganligi ustidan nazorat qilish;
kanalizatsiya tarmoqlariga zararli moddalarning oqizilishida belgilangan talablarga amal qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish”.
2. 13-bandda:
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“hisobga olinmagan isteʼmolchilarni (noqonuniy ulanma) aniqlashni tashkil etish, xususan investitsiya dasturlari asosida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarida amalga oshirilgan qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida isteʼmolchilarning suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olinishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, suv taʼminoti va oqova suv tashkilotlari bilan isteʼmolchilar oʻrtasida shartnomaviy munosabatlar yoʻlga qoʻyilganligini nazorat qiladi”;
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati, standartlar va oʻrnatilgan talablarga javob berishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarning normativdan ortiqcha oqizilishida belgilangan talablarga amal qilinishi ustidan nazorat oʻrnatadi”;
toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. 14-band quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarning normativdan ortiqcha oqizilishi aniqlanganda, bu borada belgilangan tartibda javobgarlarga nisbatan kompensatsiya toʻlovlari hisoblash va undirish”;
sakkizinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻqqizinchi — oʻn beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. 18-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Inspeksiya boshligʻi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi”.
5. 19-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmatlari koʻrsatish shartlariga koʻra:
Inspeksiya boshligʻi — vazir oʻrinbosariga;
Inspeksiya markaziy apparati xodimlari — uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi markaziy apparati xodimlariga;
Hududiy inspeksiyalar bosh inspektorlari — hududiy uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari boshliqlariga;
Hududiy inspeksiya inspektorlari — hududiy uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalarining boʻlim boshliqlariga tenglashtiriladi”.
6. Quyidagi mazmundagi 91-bob bilan toʻldirilsin:
“91-bob. Inspeksiya faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash
33. Inspeksiya budjet tashkiloti hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan, Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
34. Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasidan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyundagi 409-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan Inspeksiya xodimlariga qoʻshimcha toʻlov va moddiy yordam koʻrsatiladi”.
7. 10-bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari oʻz vazifalari hamda funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
36. Inspeksiyani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)