Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON PAXTANI QAYTA IShLASh VA PAXTA MAHSULOTLARINI SOTISh DAVLAT-AKSIONERLIK UYuShMASI (“OʻZDAVPAXTASANOATSOTISh”)NING USTAVINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-dekabrdagi 372-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2015-yil 27-oktabrdagi PF-4761-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 28-oktabrdagi PQ-2422-son qarori)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotlarini sotish davlat-aksionerlik uyushmasi “Oʻzdavpaxtasanoatsotish”ning ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 15-fevral,
84-son
Oʻzbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish davlat-aksionerlik uyushmasi “Oʻzdavpaxtasanoatsotish”ning
USTAVI
I.Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish davlat-aksionerlik uyushmasi “Oʻzdavpaxtasanoatsotish”, keyingi oʻrinlarda uyushma deb ataladi, yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan xoʻjalik uyushmasi hisoblanadi hamda paxtani qayta ishlash va paxta mahsulotini sotish hududiy davlat-aksionerlik birlashmalarini (keyingi oʻrinlarda — hududiy birlashmalar), paxta xomashyosi xarid qilish, uni qayta ishlash, paxta mahsuloti va kanop sotishni taʼminlovchi mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarni ixtiyoriy ravishda birlashtiradi.
Uyushma u tashkil etilishi munosabati bilan tugatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Uzglavlegsnabsbit” va “Oʻzbek paxta sanoati” respublika ishlab chiqarish birlashmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
Hududiy birlashmalarning ustavlari ularning taʼsis konferensiyalari tomonidan tasdiqlanadi.
Uyushma aʼzolari oʻz xoʻjalik mustaqilliklarini, yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar, oʻz faoliyatlarida “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga va ushbu Ustavga amal qiladilar.
2. Uyushma yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga va ushbu Ustavga amal qiladi.
Uyushma Oʻzbekiston Respublikasi bank muassasalarida oʻzining hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlariga, oʻz mulkiga, mustaqil va yigʻma balanslariga ega boʻladi.
Uyushma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
3. Uyushma hududiy birlashmalar orqali oʻz tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi, Davlat korxonalari va tashkilotlarini belgilangan tartibda tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi.
Uyushma amaldagi qonun hujjatlari boʻyicha jazo choralari qoʻllanishi mumkin boʻlgan oʻziga qarashli mulk bilan oʻz majburiyatlari boʻyicha javob beradi.
Davlat, uning idoralari va tashkilotlari uyushma majburiyatlari boʻyicha javob bermaganidek uyushma ham davlat va uning idoralari majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Uyushma oʻz aʼzolari majburiyatlari boʻyicha javob bermaganidek uning aʼzolari ham uyushma majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar.
4. Hududiy birlashmalar, korxonalar bilan uyushma oʻrtasidagi munosabatlar Taʼsis shartnomasi va ushbu Ustavga binoan huquq hamda vakolatlarning bir qismini uyushma boshqaruv organlariga berish asosida quriladi. Uyushma aʼzolari oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma asosida quriladi.
5. Uyushma Oʻzbekiston Respublikasi gerbi tasviri tushirilgan hamda oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga, shuningdek uyushma emblemasi tasvirlangan muhrga ega boʻladi.
Uyushmaning manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, 700100, Toshkent shahri, Shota Rustaveli koʻchasi, 8a-uy.
