Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 20-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3127-3]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 14-iyuldagi 32-sonli “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3380, 15.08.2022-y.) asosanoʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 2-sentabrdagi PQ-3926-son “Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019-yil 21-yanvardagi 16-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3127, 2019-yil 22-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2019-y., 10/19/3127/2525-son) bilan tasdiqlangan Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2019-yil 6-dekabr,
172-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2019-yil 6-dekabrdagi 172-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 71-band bilan toʻldirilsin:
“71. Oʻzbekiston Respublikasi hududida kripto-birja savdolarni amalga oshirish tartibi mazkur Nizomning 1a-ilovasiga muvofiq Kripto-birja savdolarini amalga oshirish qoidalariga asosan belgilanadi.”.
2. 1-ilovaning 5-bosqich “Litsenziya berish haqida qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma olingan kundan eʼtiboran 30 kundan” blokidagi “30 kundan” degan soʻzlar “uch oydan kechiktirmay” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirdagi 1a-ilova bilan toʻldirilsin.
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga
ILOVA
ILOVA
“Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1a-ILOVA
1a-ILOVA
Kripto-birja savdolarini amalga oshirish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Vakolatli organdan kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan yuridik shaxs mazkur faoliyatni ushbu Qoidalar hamda maxsus normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshirish majburiyatini oʻziga oladi.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
blokcheyn — barcha maʼlumotlar ketma-ket qayd qilinadigan va bloklar boʻyicha joylashtiriladigan taqsimlangan maʼlumotlar reyestri, bunda har bir yangi blok oldingi blokka kriptografik imzo orqali bogʻlanadi;
mijozlar — kripto-birja bilan bitim (operatsiya)larni tuzadigan uning kontragentlari, jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan chet el shaxslari,
kliring — kripto-birja mijozlarining oʻzaro majburiyatlarini belgilash, aniqlashtirish va hisobga olishga doir operatsiyalar majmuasi, shuningdek ular oʻrtasida amalga oshiriladigan oʻzaro hisob-kitoblar;
kotirovkalash varagʻi — kripto-birja tomonidan belgilangan mezonlarga mos keladigan hamda savdo tizimida kripto-aktiv va tokenlar savdolariga ruxsat etilgan kripto-aktiv va tokenlar roʻyxati;
kripto-aktiv — qiymatga ega va egasi boʻlgan blokcheyndagi qaydlar majmuasi;
kripto-birja — kripto-aktiv va tokenlarni ayirboshlash, sotib olish va sotish uchun elektron maydoncha taqdim etadigan tashkilot;
hisob-kitob-kliring palatasi (bundan buyon matnda HKKPdeb yuritiladi) — kliring elektron tizimi orqali kripto-birja bitimlari boʻyicha kliring, hisob-kitob va oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishni taʼminlovchi kripto-birjaning tarkibiy boʻlinmasi;
HKKP ikkilamchi hisobvaragʻi — kripto-birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablagʻlarini saqlash hamda bitimlar boʻyicha hisob-kitoblar oʻtkazish uchun ochilgan kripto-birjaning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisobvaraqlari;
foydalanuvchining individual raqami (bundan buyon matnda FIR deb yuritiladi) — kliring ishtirokchisiga beriladigan maxsus xos raqam;
virtual hisobvaraq — kripto-birja HKKPda kliring boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun ochilgan maxsus hisobvaragʻ;
token — raqamli dunyoda “qimmatli qogʻozlarning oʻrnini bosuvchi” vazifasini bajaruvchi raqamli balansni koʻrsatish uchun moʻljallangan, blokcheynda taqsimlangan registrda yozuv hisoblanuvchi hisob birligi. Token faoliyatiga moliyaviy mablagʻlar va investitsiyalarni jalb qilish uchun yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor (emitent) tomonidan chiqariladi;
steyblkoin — qiymati yuridik shaxs aktiviga bogʻlangan kripto-aktiv;
kripto-hamyon — kripto-aktiv va tokenlarni saqlashga hamda egasiga ular bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beruvchi dasturiy yoki dasturiy-texnik vositasi;
kliring ishtirokchisi — aksept yoʻllagan va mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda HKKPda roʻyxatdan oʻtgan kripto-birja mijozi;
savdolar ishtiroklari — kripto-birja tomonidan kripto-aktiv va tokenlar savdolarida qatnashishga ruxsat etilgan mijozlar;
kripto-aktiv va tokenlar savdolari — kripto-birja elektron maydonchasida kripto-aktiv va tokenlarni xorijiy valyutaga oldi-sotdi yoki bir turdagi kripto-aktiv va tokenlarni boshqa turdagi kripto-aktiv va tokenlarga almashtirish bitimlarni tuzish jarayoni;
kripto-birja elektron maydonchasi — quyidagilar amalga oshiriladigan axborot tizimi:
kripto-aktiv va tokenlar savdolarida qatnashish uchun talabnomalarni qabul qilish, nazorat qilish va roʻyxatdan oʻtkazish;
kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish uchun talabnomalarni qabul qilish, nazorat qilish va roʻyxatdan oʻtkazish;
kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish haqidagi bitimlarni tuzish;
kripto-aktiv va tokenlarga narxlarni beglilash;
kripto-aktiv va tokenlar bilan bitimlar tuzilishi natijasida tomonlarning majburiyat va talablarini belgilash, shuningdek ushbu bitimlarning ijrosini taʼminlash;
kripto-aktiv va tokenlar bilan bitimlar tuzilishi natijasi boʻyicha hisobot hujjatlarini tayyorlash va shakllantirish;
kripto-aktiv va tokenlar bilan bitimlarni tuzish va ijrosi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni saqlash, qayta ishlash va oshkor qilish;
savdolar ishtirokchilari uchun zarur boʻlgan boshqa vazifalar;
kripto-aktiv va tokenlar haqida insayder axborot — kripto-aktiv va tokenlar, ularni yaratgan va joylashtirgan shaxslar, kripto-aktiv va tokenlar bilan tuzilgan bitimlar haqidagi ommaviy boʻlmagan hamda unga ega boʻlgan shaxslarni boshqa mijozlarga nisbatan afzal holatga qoʻyadigan axborot;
kripto-aktiv va tokenlar narxlari bilan hiyla-nayrang ishlatish — kripto-aktiv va tokenlarningnarxlarini amaldagi bozor sharoitlariga nisbatan sunʼiy ravishda koʻtarish yoki pasaytirish maqsadida kripto-aktiv va tokenlarga talab va (yoki) taklif, kripto-aktiv va tokenlarning bozor narxlari yoki savdo hajmlariga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan haraqatlarning amalga oshirilishi;
kripto-birja benefitsiar mulkdori — kripto-birjaning egasi boʻlgan yoki ushbu kripto-birjaga bevosita yoxud bilvosita (uchinchi shaxslar orqali) majburiy boʻlgan koʻrsatmalarni berishga haqli yoki imkoniyati mavjud boʻlgan, kripto-birja tomonidan qaror qilinishiga taʼsir qilish yoki boshqa yoʻl bilan uning harakatlarini nazorat qiluvchi jismoniy shaxs;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi.
