O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TURKIYA RESPUBLIKASI TOMONIDAN AJRATILGAN KREDITLARDAN FOYDALANISH VA XIZMAT KO‘RSATISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi rahbarlari o‘rtasidagi ahdlashuvni rivojlantira borib, Turkiyadan qarzga 2 mln. tonna don, 250 ming tonna qand-shakar, uch yil davomida qaytarish sharti bilan umumiy summasi 595 mln. AQSH dollari hisobida dori-darmonlar, xalq iste’moli mollari hamda boshqa tovarlarni xarid qilish haqida bitimlar tuzildi.
Turkiya Respublikasi tomonidan ajratilgan kreditlardan samarali foydalanish va ularni o‘z vaqtida qaytarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, don va qand-shakar xarid qilishga shartnomalar Turkiya Hukumati, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan ajratilgan kredit hisobiga, tovarlar xarid qilishga 250 mln. AQSH dollari yuzasidan kredit bitimi esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Turkekzimbank tomonidan tuzilgan.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Turkiya Hukumati tomonidan don va qand-shakar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma bitimlari shartlari tasdiqlangandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda qisqa muddat ichida ana shu kreditni rasmiylashtirish ishlarini nihoyasiga yetkazsin hamda qand-shakar va donni O‘zbekistonga tezroq yubora boshlash yuzasidan hamma tashkiliy masalalarni hal etsin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi 1992-yilning 1-avgustiga qadar Turkekzimbank ajratgan kreditlar hisobiga tovarlarni yetkazib berishga Turkiya firmalari bilan tegishli shartnomalar tuzsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi zimmasiga Turkiya Respublikasidan kreditlar bo‘yicha yetkazib beriladigan tovarlar importi bo‘yicha barcha manfaatdor vazirliklar va idoralarning ishlarini muvofiqlashtirish yuklatilsin.
3. Kreditlar hisobiga import qilinadigan tovarlar ro‘yxati ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, O‘rta Osiyo temir yo‘l boshqarmasi, Avtomobil transporti vazirligi tuzilgan shartnomalar bo‘yicha barcha import yuklarni O‘zbekiston hududidagi tegishli stansiyalarga tashishni ta’minlasinlar.
5. Birinchi navbatdagi to‘lovlarni amalga oshirish uchun 1992-yilning iyul-avgust oylarida import qilinadigan tovarlarni sug‘urta qilish va ortish-tushirish, Anqara shahrida savdo vakolatxonasini va Istambul shahrida uning filialini tashkil etish, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining hamda manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislarini yuborish yuzasidan birinchi navbatdagi to‘lovlarni amalga oshirish uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga Vazirlar Mahkamasining valyuta fondidan 8 mln. AQSH dollari ajratilsin.
Import qilinadigan tovarlarni ortish-tushirish va sug‘urta qilish bilan bog‘liq bo‘lgan bundan keyingi valyuta xarajatlarini qoplash maqsadida 1992-yilning oxiriga qadar 25 ming tonna paxta tolasi ajratilib, uni har oyda babbaravar taqsimlab borilsin va 1993-yilning birinchi choragida 20 ming tonna paxta tolasi ajratilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi ana shu ko‘rsatilgan paxta tolasi miqdorini “O‘zbek-trey-ding-Shtaxel Xardmayer” — Shveysariya paxta kompaniyasi orqali (tarkib topgan jahon narxlari bo‘yicha) avans to‘lovlari shartlari asosida amalga oshirsin.
6. Vazirliklar va idoralar — ilovaga muvofiq tovar oluvchilar import qilinadigan tovarlarni ortish-tushirish va sug‘urta qilish bilan bog‘liq bo‘lgan hamma xarajatlarni (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ichida yuk ortish-tushirish haqi, transport xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan eksport tovarlar haqi, shuningdek ularni tashish, dekloratsiyalash, bojxona tartib-qoidalari) va banklardagi hisob-kitoblar bo‘yicha xarajatlarni so‘m hisobida to‘lasinlar.