II. Uyushmaning maqsad va vazifalari
6. Jahon andozalari talablariga javob beradigan paxta va kanop mahsulotlari yetishtirish va sotishda respublika xalq xoʻjaligining ehtiyojlarini qondirish uyushma faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
7. Quyidagilar uyushmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
paxta xomashyosini xarid qilish, saqlash va sanoat yoʻli bilan qayta ishlashda, paxta tolasi va boshqa paxta mahsulotlari yetishtirishda yagona ilmiy-texnika siyosati oʻtkazishni taʼminlash, jahon andozalari talablariga javob beradigan paxta tolasi va boshqa paxta mahsulotlari ishlab chiqarishni taʼminlaydigan progressiv, kam xarajatli texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish, paxta xomashyosini tayyorlash, saqlash va uni qayta ishlashda nobudgarchilikni eng kam darajaga tushirish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot va uning qoldiqlari boʻyicha puxta hisobga olish va hisobotni yuritish;
respublika Hukumati tasdiqlagan tartibga muvofiq mustaqil sotish uchun xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladigan paxta tolasi hajmini belgilash;
xoʻjaliklar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq hududiy birlashmalar tomonidan paxta va kanop tayyorlanishini nazorat qilish;
Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan kvotalar boʻyicha respublika va boshqa davlatlarning isteʼmolchilariga paxta tolasi va chigit yetkazib berish, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining litsenziyalari asosida paxta tolasini eksport uchun yetkazib berish, toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha paxtani qayta ishlashdan olinadigan qoʻshimcha mahsulotlar — momiq, oʻlik paxta, kalta momiq, shuningdek kanop tolasi yetkazib berishni mustaqil amalga oshirish;
paxta mahsulotlari resurslariga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish, Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda, ishlab chiqarish chiqindilari boʻyicha esa — mustaqil ravishda, paxta mahsulotlari yetkazib berishni rivojlantirish istiqbollarini, balanslarni ishlab chiqish, paxta mahsulotlari va kanop tolasi ishlab chiqarish topshiriqlarini belgilash va ularni respublikaning oʻzida va uning tashqarisida sotish;
chigitdan foydalanishning belgilangan tartibiga muvofiq uni respublika paxtakor xoʻjaliklariga va yogʻ-moy korxonalariga sotish;
tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq mahsulot yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar bilan paxta mahsulotlari uchun markazlashtirilgan hisob-kitoblarni amalga oshirish;
respublika xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlari korxonalarini davlat buyurtmasi hajmida paxta mahsulotlari va kanop tolasi bilan toʻliq taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan istiqboldagi va joriy masalalarni hal qilish;
mahsulot yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar bilan paxta mahsulotlari yetkazib berishga shartnoma va bitimlar tuzish;
respublika paxtakor xoʻjaliklari va paxta zavodlari ishlab chiqargan paxta mahsulotlarini sotishni tashkil etish, mahsulot yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar bilan joʻnatilgan mahsulot uchun hisob-kitob qilish;
paxta mahsulotlari, kanop tolasini ulgurji sotish boʻyicha respublikalararo kimoshdi savdolari va yarmarkalar tashkil etish va oʻtkazish, ularda respublika manfaatlarini himoya qilish;
birja bitishuvlari boʻyicha paxta mahsulotlari yetkazib berish masalalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi viloyat uyushmalari, respublika birjalari, savdo uylari, shuningdek boshqa davlatlarning birja va savdo uylari bilan mustahkam oʻzaro hamkorlik qilishni taʼminlash;
tuzilgan shartnomalar, mintaqalararo va mintaqaviy bitimlar asosida paxta mahsulotlarini joʻnatish boʻyicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish;
bozor infrastrukturasini rivojlantirish boʻyicha tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish, xorijiy firmalar bilan qoʻshma korxonalar, kichik korxonalar, lizing kompaniyalari tuzish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish;
asosiy va aylanma fondlar, xomashyo, moddiy va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va xoʻjalik hisobi daromadini koʻpaytirish;
ijtimoiy sohani kompleks rivojlantirish, mehnat jamoalarining tashabbus va tadbirkorlik koʻrsatishlari uchun sharoit yaratish, xoʻjalik mustaqilligini rivojlantirish, mehnatga qarab haq toʻlash va ijtimoiy adolat prinsiplarini izchil amalga oshirish.
