O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI PAXTA LOYIhASINI AMALGA OShIRISh AGENTLIGI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Paxta loyihasini amalga oshirish agentligi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan nizom tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I. JO‘RABEKOV
Toshkent sh.,
1995-yil 22-dekabr,
470-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Paxta loyihasini amalga oshirish agentligi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Paxta loyihasini amalga oshirish agentligi (bundan keyin “Agentlik” deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida tuzilgan Zayom to‘g‘risidagi bitim doirasida Paxtachilikni takomillashtirish loyihasini amalga oshirish haqida” 1995-yil 31-oktabrdagi 421-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan, u mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi va maqomiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh boshqarmaga tenglashtiriladi.
2. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlari va hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, Zayom to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan shartlarga amal qiladi.
Mazkur Nizom bilan Zayom to‘g‘risidagi bitim shartlari o‘rtasida qarama-qarshiliklar paydo bo‘lgan hollarda bitim shartlari ustunlikka ega bo‘ladi.
3. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi o‘zbek tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
Agentlikning manzili: O‘zbekiston Respublikasi, 700017, Toshkent shahri, H. Sulaymonova ko‘chasi, 29-uy.
II. Agentlikning vazifalari
4. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
paxta loyihasini amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
loyiha doirasida operatsiyalar bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan kelishib olish va mazkur strategiyalarni joriy etish yuzasidan barcha zarur choralarni amalga oshirish;
loyihaning barcha komponentlarini joriy etish bo‘yicha ishchi va biznes-rejalarni, shuningdek, barcha loyihalar bo‘yicha integratsiya qilingan umumiy rejani tayyorlash va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan kelishib olish;
kichik loyihalarni amalga oshiruvchi barcha bo‘limlarni institutsional kuchaytirishga qaratilgan choralarni ishlab chiqish va joriy etish;
xususiy urug‘chilik korporatsiyalarini shakllantirishda ko‘maklashish, mavjud urug‘chilik xo‘jaliklarini xususiylashtirishga oid takliflar ishlab chiqish;
Zayom to‘g‘risidagi bitimga muvofiq loyihani joriy etuvchi loyiha qatnashchilariga konsultativ yordam ko‘rsatishni ta’minlash va ularni Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki talablariga muvofiq hisobga olish va hisobotning mavjud shakllari, shuningdek, ular bilan kelishib olish tadbirlari bilan tanishtirish;
ishlab chiqarishni tashkil etish, paxta loyihasini boshqarish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha loyiha qatnashchilari bo‘lgan mutaxassislarning malakalarini oshirish chora-tadbirlarini tashkil etish;
paxta loyihasi doirasida asbob-uskunalar xarid qilish, ularni yetkazib berish va boshqa masalalar yuzasidan ma’lumotlarning axborot negizini shakllantirish va joriy etish;
loyiha qatnashchilari va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida zarur hujjatlarni va axborotlar almashishni tashkil etish;
loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan budjet va zayom mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash;
kichik loyihalarni amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralar shuningdek, urug‘chilik xo‘jaliklari uchun yordamchi zayom bitimlari doirasida mablag‘ bilan ta’minlashga berilgan talabnomalarni tahlil qilish;
zayom mablag‘laridan foydalanish va ularni Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankida ifodalash uchun berilgan talabnomalarni tahlil qilish;
loyihani amalga oshirishning borishini tahlil qilishda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki missiyalariga ko‘maklashish va tegishli moliya hisobotlarini Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankiga taqdim etish;
loyihani amalga oshirishning borishini muntazam ravishda kuzatib turish va bo‘lishi mumkin bo‘lgan chetga chiqishlarni tuzatish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankiga taqdim etish uchun loyihani joriy etishni tugallash to‘g‘risidagi oxirgi hisobotni tayyorlash;
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlik qilish doirasida agrosanoat kompleksining boshqa investitsiya loyihalarini ishlab chiqish.
III. Agentlikning huquqlari
5. Agentlik quyidagi huquqlarga egadir:
banklarda hisob-kitob va valyuta hisoblarini ochish;
loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan budjet va zayom mablag‘lariga egalik qilish;
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qoidalari hamda tadbirlariga muvofiq mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni yollash;
loyiha doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
amaldagi qonunchilik asosida loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan respublika mutaxassislarini xizmat safariga (shu jumladan, chet ellarga) jo‘natish.
IV. Apparatni boshqarish
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan bosh direktor va uning o‘rinbosari Agentlik rahbarlari hisoblanadilar.
7. Agentlik Bosh direktori:
paxta loyihasi bajarilishiga qaratilgan, o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan buyruqlar, farmoyishlar, yo‘riqnomalar va boshqa normativ hujjatlar chiqaradi;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik va normativ hujjatlarining, shuningdek, o‘z qarorlarining Agentlik mutaxassislari tomonidan qanday bajarilayotganligini nazorat qilishni ta’minlaydi;
Agentlik o‘z vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan barcha respublika va xalqaro tashkilotlarda ishonch qog‘ozisiz vakillik qiladi;
shtat jadvalini va lavozim yo‘riqnomalarini tasdiqlaydi, lavozim maoshlariga qo‘shimchalar belgilaydi, Bosh direktor o‘rinbosari vazifalarini, Agentlik apparati xodimlarini mukofotlash tartibini aniqlaydi;
Agentlik ishiga rahbarlik qiladi, xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi, Agentlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Agentlikka ajratilgan mablag‘larga belgilangan tartibda, berilgan vakolatlar doirasida egalik qiladi.
V. Hisob-kitob va hisobot
8. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tezkor, buxgalterlik hisobi va statistika hisobotini amalga oshiradi.
9. Agentlik loyihaga jalb qilingan tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq loyiha doirasida budjet, zayom mablag‘lari va yordamchi zayomlardan foydalanish yuzasidan auditorlik tekshiruvlarini tashkil etadi.
Tekshiruvlar natijalari Vazirlar Mahkamasiga va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankiga taqdim etiladi.
10. Agentlik loyihaga muvofiq ajratiladigan budjet va zayom mablag‘larini taqsimlash hamda qayta taqsimlash uchun mas’ul hisoblanadi. Agentlik alohida mol-mulkka va mustaqil balansga ega bo‘ladi.
11. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
12. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq o‘z mol-mulki va fondi uchun hisob beradi va javobgardir.
VI. Agentlik faoliyatini tugatish
13. Agentlik faoliyatini tugatish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda Vazirlar Mahkamasining, xo‘jalik sudining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.