O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING ISTIQBOLNI BELGILASh VA STATISTIKA (“O‘ZISTIQBOLSTAT”) DAVLAT QO‘MITASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-oktabrdagi 474-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika (“O‘zistiqbolstat”) davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Viloyatlar hokimliklarining istiqbolni belgilash va statistika boshqarmasi to‘g‘risida ilova qilinayotgan Namunaviy Nizom va nohiya, shahar, shaharlardagi nohiya hokimliklarining iqtisodiyot va statistikani muvofiqlashtirish bo‘limi to‘g‘risidagi Namunaviy Nizom ma’qullansin.
3. Istiqbolni belgilash va statistika organlarining joylardagi maqomini oshirish maqsadida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Iqtisodiyot va statistika vazirligi Iqtisodiyot va statistika qo‘mitasiga, Toshkent viloyatida hamda Toshkent shahrida istiqbolni belgilash va statistika boshqarmalari istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmalariga aylantirilsin;
istiqbolni belgilash va statistika organlarining hududiy bo‘linmalariga rahbarlik qilish hokimlarning darajadagi o‘rinbosarlaridan biriga yuklatilsin;
istiqbolni belgilash va statistika hududiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning tegishli darajadagi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari joriy qilinsin.
4. “O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR Davlat plan komiteti (O‘zSSR Gosplani to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1982-yil noyabrdagi 722-son qarori (O‘zSSR QT 1982-yil, № 11, 38-modda) va O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston Statistika davlat komiteti to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1988-yil 7-maydagi 166-son qarori (O‘zSSR QT, 1988-yil, № 5, 18-modda);
O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “O‘zbekiston SSR xalq deputatlari oblast, rayon, shahar, shahardagi rayon Soveti ijroiya komitetining bo‘limlari to‘g‘risidagi ba’zi nizomlarni tasdiqlash haqida” 1983-yil 10-fevraldagi 79-son qarorining 1-bandi, “a” kichik bandi (O‘zSSR QT, 1983-yil, № 2, 4-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari o‘rtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 20-noyabr,
547-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 20-noyabrdagi 547-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika (“O‘zistiqbolstat”) davlat qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1. Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika (“O‘zistiqbolstat”) davlat qo‘mitasi* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 5-avgustdagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi negizida tashkil etilgan.
* Keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita.
2. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Qo‘mitaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini, uning ustuvor yo‘nalishlari va tashqi iqtisodiy aloqalarini, jahon hamjamiyatiga kirish, jahon bozori konyunkturasini hisobga olgan holda respublika xalq xo‘jaligi majmuining samarali ixtisoslashuvini ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tamoyillarini, qisqa muddatli va istiqboldagi istiqbolni belgilashlarni, yirik iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etish, xalq xo‘jaligining moddiy-moliyaviy muvozanatliligi, tabiiy, mehnat resurslari, yaratilgan ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanishi bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish;
respublika iqtisodiy organlari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, korxonalar va tashkilotlarning respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbolini belgilash va ko‘rsatkichlarini aniqlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
respublika aholisining moddiy farovonligini mustahkamlash, uning kam ta’minlangan tabaqalarini himoya qilish, xalq turmushi darajasini oshirish, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish yo‘nalishlari va yo‘llari istiqbolini belgilash bo‘yicha takliflarni asoslash;
bozor iqtisodiyotini shakllantirish jarayoniga tahliliy-istiqbolni belgilovchi baho berish, xo‘jalik mexanizmini, boshqaruvning shakl va usullarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
xalq xo‘jaligini tarkibiy qayta qurish va investitsiya siyosatini shakllantirish, raqobatga qobilga qobil tayyor mahsulotlar tayyorlovchi ishlab chiqarishlarni ustuvor rivojlantirish, ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, nohiyalar va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro foydali iqtisodiy savdo va ilmiy-texnikaviy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish yo‘nalishlarini aniqlash;
yagona statistika siyosati kirgizish, xalq xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatishining shakllanayotgan shart-sharoitlarini, bozor munosabatlariga o‘tishni, narxlarning o‘zgarishini, mulkchilikning xilma-xil shakllari rivojlanishini yaks ettiruvchi ilmiy asoslangan hisobot ko‘rsatkichlari tizimini joriy etish; ma’lumotlarni to‘plash va ularni qayta ishlashning ilg‘or tizimlarini joriy etish, kompyuterlashtirishni keng joriy etish va respublika hisoblash markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy schyotlar tizimi va xalq xo‘jaligi balansi metodologiyasini ishlab chiqish, butun statistikani bosqichma-bosqich zamonaviy meyeriy andozalarga muvofiqlashtirishni amalga oshirish.