3. Kripto-birja:
kripto-birjaning hamda mijozlarning kripto-birjadagi pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlarining alohida hisobi yuritilishi va saqlanishini taʼminlashga majbur. Ikki va undan ortiq mijozlarning pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlarining qoʻshma hisobi yuritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
har kun yakuni boʻyicha mijozlar tomonidan amalga oshirilgan bitimlar (operatsiyalar) haqida barcha maʼlumotlarning zaxira uchun nusxasini qilishga;
mazkur Qoidalar talablariga muvofiq mijozlarning kripto-aktiv va tokenlar savdolariga buyurtmalarini ularni bajarish imkoni mavjud boʻlganda, shu jumladan kripto-birja elektron maydonchasida qarshi buyurtmalar mavjud boʻlganda ijrosini taʼminlashga;
kripto-birja ishchilari va ular tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida bevosita kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan shaxslar tomonidan kripto-birja faoliyatini tartibga soluvchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlari va kripto-birja tomonidan tasdiqlanadigan kripto-birja savdosining qoidalarini (bundan buyon matnda lokal hujjat deb yuritiladi) bilish darajasi oshirilishini doimiy taʼminlashga;
kripto-birjaga mijozlar tomonidan kripto-birjadagi pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlarni qaytarish (oʻtkazish) haqidagi beriladigan koʻrsatmalarni, shuningdek zarur boʻlganda mijozlarning boshqa koʻrsatma va harakatlari tasdiqlanishini amalga oshirilishini taʼminlashga;
oʻzlarining elektron savdo maydonchalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishda savdolar ishtirokchilariga ularni majburiy identifikatsiyadan oʻtkazish mexanizmini joriy etgandan keyin ruxsat berishga;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablarni bajarishga majbur.
4. Kripto-birja qonun hujjatlari va mazkur Qoidalarning buzilganligini aniqlash maqsadida kripto-aktiv va tokenlar bilan bitimlar ustidan nazorat qilishga majbur. Kripto-birja tomonidan shunday buzilishlar aniqlanganda ularni toʻxtatish hamda kelgusida qaytarilmasligi boʻyicha choralar koʻrilishi lozim.
Kripto-birja tomonidan aniqlangan qonun hujjatlari va mazkur Qoidalar buzilishining har bir fakti haqidagi axborot ushbu fakt aniqlangan sanadan boshlab kamida besh yil davomida saqlanishi lozim. Vakolatli organning soʻrovnomalari boʻyicha kripto-birja soʻrovnomani olgan kundan besh ish kunidan kechiktirmasdan vakolatli organga qonun hujjatlarining buzilish fakti haqidagi axborotni taqdim etishi lozim.
Jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, kripto-birja darhol vakolatli organ va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonun hujjatlariga muvofiq yozma ravishda xabar berishga majbur.
5. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari kripto-birjada faqat kripto-aktiv va tokenlarni sotishga doir bitimlarni tuzishga haqli.
6. Amalga oshirilayotgan bitim (operatsiya)larni anonim xususiyatga ega boʻlgan kripto-aktivlar va tokenlar bilan kripto-birjada amalga oshirish taqiqlanadi.
7. Kripto-aktivlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov yoki toʻlovni qabul qilish vositasi sifatida qoʻllanilishi mumkin emas.
8. Kripto-birja bitimlari boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni oʻtkazishga kripto-birja elektron maydonchasida amalga oshirilgan kripto-aktiv va tokenlar savdolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asos boʻladi.
2-bob. Mijozlar bilan munosabatlarni oʻrnatish tartibi
9. Kripto-birja mijozlar bilan munosabatlarni shartnoma asosida oʻrnatadi.
Shartnomada qoʻyidagilar nazarda tutilishi lozim:
mazkur Qoidalarning 4-bandiga muvofiq maʼlumotlarni vakolatli organga yuborilishi;
mijozlar bilan muzokaralarning audio- yoki videoyozuvi ularning roziligi bilan olib borilishi, shu jumladan yozishmalarning yozib borilishi hamda ushbu maʼlumotlarning kamida besh yil davomida saqlanishi;
mazkur Qoidalarning 5-bandida nazarda tutilgan talab;
mazkur Qoidalar va qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa talablar.
