O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlarini takomillashtirish, bu jarayonga jamoatchilikni jalb qilish hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlashga oid materiallarni tayyorlash uchun buyurtmalar berish;
nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarini hamda bu borada o‘tkaziladigan tadqiqotlarini va ijtimoiy so‘rovlarini moliyalashtirish;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.
2. Agentlikda unga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashuvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
har yili Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar;
bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan materiallar asosida Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha davlat foydasiga undirilgan moddiy zarar va jarimalar summasining 5 foizi;
Agentlik tomonidan tuzilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar asosida sud tartibida undiriladigan ma’muriy jarimalarning 95 foizi;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoniga asosan oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
a) Agentlik o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlardan foydalanadi:
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron ma’lumotlar bazalaridan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga doir ma’lumotlarni olish;
tadqiqotlar va ma’muriy surishtiruvlar o‘tkazish hamda tahliliy materiallar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlarini tuzish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki boshqa ta’sir choralarini ko‘rish uchun korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi xabarlarni yuborish va ushbu xabarlarni tekshirish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror to‘g‘risida ma’lumotni talab qilib olish;
ommaviy rezonans va muhokamalar, ya’ni jamiyatning ma’lum bir hodisaga nisbatan hissiy munosabatiga sabab bo‘lgan, jamoatchilik e’tiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda matbuot anjumanlari o‘tkazish;
b) Agentlik tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda korrupsiyaviy jinoyatlar borasida jamoatchilikni xabardor qilinishining quyidagi tartibi o‘rnatiladi:
ommaviy rezonans va muhokamalar, ya’ni jamiyatning ma’lum bir hodisaga nisbatan hissiy munosabatiga sabab bo‘lgan, jamoatchilik e’tiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar aks etgan xabarlar bo‘yicha — o‘n kun muddatda;
boshqa korrupsiyaviy jinoyat va huquqbuzarliklar to‘g‘risida — hamkor organlar bilan kelishuvga ko‘ra har chorak yoki yarim yillik yakunlari bo‘yicha;
korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, tendensiyalari, sodir bo‘lish sabab va shart-sharoitlari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida — yil yakuni bo‘yicha.
5. Moliya vazirligi:
Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2021-yil uchun 1,8 mlrd so‘m ajratilishini ta’minlasin;
2022-yildan boshlab har yili Agentlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Davlat budjeti parametrlarida alohida modda bilan Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Agentlik 2022-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarga korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi tunu kun faoliyat yuritadigan “Call-markaz”ni ishga tushirsin.
8. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar qilib Agentlik direktori A.E. Burxanov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-dekabr,
PQ-34-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-dekabrdagi PQ-34-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma yuridik shaxs tashkil etmagan holda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamg‘arma mablag‘lari Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) Moliya vazirligi G‘aznachiligida belgilangan tartibda ochiladigan milliy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlanadi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi
4. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
har yili Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar;
bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan materiallar asosida Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha davlat foydasiga undirilgan moddiy zarar va jarimalar summasining 5 foizi;
Agentlik tomonidan tuzilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar asosida sud tartibida undiriladigan ma’muriy jarimalarning 95 foizi;
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoniga asosan beshinchi-oltinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi
5. Jamg‘arma mablag‘laridan har yili Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan, Moliya vazirligi bilan kelishilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq ravishda foydalaniladi.
6. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlashga oid materiallarni tayyorlash uchun buyurtmalar berish;
nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarini hamda bu borada o‘tkaziladigan tadqiqotlarini va ijtimoiy so‘rovlarini moliyalashtirish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi mavzusida konferensiya, seminar, simpozium, treninglar o‘tkazish hamda broshyura, buklet, kitob, to‘plam va boshqa axborot-ma’rifiy materiallarni tayyorlash va nashr etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini, shu jumladan xorijda oshirish;
fuqarolarga korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi tunu kun faoliyat yuritadigan Agentlikning “Call-markaz” faoliyatini moliyalashtirish;
Agentlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
Agentlikning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;
Agentlikka yuklangan vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplash.
7. Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasi kelgusi yilda kelib tushishi kutilayotgan mablag‘lar doirasida va bajarilishi lozim bo‘lgan tadbirlardan kelib chiqib tuziladi.
8. Agentlik direktori Jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish hisobi, hisoboti va nazorati
9. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi hisobi Agentlik tomonidan alohida yuritiladi, har chorak va yil yakuni bo‘yicha hisobotlar tuziladi.
10. Buxgalteriya hisobining to‘g‘ri yuritilishi, Jamg‘armaga mablag‘lar kelib tushishi va uning sarflanishi haqidagi har chorak va yil yakuni bo‘yicha tuziladigan hisobotlarni tayyorlash hamda ularni Moliya vazirligiga o‘z vaqtida taqdim qilishga Agentlikning buxgalteriyasi javobgar hisoblanadi.
11. Jamg‘arma mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanish yuzasidan nazorat Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
12. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-dekabrdagi PQ-34-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro idoralararo munosabatlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom doirasidagi o‘zaro aloqalar tegishli individual va tizimli ishlar bo‘yicha ma’lumot almashish, elektron ma’lumotlar bazalariga kirish, qo‘shma ishchi guruhlarini tuzish, birgalikda o‘quv va ilmiy-tadqiqot hamda boshqa tadbirlarni o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
Ushbu Nizom Agentlikning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligida o‘z vaqtidalik, samaradorlik va natijadorlikni ta’minlashga hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, shuningdek, ushbu sohada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor qilishga qaratilgan.
2. Ushbu Nizom doirasida Agentlik quyidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qiladi:
Bosh prokuratura;
Davlat xavfsizlik xizmati;
Davlat bojxona qo‘mitasi;
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
Ichki ishlar vazirligi;
Adliya vazirligi;
normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish va tekshirish vazifasi yuklatilgan, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlar.
3. Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi:
mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
vazirlik va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish samaradorligini ta’minlash;
budjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish, shuningdek, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha axborot tarqatish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlash;
korrupsiyaning holati, rivojlanishi va sabablarini aniqlash maqsadida sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash.
4. Ushbu Nizom doirasida o‘zaro hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot almashish;
korrupsiya faktlari bo‘yicha jinoyat ishlari, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar, shuningdek, korrupsiya faktlariga munosabat bildirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risida ma’lumot almashish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron ma’lumotlar bazalaridan Agentlikning vakolatli xodimlari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlarni olishi uchun sharoit yaratish;
tadqiqotlar va ma’muriy surishtiruvlar o‘tkazish hamda tahliliy materiallar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlarini tuzish;
statistik ma’lumotlar almashish;
jamoatchilik e’tiborini tortgan korrupsiya to‘g‘risidagi faktlarga oid mavjud ma’lumotlarni birgalikda o‘rganish va nashr etish.
5. Agentlik va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘zaro hamkorlik jarayonida davlat sirlarini, tijorat yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor qilmasligi shart.
2-bob. Korrupsiyaning oldini olish sohasida yagona davlat siyosati borasidagi o‘zaro hamkorlik
6. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Agentlik tomonidan yuborilgan jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki boshqa ta’sir choralarini ko‘rish uchun o‘zlariga yuborilgan korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi xabarlarni ko‘rib chiqib, uning natijalari bo‘yicha Agentlikka xabar beradi.
Agentlik ommaviy rezonans va muhokamalar, ya’ni jamiyatning ma’lum bir hodisaga nisbatan hissiy munosabatiga sabab bo‘lgan, jamoatchilik e’tiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar aks etgan xabarlar (keyingi o‘rinlarda — muhokamaga sabab bo‘lgan huquqbuzarliklar) haqidagi masalalarning ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni so‘rab olishi mumkin.
7. Agentlik ishni ko‘rib chiqayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda muhokamaga sabab bo‘lgan huquqbuzarliklar yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida, protsessual qonunchilik talablariga rioya qilgan va tergov sirlarini oshkor qilmagan holda, matbuot anjumanlari o‘tkazishi mumkin.
