O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MUQOBIL XIZMATNI TAShKIL ETISh VA UNI O‘TASh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-martdagi 128-son qaroriga “Muqobil xizmatni tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining uni o‘tashi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Muqobil xizmatni tashkil etish va uni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-iyun,
275-son
Muqobil xizmatni tashkil etish va uni o‘tash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolari tomonidan muqobil xizmatni o‘tash tartibini, shuningdek, uni tashkil etish yuzasida respublika davlat boshqaruv organlari, vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning vazifalarini belgilaydi.
2. Muqobil xizmatga rahbarlikni, uni o‘tash ustidan nazoratni, shuningdek, muqobil xizmat xizmatchilarning huquqlarini himoya qilishni va ijtimoiy kafolatlarini ta’minlashni O‘zbekiston Respublikasi, Mudofaa vazirligining muqobil xizmat boshqarmasi va harbiy boshqaruv mahalliy organlarining tegishli bo‘limlari hamda bo‘linmalari amalga oshiradilar.
II. Muqobil xizmatga chaqirish
3. Fuqarolarni muqobil xizmatga chaqirish “Muqobil xizmat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, Vazirlar Mahkamasining qaroriga, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Fuqarolarni muqobil xizmatga chaqirishni tashkil etish tuman (shahar) chaqiriq komissiyalariga, hokimliklariga, shuningdek, tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlariga yuklatiladi.
5. Muqobil xizmatga:
“Muqobil xizmat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq muqobil xizmatni o‘tash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar chaqiriq komissiyalarining tibbiy komissiyalari tomonidan jangovar qismlarda harbiy xizmatga cheklangan darajada yaroqli deb topilgan fuqarolar;
cho‘pon bo‘lib ishlovchilar chaqiriladilar.
6. Muqobil xizmatga chaqiriladigan Fuqarolar muqobil xizmatni tanlash huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarini bu haqda oldindan xabardor qiladilar.
7. Muqobil xizmatga chaqiriluvchilarning tibbiy ko‘rigi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda mudofaa vaziri tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
8. Tuman (shahar) chaqiriq komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida va tibbiy ko‘rik natijalariga muvofiq tegishli qaror qabul qiladi.
Xizmatchilarning chaqirilishi kuni va xizmatni o‘tash joyi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan guvohnoma fuqarolarning muqobil xizmatga munosabatlarini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqaro unga belgilangan namunadagi shartnoma-majburiyatga imzo qo‘yadi.
9. Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqaro unga xizmatni o‘tash joyi tayinlanganligi to‘g‘risidagi va yetib borish muddati belgilangan yozma ko‘rsatmani olish uchun tuman mudofaa ishlari bo‘limiga belgilangan muddatda yetib keladi.
Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarni o‘zlarining yashash joylaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga yuborish yetib borish muddati belgilangan holda yakka tartibda amalga oshiriladi.
Tumanlar (shaharlar) tashqarisidagi tuzilmalar tarkibiga muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarni jo‘natish muqobil xizmatning viloyat bo‘limlari tomonidan, ularni xizmatni o‘tash joyigacha kuzatib qo‘yish sharti bilan amalga oshiriladi.
Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarni tashish va o‘quv yig‘inlarini tashkil etish xarajatlari Muqobil xizmat boshqaruv organlari hisobidan amalga oshiriladi.
10. Xizmatni o‘tash joyiga yetib kelingach uch kun mobaynida muqobil xizmat xizmatchilari bilan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar ma’muriyatlari o‘rtasida mehnat shartnomasi tuziladi va tegishli buyruq chiqariladi, bu haqda muqobil xizmat xizmatchilarining guvohnomalariga yozib qo‘yiladi.
Ishga qabul qilinganlik to‘g‘risida buyrug‘ chiqarilgan kun muqobil xizmat boshlangan kun hisoblanadi.
III. Muqobil xizmatni o‘tash
11. Muqobil xizmatni o‘tash ilova qilingan Ro‘yxatga muvofiq respublika vazirliklari, idoralari va konsernlarining korxonalarida, tashkilotlarida va muassasalarida, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan tuzilmalarda amalga oshiriladi.