10. Mijoz bilan munosabatlarni oʻrnatish uchun kripto-birja qoʻyidagi maʼlumotlarni soʻrab oladi:
jismoniy shaxsdan — shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjat) va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
yakka tartibdagi tadbirkordan — shaxsini tasdiqlovchi (pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjat) va davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi hujjatlar nusxasi;
yuridik shaxsdan — davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi hujjat nusxasi, joylashgan joyi, rahbariyati hamda taʼsis hujjatlaridagi maʼlumotlar;
mijoz bilan aloqa oʻrnatish uchun kontakt maʼlumotlar (elektron pochta manzili va kerak boʻlganda boshqa kontakt maʼlumotlar);
qonun hujjatlari, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa maʼlumotlar.
11. Qoʻyidagilar bilan kripto-birja munosabat oʻrnatishga haqli emas:
18 yoshga toʻlmagan jismoniy shaxslar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlariga asosan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarning roʻyxatiga kiritilgan shaxslar.
12. Kripto-birja va uning mijozi orasida munosabat oʻrnatilganda mijozga kripto-birja elektron maydonchasida mijoz, uning kripto-birjada saqlanayotgan pul mablagʻlari hamda kripto-aktivlari va tokenlari xaqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladigan hisobga olish yozuvi (akkaunt) yaratiladi.
Bir mijozga ikki va undan ortiq hisobga olish yozuv (akkaunt)larni ochishga ruxsat berilmaydi.
13. Qonun hujjatlari yoki mazkur Qoidalarga zid boʻlmaganda, kripto-birja oʻz nomi va hisobidan kripto-aktiv va tokenlar savdolarni amalga oshirish uchun har qanday mizojga kripto-aktiv va tokenlar savdosi ishtirokchisi maqomini taqdim etishga (kripto-aktiv va tokenlar savdosiga ruxsat etish) haqli.
3-bob. Mijozlarni xabardor qilish va reklama talablari
14. Kripto-birja kripto-aktiv, tokenlar hamda oʻz faoliyatini reklama qilishida qonun hujjatlari va mazkur Qoidalardagi talablarga rioya etishi va ularni amalga oshirishi shart.
15. Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida (shu jumladan uchinchi shaxslarni jalb qilgan holda) joylashtirilayotgan (tarqatilayotgan) kripto-aktiv, tokenlar hamda kripto-birja faoliyati haqidagi reklama qoʻyidagi talablarga mos kelishi shart:
kripto-aktiv va tokenlar toʻlov va toʻlovni qabul qilish vositasi emasligi, davlat tomonidan taʼminlanmaganligi hamda kripto-aktiv va tokenlarning sotib olinishi pul mablagʻlari, ularning evaziga almashtirilgan boshqa fuqarolik huquqi obyektlari butunlay yuqotilishi mumkinligi, shu jumladan kripto-aktiv va tokenlarning narxlari oʻzgaruvchanligi natijasida, texnik nosozlik (xato)lar, qonunga xilof harakatlar, shu jumladan talon-torojliklar sodir etilishi haqidagi tavakkalchiliklarga kripto-aktiv va tokenlar savdolarida ishtirok etganda uchrash mumkinligi toʻgʻrisidagi ogohlantiruv reklamada joylashtirilishi shart;
oʻz ichida oferta mavjud boʻlgan reklamada shartnoma tuzishga oid barcha talablar hamda mazkur ofertani aksept qilishga qaratilgan barcha harakatlar yoritilishi shart;
reklama haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda agarda reklamada boʻlib oʻtgan, modellashtirilgan va kelajakda boʻlishi mumkin boʻlgan koʻrsatkichlar yoritilsa, ushbu reklama isteʼmolchilarga mazkur koʻrsatkichlarning aniq manosi tushuntirilishi hamda ular asosida qilingan xulosa ehtimolli ekanligi toʻgʻrisida tushuntirishi shart.
16. Qoʻyidagilar kripto-aktiv va tokenlar reklamasida tarkib topmagan boʻlishi shart:
kripto-aktiv va tokenlardan foydalanilishi bilan bogʻliq faoliyatning samaradorligi (daromadi) haqida vaʼdasi yoki kafolati, bundan auditorlik tashkilotining ushbu faoliyatning samaradorligini (daromadi) oʻtgan davr uchun tasdiqlovchi maʼlumotlarini reklamada yoritilishi bundan mustasno;
serhasham, bonus va chegirma haqidagi maʼlumotlar;
kripto-aktiv va tokenlar bilan bitimlarni tuzish boyishning yengil usuli ekanligi haqidagi maʼlumotlar;
kripto-aktiv va tokenlarni ishlatish bilan bogʻliq faoliyatning oʻrni professional yoki shaxsiy yutuqlarga erishishda muhimligi haqidagi maʼlumotlar;
voyaga yetmagan shaxslarning obrazlari;
kripto-aktiv va tokenlardan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatda qatnashmaslikni qoralovchi bildirishlar.
