O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi (“O‘zdavkinokompaniya”) haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlarini o‘zgartirish va o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 1997-yil 30-yanvardagi 56-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi haqidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-iyul,
316-son
Davlat kinokompaniyasi haqida
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat kinokompaniyasi* respublika hududida faoliyat ko‘rsatuvchi ijodiy-ishlab chiqarish, kino va video ijara tashkilotlari faoliyatiga rahbarlik qiladigan va uni muvofiqlashtiradigan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 9-martdagi Farmoni bilan tashkil etilgan davlat boshqaruv organi hisoblanadi
*Bundan keyingi matnda “O‘zdavkinokompaniya” deb ataladi.
“O‘zdavkinokompaniya” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasi farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi, amaldagi qonunning o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarda to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlaydi.
2. “O‘zdavkinokompaniya”ning asosiy maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:
respublika mustaqilligini yanada mustahkamlashda milliy kinematografiyaning rolini oshirish, qadimiy xalq an’analari, ma’naviy qadriyatlarini tiklash;
“O‘zdavkinokompaniya” tarkibiga kirgan ijodiy ishlab chiqarish, kino va video ijaraga berish tashkilotlari faoliyatiga rahbarlik qilish, uni nazorat etish va muvofiqlashtirishni amalga oshirish; kino-video korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning, qaysi idoraga qarashliligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, repertuarining g‘oyaviy-badiiy saviyasini nazorat qilish;
kino san’atining millatlararo aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma xalqaro ijodiy dasturlarni, qo‘shma korxonalarni yaratish, xalqaro va mintaqaviy kino festivallar, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi kino va video bozorlar uyushtirish, hamkorlikda yaratiladigan filmlarning suratga olish ishlarini muvofiqlashtirish;
“O‘zdavkinokompaniya” tizimiga kiruvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning tashkiliy tuzilmasi va moliya xo‘jalik faoliyatini takomillashtirish yuzasidan me’yoriy hujjatlar qabul qilish uchun takliflar tayyorlash;
respublikaga olib kelingan, namoyish etish va ijaraga berish uchun mo‘ljallangan kino va videofilmlarning ekspert bahosini amalga oshirish va qaysi idoraga bo‘ysunishidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, hamma tashkilotlarning olishi uchun majburiy bo‘lgan Davlat Respublika ijara guvohnoma (DRIG)sini berish;
respublika hududida kino va videofilmlarni ijaraga berish va ulardan texnik jihatdan foydalanish, qoidalarini ishlab chiqish;
3. “O‘zdavkinokompaniya” o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
respublika, shuningdek, uning tashqarisidagi barcha davlat organlari va jamoat tashkilotlarida unga ishonib topshirilgan masalalar bo‘yicha respublika manfaatlarini himoya qiladi;
qo‘shma korxonalar tashkil etish, hamkorlikda filmlar yaratish, xorijiy sheriklar bilan boshqa xil ixtisoslashgan tanlovlar, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish yo‘li bilan xalqaro hamkorlik dasturlarini qabul qiladi va amalga oshiradi;
kinovideomahsulotlar, kinoaudiovideoplyonkalar, boshqa tovarlar va jihozlar ishlab chiqarish, kinovideo mahsulotlarini sotish hisobiga chet el kino tashkilotlari xizmatidan foydalanish uchun texnika sotib olish bo‘yicha eksport-import va ayirboshlash bitimlarini amalga oshiradi, chet el kino va video tashkilotlari vakillarini transport, aloqa, texnika vositalari, tarjimonlar bilan ta’minlaydi va belgilangan tartibda boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda kino va video mahsulotlari uchun narxlarni, xizmat va ijara uchun tariflarni so‘m va chet el valyutasida belgilaydi, shuningdek, u kino va video mahsulotlarining namoyish etilishini va dasturini nazorat qilish huquqiga egadir;
kino va video uchun barcha turdagi asarlarni yaratganlik uchun mualliflik, suratga olish va ijrochilik, shuningdek, ssenariylar va filmlarga muzika yaratganlik uchun mukofotlarni belgilaydi;
badiiy ishlab chiqarish, san’atkorlik va badiiy xodimlarning tarif tartibini belgilaydi;
barcha toifadagi xizmatchilarni rag‘batlantiruvchi ustamalar, qo‘shimcha ish haqi, mukofot va boshqa turdagi to‘lovlarning miqdorini aniqlaydi;
xalqimizning milliy-ma’naviy va madaniy merosining bir bo‘lagi sifatida kino va video mahsulotlar fondini tanlash, tartibga solish va saqlash bo‘yicha davlat funksiyasini amalga oshiradi;
mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalarga, tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq kino va video ishlab chiqarish faoliyati, kino va video ko‘rsatuvlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi maxsus ruxsatnoma (litsenziya)lar beradi;
respublikadagi barcha vazirliklar, idoralar va tashkilotlar uchun majburiy bo‘lgan kinoteatrlar va kino-videoqurilmalardan foydalanishning texnik normalari va qoidalariga, shuningdek,video va film nusxalaridan texnik foydalanish qoidalariga qanday rioya etilayotganligini nazorat qiladi.
Kino-videofilmlar ijarasi uchun belgilangan tariflar me’yori, kinoteatrlarga va boshqa kino-videoqurilmalarga kirish chiptalarining bahosi me’yorining to‘g‘ri qo‘llanilishini nazorat qiladi, qaysi idoraga bo‘ysunishidan qat’i nazar, kinoteatrlar va kino-videoqurilmalarning razryadlarga o‘tkazilishining to‘g‘riligini tekshiradi;
respublikadagi kino-video tizimi obyektlariga, shuningdek, respublikaning boshqa idoralariga ularning buyurtmalariga ko‘ra kino-video texnologiyasi uskunalari va ishda foydalanadigan kinomateriallarni sotib olishda vositachilik xizmati ko‘rsatadi;
kinomotografiya sohasidagi xodimlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tarbiyalash va ularning malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradi.
tizimning moliyaviy faoliyatiga rahbarlik qiladi, yig‘ma hisob-kitoblar va balanslarni tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda reklama-noshirlik faoliyatini amalga oshiradi.
