Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 11-iyuldagi PQ-4391-son qaroriga muvofiq, shuningdek, oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish, taʼlim jarayonini oʻquv-metodik taʼminlash hamda oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tadqiqotlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi PQ-4391-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oliy taʼlim muassasalari faoliyatida ilgʻor pedagogik texnologiyalar va innovatsion oʻqitish usullaridan keng foydalanish asosida oʻquv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, shuningdek, taʼlim jarayoni sifatini izchil oshirib borish, oʻqitishning samarali shakllari va usullari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga koʻmaklashish;
oliy taʼlim muassasalarining respublika hamda xalqaro reytingini oshirib borish choralarini koʻrish, ularga texnologik jihatdan yuqori darajada jihozlangan texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi markazlari, startap loyihalari hamda akseleratorlarni tashkil etishga metodik koʻmaklashish;
oliy taʼlim muassasalarida tegishli tarmoq, soha va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zarur kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari va koʻrsatkichlarini tahlil qilish va prognozlashtirish;
masofadan oʻqitish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish imkoniyati mavjud boʻlgan taʼlim shakllarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
oliy taʼlim tizimi faoliyatini ilmiy-metodik taʼminlash, sohaga oid ilgʻor xorijiy tajriba asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
taʼlim dasturlariga kiradigan barcha fanlar boʻyicha yangi avlod oʻquv adabiyotlarini tahlil qilish, tayyorlash, ularni davlat xizmati asosida ekspertizadan oʻtkazish hamda nashr etishni tashkil qilish;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-avgustdagi 530-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 09/25/530/0768-son)
oliy taʼlim sohasidagi huqukiy va metodik hujjatlar hamda davlat namunasidagi qatʼiy nazoratdagi hujjatlar hisobini yuritish, elektron bazani shakllantirish va ular bilan oliy taʼlim muassasalarini taʼminlash;
oliy taʼlim tizimining davlat taʼlim standartlari, malaka talablarini, talabalar mustaqil taʼlimi boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni uzluksizligini metodik jihatdan taʼminlash;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashning hukuqiy va metodik asoslarini oʻrganish, ushbu sohadagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
idoraviy boʻysunuvi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, respublika oliy taʼlim muassasalarining raqobatdoshligini oshirish choralarini koʻrish;
oliy taʼlim muassasalarining ilmiy-tadkiqot muassasalari, potensial ish beruvchilar talablari bilan integratsiyalashuvi jarayonlarini tashkil ztish boʻyicha tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish.
3. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari va ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
respublika ilmiy-tadqiqot loyiha grantlari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda oliy taʼlim muassasalariga quyidagilar boʻyicha shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish huquqi berilsin:
oliy taʼlim tizimiga tegishli qatʼiy nazoratdagi, davlat namunasidagi hujjatlarni nashrga tayyorlash va ular bilan oliy taʼlim muassasalarini taʼminlash;
zamonaviy muqobil elektron va virtual oʻquv hamda laboratoriya vositalarini yaratish, ekspertizadan oʻtkazish, tavsiyalar ishlab chiqish;
STEAM taʼlim texnologiyalarini joriy etishda faol ishtirok etish;
respublika va xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etish hamda taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishda oliy taʼlim muassasalariga metodik koʻmaklashish;
idoraviy boʻysunuvi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, oliy taʼlim muassasalariga oʻquv-metodik hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha metodik yordam koʻrsatish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqikotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda Markazni zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalar, yuklatilgan vazifalar ijrosini professional darajada taʼminlash qobiliyatiga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirsin.
6. 2020-yil 1-maydan boshlab mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Markaz direktori oliy taʼlim muassasasi rektoriga, direktor maslahatchisi va direktor oʻrinbosarlari — oliy taʼlim muassasasi prorektoriga, boshqarma va boʻlim boshliqlari — fakultet dekaniga, bosh mutaxassis — katta oʻqituvchiga, yetakchi mutaxassis — oʻqituvchiga tenglashtirilsin.
7. Toshkent shahar, Olmazor tumani, Shifonur koʻchasi, Talabalar shaharchasi, 75-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar tegishli hududi bilan birgalikda Markazga operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Markaz binosini taʼmirlash hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini xarid qilish uchun zarur mablagʻlarni 2020-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaz buyurtmasi asosida belgilangan tartibda uni yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga ulashni hamda zarur telefon aloqasi bilan taʼminlasin.
10. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2021-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Markazga 3 ta, shu jumladan, 2 ta yengil va 1 ta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari kabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibitiyaga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 10-fevral,
75-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-fevraldagi 75-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 51 nafar.
Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2020-y., 09/20/75/0144-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 22.08.2025-y., 09/25/530/0768-son)