17. Kripto-birja jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan mijozlarga qoʻyidagi maʼlumotlarni yetkazishga majbur:
mijoz bilan munosabat oʻrnatish shartlari, shu jumladan tegishli shartnoma matni (bunda kripto-birja mijozga kripto-birjaga toʻlanayotgan mukofotning undirish shakli, miqdori va tartibini tushuntirishi lozim);
mazkur Qoidalarning 15-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan tavakkalchiliklar;
“White paper” deklaratsiyasining mazmuni — kripto-birja tomonidan kripto-aktiv va tokenlarni joylashtirishga yoʻnaltirilgan bitimlar tuzilganda (tashkil qilganda).
18. Mazkur Qoidalarning 17-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar jismoniy va yuridik shaxslarga ular bilan munosabatlar oʻrnatish jarayonida yoki undan oldin ogʻzaki yoki yozma shaklda yetkazilishi kerak.
Kripto-birja veb-saytining bosh sahifasida mazkur Qoidalarning ilovasida koʻrsatilgan maʼlumotlar joylashtirilishi lozim.
4-bob. Kripto-birjalar tomonidan kripto-birja savdolarini tashkil etish
19. Kripto-birja tomonidan mijozlarga oʻzining elektron maydonchasiga kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish uchun kirishga ruxsat berish orqali kripto-aktiv va tokenlar savdosini tashkillashtiradi.
Kripto-birjaning elektron maydonchasiga kirishga ruxsat faqatgina shartnoma asosida taqdim etiladi.
Mazkur Qoidalar va lokal hujjatlarga muvofiq kripto-aktiv va tokenlar savdolari qoidalarini boʻzganligi uchun savdolar ishtirokchisi safidan chiqarilgan mijoz uch oy davomida savdolar ishtirokchisi boʻla olmaydi.
Mijozlarning kripto-aktiv va tokenlar savdolariga kirishiga ruxsat berish, shuningdek kripto-aktiv va tokenlar savdolari ishtirokchilari safidan chiqarish lokal hujjatlar bilan belgilanadi.
20. Kripto-birja kripto-aktivlar va tokenlar savdolarining oʻtish jarayoni shaffofligini, shuningdek ularning natijasida yuazaga keladigan majburiyatlar ijrosini taʼminlashi shart.
21. Kripto-birja mazkur Qoidalar va lokal hujjatlarga muvofiq kripto-aktiv va tokenlar haqida insayder axborotlarni ishlatish, ularning narxlari bilan hiyla-nayrang qilinishini aniqlash, oldini olish, toʻxtatishga, shuningdek ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan choralarni koʻrishi shart.
Kripto-birja kripto-aktiv va tokenlar haqidagi insayder axborotdan foydalanishda mazkur axborotni shaxsiy maqsadlarda, shu jumladan oʻz nomi va hisobidan kripto-aktiv va tokenlar savdolarida ishtirok etish maqsadida, shuningdek uchinchi shaxslarga taqdim etishikiradi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Kripto-aktiv va tokenlar haqidagi insayder axborotga ega boʻlgan shaxslarga koʻyidagilar kiradi:
kripto-aktiv va tokenlarni yaratgan va joylashtirgan tashkilotning boshqaruv organlari aʼzolari va boshqa ishchilari;
kripto-aktiv va tokenlarni yaratgan va joylashtirgan shaxs;
kripto-aktiv va tokenlarni yaratgan va joylashtirgan shaxsga yoki savdo ishtirokchisiga auditorlik xizmatini koʻrsatadigan auditorlik tashkilotning xodimlari;
oʻzining xizmat mavqeyi, mehnat majburiyatlari yoki kripto-aktiv va tokenlarni yaratgan va joylashtirgan shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida mazkur maʼlumotga ega boʻlgan boshqa shaxslar.
22. Kripto-birja lokal hujjatlariga muvofiq faqatgina oʻzining kripto-aktiv va tokenlar savdolarida ishtirok etishi toʻgʻrisidagi maʼlumotni oshkor qilganidan, uning ishtiroki tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha choralar koʻrilganidan va oshkor qilinganidan soʻng kripto-aktiv va tokenlar savdolarida ishtirok etishhuquqiga ega.
23. Bitimlarni tuzish uchun savdo ishtirokchisi yoki kripto-birja kripto-birjaning elektron maydonchasida kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish haqida talabnomani joylashtiradi.
Kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish haqidagi arizani berish tartibi lokal hujjatlar bilan belgilanadi.
Mijozlarning kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish haqidagi talabnomasi kripto-birja tomonidan ularning talablariga javob beradigan qarshi talabnoma mavjud boʻlganida ijro etilishi shart. Talabnomalarning bajarilishini qarshi talabnoma mavjud boʻlganidan keyin kechiktirish, ularning shartlarini oʻzgartirish yoki bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Kripto-aktiv va tokenlar bilan savdoni (hisob-kitoblarni) amalga oshirish uchun savdo ishtirokchisi HKKP ikkilamchi hisobvaragʻiga tegishlicha pul mablagʻlari, kripto-aktiv va (yoki) tokenlarni oʻtkazadi.
Savdo ishtirokchisining pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlar, kripto-birjaning va boshqa savdo ishtirokchilarining pul mablagʻlari kripto-aktiv va tokenlardan alohida hisobga olinishi kerak.
25. Kripto-birja kripto-aktiv va tokenlar savdolarida qatnashgan har bir mijoz boʻyicha, ushbu mijoz tomonidan kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish boʻyicha tuzilgan bitimlar va ularning summasi haqida hisobot ushbu bitimlar tuzilgan kunda, shuningdek har kuni ijro etilgan va ijro etilmagan kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish boʻyicha talabnomalari haqida hisobot tuzishi lozim.
Hisobot tuzilganidan keyin har bir mijozga uni qayd qilish uchun noyob kod beriladi.