4. Qo‘mita o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
respublika iqtisodiy organlari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlarining istiqbolni belgilash va statistika, respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqboldagi va qisqa muddatli ko‘rsatkichlarini aniqlash, respublikaning bozor munosabatlariga o‘tishi bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirish, xalq xo‘jaligini tarkibiy qayta qurish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
respublika va mintaqaviy maqsadli dasturlar istiqbolni belgilashlarini tuzish uchun istiqbolni belgilash va statistikaning ilmiy negizini, uslubiy ko‘rsatmalarni, ko‘rsatkichlarni va shakllarni ishlab chiqadi;
istiqbolni belgilash va statistika ko‘rsatkichlari tizimini takomillashtiradi, eng yangi fan-texnika yutuqlari, zamonaviy axborot texnologiyalari va tizimlari negizida statistika axborotining sifati va tezkorligini oshirishga ko‘maklashadi;
O‘zbekiston Respublikasi FTDQ, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, boshqa ilmiy muassasalar va loyiha tashkilotlari, vazirliklar, idoralar, korxonalar, birlashmalar, konsernlar va uyushmalar, boshqaruvning hududiy organlari bilan birgalikda istiqbol belgilanayotgan davrga respublika iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishining davlat dasturlari va tamoyillarini ishlab chiqadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, “O‘zshartnomasavdo”, respublika banklari, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, boshqa ilmiy muassasalar bilan birgalikda vazirliklar, idoralar, konsernlar va uyushmalar, ittifoqlar va boshqa yirik xo‘jalik subyektlarining takliflarini hisobga olgan holda xalq xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatishining istiqboldagi va qisqa muddatli ijtimoiy-iqtisodiy istiqbolni belgilashlarini tayyorlaydi;
yirik iqtisodiy va ijtimoiy muammolar bo‘yicha respublika va mintaqaviy maqsadli dasturlari ishlab chiqilishini va ro‘yobga chiqarilishini nazorat qilishni tashkil etadi;
xalq xo‘jaligini tarkibiy qayta qurish va respublika hududida investitsiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha asoslangan takliflarni tayyorlaydi;
Qo‘mita tomonidan respublika Hukumatiga taqdim etishning belgilangan muddatlaridan kelib chiqqan holda respublika iqtisodiy organlari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, ittifoqlar va yirik xo‘jalik subyektlari, mahalliy boshqaruv organlari tamoyillar, istiqbolni belgilashlar, maqsadli dasturlar loyihalari materiallarini tayyorlashlari va taqdim etishlari tartibi hamda muddatlarini belgilaydi;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, moddiy-texnika ta’minoti organlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda eng muhim ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, qo‘shma korxonalar erkin iqtisodiy tegralar tashkil etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
“O‘zshartnomasavdo”, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda eng muhim xalq xo‘jaligi, tabiiy-moddiy, moddiy-moliyaviy, tashqi savdo va boshqa balanslarni ishlab chiqadi, ular asosida aniqlangan xalq xo‘jaligi rivojlanishidagi tarmoqlararo va mintaqaviy mutanosibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni, shuningdek, “O‘zshartnomasavdo” bilan birgalikda mahsulotlarning eng muhim turlarini ishlab chiqarish topshiriqlarini belgilash va ularni davlat ehtiyojlari uchun yetkazib berishni ishlab chiqadi;
respublika iste’molchilariga, Hamdo‘stlik mamlakatlariga va eksportga taqsimlagan holda paxta tolasi yetishtirish va iste’mol qilish balansini ishlab chiqadi, uni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
rangli, nodir va qimmatbaho metallar ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilish balansini ishlab chiqishda qatnashadi;
FTDQ bilan birgalikda innovatsiya siyosatini shakllantiradi, respublika kompleks dasturlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi, respublikalararo va xalqaro ilmiy-texnologik ayirboshlashni rag‘batlantirish, xalq xo‘jaligining ilm-fanni ko‘p talab qiladigan tarmoqlarini, mahsulotlarning qobilligini ta’minlovchi sanoat va qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini, resurslarni tejashni, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirishni ta’minlovchi sanoat va qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
ijtimoiy jarayonlarni, hayot darajasi, sifati va qiymatini o‘rganadi, aholi ro‘yxatini, ijtimoiy-demografik tekshirishlarni, so‘rovlarni o‘tkazadi, oilaviy budjetlar statistikasini tashkil etadi, ana shu maqsadlar uchun metodologiya ishlab chiqadi;
aholini ijtimoiy himoya qilish va salomatlikni muhofaza qilish, mehnat resurslarining ish bilan bandligi, madaniyat, xalq ta’limi, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalarida davlat siyosatining asosiy prinsiplari va yo‘nalishlarini shakllantiradi;
aholi soni, demografiya va mehnatning boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobot va istiqbolni belgilash ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi;
Mehnat vazirligi bilan birgalikda mehnat resurslari va ishchi o‘rinlar balanslarini, mehnat faolligini kuchaytirish, mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni amalga oshiradi;
respublikaning resurs imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda respublikaning qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan eksport negizini rivojlantirish ko‘rsatkichlarini, uning hududiy va tarmoq tuzilmalarini takomillashtirish yo‘llarini belgilaydi;
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, respublika banklari, boshqa manfaatdor organlar bilan birgalikda ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, resurslarni tejash, importni almashtirish, xomashyo, oziq-ovqatlar, materiallar, asbob-uskunalar va texnologiyalarning asosiy turlarini tashqaridan keltirish va tashqariga chiqarishni optimallashtirishni ta’minlovchi respublikaga xorijiy sarmoyalarning kreditlarini jalb qilishning ustuvor yo‘nalishlari va birinchi navbatdagi tadbirlarini ishlab chiqadi;
respublikaning tashqi iqtisodiy aloqalari statistikasini yuritadi, bojxona statistika ma’lumotlaridan, istiqbolda esa — tovarlarni ro‘yxat qilish va kodlashtirishning xalqaro uyg‘unlashtirilgan tizimidan keng foydalanadi. Eksport negizning ahvolini tahlil qiladi, hisobot ma’lumotlarini o‘rganish asosida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilish shakllarini takomillashtirish, valyuta mablag‘i bilan o‘zini o‘zi ta’minlash va o‘zini o‘zi qoplash prinsiplarini rivojlantirish, tashqi iqtisodiy faoliyatning respublikadagi va uning ayrim mintaqalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga ta’siri bo‘yicha takliflar tayyorlaydi. Respublikani rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlarini xalqaro ko‘rsatkichlar bilan taqqoslashni amalga oshiradi;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, moddiy-texnika ta’minoti organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xalq xo‘jaligining safarbarlik tayyorgarligi bo‘yicha istiqboldagi va qisqa muddatli istiqbolni belgilashlarni ishlab chiqadi;