4. “O‘zdavkinokompaniya” respublika hududida va uning tashqarisida yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan korxonalar, tashkilotlar va vakolatxonalarni tuzish ular haqidagi nizomlarni tasdiqlash, shuningdek, belgilangan tartibda MDH respublikalarida va chet elda kino va video mahsulotlarini sotish va xarid qilishda o‘z vakiliga ega bo‘lish, birja a’mollarida ishtirok etish huquqiga egadir.
5. “O‘zdavkinokompaniya”ga tashqi iqtisodiy faoliyatni mustaqil ravishda olib borish huquqi beriladi. “O‘zdavkinokompaniya”tashqi iqtisodiy faoliyatning ruxsat berilgan turlarini amalga oshirish uchun zarur ruxsatnomani O‘zbekiston Respublikasining “Tashqi iqtisodiy faoliyat haqida”gi Qonuni bilan belgilangan tartibda oladi. O‘z valyuta mablag‘lari, bankning valyuta kreditlari, shuningdek, boshqa mablag‘lar hisobiga import bo‘yicha jihozlar, xomashyo, kino, video va audiofilmlar sotib olishi va sotishi mumkin.
6. “O‘zdavkinokompaniya”ning huquq doirasiga kiruvchi va o‘zining manfaatlariga daxldor masalalar davlat organlari va xo‘jalik tashkilotlari tomonidan “O‘zdavkinokompaniya” ishtirokida hal etiladi.
7. “O‘zdavkinokompaniya”ning markaziy apparatini moliyaviy ta’minlash respublika budjeti hisobidan, kinolashtirish va kinofilmlarni ijaraga beruvchi hududiy boshqarmalar esa mahalliy budjet hisobidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, moliyaviy ta’minlash manbalari quyidagilar ham bo‘lishi mumkin:
tashkilotlar, muassasalar va xususiy shaxslarning pulli va moddiy ulushlari;
tijorat faoliyatidan olingan daromadlar;
banklarning kreditlari va boshqa kreditlar;
respublika qonunlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. “O‘zdavkinokompaniya”ga Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan Rais boshchilik qiladi.
“O‘zdavkinokompaniya” raisining o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalar “O‘zdavkinokompaniya” raisi tomonidan taqsimlanadi.
“O‘zdavkinokompaniya” raisi:
“O‘zdavkinokompaniya”ga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, rais o‘rinbosarlarining, boshqarmalar, bo‘limlar va “O‘zdavkinokompaniya”ning boshqa bo‘linmalari rahbarlarining javobgarlik darajasini belgilaydi;
“O‘zdavkinokompaniya” o‘z huquq doirasida va amaldagi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari asosida buyruqlar, farmoyishlar va yo‘riqnomalar chiqaradi, kino va video tarmoqlari, kino va video ijara idoralari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun, ularning qaysi idoraga qarashligi, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi;
zarurat bo‘lgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda qo‘shma qarorlar, yo‘riqnomalar chiqaradi;
o‘ziga qarashli korxonalar va tashkilotlarning nizomlari va ustavlarini tasdiqlaydi.
9. “O‘zdavkinokompaniya” raisi va lavozimlari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari, shuningdek, “O‘zdavkinokompaniya”ning boshqa rahbar xodimlari, respublikaning ijodiy ziyolilaridan iborat tarkibda boshqaruvga ega bo‘ladi. “O‘zdavkinokompaniya” raisi boshqaruv raisi hisoblanadi. Boshqaruv a’zolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqaruv o‘zining muntazam ravishda o‘tkaziladigan majlislarida milliy kinematografiyani yanada rivojlantirishning, tashkilotlar, korxonalar va ijara iqtisodiyotni yaxshilashning muhim masalalarini, yagona dasturiy va texnik siyosatni olib borishni ko‘rib chiqadi, o‘ziga qarashli bo‘linmalarga amaliy rahbarlik qilish, ijroni tekshirish, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish masalalarini, muhim buyruqlar va yo‘riqnomalarning loyihalarini muhokama qiladi.
10. “O‘zdavkinokompaniya”ning markaziy apparati tuzilmasi va xodimlarning soni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Kinolashtirish va kinoni ijaraga berish idoralarining viloyat boshqarmalari tuzilmasi va xodimlarining soni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda “O‘zdavkinokompaniya” tomonidan tasdiqlanadi. “O‘zdavkinokompaniya” tuzilmasini, shtatlarni mustaqil ravishda aniqlaydi va tasdiqlaydi hamda belgilangan mehnat haqi fondi doirasida turli toifadagi xodimlarga nisbatan cheklanmagan holda tarmoq xodimlari sonini tasdiqlaydi.
“O‘zdavkinokompaniya”, uning korxonalari va tashkilotlari ijodiy, ijrochilik, texnik xodimlar va boshqa bo‘g‘inlarning rahbarlari bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarni amaldagi qonunlarga va mazkur Nizomga muvofiq shartnoma asosida tashkil etadilar.
12. “O‘zdavkinokompaniya” banklarda hisob-kitob va boshqa schyotlarga ega bo‘ladi, shuningdek, qonun bilan nazarda tutilgan hollarda va tartibda valyuta schyotlarini ochishi mumkin.
13. “O‘zdavkinokompaniya” O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi o‘zbek tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.