Muqobil xizmat xizmatchilaridan turli xildagi tijorat tuzilmalarida, kichik biznes, umumiy ovqatlanish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalarida, shuningdek, rahbarlik va boshqaruv lavozimlarida va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlar (sotuvchi, konduktor, oshpaz, omborchi, qorovul va shu kabilar)da foydalanish qat’iy man etiladi.
12. Muqobil xizmat xizmatchilari xizmatni o‘tash vaqtida “Muqobil xizmat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan talablarni bajarishga majburdirlar.
13. Muqobil xizmat xizmatchilaridan mehnat shartnomalarida nazarda tutilmagan ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
14. Muqobil xizmat xizmatchilarini boshqa korxonalarga, tashkilotlarga o‘tkazish:
korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tugatilgan, ularning shtatlari yoki xodimlari soni qisqartirilganda;
harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasiga muvofiq salomatligi bo‘yicha mehnat sharoitlarini yengillatish zaruriyati paydo bo‘lganda;
muqobil xizmat xizmatchisining xizmatni shartnoma-bitim asosida respublika tashqarisida davom ettirish xohishi bo‘lganda;
avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar va favqulodda hodisalarni tugatish bo‘yicha ishlarni bajaruvchi korxonalar tashkilotlar va muassasalarni butlash zaruriyati bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.
Bunday hollarda bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazish huquqi:
tuman (shahar) doirasida — tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limining boshlig‘iga;
viloyat doirasida — viloyat mudofaa ishlari boshqarmasining boshlig‘iga;
respublika doirasida — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi muqobil xizmat boshqarmasining boshlig‘iga;
respublikadan tashqarida va avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda holatlarni tugatish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun — O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziriga beriladi.
15. Xizmat davrida, muqobil xizmat xizmatchilari (diniy maslaklari bo‘yicha muqobil xizmatni o‘tayotganlar bundan mustasno) harbiy-hisobga olish mutaxassisligini olish maqsadida Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan dasturlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-o‘quv muassasalarida va o‘quv markazlarida o‘tkaziladigan harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv yig‘inlariga jalb qiladilar.
O‘quv yig‘inlari tamom bo‘lgach muqobil xizmat xizmatchilari, o‘qitish dasturiga muvofiq harbiy-hisobga olish mutaxassisligini oladilar va harbiy qasamyod qiladilar.
Muqobil xizmat boshqaruv organlari korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlarini oldindan bir oydan kechiktirmay muqobil xizmat xizmatchilarini o‘quv yig‘inlariga jalb qilish haqida xabardor qiladilar va keyinchalik muqobil xizmat xizmatchilarini yig‘inlar o‘tkaziladigan joyga yuborishni amalga oshiradilar.
IV. Muqobil xizmatdan bo‘shatish
16. Belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan muqobil xizmat xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga bo‘shatiladilar.
Muqobil xizmat xizmatchilarini bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
17. Muqobil xizmat xizmatchilari:
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq muddatni kechiktirish huquqini beruvchi oilaviy ahvol o‘zgarganda;
Mudofaa vazirligi harbiy-tibbiy komissiyasining xizmatchining kasalligi bo‘yicha muqobil xizmatni bundan keyin davom ettirish uchun yaroqsizligi to‘g‘risidagi xulosasi asosida muddatidan ilgari zaxiraga bo‘shatilishlari mumkin.
Muqobil xizmat xizmatchisini muddatidan ilgari bo‘shatish maqsadida uning oilaviy ahvolini o‘rganish tuman hokimliklari tuzadigan hamda mudofaa ishlari bo‘limi vakillari albatta ishtirok etadigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Muqobil xizmat xizmatchisini muddatidan ilgari bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining qarori asosida amalga oshiriladi.
18. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga bo‘shatiladigan muqobil xizmat xizmatchilari harbiy xizmatga chaqirilgan joydagi tuman (shahar)mudofaa ishlari bo‘limiga yuboriladilar.
Muqobil xizmat xizmatchilarini boshqa joylarga yuborishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:
xizmatchilarning oilalari (ota-onalari) tomonidan turar joylari o‘zgartirilganda;
nikohdan o‘tganligi tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanganda.
19. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga bo‘shatilgan muqobil xizmat xizmatchilari uch kun muddatda harbiy hisobga turish uchun mudofaa ishlari bo‘limiga kelishlari shart.
V. Davlat boshqaruv organlari, vazirliklar, idoralar va konsernlarning vazifalari
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman (shahar)lar hokimliklari:
Fuqarolarning muqobil xizmati tashkil etiladigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarni belgilaydilar;
muqobil xizmat xizmatchilarini ishga joylashtirish uchun korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga kvotalar belgilaydilar;
muqobil xizmatga chaqiriluvchi fuqarolar uchun ishchi o‘rinlari sonini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘radilar;
muqobil xizmat boshqaruv organlariga muqobil xizmat xizmatchilarini ishga joylashtirish uchun ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarishlar, yordamchi xo‘jaliklar va boshqa korxonalar tashkil etishda yordam ko‘rsatadilar;
Fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va muqobil xizmatga chaqirish bo‘yicha chaqiriq va tibbiy komissiyalarni tuzishni hamda ularning ishlashlarini ta’minlaydilar;
muqobil xizmat boshqaruv organlariga o‘zlarining faoliyat sohasiga tegishli boshqa masalalarni hal etishlarida yordam ko‘rsatadilar.
21. O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, konsernlari:
muqobil xizmat boshqaruv organlariga ularning talablari bo‘yicha o‘zlariga qarashli korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda bo‘sh ish o‘rinlari borligi to‘g‘risida axborot, muqobil xizmatni tashkil etish yuzasidan o‘zlarining takliflarini va ushbu xizmatga chaqiriladigan xizmatchilarni zarur miqdorda ajratish uchun buyurtmanomalar taqdim etadilar;
muqobil xizmatga chaqiriluvchi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ko‘radilar;
o‘zlariga qarashli korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini ta’minlaydilar.
VI. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalarning majburiyatlari
22. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning ma’muriyatlari “Muqobil xizmat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq:
“Muqobil xizmat to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va muqobil xizmat organlari bilan tuzilgan shartnoma shartlariga qat’iy rioya qilishga;
muqobil xizmat qilish uchun kelgan xizmatchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishga;
muqobil xizmat xizmatchilarini ustavlar, nizomlar, ichki tartib-intizom qoidalari, mehnat va o‘qish sharoitlari bilan tanishtirishga, ularning huquqlari, burchlari va javobgarliklarini tushuntirishga;
mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalari yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishga;
zarur hollarda muqobil xizmat xizmatchilarini ishchi kasblarini o‘rgatish uchun xalq ta’limi tizimining tarmoq o‘quv markazlariga va o‘quv yurtlariga yuborishga;
mehnat va turmush sharoitlari yaratib berishga, maxsus kiyim-bosh va asboblar bilan ta’minlashga;
Muqobil xizmat xizmatchilarini zarur bo‘lganda uy-joy, tekin tibbiy xizmat bilan ta’minlashga;
Muqobil xizmat xizmatchilari o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni olib borishga;
Muqobil xizmatning tegishli organlarini:
fuqarolarning muqobil xizmatga kelganliklari to‘g‘risida xabardor qilishga;
xizmatchilar tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunlarning buzilishi va ularning uzrsiz sabablar bilan xizmatga chiqmasligi hollari to‘g‘risida xabardor qilishga;
xizmatchilar bilan to‘liq hisob-kitob qilinganligi va ular o‘quv yig‘inlariga jo‘natish uchun muqobil xizmat organlari ixtiyoriga yuborilganligi to‘g‘risida xabardor qilishga;
muqobil xizmat organlarining hisob-kitob schyotlariga muqobil xizmat xizmatchilarining ish haqlaridan ushlab olinadigan summalarni har oyda o‘tkazishga, shuningdek, muqobil xizmat organlari xarajatlariga, muqobil xizmat xizmatchilarini ishchi kasblariga o‘rgatishga tegishli shartnomalar bilan belgilanadigan miqdorlarda ajratmalar o‘tkazishga;
yiliga bir marta 15 ish kunidan iborat muddatga ta’til berishga;
muqobil xizmat xizmatchilariga, ular halok bo‘lgan hollarda esa — ularning oilalariga ular xizmat (mehnat) majburiyatlarini bajarayotgan vaqtlarida ishlab chiqarish avariyasi, mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi qoidalari talablari bajarilishi ta’minlanmaganligi oqibatida ularning salomatligiga yetkazilgan zarar uchun to‘la beriladigan nafaqa va pul kompensatsiyasi to‘lashga majburdirlar.