III. Uyushmaning huquqlari
8. Uyushma oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq;
uyushmani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqbol rejalarini ishlab chiqadi, ishlab chiqarishning joriy rejalarini belgilaydi va umumlashtiradi hamda ularning bajarilishi natijalarini tahlil qiladi;
yagona ilmiy-texnika siyosatini ishlab chiqish va joriy etishni, ishlab chiqarishni tashkil etishning texnik darajasini doimiy ravishda oshirishni, texnologik jarayonlarni takomillashtirishni, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlaydi;
ilmiy tadqiqot institutlari, loyiha-konstruktorlik va texnologik tashkilotlar bilan birgalikda yangi texnika va ilgʻor texnologiyani yaratish, oʻzlashtirish va joriy etish ishlarini tashkil etadi;
paxta va kanop mahsulotlari sifatini yaxshilashga qaratilgan tarmoq davlat andozalari va texnik shartlarining joriy etilishini va ularga rioya etilishini nazorat qilishni taʼminlaydi, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini takomillashtirish ishlarini tashkil etadi va olib boradi;
kapital mablagʻlardan samarali foydalanishni va yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda omborlarning oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlaydi;
korxonalar, binolar, inshootlar qurilishi, ularni kengaytirish, qayta qurish va texnika bilan jihozlash uchun loyiha-smeta hujjatlarining oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
belgilangan tartibda mavjud nizomga muvofiq smeta qiymatiga koʻra korxonalar, binolar va inshootlarni qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnika bilan qayta jihozlashga loyiha-smeta hujjatlari va sarvaraq roʻyxatlari ekspertizasi oʻtkazilishini, tasdiqlanishini va qayta tasdiqlanishini taʼminlaydi;
bitkazilgan qurilish obyektlarini foydalanishga topshirish boʻyicha davlat qabul komissiyalarini belgilangan tartibda tayinlaydi;
hududiy birlashmalarning buyurtmanomalari asosida mahsulotlarni temir yoʻl va avtomobil transportida tashish boʻyicha oylik yil choraklari boʻyicha va yillik rejalarni tuzadi va ularni temir yoʻl va avtomobil transporti tashkilotlariga taqdim etadi;
dorilangan urugʻlik chigitni tayyorlash va uni paxtakor xoʻjaliklarga sotishni taʼminlaydi;
tashqi iqtisodiy faoliyatni valyuta bilan oʻzini oʻzi qoplash prinsipi asosida tashkil etadi va amalga oshiradi;
kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash yagona tizimini tashkil qiladi, kasbga oʻqitishning iqtisodiy oʻquv bilan birga olib borilishini taʼminlaydi;
davlat buyurtmasi boʻyicha paxta, kanop va ulardan respublika paxta va kanop zavodlari ishlab chiqargan mahsulotlarni xarid qilishni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan balanslariga muvofiq davlat buyurtmasi boʻyicha respublika korxonalariga, boshqa davlatlar korxonalariga davlatlararo bitimlar boʻyicha paxta mahsulotiga fondlarni taqsimlaydi;
bozor konyunkturasi va belgilangan limitlarni hisobga olgan holda paxta tolasi, momiq va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va yetkazib berishga buyurtmalar berish tizimini takomillashtiradi;
biriktirilgan nomenklatura boʻyicha toʻliq hajmda marketing ishini olib boradi;
belgilangan tartibda respublikaning oʻziga, boshqa davlatlarga va eksportga paxta tolasi, boshqa paxta mahsulotlari va kanop tolasi yetkazib berish boʻyicha shartnomalar va bitimlar tuzadi;
tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq paxta mahsulotlari yetkazib berishni va ular uchun hisob-kitob qilishni amalga oshiradi bevosita paxtakor xoʻjaliklar, paxta zavodlari va yogʻ-moy kombinatlari oʻrtasida amalga oshiriladigan chigit uchun hisob-kitoblardan tashqari;
Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon bilan paxta mahsulotlari boʻyicha narx siyosatini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa davlatlarning taʼminot-sotish, tijorat-vositachi tashkilotlari, birlashmalari va korxonalari va chet el firmalari bilan bevosita aloqa oʻrnatadi;