7. 1992-yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil uchun eksport-import rejasini shakllantirayotganda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi buyurtmalariga muvofiq 1993-1994-yillarda ular bo‘yicha kreditlar va protsentlarni qoplashni ta’minlash uchun 247,7 mln. AQSH dollari hajmida zarur eksport resurslarining zarur miqdori ajratilsin.
8. Keyinchalik, O‘zbekiston Respublikasining eksport-import rejalari shakllantirilayotganda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining taklifi bo‘yicha kreditlarni va ular bo‘yicha protsentlarni qoplash uchun 1994-1995-yillarda 235,5 mln. AQSH dollari va 1995-1996-yillarda 176,8 mln. AQSH dollari hajmida tegishli eksport resurslari ajratish nazarda tutilsin.
9. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi kreditlar va ular bo‘yicha protsentlarni qoplash uchun ajratilgan tovarlar va mahsulotlarni eksport qilishni hamda valyuta mablag‘larining o‘z vaqtida tushishini ta’minlasin.
10. Belgilab qo‘yilsinki, eksport qilinadigan tovarlar va ularni ortish-tushirish, dekloratsiyalash va bojxona tartib-qoidalari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar qiymatini qoplashga so‘m xarajatlarini to‘lovchilar import tovarlarni oluvchi vazirliklar va idoralardir. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Bojxona qo‘mitasi ikki hafta muddat ichida ko‘rsatilgan kredit bitimlari doirasida import va eksport qilinadigan tovarlar narxini va haqini belgilash tartibini o‘rnatsinlar.
11. Kreditdan foydalanish masalalarini tezkorlik bilan hal etish hamda uni qaytarish va barcha to‘lovlarni muvofiqlashtirish, to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni tashkil etishni va barcha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
kreditlarni va ular bo‘yicha protsentlarni kredit bitimlari va qarz majburiyatlarida nazarda tutilgan muddatlarda o‘zlashtirish, to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni tashkil etishni va barcha operatsiyalarni bajarishni tashkil etsin;
quyidagi tegishli schyotlarni ochsin:
Turkiya tijorat banklari va Turkekzimbank bilan asosiy qarz bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblar uchun — protsentlar bo‘yicha;
eksportchilar bilan (har bir vazirlik — import qiluvchi bo‘yicha subschyotlar bilan) hisob-kitob qilish uchun maxsus so‘m schyoti va 250 mln. dollar hisobida kredit bitimiga xizmat ko‘rsatish uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining valyuta schyoti;
bug‘doy va qand-shakar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi uchun maxsus so‘m va valyuta schyotlari.
12. Import qiluvchi vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar har bir import partiyasi olingan kundan boshlab 2 oy davomida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi o‘zlarining maxsus so‘m schyotiga va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi schyotiga eksport tovarlarning ekvivalent miqdori haqini to‘lash mablag‘larini o‘tkazishni ta’minlasinlar.
Zarur bo‘lgan hollarda O‘zbekiston davlat banki import qiluvchi vazirliklar va idoralarning asoslangan buyurtmalari bo‘yicha zarur kreditlar ajratsin.
13. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi:
1992-yil 12-iyulga qadar Turkiya Respublikasiga import tovarlarni tanlash, Turkiyaning eksport qiluvchi firmalari, transport firmalari bilan shartnomalar tuzish hamda kreditlar hisobiga yetkazib beriladigan tovarlarni o‘z vaqtida yuklab yuborishni ta’minlash uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va manfaatdor vazirliklarning mutaxassislarini yuborsin;
1992-yilning iyul oyi ichida O‘zbekiston Respublikasining Anqara shahridagi savdo vakolatxonasini va Istambul shahrida uning filialini ochsin.
14. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mazkur qarorni amalga oshirish doirasida valyuta ajratmalaridan, bojxona to‘lovlaridan va budjetga soliqlardan ozod etilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 1992-yilning 1-sentabriga qadar Turkekzimbank tomonidan ajratilgan 50 mln. AQSH dollaridan foydalanish to‘g‘risida takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O‘zbekistonga Turkiya Respublikasidan qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarni davom ettirsin.
17. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mazkur qarorning bajarilishi haqida har oyda Vazirlar Mahkamasini xabardor qilib tursinlar.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari o‘rtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-iyul,
315-son