O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 29-avgustdagi O‘RQ-559-son O‘zbekiston Respublikasining Qonuni)
“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 29-avgustdagi O‘RQ-559-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-noyabr,
937-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida” 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2014-y., 43-son, 530-modda):
a) 1-ilovaning 71-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“71. O‘simlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni ko‘paytirish yuzasidan jamoatchilik nazorati fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi”;
b) 2-ilovaning 114-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“114. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va ularni qayta ko‘paytirish, muhofaza qilish yuzasidan jamoatchilik nazorati — fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-oktabrdagi 287-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 10-son, 91-modda) bilan tasdiqlangan Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomda:
a) 3-bandga “O‘zbekiston Respublikasining” so‘zlaridan keyin “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” so‘zlari qo‘shilsin;
b) 4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Jamoatchilik ekologik nazorati:
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;
ommaviy axborot vositalari;
nodavlat notijorat tashkilotlar;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (keyingi o‘rinlarda fuqarolar deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi”;
v) 13-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida hamda ushbu Namunaviy nizomning 5-bandida sanab o‘tilgan tamoyillar bilan bir qatorda demokratizm, ijtimoiy adolat, mustaqillik, jamoatchilik asosidagi o‘zaro yordam, mahalliy urf-odatlar va an’analar ta’minlanishi kerak”;
g) 21-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
d) 22-bandning birinchi xatboshidagi “o‘z ustavlariga muvofiq” so‘zlari chiqarib tashlansin;
e) 25-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari” so‘zlari “Fuqarolar” so‘zi bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 765-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2018-y., 39-son, 780-modda) bilan tasdiqlangan Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish tartibi to‘g‘risida nizomning 47-bandidagi “Fuqarolarning” so‘zi “Ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning” so‘zlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-son qarori bilan tasdiqlangan Sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalarining 55-bandidagi “Fuqarolarning” so‘zi “Ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning” so‘zlari bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qoidalarining 46-bandidagi “Fuqarolarning” so‘zi “Ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)