shartnoma asosida mulkchilikning har qanday shaklidagi birlashmalar va uyushmalar tarkibiga kiradi, turli yoʻnalishdagi birjalar va aksionerlik jamiyatlarining muassisi yoki hammuassisi, aʼzosi paychisi boʻladi, boshqa davlatlarda shuʼba savdo-vositachilik firmalari, banklar, vakolatxonalar tashkil etadi;
ishlab chiqarish samaradorligining, daromadning oshishiga olib keluvchi xoʻjalik hisobini, shartnoma, moliya va hisob-kitob intizomini mustahkamlaydi;
oʻz moddiy-texnika bazasi rivojlanishi va mustahkamlanishini, asosiy fondlar, mehnat, moddiy va moliyaviy resurslardan foydalanishni yaxshilashni taʼminlaydi;
mehnatni va boshqarishni ilmiy tashkil etishni joriy etadi, zamonaviy hisoblash texnikasini qoʻllagan holda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini yaratadi;
shartnoma asosida uyushma tizimi uchun malakali kadrlar tanlash masalalarini hal qiladi;
kimoshdi savdolari, ulgurji yarmarkalar, shartnomalar tuzish boʻyicha kampaniyalarning qanday borayotganligi haqidagi materiallarni umumlashtiradi, tahlil qiladi va ularning natijalarini yakunlaydi;
resurslar balanslarini hamda ulgurji yarmarkalar va kimoshdi savdolarini oʻtkazishning istiqboldagi dasturlarini ishlab chiqish va shartnomalar tuzish uchun paxtakor xoʻjaliklar va paxta zavodlaridan zarur materiallarni oladi;
belgilangan muddatlarda mahsulot tayyorlovchilar va isteʼmolchilarga mahsulot joʻnatishga ruxsatnoma hisoblanuvchi va qoʻshimcha ravishda litsenziya berishni talab qilmaydigan naryadlar beradi;
transport tashkilotlari bilan birgalikda mahsulot yetkazib beruvchilarning shartnomalar boʻyicha respublika ichki, mintaqalararo va jahon bozoriga mahsulot yetkazib berish boʻyicha majburiyatlarida belgilangan hajmlarda muddatlar va yoʻnalishlar boʻyicha mahsulot tashish uchun yuk joʻnatuvchi korxonalar bergan buyurtmalarni muvofiqlashtiradi va tartibga soladi;
belgilangan tartibda markazlashtirilgan moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmalari tashkil etadi hamda ulardan samarali foydalanishni taʼminlaydi;
pul va moddiy boyliklar saqlanishini, yetkazilgan zarar qoplanishini, tejamkorlik rejimiga rioya qilinishini taʼminlaydi;
buyurtmalar va uzoq muddatli shartnomalar asosida toʻgʻridan toʻgʻri uzoq muddatli aloqalarni faol kengaytirgan holda mahsulot yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar oʻrtasidagi mavjud aloqalarni takomillashtiradi hamda oqilona xoʻjalik aloqalarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
paxta mahsuloti yetkazib beruvchilardan paxta mahsuloti yetkazib berish, uning tushishi, sarflanishi va qoldiqlari, shu jumladan, xoʻjaliklar tasarrufida boʻlgan va ular oʻz ixtiyori bilan sotadigan mahsulotlar boʻyicha ham nazarda tutilgan statistik hisobotni oladi;
paxta va kanopni qabul qilish, quritish, tozalash, tashish, saqlash va qayta ishlash, mahsulot sotish, davlat ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan paxta tolasi uchun hisob-kitob qilish masalalari boʻyicha, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, respublika hududida joylashgan barcha korxonalar va tashkilotlar bajarishi shart boʻlgan uslubiy qoʻllanmalar, yoʻriqnomalar va normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
isteʼmol xususiyatlari, sifat koʻrsatkichlari va raqobatga qobilligi yuqori, eng avvalo, eksportga joʻnatish uchun yaroqli boʻlgan tola olishga imkon beruvchi gʻoʻzaning yangi istiqbolli navlarini yaratishga qaratilgan muhandislik-texnik tadbirlarni ishlab chiqishda va oʻtkazishda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq respublika davlat budjetiga tegishli toʻlovlar, shu jumladan, valyuta ajratmalari oʻtkazilishini taʼminlaydi.