Hisobot ushbu hisobot tayyorlangan kundan keyingi kun davomida saqlash uchun yuboriladi. Hisobotlarni saqlash tartibi lokal hujjatlar bilan belgilanadi, bunda ularni saqlash muddati besh yildan kam boʻmasligi kerak. Hisobotlarga tuzatish va oʻzgartirishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kripto-birja hisobotni quyidagilarga begʻaraz shartlar asosida taqdim etish imkoniyatini taʼminlashi shart:
mijozlarga — tegishli soʻrovni olgan sanadan oʻn besh kundan kechikmagan holda, ularga tegishli miqdorda;
vakolatli organga — uning soʻrovi asosida, ushbu soʻrovda koʻrsatilgan miqdorda va vaqt davomida.
26. Kripto-birja kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish boʻyicha tuzilgan bitimlarning bajarilishini taʼminlaydi.
Savdo ishtirokchisi tomonidan kripto-aktiv va tokenlar savdolarida kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish boʻyicha bitim tuzilganda, kripto-birja ushbu bitimning ijro summasini (soni) ushbu savdo ishtirokchisining HKKP ikkilamchi hisobvaragʻida yoki kripto-hamyoni manzilida (identifikatorida) saqlanayotgan pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlaridan ayirib tashlashi hamda savdo ishtirokchisining kontragentiga biriktirishi lozim.
Kripto-birja mijozdan olinadigan mukofotni undirishni kripto-aktiv va tokenlar savdolarida qatnanish shartnomasida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida amalga oshiradi.
27. Kripto-birja mijozning roziligi asosida, quyidagi shartlarni bajargan holda uning pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlari bilan oʻz nomi, manfaati va savdo ishtirokchilarining topshiriqlari (koʻrsatmalari) mavjud boʻlmaganda bitimlar tuzishga haqli:
mazkur bitimlar kripto-birja tomonidan likvidlilikka ega boʻlishi uchun, yaʼni kripto-birja mijozlarning oldidagi qabul qilingan (yoki qabul qilinishi rejalashtirilgan) majburiyatlarini bajarish maqsadida, uning mijozi boʻlmagan kontragentlaridan pul mablagʻlarini, kripto-aktiv va tokenlarini olish uchun qaratilgan;
kripto-birja mazkur bitimlarning tuzilishi savdo ishtirokchilarining pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlari bilan bitimlar tuzilayotgan savdo ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarining bajarilmasligiga (lozim darajada bajarilmasligiga) olib kelmasligi haqida yetarli ishonch hosil qilganida.
Tomonlar kelishgan muddatda pul mablagʻlari, kripto-aktiv va tokenlar kripto-birja tomonidan qaytarilishi majbur. Mijozning mablagʻlarini ishlatganlik uchun shartnomada foiz undirish nazarda tutilishi mumkin.
28. Kripto-birja oʻzining elektron maydonchasida tegishli miqdordagi kripto-aktiv va tokenlarni (yoki shunga teng miqdordagi boshqa kripto-aktiv va tokenlarni) tomonlar kelishgan muddatda qaytarib berish sharti bilan uning kripto-aktiv va tokenlari bilan savdo ishtirokchilariga bitimlarni tuzish va majburiyatlarini bajarish uchun ishlatishga ruhsat berish huquqiga ega. Kripto-birja oʻzining kripto-aktiv va tokenlaridan mijozlar tomonidan foydalanganlik davri uchun foiz undirishga haqli.
5-bob. Kripto-birja tomonidan mijozlar bilan vositachilik munosabatlari asosida bitimlarning tuzilishi
29. Kripto-birja quyidagi tartibda mijozlarning manfaatlarini koʻzlab, birja bitimlari orqali vositachilik munosabatlarini oʻrnatib, kripto-aktiv va tokenlarni sotish, sotib olish va (yoki) almashtirish boʻyicha bitimlarni tuzish huquqiga ega:
topshiriq shartnomasi asosida mijozlarning nomi va hisobidan;
komissiya shartnomasi asosida oʻzining nomidan va mijozlarning hisobidan;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa usulda.
30. Kripto-birja mazkur Qoidalarning 29-bandida nazarda tutilgan bitimlarni:
oʻzining elektron maydonchasida;
boshqa chet el kripto-birjalarining elektron maydonchalarida va savdo tizimlarida tuzishga haqli.
Kripto-birja mazkur bitimlarni tuzishda:
mijozlarning manfaatlarini koʻzlab, qonun hujjatlariga va mijozlar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilgan holda vijdonan, oqilona va malakali tarzda harakat qilishi;
mijozlarni, ularning manfaatlarini koʻzlab tuzilayotgan bitimlar bilan bogʻliq tavakkalchiliklar, ularning har birining mohiyati va darajasi toʻgʻrisida xabardor qilish;
mijozlarning manfaatlarini koʻzlab, mijozlar uchun eng maqbul shartlar asosida, shu jumladan iloji boricha eng yaxshi narxda bitimlar tuzish;
mijozlar maanfaatlarini koʻzlab, tegishli kripto-aktiv va tokenlar uchun narxlar bozor narxidan sezilarli darajada farq qilgan (10 foizdan ortiq) taqdirda bitimlar tuzmasligi, agar har bir alohida holat boʻyicha mijoz bilan kelishilgan boʻlmasa.
Bunda kripto-birja kripto-aktiv va tokenlar uchun bozor narxini aniqlash tartibini mijoz bilan tuzilgan shartnomada koʻrsatib oʻtishi shart.
