Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari toʻgʻrisida yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 13-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1268-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2022-yil 8-sentabrdagi 48-sonli va 29-avgustdagi 26-2022Q/Q-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasi ichkarisidagi xizmat safarlari toʻgʻrisida yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1268-3, 16.09.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2003-yil 24-iyuldagi 83, 7/12-son qarori (roʻyxat raqami 1268, 2003-yil 29-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idorlarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 11-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari toʻgʻrisida yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-avgust,
92-son
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-avgust,
34-2019-Q/Q-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil 12-avgustdagi 92 va 34-2019-QQ-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 5-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda maxsus jurnallar elektron koʻrinishda yuritilishi mumkin.”.
2. 8-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Tashqi oʻrindoshlik asosida ishlayotgan shaxs xizmat safariga yuborilganda uning oʻrtacha ish haqi uni xizmat safariga yuborgan tashkilotda saqlanadi, ichki oʻrindoshlik asosida ishlayotgan shaxs xizmat safariga yuborilganda esa oʻrtacha ish haqi asosiy va oʻrindoshlik asosidagi lavozim boʻyicha saqlanadi.
Xodimning xizmat safari davrida tarif stavkalari, lavozim maoshlari miqdorlari oshgan hollarda, tashkilotning ish kunlari mehnatga haq toʻlashning yangi shartlarida haqiqatda ishlagan kunlariga toʻgʻri keladigan soni uchun mehnatga haq toʻlovlari qayta hisoblanadi.”.
3. 10-bandda:
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yoʻl hujjatlari mavjud boʻlmaganda, budjet tashkilotlari xodimlari uchun xizmat safari yoʻlkirasiga haq toʻlash har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizi miqdorida amalga oshiriladi.”;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Yoʻl hujjatlari mavjud boʻlmaganda, boshqa tashkilotlar xodimlari uchun jamoa kelishuvi (shartnomalari), mehnat shartnomasida koʻzda tutilgan, biroq har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizidan kam boʻlmagan miqdorlarda toʻlanadi.
Kilometrlar miqdori 500 metr va undan ortiq boʻlgan holatlarda, koʻp tomonga yaxlitlanadi.
Kilometrlar miqdori 500 metrdan kam boʻlgan holatlarda, kam tomonga yaxlitlanadi.”.
4. 11-bandning birinchi xatboshisidagi “eng kam oylik ish haqiga” degan soʻzlar “bazaviy hisoblash miqdoriga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 12-bandda:
birinchi xatboshidan “(lyuks-nomerlardan tashqari)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mehmonxonalarni lyuks-nomerlarida yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda turar joyni olish boʻyicha haq toʻlash ushbu turar joy qiymatining 70 foizigacha miqdori budjet mablagʻlari hisobidan, qolgan qismi esa budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.”;
uchinchi xatboshidagi “eng kam oylik ish haqi miqdorini 2 foizi” degan soʻzlar “bazaviy hisoblash miqdorini 20 foizi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 15-banddagi “3 kun” degan soʻzlar “uch ish kuni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining oʻrinbosari B. MAXMADALIYEV
2019-yil 12-avgust