Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 15-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1291-11]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2022-yil 22-avgustdagi 19/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3389, 28.09.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2003-yil 22-sentabrdagi 23/3-son qarori (roʻyxat raqami 1291, 2003-yil 10-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 23-son) bilan tasdiqlangan Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-may,
12/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-son qaroriga
ILOVA
Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Lombardlar faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan rasmiylashtiriladi.”.
2. 91-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“91. Lombard boshqaruv organining rahbari lavozimiga tavsiya etiladigan nomzodga qoʻyilgan talablar:
iqtisodiy oliy maʼlumot;
bank-moliya sohasida ikki yildan kam boʻlmagan ish tajribasiga, shuningdek benuqson ishchanlik obroʻsiga ega boʻlishi kerak.
Bunda, iqtisodiyot sohasidagi yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar benuqson ishchanlik obroʻsiga ega emas deb topiladi.”.
3. 14-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
Yigʻim miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)