Korxonalari, tashkilotlari va muassasalarida muqobil xizmatni o‘tash amalga oshiriladigan vazirliklar, idoralar va konsernlarning
RO‘YXATI
Ichki ishlar vazirligi
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi
(ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-noyabrdagi 434-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 21-son, 149-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zkommunxizmat” agentligi
(uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-noyabrdagi 434-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 21-son, 149-modda)
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi
Mudofaa vazirligi
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi
(yettinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 23-sentabrdagi 328-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2002-y., 17-18-son, 139-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi
(sakkizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi
(to‘qqizinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-noyabrdagi 434-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2001-y., 21-son, 149-modda)
“O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi
O‘zbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari (“O‘zmontajmaxsusqurilish”) uyushmasi
O‘zbekiston suv xo‘jaligi qurilishi (“O‘zsuvqurilish”) davlat konserni
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi
Oldingi tahrirga qarang.
(o‘n to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
“Qizilqumnodirmetalloltin” davlat konserni
“O‘zdonmahsulot” davlat konserni
“O‘zdavqishloqxo‘jalikmash” konserni
“O‘zbekyengilsanoat” davlat uyushmasi
“Toshshahartranskorxona” davlat uyushmasi
“O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi
“Toshkentqurilish” davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi
“O‘zkolxozqurilish” respublika davlat-kooperativ birlashmasi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi respublika ishlab chiqarish davlat kooperativ qurilish birlashmasi (“O‘zdehqonchilikqurilish”)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yog‘och tayyorlash, qurilish konstruksiyalari ishlab chiqarish va yog‘ochni qayta ishlash (“O‘zboshyog‘ochqurilish”) bosh boshqarmasi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mevasabzavot va uzumchilik sanoati (“O‘zmevasabzavotuzumsanoati”) davlat-kooperativ konserni
“O‘zoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserni
“O‘zqurilishmateriallari” davlat konserni
“O‘zsanoatxo‘jalikqurilish” davlat korporatsiyasi
“Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi
“O‘zavtoyo‘l” davlat-aksionerlik konserni
O‘rta Osiyo Temir yo‘l boshqarmasi
Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi
O‘zbekiston davlat radioelektronika, elektrotexnika sanoati va asbobsozlik (“O‘zdavradioelektrontexasbob”) konserni
O‘zbekiston davlat kimyo sanoati konserni (“O‘zdavkimyokonsern”)
O‘zbekiston paxtani qayta ishlash sanoatini ilmiy-texnikaviy ta’minlash davlat konserni
O‘zbekiston davlat mashinasozlik konserni
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi
“O‘rtaosiyoko‘mir” ishlab chiqarish birlashmasi
“O‘zbekto‘qimachimash” ishlab chiqarish birlashmasi
“O‘zikkilamchiranglimetall” ishlab chiqarish birlashmasi
O‘zbekiston Respublikasi Dehqonchilik sanoati kompleksini moddiy-texnikaviy ta’minlash va texnikani tuzatish (“O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish”) davlat-kooperativ qo‘mitasi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya va kartografiya boshqarmasi (“O‘zgeodeziya”)
O‘zbekiston Respublikasi “Sharq” nashriyot-matbaa konserni
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Baliq va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish konserni (“O‘zbaliq”)
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
“O‘zbekmebel” davlat-aksionerlik birlashmasi
Toshkent shahar hokimligi uy-joy-kommunal xo‘jaligi korxonalari
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 1993-y., 6-son, 21-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 21-son, 149-modda; 2002-y., 17-18-son, 139-modda)