6-bob. Kripto-birjada hisob-kitob-kliringoperatsiyalarini oʻtkazish tartibi
1-§. HKKPning maqomi, funksiyalari, huquq va majburiyatlari
31. HKKP kripto-birjaning tarkibiy boʻlinmasi boʻlib, yuridik shaxs maqomiga ega emas hamda kripto-birja nomidan ushbu Qoidalarda nazarda tutilmagan har qanday mustaqil operatsiya va harakatlarni sodir etish huquqisiz ish olib boradi.
32. HKKP quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
kliring ishtirokchilarini roʻyxatga oladi;
kliring ishtirokchilariga hisobvaraqlarning ochilishi va yuritilishini taʼminlaydi;
bitimlar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarning oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
oʻzaro majburiyatlarni belgilaydi, aniqlashtiradi va hisobga oladi, shuningdek kliring ishtirokchilarining tuzilgan bitimlar boʻyicha majburiyatlari hisobini alohida-alohida yuritadi;
kliring yakunlariga koʻra, zarur axborotni shakllantiradi va kliring ishtirokchilariga taqdim etadi;
kliring amalga oshirilayotgan bitimlar, kliring natijalari toʻgʻrisidagi axborotning qonun hujjatlari talablariga muvofiq saqlanishini taʼminlaydi;
tuzilgan bitimlar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
kripto-birja hisob raqamiga pul tushumlari kirimini taʼminlaydi.
33. HKKP quyidagi huquqlarga ega:
kliring oʻtkazish usulini mustaqil tanlash;
kliring ishtirokchisi bitim boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, shuningdek kripto-birjaning arbitraj va/yoki intizom komissiyalarining kliring ishtirokchisiga, belgilangan kripto-birja savdosi qoidalari yoki shartnomaviy majburiyatlarni buzganlik uchun jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlganda aybdor kliring ishtirokchisining virtual hisobvaragʻidan jarima summasini akseptsiz tartibda hisobdan chiqarish;
bitimlar qayd etilishi bilan kripto-birja vositachilik yigʻimlarini hisobdan chiqarish;
kliring ishtirokchilaridan hisob-kitob-kliring operatsiyalari uchun zarur axborot olish.
34. HKKP quyidagilarga majbur:
faqat kripto-birjada roʻyxatga olingan bitimlar va ular bilan bogʻliq operatsiyalar (vositachilik yigʻimlari va qonunchilikka muvofiq boshqa xarajatlar) boʻyicha hisob-kitob va oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;
har bir kliring ishtirokchisi majburiyatlarining hisobi alohida-alohida yuritilishini taʼminlash;
bitim mazmuni toʻgʻrisidagi axborotning maxfiyligini taʼminlash va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, ushbu axborotni kliring ishtirokchilarining roziligisiz uchinchi shaxslarga taqdim etmaslik.
35. HKKP tomonidan kripto-birja elektron maydonchasida amalga oshirilayotgan operatsiyalar boʻyicha barcha harakatlar, shu jumladan kripto-birja elektron maydonchasi ishtirokchilarning virtual hisobvaragʻidagi mablagʻlar hisobi boʻyicha vazifalar olib borilishi lozim.
36. Kliring va HKKP ishtirokchilariga HKKP hisobvaraqlaridagi mablagʻlardan foydalangan holda, pulli talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish boʻyicha operatsiyalarni oʻtkazish taqiqlanadi.
2-§. Kliring ishtirokchilarini roʻyxatga olish
37. HKKP kripto-birja savdolari qoidalarida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlarni olganidan keyin bir ish kuni davomida kripto-birja mijoziga FShR beradi hamda amalga oshiriladigan bitimlar boʻyicha majburiyatlarni va talab huquqini hisobga olish uchun zarur boʻlgan tegishli virtual hisobvaraqni ochadi.
38. HKKP ushbu Qoidalarning 62-bandida nazarda tutilgan holatlarda kliring ishtirokchisiga xizmat koʻrsatishni toʻxtatadi.
3-§. HKKPda hisobvaraqlarni yuritish tartibi
39. Kripto-birja xizmat koʻrsatuvchi bankda kliring ishtirokchilarining pul mablagʻlari hisobi uchun moʻljallangan HKKP ikkilamchi hisobvaragʻini ochadi, ularning hisobi HKKPda alohida virtual hisobvaraqlarda yuritiladi.
40. HKKP kliring ishtirokchilarining virtual hisobvaraqlari hisobini yuritadi.
41. Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, kliring ishtirokchisining virtual hisobvaragʻini yopish HKKP tomonidan hisobvaraq egasi (yoki uning huquqiy vorisi) topshirigʻi boʻyicha amalga oshiriladi.
42. Virtual hisobvaraqni yopishdan oldin undagi qoldiq pul mablagʻlari bankdagi hisobvaraq egasining hisob raqamlariga uning topshirigʻiga koʻra qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkaziladi.
Virtual hisobvaraqni yopish faqat hisobvaraqda qoldiq pul mablagʻlari boʻlmaganda amalga oshiriladi.
43. Virtual hisobvaraq rekvizitlarini oʻzgartirish kliring ishtirokchisining nomi yoki boshqa rekvizitlarioʻzgarganda amalga oshiriladi.
44. Virtual hisobvaraq egasi HKKPda quyidagilar boʻyicha koʻrsatmalar berishga haqli:
pul mablagʻlarini (pul mablagʻlarining bir qismini) virtual hisobvaraqdan xizmat koʻrsatuvchi bankdagi oʻzining hisobvaragʻiga qaytarish;
agar bitim kripto-birja lokal hujjatlari va qonun hujjatlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa bitim boʻyicha kliring oʻtkazish.