IV. Aksiyalar
9. Uyushma uyushma aʼzolari oʻz mablagʻlarining butun qoʻyilgan ulushi miqdoriga aksiyalar chiqaradi. Har bir aksiyaning qiymati kamida 1000 soʻmni tashkil etadi.
Aksioner tomonidan sotib olingan har bir aksiya unga bir ovoz berish huquqini beradi.
Chiqarilgan aksiyalarning umumiy sonidan 49 foizi egasining nomi yozilgan aksiyalar, 51 foizi esa (nazorat paketi) aksiya koʻrsatuvchiga beriladigan aksiyalar boʻlib hisoblanadi.
Aksiyalarning nazorat paketi Oʻzbekiston Respublikasining mulki boʻlib hisoblanadi va xususiy shaxslarga sotilmaydi.
10. Uyushma aʼzolaridan har birining qoʻlida, davlatdan tashqari, uyushma barcha aksiyalarining oʻn foizidan ortigʻi jamlanishi mumkin emas.
V. Uyushmaning mulki va mablagʻi
11. Uyushma oʻziga berilgan mulkka egalik qilish, foydalanish va uni tasarruf etish huquqini oʻz faoliyatining maqsadi va vazifalariga hamda mulkning vazifasiga muvofiq amalga oshiradi.
12. Uyushma faoliyatini amalga oshirish uchun uyushma aʼzolarining oʻz mablagʻlari koʻrinishidagi pay badallari miqdorida ustav fondi tashkil etiladi.
Ustav fondiga muassislar tomonidan mablagʻlar uyushma Kengashi belgilaydigan miqdorlar va ulushlarda qoʻyiladi, Kengash ustav fondini koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin.
Uyushmaning mulki va mablagʻi uning toʻliq ixtiyorida boʻladi va u musodara qilinmaydi.
Uyushma oʻziga tegishli mulkdan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday xoʻjalik va boshqa xil faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi mumkin.
13. Ishtirokchi-korxonalarning mulki uyushma mulki hisoblanmaydi, korxonalar ixtiyoriy ravishda uyushmaga bergan mulklar bundan mustasno.
14. Uyushma boshqaruvi va uning ishchi apparati uyushma mablagʻlari, shu jumladan, uning ishtirokchilarining daromadlaridan ajratmalar hisobiga hosil boʻladigan mablagʻlar hisobidan saqlanadi.
15. Ajratmalarning miqdorlari, hosil boʻlgan fondlar va zaxiralarni yoʻnaltirish hamda ulardan foydalanish tartibini uyushma Kengashi belgilaydi.
VI . Uyushma daromadini taqsimlash
16. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiy soliqlar va toʻlovlar toʻlanganidan keyin daromadning qolgan qismi quyidagicha taqsimlanadi:
markazlashgan, zaxira va sugʻurta fondlariga ajratmalar uchun — 15 foiz;
oʻz korxonalarini ishlab chiqarish-texnika va ijtimoiy rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan jamgʻarma fondiga — 35 foiz;
aksiyalar boʻyicha bank foizi depozitlari toʻlovlari darajasidan kam boʻlmagan dividendlarni toʻlashga.
17. Aksionerlarga dividendlar uyushma balansi boʻyicha taftish komissiyasining xulosasidan va hisobot eʼlon qilinganidan keyin yil yakunlari boʻyicha toʻlanadi.
