Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Notarial palatasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoni bilan barcha notarial idoralar notariuslarining aʼzoligiga asoslangan Oʻzbekiston Notarial palatasi (keyingi oʻrinlarda Notarial palata deb ataladi) tashkil etilishi hamda uning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilanganligi;
b) “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunining 224 va 226-moddalariga muvofiq:
Notarial palata:
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi barcha notariuslarning aʼzoligiga asoslangan notijorat tashkiloti hisoblanishi, bunda davlat notarial idorasi notariusi ixtiyoriylik asosida ushbu palata aʼzosi boʻlishi mumkinligi;
Oldingi tahrirga qarang.
notariuslarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashmaslik prinsipi asosida ish yuritishi;
(1-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda notariatning yagona oʻzini oʻzi boshqarish tizimini tashkil etishi;
Notarial palataning ilova qilinayotgan tashkiliy tuzilmasiga muvofiq Konferensiya ushbu palataning yuqori organi, Boshqaruv — ijro etuvchi organi, Taftish komissiyasi — moliyaviy nazorat organi hisoblanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
Notarial palata konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan kirish va aʼzolik badallari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishi;
(1-band “b” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Notarial palataning raisi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Notarial palataning konferensiyasi tomonidan ushbu konferensiya saylagan Notarial palata boshqaruvi aʼzolari orasidan besh yil muddatga saylanishi;
v) Notarial palataning taʼsis Konferensiyasi oʻtkazilganligi, unda Notarial palata taʼsis etilganligi, uning ustavi tasdiqlanganligi, Boshqaruv aʼzolari, shu jumladan Notarial palataning raisi saylanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
a) ikki hafta muddatda Notarial palataning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
b) Notarial palata va uning hududiy boshqarmalarini tegishli adliya organlarining binolariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralarini koʻrsin;
v) Notarial palata va uning hududiy boshqarmalari moddiy-texnik bazasini shakllantirish, shu jumladan kompyuter va nusxa koʻchirish texnikasi, aloqa vositalari, mebel hamda Notarial palataning markaziy apparatiga 2 ta yengil xizmat avtotransport vositalari sotib olish uchun mablagʻlarni:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat institutini yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2010-yil 5-maydagi PF-4216-son Farmonini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2010-yil 2-iyundagi 104-son qarorining 2-bandiga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat bojining;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida nizomning 10-bandi oʻninchi kichik bandiga muvofiq undiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlarni amalga oshirganlik uchun haqning — hududiy adliya organlari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadigan mablagʻlari hisobidan ajratsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Notarial palatani zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-yanvar,
54-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 54-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Notarial palatasining
TAShKILIY TUZILMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2020-y., 09/20/54/0102-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)