45. HKKP tuzilgan bitimlar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish yoʻli bilan kliring ishtirokchilarining virtual hisobvaraqlari bilan operatsiyalarni olib boradi.
46. HKKP faqat bitimlar tuzilishi va bajarilishi bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha virtual hisobvaraqlar orqali pul mablagʻlari oʻtkazmalarini amalga oshirishi mumkin.
4-§. Kliring ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
47. Kliring ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
kripto-birja tomonidan roʻyxatga olingan bitimlar boʻyicha kliringda ishtirok etish;
virtual hisobvaraqning holati, majburiyatlarning bajarilishi toʻgʻrisida zarur axborotni olish;
kripto-birja va kontragentlar oldidagi pul majburiyatlarini muddatidan oldin bajarish;
oʻz virtual hisobvaragʻidagi boʻsh pul mablagʻlarini oʻzining xizmat koʻrsatuvchi bankdagi hisobraqamiga chiqarish.
48. Kliring ishtirokchisining majburiyatlari:
HKKPga ushbu Qoidalarga muvofiq ishonchli axborot berish;
shartnoma bekor qilingan taqdirda, shartnoma bekor boʻlgunga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarni bajarish;
axborot maxfiyligi tartibiga rioya qilish;
mazkur Qoidalarda belgilangan talablarga rioya qilish.
49. HKKPning kliring ishtirokchilari bilan oʻzaro hamkorligi kliring xizmati koʻrsatish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
50. Kripto-birja va kliring ishtirokchilari oʻrtasidagi, kliring va hisob-kitob boʻyicha, shuningdek kliring ishtirokchilarining shartnomaviy majburiyatlari bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar almashinuvi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
5-§. Kliringni oʻtkazish tartibi
51. Kliring ishtirokchilari roʻyxatdan oʻtganlaridan keyin HKKPning kripto-birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankda ochilgan ikkilamchi hisobraqamiga kripto-birja savdolarida ishtirok etish hamda oʻz majburiyatlarini bajarish uchun pul mablagʻlarini oʻtkazadilar.
52. Kliring ishtirokchisi zakalat sifatida va/yoki bitimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish uchun pul mablagʻlarini kripto-birjaga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi hisobraqamiga ularni ishtirokchining virtual hisobvaragʻiga kirim qilish uchun oʻtkazadilar. Zakalat miqdori lokal hujjatlar bilan belgilanadi.
53. HKKP har bir kliring ishtirokchisining pul mablagʻlari va majburiyatlarini ularning virtual hisobvaraqlarida alohida hisobga oladi.
54. Kliring ishtirokchilarining HKKPdagi virtual hisobvaraqlaridagi mablagʻlari quyidagi maqsadlarda ishlatiladi:
bitimlar boʻyicha majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitob uchun;
savdo sessiyalarida ishtirok etish uchun zakalat sifatida;
mijozning topshirigʻiga koʻra — kliring ishtirokchisining mablagʻlarini unga xizmat koʻrsatuvchi bankdagi hisobraqamiga qaytarish uchun;
birja xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun;
bitimlarning tuzilishi va bajarilishi bilan bogʻliq boshqa holatlarda.
Bitimlar boʻyicha hisob-kitoblar faqat kliring elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
55. Elektron kliring tizimi har bir savdo sessiyasidan oldin buyurtmalarning taʼminlanganligi boʻyicha nazoratni amalga oshiradi. Buyurtmalarning taʼminlanganligini nazorat qilish savdo sessiyalari doirasida tuziladigan bitimlarga buyurtmalar boʻyicha amalga oshiriladi.
56. Kliring elektron tizimi tuzilgan bitimlar reyestriga asosan kliring ishtirokchilarining majburiyatlarini belgilaydi va zakalatlarga taqiq qoʻyadi. Kripto-birjaning vositachilik yigʻimlari kripto-birja tomonidan belgilangan tariflarga asosan ushlab qolinadi.
57. Bitim roʻyxatga olingandan soʻng xaridor shartnomada belgilangan muddatlarda bitim boʻyicha majburiyatlarni toʻliq qoplash uchun HKKP ning ikkilamchi hisobraqamiga qoʻshimcha mablagʻlar oʻtkazishi shart. Ushbu summaga HKKP tomonidan majburiyatlarning sotuvchi tomonidan toʻliq bajarilishigacha taqiq qoʻyiladi.
58. Toʻlovlar amalga oshirilgan bitimlar roʻyxati sotuvchiga kripto-aktiv va tokenlarni oʻtkazib berishi uchun asos boʻladi.
59. Kripto-aktiv va tokenlar oʻtkazib berish natijalariga koʻra kliring ishtirokchisi — sotuvchi tomonidan HKKPga ularni oʻtkazib berilganida darhol axborot beriladi. Ushbu bitim boʻyicha sotuvchi va xaridorlarning pul mablagʻlari kliring ishtirokchisi — xaridorning kripto-hamyon manzili (identifikatori)ga kripto-aktiv va tokenlar oʻtkazib berilganligini tasdiqlanmagunga qadar taqiqda qoladi.
6-§. Tuzilgan kripto-birja bitimlarining bajarilishini taʼminlash tartibi
60. Tuzilgan bitimlarni yopish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridor tomonidan bitim boʻyicha majburiyatlar lozim darajada bajarilganda;
kliring ishtirokchisi — sotuvchi va xaridor tomonidan bitim boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganda va ular tomonidan jarima toʻlangandan soʻng;
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridor jarima toʻlab yoki toʻlamasdan bitimni yopishga oʻzaro rozi boʻlganda;
arbitraj komissiyasining qaroriga koʻra;
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridorning shartnomada koʻrsatilgan muddat davomida eʼtirozlari boʻlmaganda, jarimalarsiz.