xo‘jalik mexanizmini takomillashtirishning asosiy prinsiplari va yo‘nalishlarini shakllantiradi, xalq xo‘jaligi rivojlanishi jarayoniga iqtisodiy usullar va ta’sir ko‘rsatish vositalari rolini kuchaytirish bo‘yicha takliflarini tayyorlaydi;
mulkchilik shakllarini chegaralash, ko‘p ukladli iqtisodiyotni, tadbirkorlik faoliyati turlarini, bozor munosabatlarini shakllantirish, xalq xo‘jaligining ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish, dehqon (fermer) xo‘jaliklari tashkil etish va ularning shakllanishi, aholini oziq-ovqat va boshqa xalq iste’mol mollari bilan ta’minlash jarayonlarini o‘rganadi;
statistika axborotini to‘plash, qayta ishlash va berish texnologiyasida yagona siyosatni amalga oshiradi;
statistika ishlarining yillik rejalarini tayyorlaydi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
davlat statistika hisobotini va bir marta hisobga olish, tekshirish va ro‘yxatga olishni tegishli yo‘riqnomalari, shakllari va dasturlarini tasdiqlaydi hamda amalga kiritadi;
iqtisodiyotning faoliyat ko‘rsatishi, uning tamoyillari va o‘zgarishi, aholi turmush darajasi va ish bilan bandligidagi o‘zgarishlarning yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa tahliliy materiallarni belgilangan muddatlarda tayyorlaydi;
narxlar va tariflarni kuzatish va ro‘yxatga olish bo‘yicha statistika ishlarini olib boradi, chakana va ulgurji narxlar, xizmatlarga tariflar indekslarini ishlab chiqadi, narxlar o‘zgarishini, ularning turmush darajasi o‘zgarishiga ta’sirini tahlil qiladi, aholining katta yoshli tarkibini hisobga olgan holda oziq-ovqat va tovarlar iste’mol qilishning oqilona normalari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
respublika va kommunal mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning, mahsulotlar yetkazib berish (keltirish-jo‘natish) to‘g‘risidagi davlatlararo bitimlar qanday bajarilayotganligini statistika hisobini amalga oshiradi;
hisobot, aholi ro‘yxati, bir marta hisobga olishlar, respublika hududida tanlab monografik va boshqa tekshirishlar o‘tkazish asosida statistika negizi, ma’lumotlar banki, shuningdek, murakkab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha monitoring xizmati faoliyati uchun indikatorlar tizimini yaratadi, yagona axborot makoni tashkil etish ishlarini olib boradi;
respublika hududida joylashgan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak bo‘lgan korxonalar va tashkilotlarni mulkchilik shaklidan qat’i nazar, avtomatlashtirilgan hisobga olish va kodlashtirishni yuritadi;
vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor organlar bilan birgalikda respublika hududidagi korxonalar, birlashmalar, tashkilotlar, muassasalarni davlat statistika organlarida markazlashgan davlat statistika blankalari bilan hamda ularni to‘ldirish bo‘yicha yo‘riqnomalar bilan ta’minlash ishlarini tashkil etadi;
davlat boshqaruvining respublika organlarini ular faoliyatining yo‘nalishlari bo‘yicha zarur statistika axboroti bilan ta’minlaydi.
5. Qo‘mitaga quyidagi huquqlar beriladi:
respublika iqtisodiy organlari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlarining istiqbolni belgilash, statistika va respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishining istiqboldagi ko‘rsatkichlarini belgilash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, barcha vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar bajarishi majbur bo‘lgan yagona statistika andozalari, klassifikatsiyalar, metodologiyalar asosida statistika masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish va yo‘riqnomalar hamda shakllarni tasdiqlash;
respublikaning bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich kirishining dasturlari loyihalarini, yirik iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etish, xalq xo‘jaligini tarkibiy qayta qurish bo‘yicha loyihalarni, investitsiya, turmush darajasini oshirish hamda aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan respublika xalq xo‘jaligining safarbarlik tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, sanoat, transport va moddiy ishlab chiqarish boshqa tarmoqlarining yirik obyektlarini alohida davrda iqtisodiyotning faoliyat ko‘rsatishi barqarorligi talablariga javob berishiga ko‘ra joylashtirish loyihalarini ekspertiza qilish hamda bu masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
vazirliklar, idoralar, shu jumladan moliya, bank, bojxona va boshqa idoralar va xizmatlardan, mahalliy boshqaruv organlaridan idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, boshqa yuridik shaxslardan, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolardan davlat statistika hisobotini barcha hisobga olish — statistika ishlari bo‘yicha zarur ma’lumotlar va materiallarni tegishli hajmlarda va nazarda tutilgan muddatlarda olish;
eng muhim xalq xo‘jaligi muammolarini ishlab chiqish va ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiyalar va kengashlar tuzish;
istiqbolni belgilashlarni, respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbol ko‘rsatkichlarini ishlab chiqishga, istiqbolni belgilash va statistikani takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashga Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, ilmiy-tadqiqot, texnologik, loyiha-konstruktorlik tashkilotlarini, oliy o‘quv yurtlari va boshqa muassasalarni, shuningdek, alohida olimlar va yirik mutaxassislarni jalb qilish;
berilgan vakolatlar doirasida idoraviy va uslubiy hujjatlarni tasdiqlash, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
vazirliklar, idoralar, mahalliy boshqaruv organlari, korxonalar, tashkilotlar, bo‘ysunishidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa yuridik shaxslar tomonidan statistika va hisob masalalari bo‘yicha qonunchilik va me’yoriy aktlar bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
vazirliklar, idoralar, muassasalar va tashkilotlarda hisobotning va dastlabki hisobga olishning holati va bu ishlarning idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi ishonchliligini tekshirish;
buzilishlar aniqlangan hollarda tegishli yuridik va jismoniy shaxslarga bu tuzatishlarni dastlabki va buxgalteriya hisoblarida, boshqa o‘zaro bog‘liq ko‘rsatkichlarda aks ettirish majburiyatini yuklash; davlat statistika hisoboti buzilganligi aniqlangan hollarda buzuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan intizomiy, moddiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikni qo‘llash to‘g‘risida iltimos qilish;
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, ekologik sohalarda statistika metodologiyasi va amaliyotini takomillashtirish, axborotni elektron yordamida qayta ishlashning yangi texnologiyalaridan foydalanish masalalari bo‘yicha boshqa davlatlar va xalqaro statistika organlari bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnomalar tuzish.
