Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq institutining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq akademik huquqiy tadqiqotlar darajasini oshirish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarning keyingi istiqbollarini belgilashda huquqiy ilmiy ishlanmalarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Adliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jamiyat va davlat qurilishi, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarga maslahat va ekspert yordamini tashkil qilish;
mamlakatning barqaror rivojlanishi maqsadidan kelib chiqib qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlar uchun ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishni takomillashtirish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan tahliliy hujjatlarni tayyorlash;
davlat va huquq sohasida fanlararo fundamental ilmiy tadqiqotlarni bajarish;
zamonaviy elektron-axborot va oʻquv-pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda aholining, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga koʻmaklashish;
ilmiy faoliyatni davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari bilan hamkorlikda, shartnomalar asosida amalga oshirish, eng dolzarb huquqiy tadqiqotlarni amalga oshirish boʻyicha ilmiy yoʻnalishdagi fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish;
yuridik ixtisosliklar boʻyicha dissertatsiyalar himoyasini tashkil qiluvchi ilmiy kengashlar tuzish yoʻli bilan zamonaviy talablarga muvofiq ilmiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishda bevosita ishtirok etish;
Institut xodimlarining davlat va jamiyat islohoti turli jihatlariga taalluqli normativ-huquqiy va dasturiy xarakterdagi hujjatlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha davlat organlari huzuridagi ilmiy-maslahat kengashlari, komissiyalar va ishchi guruhlar ishida ishtirok etishi;
doimiy asosda chop etiladigan “Davlat va huquq” jurnalini taʼsis etish, jamoaviy va individual monografiyalarni, oʻquv-metodik adabiyotlarni, qonunchilikka ilmiy-metodik sharhlarni, jumladan ularning elektron shaklini nashr etishga doir faoliyatni amalga oshirish;
jamiyat uchun dolzarb ilmiy-huquqiy muammolarni muhokama qilish va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy tadbirlar (konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar)ni oʻtkazish va ularda ishtirok etish;
respublikada oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning davlat va huquq sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash, shuningdek, davlat va huquq muammolarini oʻrganish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi ilmiy kengash tuzish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Institut:
davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan hamda Institut nomi davlat tilida yozilgan muhrga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy hisobvaragʻiga ega boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilot sifatida davlat buyurtmalari va dasturlarini amalga oshirishda hamda fundamental va amaliy tadqiqotlarni olib borishda ishtirok etadi;
Institutga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ustavida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi hamda u Fanlar akademiyasining tegishli vitse-prezidenti bilan kelishilgan holda Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, jumladan ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari hamda umumiy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosariga ega boʻladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zarurat boʻlganda, Institutning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilansinki:
Institutni joriy taʼminlash uchun nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Institut xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari uchun tatbiq etilgan mehnatga haq toʻlash tizimi joriy etiladi;
Institut noshirlik faoliyati bilan shugʻullanishi va oʻzining matbaa organini (“Davlat va huquq” jurnali) tashkil qilishi mumkin.
6. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Institutni joriy taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:
bir oy muddatda Institut ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligiga davlat buyurtmasini bajarish boʻyicha ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovini eʼlon qilish uchun davlat va huquq sohasidagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish boʻyicha belgilangan tartibda asoslangan taklif kiritsin;
Adliya vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 20-dekabrga qadar Institutning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturini ishlab chiqsin hamda Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashida tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Institut Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 81-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
9. Institutga bitta shaxsiy biriktirilgan yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Institut murojaatiga muvofiq belgilangan tartibda zarur telefon va hukumat aloqasi hamda Internet xizmatlari bilan taʼminlagan holda videokonferensiya, internet-forum va telekoʻprik tashkil etishda zarur texnik yordam koʻrsatsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Institut murojaatlariga koʻra xorijiy va xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va xalqaro ilmiy almashuvchi kengaytirishga koʻmaklashsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarining Institut jahon axborot tarmogʻi faoliyatiga mos yoʻnalishlarida tahsil olayotgan magistratura talabalari hamda doktorantlarni Institutda ilmiy faoliyat olib borishlariga sharoit yaratsin.
13. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov hamda Fanlar akademiyasining prezidenti B.S. Yuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-oktabr,
675-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 675-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining
TUZILMASI
Institut xodimlarining umumiy cheklangan soni — 20 nafar, shundan, ilmiy xodimlar soni — 13 nafar.
Buyurtma asosida bajariladigan ilmiy loyihalarni amalga oshirishda qatnashadigan ilmiy xodimlar shartnoma asosida jalb etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
* Ilmiy-yordamchi va yordamchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlariga muvofiq normativlar boʻyicha belgilanadi.
(izohning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 09/20/675/1440-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)