61. Agar shartnoma shartlarida koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin kliring ishtirokchisi bitim boʻyicha majburiyatlarini bajarmasa, HKKP:
shartnomani xaridor tomonidan toʻlanmaganligi uchun bekor qiladi;
shartnomani arbitraj komissiyasining qaroriga koʻra kripto-aktiv va tokenlarning oʻtkazib berilmaganligi uchun bekor qiladi;
kliring ishtirokchisi — sotuvchi yoki xaridorning hisobraqamiga, shartnomaviy majburiyatlar bajarilmaganligi uchun zakalat miqdoridagi jarimani oʻtkazadi.
7-§. Kliring xizmati koʻrsatishni toʻxtatish
62. Quyidagi holatlarda HKKP kliring ishtirokchisiga kliring xizmati koʻrsatishni toʻxtatadi va uning virtual hisobvaragʻini yopadi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma bekor qilinganda;
kliring ishtirokchisi tugatilganda;
sud va boshqa vakolatli organlarning qaroriga koʻra;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
63. Kripto-birja oʻzi tomonidan pul mablagʻlarni HKKP orqali oʻtkazish, savdolar ishtirokchisi nomiga hisoblanadigan kripto-aktiv va tokenlarni uning bank xisob raqamiga yoki kripto-hamyon manzili (identifikator)ga ushbu ishtirokchi talabiga binoan kripto-aktiv va tokenlar savodisida ishtirok etish toʻgʻrisidagi shartnomasida belgilangan tartib va muddatga muvofiq berilishini taʼminlaydi.
Kerakli boʻlgan holatlarda pul oʻtkazmalar hamda kripto-aktiv va tokenlarni oʻtkazib berish kripto-birja tomonidan faqat jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishning oldini olish choralari koʻrilganidan keyin amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
64. Mazkur Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Kripto-birja savdolarini amalga oshirish qoidalariga
ILOVA
ILOVA
Kripto-birja veb-saytiga joylashtiriladigan
AXBOROT
1. Vakolatli organ tomonidan belgilangan talablarga javob beradigan kripto-aktiv va tokenlarni sotishning umumiy shartlari.
2. Kripto-birja faoliyatida vujudga keladigan manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish tartibi haqidagi lokal hujjat.
3. Kripto-birja harakati (harakatsizligi)dan norozi boʻlganda mijoz qaysi harakatlarni amalga oshirishga haqli ekanligi toʻgʻrisida maʼlumot (shu jumladan, mijozning sudga murojaat qilish va mediatsiya orqali nizoni hal qilish imkoniyati haqidagi huquqi koʻrsatilishi lozim).
4. Kripto-birja savdolarini amalga oshirish qoidalarida nazarda tutilgan xolat va hajmda kripto-birja faoliyatining reklamasida koʻrsatilishi talab qilinadigan maʼlumot.
5. Kripto-aktiv va tokenlar savdolari boʻyicha quyidagi maʼlumotlar:
a) kripto-aktiv va tokenlarni sotish vaqti, kotirovkalash varagʻi;
b) kripto-aktiv va tokenlar bilan kripto-birja elektron maydonchasida ilgari amalga oshirilgan bitimlardagi narxlar haqida (tarixiy kotirovkalar). Ushbu narxlar joylashtirish (oshkor qilish) sanasidan oldingi uch yildan kam boʻlmagan davr boʻyicha, agar kripto birja faoliyatini boshlaganiga uch yildan koʻp oʻtmagan boʻlsa — uning butun faoliyat davri boʻyicha koʻrsatiladi;
v) kripto-birjaning kripto-aktivlar va tokenlar savdolarida ishtirok etganligi haqida va kripto-birja tomonidan qabul qilingan ushbu ishtirok natijasida kelib chiqadigan manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha kripto-birjaning choralari;
g) kripto-birja savdolarini amalga oshirish qoidalarida koʻrsatilgan shartnomlar asosida kripto-birja, uning hodimlari, mulk egasi, taʼsischi (ishtirokchi) yoki benefetsiar mulkdorining egaligida boʻlgan kripto-aktiv va tokenlar savdolariga kirishga ruxsat etilgan kripto-aktiv va tokenlar toʻgʻrisidagi maʼlumot quyidagi xolatlarda:
agar kripto-birja, uning hodimi, mulk egasi, taʼsischisi (ishtirokchisi) yoki benefetsiar mulkdorining egaligidagi kripto-aktiv va tokenlarning soni birgalikda kripto-aktiv va tokenlarning umumiy sonidan besh va undan koʻp foizini tashkil qilsa;
kripto-birja, uning hodimi, mulk egasi, taʼsischisi (ishtirokchisi) yoki benefetsiar mulkdori ushbu kripto-aktiv va tokenlarni yaratish boʻyicha buyurtmachisi yoki oʻz manfaatiga koʻra ushbu kripto-aktiv va tokenlarni yaratgan boʻlsa.
6. Kripto-birja savdolarini amalga oshirish qoidalariga muvofiq hisobotlarni saqlash (deponentlash) boʻyicha xizmat koʻrsatadigan tashkilotning nomi, joylashgan joyi, elektron pochta manzili va telefon raqami haqidagi maʼlumot.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 10/19/3127-3/4185-son)