6. Qo‘mita respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqboldagi va qisqa muddatli statistikasi va istiqbolni belgilashlari ilmiy darajasini oshirish usullarini takomillashtirish va ularni tashkil etishni yaxshilash, iqtisodiy, ijtimoiy va ilmiy-texnika dasturlarini ishlab chiqish uchun javob beradi.
Qo‘mita amaldagi qonunchilik doirasida respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning hisobot va istiqboldagi ko‘rsatkichlari, eng muhim maqsadli dasturlar sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishini ta’minlash, bozor munosabatlarini shakllantirish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish huquqiga egadir.
7. Qo‘mitaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar (birlashmalar), muassasalar va tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
8. Qo‘mitaga Rais boshchilik qiladi. Raisni lavozimga tayinlash va ozod qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Qo‘mita Raisi Qo‘mitaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi va u o‘z funksiyalarini amalga oshirishi uchun shaxsan javob beradi, Qo‘mita faoliyatining alohida yo‘nalishlariga rahbarlik qilish uchun Qo‘mita markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining shaxsan javobgarligi darajasini belgilaydi.
Qo‘mita Raisi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi. Raisning birinchi o‘rinbosarlari xizmat maqomi, moddiy-maishiy ta’minot, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirlarga, rais o‘rinbosarlari—vazirning birinchi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Qo‘mita Raisi Qo‘mitaning markaziy apparati bo‘linmalari va unga qarashli tashkilotlar bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi.
9. Qo‘mitada hay’at tashkil etiladi, uning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at o‘zining muntazam o‘tkaziladigan majlislarida yirik xalq xo‘jaligi muammolarini ko‘rib chiqadi, respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, ijtimoiy ishlab chiqarishni intensivlash, iqtisodiyotning muvozanatliligini ta’minlash va uning ko‘p ukladliligini shakllantirish, bozor infrastrukturasini rivojlantirish, istiqbolni belgilash metodologiyasini va uni tashkil etishni yaxshilash hamda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini aniqlash masalalarini, statistika hisobi va hisobotini takomillashtirish, milliy schyotlar tizimini joriy etish, Qo‘mita apparatining ishini tashkil etish darajasini oshirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ijro intizomini mustahkamlash yo‘llarini belgilaydi.
Hay’atning qarorlari Qo‘mita Raisining buyrug‘i bilan hayotga joriy etiladi.
Qo‘mita boshqa iqtisodiy organlar, vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qarorlar va yo‘riqnoma materiallar qabul qiladi.
10. Boshqarmalar va bo‘limlar Qo‘mitaning asosiy tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi, ular o‘zaro bog‘liq tarmoqlar va faoliyat sohalari bo‘yicha Qo‘mita Raisi o‘rinbosari boshchilik qiladigan majmualarga birlashadi.
Qo‘mita boshqarmalari va bo‘limlarining boshliqlari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
11. Qo‘mita o‘z huzuridagi Iqtisodiyot va statistika ilmiy tadqiqot-instituti, Bosh hisoblash markazi, Kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi faoliyatiga rahbarlik qiladi, “Iqtisod va hisobot” (“Ekonomika i statistika”) jurnalini nashr etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va statistika qo‘mitasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahar istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmalari, viloyatlardagi istiqbolni belgilash va statistika boshqarmalari, respublika shaharlari va nohiyalaridagi iqtisodiyot va statistikani muvofiqlashtirish bo‘limlari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, shaharlar va nohiyalar hokimliklariga bo‘ysunadilar.
Ularga uslubiy rahbarlikni va ular faoliyatini muvofiqlashtirishni Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi amalga oshiradi.
12. Qo‘mita markaziy apparati tuzilmasi va xodimlari soni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Qo‘mita Raisi belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Qo‘mita markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgarishlar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Qo‘mita markaziy apparatining shtat jadvali va uning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomi Qo‘mita Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
13. Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
Viloyat hokimligi istiqbolni belgilash va statistika boshqarmasi to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
1. Istiqbolni belgilash va statistika viloyat Boshqarmasi* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 5-avgustdagi Farmoniga muvofiq istiqbolni belgilash va statistika viloyat boshqarmasi negizida viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan hamda viloyat hokimliligiga bo‘ysunadi, unga uslubiy rahbarlik qilish va uning faoliyatini muvofiqlashtirishni “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi amalga oshiradi.
* Keyingi o‘rinlarda — Boshqarma.
2. Viloyat Boshqarmasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Kengashning boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, viloyat hokimligining qarorlari va farmoyishlariga, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasining qarorlari, buyruqlari, yo‘riqnomalari va ko‘rsatmalariga, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Boshqarmaning bosh vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitlarida viloyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbolini aniqlash bo‘yicha istiqbolni belgilash-tahliliy ishlarni amalga oshirish, ishonchli va haqiqiy statistika axborotini shakllantirish;
viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, tabiiy va mehnat resurslaridan, yaratilgan ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanishning qisqa muddatli va istiqboldagi istiqbolni belgilashlarini ishlab chiqish;
hokimlik boshqarmalari va bo‘limlari, nohiya, shahar hokimliklari, korxonalar, tashkilotlar hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini belgilash hamda statistika ishlarini amalga oshirishga oid faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, uslubiy rahbarlik qilish va ishda tajriba almashish;
ishlab chiqarishni raqobatga qobil mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha ustuvor rivojlantirishni, ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish, viloyat, shaharlar va nohiyalarni kompleks rivojlantirish, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish yuzasidan asoslangan takliflarni tayyorlash;
yagona statistika siyosati yurgizish, xalq xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatishining vujudga kelayotgan shart-sharoitlarini, bozor munosabatlariga o‘tishni, narxlar o‘zgarishini mulkchilikning xilma-xil shakllarini aks ettiruvchi hisobot ko‘rsatkichlarining ilmiy asoslangan tizimini joriy etish;
ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlashning ilg‘or tizimlarini joriy etish, keng kompyuterlashtirish, butun statistikani zamonaviy xalqaro normalarga va andozalarga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirishni amalga oshirish viloyat hisoblash markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish.