VII. Uyushma ishtirokchilari, ularning va vazifalari
18. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ustav fondiga oʻz hissalarini moddiy yoki pul shaklida qoʻshgan, uyushma Ustavini tan olgan va uyushma vazifalariga muvofiq ishlab chiqarish-xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish majburiyatlarini oʻz zimmalariga olgan hududiy birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, shu jumladan, xorijiy korxonalar va tashkilotlar uyushma ishtirokchilari boʻlishlari mumkin.
19. Uyushma ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:
uyushma aksiyalarini ustuvor tartibda va imtiyozli shartlarda sotib olish;
uyushmaning rahbar organlariga oʻzlarining faoliyatlari masalalari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun kiritish va bu masalalar uyushma rahbar organlari majlislarida muhokama qilinayotganda ishtirok etish;
yuqori natijalarga erishish hamda uyushma va korxonalarning iqtisodiy foyda olishlari maqsadida uyushma Kengashining roziligiga koʻra oʻz imkoniyatlari va mulkining bir qismi bilan boshqa xoʻjalik hamda birlashmalarda ishtirok etish;
maqsadli dasturlar uchun qoʻyilgan qoʻshimcha badallarga, predmetli (maqsadli) faoliyat uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq badallarga mutanosib ravishda daromad olish;
tuzilgan shartnomalardan ortiqcha ishlab chiqarilgan mahsulotni savdo birjasida sotish yoki uyushma boshqaruvi bilan kelishib zarur asbob-uskunaga, xomashyo, moddiy resurslarga shartnoma narxlarida barter asosida ayirboshlash;
xomashyo va materiallar yetkazib beruvchilar bilan hamda ulgurji va savdo tashkilotlari bilan hisob-kitob qilishda limitlangan chek daftarchalaridagi hisob-kitob cheklaridan foydalanish;
uyushma Kengashida uning koʻrib chiqishi uchun kiritilgan masalalar muhokamasida teng shartlarda ishtirok etish;
oʻz korxonasini rivojlantirish uchun uyushmaning ilmiy-texnik ishlanmalaridan, mahsulotlaridan, uyushma korxonalari va tashkilotlari koʻrsatadigan xizmatlardan birinchi navbatda foydalanish;
oʻz firma belgisida uyushma emblemasidan foydalanish, oʻzining firma blanklari va muhrlarida uyushmaga qarashliligini koʻrsatish;
mehnat jamoasining qaroriga asosan, tuzilgan shartnomalarga muvofiq uyushmaning boshqa ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarni saqlagan holda, uyushma tarkibidan chiqish.
20. Uyushma ishtirokchilarining majburiyatlari:
uyushma Ustaviga rioya qilish, uning rahbar organlari qarorlarini bajarish;
oʻz moliya-xoʻjalik va boshqa faoliyatlarini uyushma vazifalariga muvofiq, umuman uyushmani rivojlantirish va iqtisodiy manfaatdorligini uygʻunlashtirishni taʼminlangan holda, amalga oshirish;
uyushma Kengashi tomonidan belgilangan moliya fondlariga badallarni belgilangan muddatlarda toʻlash.
VIII. Uyushma ishtirokchilarining javobgarliklari
21. Uyushma ishtirokchilari qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda quyidagilar uchun javob beradilar:
oʻz zimmasiga olgan shartnoma majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun;
umuman uyushmaga zarar keltirgan oʻz harakatlari uchun;
Kengash va boshqaruv qarorlarini bajarmaganliklari natijasida sheriklarga yetkazilgan zarar uchun;
ishtirokchilarga shartnoma majburiyatlari sifatida biriktirib qoʻyilgan mahsulotlarga aholi va umuman xalq xoʻjaligining ehtiyojlari qondirilmagani uchun.
22. Uyushma ishtirokchilari rahbarlari, Kengash aʼzolari moddiy zarar koʻrishga olib keluvchi oʻz qarorlari uchun intizomiy va moddiy javob beradilar.
