O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AHOLIGA PSIXIATRIYA YORDAMI KO‘RSATIShNI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilishni, bemorlarning ijtimoiy-huquqiy ahvolini va psixiatriya xizmati mutaxassislarini ijtimoiy himoya qilishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir tadbirlarning idoralararo dasturi ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 1997-yilda va keyingi yillarda ruhiy kasallarni ehtiyojga muvofiq mehnat qilishga qayta o‘rgatish va ishga joylashtirish uchun zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning bir qismini ixtisoslashtirilgan korxonalarga aylantirsinlar.
Ruhiy kasallarni mehnat qilishga qayta o‘rgatish va ishga joylashtirish uchun ixtisoslashtirilgan korxonalar faoliyati soliq olish masalalari bo‘yicha davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari ishi shart-sharoitlariga tenglashtirilsin, ular faoliyatidan olingan daromadlar esa ixtisoslashtirilgan korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga va hududiy psixiatriya muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlashga yo‘naltirilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 6-avgust,
390-son