4. Viloyat boshqarmasi unga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
viloyatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbolini belgilashning ilmiy darajasini oshirish, uning usullarini takomillashtirish va tashkil etilishini yaxshilash, bozor munosabatlariga kirish sharoitlarida ularning har tomonlama asoslanganligi va muvozanatliligi, ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish, ishlab chiqarish samaradorligining o‘sishida mavjud zaxiralardan eng ko‘p darajada foydalanish uchun javob beradi;
nohiyalar va shaharlar iqtisodiyot va statistikani muvofiqlashtirish bo‘limlarida amaldagi qonunchilikning to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlaydi;
viloyatning mineral-xomashyo va boshqa resurslarini hisobga olgan hamda ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish talablariga rioya etgan holda ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirishni ta’minlaydi;
bozor iqtisodiyotini shakllantirish jarayoniga tahliliy-istiqbolni belgilash jihatidan baho beradi, yuqori organlarda ko‘rib chiqish uchun xo‘jalik mexanizmini, boshqaruv shakllarini va usullarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
tayyor va raqobatga qobil mahsulotlar, xalq iste’mol mollari, mahalliy binokorlik materiallari va yoqilg‘i ishlab chiqarishni ustuvor (rivojlantirish, xalq badiiy hunarmandchiligini rivojlantirish xalq xo‘jaligi majmui tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
vazirliklar, konsernlar, idoralar bilan birgalikda barcha investitsiyalardan, shu jumladan, xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanishni amalga oshiradi;
viloyat aholisi moddiy farovonligini mustahkamlash, uning kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoya qilish, aholi turmush darajasini oshirish yo‘nalishlari va yo‘llari istiqbolini belgilash, mehnat faolligi va tadbirkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflarni asoslaydi;
aholining to‘lovga qobiliyatli talabini to‘laroq qondirish maqsadida viloyat hududida pul daromadlarini va aholi xarajatlarining muvozanatini ta’minlaydi;
boshqa mintaqalar bilan, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan; iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro foydali mintaqalararo tashqi iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnika aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan tegishli maqsadli dasturlardan kelib chiquvchi vazifalarning hal etilishini ta’minlaydi;
hisobot ko‘rsatkichlarining ilmiy asoslangan tizimini, ma’lumotlarni to‘plash va ularni qayta ishlashning ilg‘or shakllarini joriy etishning yagona statistika siyosatini yuritadi;
statistika ishlarining tasdiqlangan rejalari sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi;
nohiyalar, shaharlar, shahardagi nohiyalar iqtisodiyot va statistikani muvofiqlashtirish bo‘limlarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini kompleks ishlab chiqish, ularni zarur axborot, tahliliy va istiqbolni belgilash ma’lumotlari bilan ta’minlash masalalari sohasida boshqa iqtisodiy organlar bilan o‘zaro aloqasini amalga oshiradi;
iqtisodiy-statistika axboroti tizimining barqarorligi va ishonchliligini, narxlar va tariflarni kuzatish va ro‘yxatga olish bo‘yicha statistika ishlari o‘tkazilishini, xalq iste’mol mollariga, pulli xizmatlarga, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ulgurji va chakana narxlar, transportda tashish tariflari indekslarini ishlab chiqishni, narxlarning o‘zgarishi darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda ularning aholi turmush darajasi va kun kechirish darajasi o‘zgarishiga ta’sirini tahlil qilish ishlarini amalga oshiradi;
viloyat hududidagi xorijiy sheriklar ishtirokidagi qo‘shma korxonalar faoliyatini hamda valyuta investitsiyalari samaradorligini tahlil qilishni amalga oshiradi;
viloyat barcha statistikasini milliy schyotlar tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish mexanizmini joriy qilish tartibini belgilaydi;
viloyat shaharlari va nohiyalari rivojlanishi xususiyatlarini hisobga olgan holda statistika ko‘rsatkichlari tizimini takomillashtirish, eng yangi fan-texnika yutuqlari, zamonaviy axborot texnologiyalari va tizimlari negizida statistika axboroti sifati va tezkorligini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi. Elektron-hisoblash mashinalarining texnika bilan qayta jihozlanishini, ularning yangi avlodlari, aloqaning ilg‘or vositalari qo‘llanilishini, foydalanuvchilarning bank ma’lumotlariga telekommunikatsiya orqali kirib borishlarini rivojlantirishni amalga oshiradi;
viloyatda yuz berayotgan ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish ishlarini olib boradi, turmush darajasi, sifati va qiymati o‘zgarishini tahlil qiladi, yagona metodologiya bo‘yicha aholi ro‘yxatini, tekshirishlar, so‘rovlarni o‘tkazadi, oilaviy budjetlar statistikasini tashkil etadi;
mehnat bo‘yicha viloyat organlari bilan birgalikda mehnat resurslari va ishchi o‘rinlari balanslarini, mehnat resurslarining to‘laroq ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
boshqaruvning hududiy organlari korxonalar va tashkilotlar bilan birgalikda xalq xo‘jaligining safarbarlik tayyorgarligi bo‘yicha istiqboldagi va qisqa muddatli istiqbolni belgilash uchun takliflar tayyorlaydi;
ko‘p ukladli iqtisodiyotni, bozor infrastrukturasini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, dehqon (fermer) xo‘jaliklarini tashkil etish va ularning qaror topishi jarayonlarini, mana shu maqsadlar uchun ajratilayotgan yer uchastkalari va moddiy mablag‘lardan samarali foydalanishni o‘rganadi;
istiqbolni belgilashlar, maqsadli dasturlar, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish tamoyillarini ishlab chiqish uchun belgilangan muddatlarda takliflar, ko‘rsatkichlar tayyorlanishini hamda zarur shakllar to‘ldirilishini ta’minlaydi;
“O‘zshartnomasavdo” davlat uyushmasining viloyat boshqarmalari bilan birgalikda mahsulotlarning eng muhim turlarini ishlab chiqarish va ularni davlat ehtiyojlari uchun yetkazib berish ko‘rsatkichlari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
ishlab chiqilayotgan hisobotlar, o‘tkazilayotgan aholi ro‘yxatlari, tekshirishlar, bir marta hisobga olishlar asosida ma’lumotlar statistika bankini tashkil etadi;
belgilangan tartibga muvofiq davlat boshqaruvi viloyat organlarini ular faoliyatining yo‘nalishlari bo‘yicha zarur statistika axboroti bilan ta’minlaydi.