IX. Uyushmani boshqarish
23. Uyushma demokratik asosda boshqariladi. Uyushmaning rahbar organi — uyushma Kengashi va boshqaruvi hisoblanadi.
Boshqaruvning yuqori organi uyushma Kengashidir. Kengash tarkibiga hal qiluvchi ovoz berish huquqi bilan hududiy birlashmalar, yirik korxona rahbarlari, uyushma taʼsischilari, shuningdek uyushma apparati tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari kiradilar.
Uyushma Kengashining majlislari, uning Raisi tomonidan zaruriyatga koʻra, lekin bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi. Kengashning navbatdan tashqari majlislari uyushma aʼzolarining kamida uchdan bir qismining talabiga koʻra chaqiriladi.
Uyushma Kengashining hujjatlari ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va qarorlar bilan rasmiylashtiriladi. Kengashning har bir aʼzosi bir ovoz berish huquqiga ega. Ovozlar teng boʻlganda Raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Uyushma Kengashi majlislarida quyidagi masalalar koʻrib chiqiladi:
uyushma faoliyatining dastur va rejalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;
uyushma fondlari va zaxiralarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi;
uyushma xarajatlari va daromadlari smetalarini, ish haqi, lavozim maoshlari fondini, xoʻjalik faoliyati natijalari uchun mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish tizimini tasdiqlash;
uyushma aʼzolarining qoʻshimcha badallarini maqsadli ishlab chiqarish, moddiy-texnika, investitsiya, ijtimoiy va tabiatni muhofaza qilish dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun jalb qilish;
yangi aʼzolarni qabul qilish va uyushma aʼzolarini uning tarkibidan chiqarish;
apparat tuzilmasi va xodimlari sonini, fondni va lavozim maoshlarini, xoʻjalik faoliyatining natijalari uchun mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish tizimlarini, uyushma boshqaruvi va apparatiga sarflanadigan xarajatlarni tasdiqlash;
shuningdek:
boshqaruv, Kengash ishchi komissiyalari ishlari toʻgʻrisida ularning hisobotlari eshitiladi va tegishli qarorlar qabul qilinadi;
boshqaruv qarorlari yuzasidan tushgan shikoyatlar va uning faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar muhokama qilinadi;
uyushma faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Uyushma Kengashi boshqaruv raisi, uning oʻrinbosari va aʼzolarini besh yil muddatga saylaydi. Kengashga uning qarori bilan ularni muddatidan oldin chaqirib olish huquqi beriladi. Kengash raisi bir vaqtning oʻzida boshqaruv raisi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Uyushma boshqaruvi raisining oʻrinbosarlari belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
24. Boshqaruv uyushma faoliyatiga rahbarlik qiladi va uyushma zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi.
Boshqaruv majlislari rais tomonidan zaruriyatga koʻra, lekin oyida kamida bir marta chaqiriladi. Boshqaruv qarorlari ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolganda boshqaruv raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Boshqaruv hujjatlari qarorlar yoki buyruqlar koʻrinishida boʻlib, ularni bajarish uyushma aʼzolarining hammasi uchun majburiydir.
Uyushma boshqaruvi:
Kengash qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;
Kengashda koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan barcha masalalarni oldindan ishlab chiqadi;
uyushma faoliyatining istiqbolda rivojlanishini, dasturlarini va rejalarini ishlab chiqishni tashkil etadi va ularni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi;
uyushma nomidan bankdan kredit olish uchun qarorlar qabul qiladi;
uyushmani boshqarish va uning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi va ularni uyushma Kengashining tasdiqlashi uchun kiritadi;
uyushma tarkibiga kiruvchi hududiy birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning xoʻjalik faoliyati masalalarini koʻrib chiqadi;
ilmiy-texnika kengashini tashkil etadi va uning soni hamda shaxsiy tarkibini belgilaydi.
25. Boshqaruv raisi boshqaruv va apparat faoliyatiga rahbarlik qiladi, uyushmaga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi, boshqaruv aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning vakolatlarini belgilaydi.
