Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-avgust,
681-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 681-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari (keyingi oʻrinlarda Qurolli Kuchlar deb ataladi) safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni (keyingi oʻrinlarda tavsiyanomaga ega abituriyentlar deb ataladi) oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom oliy harbiy taʼlim muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasidagi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek, nodavlat oliy taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizomda belgilanmagan barcha holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
3. Oliy taʼlim muassasalariga tavsiyanomaga ega abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan kirish imtihonlari natijalariga koʻra toʻplangan ballarning reyting tizimi boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishni tashkil etish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun alohida qabul koʻrsatkichlarini belgilash
5. Abituriyentlar uchun respublika oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlariga qoʻshimcha ravishda Davlat komissiyasi tomonidan alohida qabul koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda alohida qabul koʻrsatkichlari deb ataladi) belgilanadi.
Alohida qabul koʻrsatkichlari har bir oliy taʼlim muassasasining bakalavriatiga (har bir taʼlim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi) boʻyicha) oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarining besh foizi miqdorida belgilanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan soʻng, 10 kun muddatda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun besh foizli alohida qabul koʻrsatkichlarining oliy taʼlim muassasalari (taʼlim shakllari (kunduzgi, kechki, sirtqi)) boʻyicha taqsimoti shakllantirilib, tasdiqlash uchun Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
7. Tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan Davlat komissiyasiga takliflar kiritilganidan soʻng, ikki hafta muddatda tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun besh foizli alohida qabul koʻrsatkichlarining oliy taʼlim muassasalari (taʼlim shakllari (kunduzgi, kechki, sirtqi)) boʻyicha taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda, alohida qabul koʻrsatkichlari taʼlim shakli (kunduzgi, kechki, sirtqi), davlat granti va toʻlov-shartnoma boʻyicha taqsimoti muayyan oliy taʼlim muassasasi boʻyicha tasdiqlangan davlat buyurtmasi parametrlaridagi davlat granti va toʻlov-shartnoma boʻyicha koʻrsatkichlari ulushiga muvofiq (mos) ravishda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tavsiyanomaga ega abituriyentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan har yili 15-iyundan 15-iyulgacha (shu kuni ham) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining abituriyentlar bazasiga kiritiladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 385-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son)
3-bob. Talabalikka qabul qilish
9. Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan muddatlarda oʻtkaziladi.
10. Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalari test sinovlarini oʻtkazish jarayoni toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda eʼlon qilinadi.
11. Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan, tavsiyanomaga ega abituriyentlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, alohida qabul koʻrsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
12. Tavsiyanomaga ega abituriyentlar ular uchun belgilangan alohida qabul koʻrsatkichlari doirasida, tanlagan birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.
Belgilangan alohida qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda qatnashib, oʻqishga tavsiya etilmagan tavsiyanomaga ega abituriyentlar toʻplagan ballari bilan belgilangan tartibda abituriyent sifatida hujjat topshirgan (roʻyxatdan oʻtish jarayonida tanlagan) taʼlim yoʻnalishlarida umumiy tartibda tanlovlarda ishtirok etadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
13. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 681-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayogan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 11-iyuldagi 205-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik jarayoni optimallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2016-yil 16-iyundagi 209-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi 261-son qaroriga 3-ilovaning 1-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2019-y., 09/19/681/3587-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 14.07.2022-y., 09/22/385/0643-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)