5. Viloyat boshqarmasi tasdiqlangan istiqbolni belgilashlar qanday bajarilayotganligini muntazam va kompleks tahlil va nazorat qiladi, alohida tarmoqlar rivojlanishida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish to‘g‘risida hokimlik boshqarmalari va bo‘limlariga takliflar kiritadi;
istiqbolni belgilashlar qanday bajarilayotganligi, iqtisodiyotning bozor munosabatlariga kirishi bo‘yicha chora-tadbirlarning ro‘yobga chiqarilishi, statistika va hisobga olish masalalariga oid qonunchilik va me’yoriy aktlarga rioya qilinish to‘g‘risida hokimlikka muntazam ravishda axborot berib turadi.
6. Boshqarmaga quyidagi huquqlar beriladi:
viloyat xalq xo‘jaligi va ijtimoiy rivojlanishining tegishli davrdagi yakunlarini chiqarish va e’lon qilish;
amaldagi qonunchilik doirasida viloyatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqbolni belgilashlarini sifatli ishlar chiqishni ta’minlash, ularning bajarilishi va statistika ishlarini takomillashtirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish;
istiqbolni belgilash loyihalari va ayrim xo‘jalik muammolarini ishlab chiqish uchun viloyat hududidagi ilmiy-tadqiqot, texnologik va loyiha-konstruktorlik tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa muassasalarni, shuningdek, alohida olimlar, mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb qilish;
qisqa muddatli va istiqboldagi istiqbolni belgilashlarni ishlab chiqish hamda ayrim xo‘jalik masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash uchun butun hisobga olish — statistika ishlari bo‘yicha davlat hisobotini, shuningdek, bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha viloyat va mahalliy boshqaruv organlaridan, shu jumladan moliya, bank va boshqa xizmatlardan, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslardan zarur materiallarni belgilangan muddatlarda olish;
davlat statistika kuzatishlari o‘tkazish uchun ma’lumotlarni taqdim etmagan, yoxud ularni kechikib yoki buzib taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda iqtisodiy jazolar qo‘llash;
viloyat boshqarmalari, korxonalar, tashkilotlarda, ularning bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, uyushmalar, konsernlar, ittifoqlar va boshqa birlashmalarda hisobotlarning ishonchliligi va dastlabki hisobga olishning holatini tekshirish;
ma’lumotlar buzilganligi aniqlangan hollarda davlat hisobotiga tuzatishlar kiritish, tegishli yuridik va jismoniy shaxslarga bu tuzatishlarni dastlabki va buxgalteriya hisobida, boshqa o‘zaro bog‘liq ko‘rsatkichlarda aks ettirish majburiyatini yuklash, ma’lumotlarni buzuvchilarga nisbatan qonunda belgilangan intizomiy, moddiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida iltimos qilish;
barcha darajadagi hokimliklar boshqarmalari va bo‘limlari, korxonalar va muassasalar rahbarlarining viloyat Boshqarmasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha hisobotlarini eshitish;
viloyat hokimligi boshqarmalari va bo‘limlarida, iqtisodiyot va statistikani muvofiqlashtirish bo‘yicha nohiya va shahar bo‘limlarida, korxonalar, birlashmalari tashkilotlar, kolxozlar va sovxozlarda istiqbolni belgilash—iqtisodiy ishlarning yo‘lga qo‘yilishini tekshirish hamda bu ishlarni yaxshilash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berish;
viloyatni iqtisodiy rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun idoralararo kengashlar chaqirish;
qo‘yilgan talablarga javob bermaydigan istiqbolni belgilashlarni viloyat hokimligi bo‘limlariga, boshqarmalarga, quyi hokimliklarga puxta ishlash uchun qaytarish.
7. Boshqarma o‘z ishi yuzasidan viloyat hokimligi va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi oldida javob beradi.
8. Istiqbolni belgilash va statistika boshqarmasiga rahbarlik qilish viloyat hokimi o‘rinbosarlaridan biriga yuklatiladi.
Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi, ularni viloyat Boshqarmasi boshlig‘ining tavsiyasi bo‘yicha viloyat hokimligi lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Boshliq bilan uning o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash Boshqarma boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi.
9. Viloyat Boshqarmasi boshlig‘i:
Istiqbolni belgilash va statistika boshqarmasi faoliyatiga rahbarlik qiladi va o‘ziga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
viloyat hokimligining qarorlari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv yuqori organlarining aktlari asosida hamda ularni bajarish yuzasidan o‘z huquq doirasida qarorlar, buyruqlar chiqaradi, zarur hollarda hokimlik boshqarmalari va bo‘limlari rahbarlari bilan birgalikda viloyat, nohiyalar, shaharlar, shahardagi nohiyalar hokimliklarining barcha boshqarmalari va bo‘limlari, mulkchilik shaklidan va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, viloyat hududidagi korxonalar, tashkilotlar ijro etishi majburiy bo‘lgan qo‘shma buyruqlar chiqaradi;
apparat xodimlarini belgilangan tartibda ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
boshqarmalar, nohiyalar va shaharlar iqtisodiyoti va statistikasini muvofiqlashtirish bo‘limlari xodimlarining malakalarini oshirish tadbirlarini o‘tkazadi;
viloyat istiqbolni belgilash va statistika Boshqarmasi bo‘limlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi.