Boshqaruv raisi:
oʻz vakolati doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan buyruqlar, farmoyishlar, yoʻriqnomalar va boshqa aktlar chiqaradi;
respublikaning qonun hujjatlari va normativ hujjatlarining, uyushma Kengashi va oʻz qarorlarining bajarilishini nazorat qilishni taʼminlaydi;
istalgan respublika va boshqa davlatlarning yuridik hamda jismoniy shaxslari bilan munosabatlarda uyushma nomidan ish koʻradi va uning nomidan bitimlar, shartnomalar tuzadi va shartnomalar tuzishga ishonch qogʻozlari beradi;
uyushma apparatining shtat jadvalini, uning tarkibiy boʻlinmalari haqidagi nizomlarni, hududiy birlashmalar rahbarlarini mukofotlashning barcha tizimlari boʻyicha mukofotlarni tasdiqlaydi;
uyushma apparati xodimlarini lavozimga tayinlaydi va ularni boʻshatadi, lavozim maoshlarini va ularga qoʻshimchalarni belgilaydi, apparat xodimlarini ragʻbatlantiradi va ularga nisbatan jazo choralari qoʻllaydi;
hududiy birlashmalar (ularning tavsiyasiga koʻra) va “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi davlat korxonalarining rahbarlarini tayinlaydi, ular bilan shartnomalar, bitimlar tuzadi, shartnomaga muvofiq ularni egallab turgan lavozimlaridan boʻshatadi;
hududiy birlashmalar va “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi taftish komissiyalari tarkiblarini tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda saylov oʻtkazilgunga qadar uyushma boshqaruvi va hududiy birlashmalar raisi oʻrinbosarlari vazifasini bajaruvchilarni tayinlaydi;
davlat korxonalari va uyushma huzurida tashkil etiladigan tuzilmalarning ustavlarini tasdiqlaydi, ularga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritadi;
ishonchnomalar beradi, pul mablagʻlari va moddiy boyliklar olish uchun hisob-kitoblarni va toʻlov hujjatlarini imzolaydi;
uyushmaning rahbar organlari tomonidan oʻzining zimmasiga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
26. Kundalik rahbarlik vazifalarini amalga oshirish, Kengash va boshqaruv ishini taʼminlash, umumxoʻjalik vazifalarini bajarish uchun uyushmada ishchi apparati tuziladi.
X. Hisob, hisobot va nazorat
27. Uyushma tezkor va buxgalterlik hisobini amalga oshiradi, statistika hisoboti yuritadi.
Belgilangan tartibda moliya-xoʻjalik faoliyatining barcha turlari boʻyicha hisobot taqdim etadi, hisobot va balanslarning ishonchliligini taʼminlaydi.
28. Uyushma amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻz tarkibiga kiruvchi hududiy birlashmalar, korxonalar moliya-xoʻjalik faoliyati kompleks taftishdan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
29. Uyushmaning taftish komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari, uyushma Ustavi, materiallar va moliyaviy resurslardan foydalanish tartibi, moliya va shartnoma intizomi, shuningdek uyushma aʼzolarining takliflari, mehnatkashlarning ariza va shikoyatlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatishni amalga oshiradi.
30. Uyushmaning taftish komissiyasiga taftish komissiyasining raisi rahbarlik qiladi.
31. Taftish komissiyasining raisi uyushma Kengashi tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.
32. Taftish komissiyasi uyushma Kengashi oldida hisob beradi va oʻz ishining natijalari haqida boshqaruvga axborot beradi.
33. Uyushmaning mansabdor shaxslari davlat hisobotini buzib koʻrsatganliklari uchun respublika qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
XI . Uyushma va uning taʼsischilari faoliyatini tugatish
34. Uyushma faoliyati uyushmaning vakolatli vakillari yigʻilishining, sud, xoʻjalik sudining qarorlariga muvofiq, uyushma toʻliq singan hollarda va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda tugatilishi mumkin.
35. Uyushmani tugatish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.