Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT HOKIMIYATI VA DAVLAT BOShQARUVI ORGANLARI, SUD ORGANLARI HAMDA NOTARIAL IDORALAR XODIMLARINING LAVOZIM MAOShLARiNI BELGILASh TOʻGʻRISIDA
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 18-martdagi 103-sonli “Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar faoliyatining samaradorligini oshirish va respublika iqtisodiyotini tarkibiy qayta qurish sharoitida ularni yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish hamda mehnatga haq toʻlash darajasini tabaqali baravarlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1993-yil 1-yanvaridan boshlab davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari, sud organlari, notarial idoralar apparatining rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari, xodimlari va mutaxassislarining, shuningdek, respublika mahalla qoʻmitalari raislari va masʼul kotiblarining lavozim maoshlari 1–25-ilovalarga* muvofiq belgilansin.
* 1—25-ilovalar berilmaydi.
Bunda yangi lavozim maoshlarini joriy etish bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha xarajatlarning 25 foizi boshqaruv organlarini saqlash xarajatlarini qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vazirliklar va idoralar xodimlari lavozim maoshlarining yangi sxemasiga muvofiq ish haqiga mablagʻ ajratish manbalarini qidirib topsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi bir oy muddat ichida mehnatga haq toʻlash boʻyicha amaldagi meʼyoriy aktlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirish haqida taklif kiritsin.
4. Davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlari 26-ilovaga (ilova keltirilmaydi) muvofiq tasdiqlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 7-avgustdagi 367-son qarori 7-bandining ikkinchi xatboshi, Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-fevraldagi 57-son qarori 5-bandining beshinchi xatboshi va Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 15-fevraldagi 65-son qarorining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 26-dekabr,
589-son