10. Bo‘limda boshliq, uning o‘rinbosarlari va iqtisodiy xizmatlarning boshqa rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi. Hay’at a’zolarining tarkibi viloyat Boshqarmasining tavsiyasi bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqaruv hay’ati o‘z majlislarini muntazam o‘tkazadi, ularda qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolni belgilash loyihalari, iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari, ularning qanday bajarilayotganligi, statistika axborot tizimi faoliyat ko‘rsatishi masalalari shuningdek, viloyatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning boshqa eng muhim muammolari ko‘rib chiqiladi.
Hay’at qaror Boshqarma boshlig‘ining buyruqlari bilan hayotga joriy etiladi.
11. Boshqaruv tuzilmasi va shtatlari viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqarmaning organlari xo‘jalik shartnomalari, bitimlar yoki bir martalik so‘rovlarga muvofiq tijorat asosida axborot-hisoblash va tahliliy xizmatlarni faol rivojlantiradilar. Foydalanuvchilarga iqtisodiy-statistika axborotini statistika ishlari rejasida belgilangan minimumdan ortiqcha taqdim etish ham tijorat asosida amalga oshiriladi.
Ishlar (xizmatlar)ning barcha turlarini bajarishdan olingan foyda (daromadi)dan Boshqarmaning ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanishi, shuningdek, uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun foydalaniladi.
12. Viloyat istiqbolni belgilash va statistika Boshqarmasi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 20-noyabrdagi 547-son qarori bilan
MA’QULLANGAN
MA’QULLANGAN
Nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligining iqtisodiyot va statistikani muvofiqlashtirish bo‘limi to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
1. Nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligining iqtisodiyot va statistika muvofiqlashtirish bo‘limi* O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 5-avgustdagi Farmoniga muvofiq tashkil etiladi hamda o‘z faoliyatida nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligiga bo‘ysunadi va viloyat istiqbolni belgilash va statistika Boshqarmasiga (Qoraqalpog‘iston Respublikasida — Iqtisodiyot va statistika qo‘mitasiga, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida — istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmalariga) hisob beradi. Nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimliklarining iqtisodiyot va statistikani muvofiqlashtirish bo‘limlariga uslubiy rahbarlikni va ular faoliyatini muvofiqlashtirishni viloyat Istiqbolni belgilash va statistika boshqarmasi hamda “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi amalga oshiradi.
* Keyingi o‘riinlarda —bo‘lim
2. Bo‘limning bosh vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
tabiiy, mehnat va boshqa mahalliy resurslardan, yaratilgan ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish asosida o‘ziga qarashli hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qisqa muddatga va istiqboldagi davrga mo‘ljallangan istiqbolni belgilash majmuini ishlab chiqish, tasdiqlangan istiqbolni belgilashlarni tahlil qilish va ularning bajarilishini nazorat qilish, statistika axborotini to‘plash va qayta ishlash hamda hokimiyat va boshqaruv organlarini ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash;
boshqarmalar, bo‘limlar, nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimliklari, qishloq, shaharcha va ovul kengashlari ijroiya qo‘mitalarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish istiqbolini belgilash, yagona statistika siyosatini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, bu ishga uslubiy rahbarlik qilish va tajriba almashish;
istiqbolni belgilashlarni tayyorlash jarayonida tegishli boshqarmalar va bo‘limlar, nohiya, shahar, shahardagi nohiyaning manfaatdor tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, istiqbolni belgilashlar bajarilishi va hisobot ko‘rsatkichlarining ilmiy-asoslangan tizimlari, ma’lumotlarni to‘plash va ularni qayta ishlash tizimlari joriy etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
3. Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, viloyat, nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimliklarining qarorlari va farmoyishlariga istiqbolni belgilash va statistika yuqori organlarining qarorlari, buyruqlari, yo‘riqnomalari, ko‘rsatmalariga, boshqa me’yoriy aktlarga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Bo‘lim o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
hududlar va viloyatlarni kompleks rivojlantirishni, mulkchilikning xilma-xil shakllarini tashkil etishni hisobga olgan holda nohiya, shahar, shahardagi nohiyaning kompleks iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini amalga oshiradi;
mehnat, tabiiy, mahalliy resurslardan hamda mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish asosida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
istiqbolni belgilash va statistika hisoboti usullarini va tashkil etilishini takomillashtirish, nohiya, shahar, shahardagi nohiya iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi istiqbolini belgilashning tayyorlanayotgan loyihalarining har tomonlama asoslanganligi va muvozanatliligi, iqtisodiyotdagi ishlab chiqarish samaradorligini o‘stirishning mavjud manbalaridan eng ko‘p darajada foydalanish uchun javob beradi;
barcha investitsiyalardan, shu jumladan, chet el investitsiyalaridan, ishlab chiqarish fondlaridan, mehnat, moliya, moddiy va boshqa resurslardan samarali foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
nohiyalararo, xo‘jaliklararo, ishlab chiqarish va madaniy aloqalarni, shuningdek, viloyat va respublikaning boshqa shaharlari, nohiyalari bilan aloqalarni kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
respublika va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan tegishli maqsadli dasturlaridan kelib chiquvchi vazifalarning hal etilishini ta’minlaydi;
nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligining boshqarmalari va bo‘limlari, ilmiy muassasalar bilan birgalikda, shuningdek, idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, nohiya, shahar, shahardagi nohiya hududidagi korxonalar va tashkilotlar istisnosiz barchasining takliflari asosida qisqa muddatli va uzoq muddatli davrlarga mo‘ljallangan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish istiqbolini belgilash loyihalarini tayyorlaydi;
ilmiy muassasalar bilan birgalikda iqtisodiy va ijtimoiy dasturlar majmui ishlab chiqilishini tashkil etadi;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish yakunlariga tahliliy-istiqbolni belgilash jihatdan baho berilishini, mahalliy xo‘jalik va kommunal mulk shakllanishiga, nohiya, shahar, shahardagi nohiyada bozor iqtisodiyoti shakllanishi jarayoniga baho berilishini ta’minlaydi;
statistika axborotini to‘plash, qayta ishlash va berish texnologiyasining yagona texnika siyosatini amalga oshiradi;
ijtimoiy jarayonlarni o‘rganadi, aholini ro‘yxatga olish, ijtimoiy-demografik tadqiqotlar, oila budjetlari so‘rovlari va statistikasi o‘tkazilishini tashkil qiladi, statistika axborotining sifati va tezkorligi oshishiga ko‘maklashadi;
iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, respublika Hukumati qarorlarining ijro etilishi ustidan statistika kuzatuvini amalga oshiradi, ularning bajarilishi to‘g‘risida axborot tayyorlaydi, xalq xo‘jaligi rivojlanishi samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar kiritadi.
5. Nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligi bo‘limi istiqbolni belgilash qanday bajaraliyotganligini muntazam ravishda tahlil qilib boradi, nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligi boshqarmalari va bo‘limlariga ayrim tarmoqlarni rivojlantirishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida takliflar kiritadi, tasdiqlangan istiqbolni belgilashlarning qanday bajarilayotganligi to‘g‘risida nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligiga muntazam ravishda ma’lumot berib turadi, nohiya, shahar, shahardagi nohiya rivojlanishidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
6. Bo‘limga:
korxonalar va tashkilotlarning bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ularda hisobotning ishonchliligini va dastlabki hisobga olishning holatini tekshirish;
istiqbolni belgilash loyihalarini va alohida xo‘jalik muammolarini ishlab chiqish uchun nohiya, shahar, shahardagi nohiya hududidagi ilmiy-tadqiqot, texnologik va loyiha-konstruktorlik tashkilotlarni, oliy o‘quv yurtlari va boshqa muassasalarni, shuningdek, alohida olimlar va mutaxassislarni jalb qilish;
nohiya, shahar, shahardagi nohiyani ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish istiqbolini belgilash va statistika axboroti sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi va ularning ro‘yobga chiqarilishi uchun amaldagi qonunchilik doirasida barcha zarur choralarni ko‘rish;
nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimliklari bo‘limlari va boshqarmalaridan mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan, qishloq, shaharcha, ovul Kengashlari ijroiya qo‘mitalaridan belgilangan statistika axborotini, shuningdek, istiqbolni belgilash ko‘rsatkichlari hamda hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi istiqbolini belgilashni, mahalliy binokorlik materiallari, xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish istiqbolini belgilashni ishlab chiqish, ishlab chiqarish, ijtimoiy, madaniy-maishiy obyektlarni rivojlantirish hamda ayrim xo‘jalik masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan boshqa materiallarni olish;
o‘zining vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimliklari bo‘limlari va boshqarmalarining, idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, korxonalar va muassasalar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
nohiya, shahar, shahardagi nohiya boshqarmalari va bo‘limlarida, korxonalar, tashkilotlar, kolxozlar va sovxozlarda istiqbolni belgilash-iqtisodiy va statistika ishlarining yo‘lga qo‘yilishini tekshirish, bu ishlarni yaxshilash bo‘yicha ularga tavsiyalar berish;
nohiya, shahar, shahardagi nohiya xo‘jaliklarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun idoralararo kengashlar chaqirish;
qo‘yiladigan talablarga javob bermaydigan istiqbolni belgilash loyihalarini nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimliklari boshqarmalari va bo‘limlariga, qishloq, shaharcha va ovul Kengashlariga puxta ishlash uchun qaytarish;
hisobot ma’lumotlari buzilganligi aniqlangan hollarda davlat hisobotiga o‘zgarishlar kiritish; tegishli yuridik va jismoniy shaxslarga bu tuzatishlarni dastlabki va buxgalteriya hisobida, boshqa o‘zaro bog‘liq ko‘rsatkichlarda aks ettirish majburiyatini yuklash;
davlat statistika kuzatishlarini olib borish uchun ma’lumotlarni taqdim etmagan, yoxud ularni kechikib yoki buzilgan holda taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda iqtisodiy jazolar qo‘llash.
7. Bo‘lim o‘z ishi to‘g‘risida nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va statistika qo‘mitasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahar istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmalari, viloyatlarning istiqbolni belgilash va statistika boshqarmalari oldida hisob beradi.
8. Bo‘limga rahbarlik qilish hokimlarning tegishli darajadagi o‘rinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
9. Bo‘lim boshlig‘i:
bo‘lim faoliyatiga rahbarlik qiladi va unga yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
o‘z vakolati doirasida nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligining qarorlari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv yuqori organlarining aktlari asosida hamda ularni bajarish yuzasidan buyruqlar chiqaradi;
bo‘lim xodimlarini belgilangan tartibda ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi, ularning malakasini oshirish tadbirlarini o‘tkazadi.
10. Bo‘limda boshliq va boshqaruv a’zolaridan iborat tarkibda boshqaruv tashkil etiladi. Boshqaruv a’zolarining tarkibi nohiya, shahar, shahardagi nohiya hokimligi tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqaruv o‘z majlislarini muntazam o‘tkazadi, ularda qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolni belgilash loyihalari iqtisodiyotni rivojlantirish, hududda bozor tuzilmalarini shakllantirish, nohiya, shahar, shahardagi nohiya statistikasi masalalari istiqbolni belgilashlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar ko‘rib chiqiladi.
11. Bo‘limning tuzilishi va shtatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
12. Bo‘lim yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.