Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Xitoy Xalq Respublikasidan uskuna yetkazib berish orqali Tuyaboʻgʻiz suv ombori qoshida kichik GES, Katta Fargʻona kanalida kichik GESlar kaskadi, Ohangaron daryosida Qamchiq kichik GESi, Toʻpolang daryosida Zarchob kichik GESlari kaskadini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi PQ-2947-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni izchil oshirish, shu asosda yangi ekologik toza ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, shuningdek, energetika resurslarining mutanosibligini oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va respublika aholisining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojlarini yanada toʻliq qondirishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 19-maydagi PQ-2982-son qaroriga muvofiq:
oʻtkazilgan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha “Oʻzbekgidroenergo” AJ Xitoyning “Dongfang Electric International Corporation” (konsorsium yetakchisi) va “TVEA So., Ltd.” kompaniyalaridan iborat konsorsium bilan kontrakt tuzdi. (keyingi oʻrinlarda — Konsorsium) Xitoy Xalq Respublikasidan umumiy qiymati 68,83 mln AQSH dollariga teng boʻlgan elektr va mexanik asbob-uskunalarni yetkazib berish;
“Gidroproyekt” AJ “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan “Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi Tuyaboʻgʻiz suv ombori qoshida kichik GES qurilishi,” “Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi Katta Fargʻona kanalida KGES kaskadini qurish,” “Namangan viloyati Pop tumanidagi Ohangaron daryosida Qamchiq KGES qurilishi,” “Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Toʻpolang daryosida Zarchob KGES kaskadini qurish” investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan;
qiymati 149,35 mln AQSH dollari boʻlgan va amalga oshirish muddati 2017 — 2020-yillarga moʻljallangan “Xitoy Xalq Respublikasidan asbob-uskunalar yetkazib bergan holda Tuyaboʻgʻiz suv ombori qoshida kichik GES, Katta Fargʻona kanalida KGES kaskadi, Ohangaron daryosida Qamchiq KGESi, Toʻpalang daryosida Zarchob KGESlari kaskadi qurilishi” yagona investitsiya loyihasining (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazildi.
2. Quyidagilar investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
“Turonbank” ATB tomonidan qayta moliyalashtiriladigan XXR Eksimbankining 58,51 mln AQSH dollari miqdoridagi qarzi, 20 yil muddatga, shu jumladan 5 yil imtiyozli davr bilan, yillik 2,0 foizli stavka bilan, shu jumladan qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,2 foizli marjasi bilan ajratiladi;
“Oʻzbekgidroenergo” AJning 90,84 mln AQSH dollariga teng boʻlgan oʻz mablagʻlari.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekgidroenergo” AJ qarzdan maqsadli foydalanish va investitsiya loyihasini samarali amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan buyurtmachi va ijro etuvchi organ hisoblanadi;
asosiy qarzni qaytarish, foizlar, vositachilik haqi va qarzga xizmat koʻrsatish va moliyalashtirishni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni toʻlash “Oʻzbekgidroenergo” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
“Xitoy Xalq Respublikasidan asbob-uskunalar yetkazib bergan holda Tuyaboʻgʻiz suv ombori qoshida kichik GES, Katta Fargʻona kanalida KGES kaskadi, Ohangaron daryosida Qamchiq KGESi, Toʻpalang daryosida Zarchob KGESlari kaskadi qurilishi” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi, asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1 va 1a-ilovalarga* muvofiq;
koʻrsatib oʻtilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida beriladigan XXR Eksimbanki qarzi boʻyicha asosiy qarzni qaytarish, foizlar va vositachilik haqini toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan
5. “Turonbank” ATB investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun XXR Eksimbanki bilan yakka tartibdagi qarz bitimini va XXR Eksimbanki qarzini qayta moliyalashtirish boʻyicha “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan kredit shartnomasini belgilangan tartibda tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri investitsiya loyihasi boʻyicha “Turonbank” ATB va XXR Eksimbanki oʻrtasida tuzilgan yakka tartibdagi qarz bitimida nazarda tutilgan shaklda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini berishga vakil qilinsin:
“Turonbank” ATBning toʻlov majburiyatlari boʻyicha — XXR Eksimbankiga;
“Turonbank” ATB — XXR Eksimbankining jalb etilayotgan qarzi doirasida “Oʻzbekgidroenergo” AJning toʻlov majburiyatlari boʻyicha.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Turonbank” ATBning XXR Eksimbanki oldidagi majburiyatlari boʻyicha XXR Eksimbanki bilan tuzilgan yakka tartibdagi qarz bitimida nazarda tutilgan shakl boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq XXR Eksimbanki qarzi hisobiga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan tegishli sinov laboratoriyalari mavjud boʻlmagan taqdirda, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida olib kiriladigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va uzellar, materiallar, ehtiyot qismlar, priborlar, asboblar, texnologik hujjatlar majburiy sertifikatlashtirish tartib-taomilidan ozod qilinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda investitsiya loyihasi doirasida qurilish-montaj ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekgidroenergo” AJ buyurtmanomalariga binoan investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekgidroenergo” AJ buyurtmanomalariga binoan investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishi va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda davlat boji toʻlamasdan taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʻzbekgidroenergo” AJning buyurtmanomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlmagan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov va “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A.A. Sanginov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 17-oktabr,
PQ-3335-son