8. Agentlik ushbu Nizomning 2-bandida ko‘rsatilgan organlar bilan hamkorlikda muhokamaga sabab bo‘lgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida 10 kunda, qolgan korrupsiyaviy jinoyat va huquqbuzarliklar to‘g‘risida hamkor organlarning kelishuviga asosan muayyan muddatda (chorak va yarim yillik yakunlari) yoxud har yili protsessual qonunchilikka muvofiq tergov sirlari, shuningdek, davlat siri yoki qonun hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan boshqa ma’lumotlarni oshkor qilmagan holda, korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, tendensiyalari, sodir bo‘lish sabab va shart-sharoitlari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida yil yakuni yuzasidan jamoatchilikni xabardor qiladi.
3-bob. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlar yuzasidan hamkorlik
9. Agentlikka jismoniy va yuridik shaxslardan korrupsiyaviy jinoyat alomatlari mavjudligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushgan taqdirda, ushbu murojaat jinoyat va huquqbuzarlik alomatlarini tasdiqlovchi holatlar, ya’ni xizmat xati yoki tasdiqlangan telefonogramma, telegramma yoxud radiogramma ilova qilingan holda Bosh prokuraturaga holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun yo‘naltiriladi.
Bosh prokuratura va Agentlik o‘rtasida murojaatlar bo‘yicha hamkorlik hamda ular yuzasidan mas’ul shaxslar belgilanadi.
4-bob. Budjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari bo‘yicha qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlarni o‘rganish sohasidagi hamkorlik
10. Budjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari bo‘yicha qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlarni o‘rganish jarayonida Agentlik quyidagi huquqlarga ega:
huquqni muhofaza qiluvchi organlardan o‘rganish predmetiga oid ma’lumotlarni so‘rab olish;
aniq faktlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish haqida so‘rov yuborish va tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi axborotni olish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ochiq elektron ma’lumotlar bazalaridan foydalanish.
11. Agentlik o‘z vakolatlari doirasida o‘tkazgan o‘rganish materiallari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagilar haqida takliflarni kiritadi:
jinoyat ishini qo‘zg‘atish;
ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish;
intizomiy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atish yoki boshqa tegishli choralarni ko‘rish.
12. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar budjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari bo‘yicha qonunbuzarliklar doirasida jinoiy yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atgan taqdirda, elektron ma’lumotlar bazalaridan Agentlikning vakolatli xodimlariga ushbu axborotlarni olish imkoniyatini yaratadi.
Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqilgan, budjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha mustaqil ravishda ma’muriy surishtiruv o‘tkazish hamda o‘rganish natijalari haqidagi ma’lumotlarni tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish huquqiga ega.
5-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish sohasidagi o‘zaro hamkorlik
13. Agentlik jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, ommaviy axborot vositalarining xabarlarini o‘rganish asosida, shuningdek, o‘z tashabbusi bilan normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini tashkil etishga haqlidir.
Agentlikning so‘roviga binoan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar so‘rov kelib tushgan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmay normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi yuzasidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazadi va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning mavjudligi to‘g‘risida o‘z xulosasini taqdim qiladi.
14. Normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning loyihalari bo‘yicha korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish uchun Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarini jalb qilgan holda, ishchi guruhi tuzishga haqli.
Agentlikning so‘roviga binoan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uch kun muddatda o‘z vakillarini korrupsiyaga qarshi ekspertiza bo‘yicha ishchi guruhida ishtirok etish uchun yuboradi.
15. Adliya vazirligi budjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi natijalari bo‘yicha korrupsiya bilan bog‘liq faktlarni aniqlagan taqdirda, Agentlikni bu haqda xabardor qiladi hamda huquqiy xulosa nusxasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali yuboradi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
16. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Agentlik ma’lumot almashish jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi mumkin.
17. Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik doirasida olgan ma’lumotlarni to‘playdi, saqlaydi, qayta ishlaydi hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida ushbu ma’lumotlardan foydalanadi.
18. Agentlik mazkur Nizom ijrosini har yili tahlil qilib boradi va zaruratga qarab aloqalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini beradi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2021-y., 07/21/34/1140-son; 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)